Millatning, milliy davlatchilikning shakllanishi va tarkib topishida joy nomlari muhim o‘rin tutadi. Chunki Vatan tushunchasi aynan joy nomi bilan mushtarak tushunchadir. Qolaversa, Vatan xalq, elat yoki biror individ yashaydigan makon o‘laroq qadrli. Tarixga nazar solsak, juda ko‘plab imperiyalar mustamlaka yerlarni o‘zlashtirish jarayonida avval joy nomlarini almashtirib chiqqanini ko‘ramiz. Farg‘onaning Skobelev, Olmaotaning Verniy, Bishkekning Frunze, O‘zboyning Krasnovodsk, So‘ljaning Grozniy, Qiziljarning Krasnoyarsk atalgani bejiz emas.
Ko‘pchilik yoshlar O‘zbekiston-Qozog‘iston chegara postining nega hamon “Chernyayevka” deyilishini bilmasa kerak. Asli G‘ishtko‘prik deb ataladigan bu chegara postining shundoq biqinida Chernyayevka qishlog‘i bo‘lardi. Qishloqning oti Toshkentni qon qaqshatib bosib olgan bosqinchi general Mixail Chernyayevning nomiga qo‘yilgan. Chunki ayni joy Toshkentni bosib olgan rus qo‘shinlarining harbiy qo‘nalg‘asi sifatida shakllangan va Toshkent bosib olingach, unga Chernyayev nomi berilgan[1]. 1991-yildan keyin mustaqil Qozog‘iston Respublikasi bu nomni o‘chirib, qishloqni Jibek joli(Ipak yo‘li) deb nomladi[2]. Ammo, afsuski, 160 yil davomida mahalliy aholining ongiga singan qorayuzli Chernyayevning nomini unutish qiyin kechyapti.
XIX asrda Chor Rossiyasi davrida ko‘hna Turkiston hududlariga ruslar bostirib kirgan bo‘lsa, Sovet davrida begona nomlar bostirib kira boshladi. Viloyatlar, tumanlar, qishloqlar, ta’lim muassasalari, ko‘chalar, maydonlar, xiyobonlarning ruscha nomlanishi odat tusiga aylandi. Leninobod oblasti, Stalinobod shahri, Orjonokidzeobod rayoni, Lenin maydoni, Marks xiyoboni, Engels ko‘chasi, Maksim Gorkiy nomdagi institut, Aleksandr Matrosov nomidagi maktab, Poltaratskiy qishlog‘i, Jdanov kolxozi, Moskva sovxozi – bular sovet davrining xos joy nomlari edi. Eng yomoni esa, el bunga ko‘nikkan, Vatan tutgan yerining shunday nomlanishiga rozidek edi. Chunki, bu davr millatning ziyolilari qirilgan, haqiqiy tarix unutilgan, millat ongiga o‘zga g‘oyalar, mafkuralar singdirilgan bir davr ediki, odamlar “katta og‘a”ga qarshi so‘z aytadigan qurbga ega emasdi. Turkiy toponimlarni o‘rgangan atoqli qozoq olimi G‘ali Qonqashbayev “turkiylar o‘z joylarini boshqa tilda nomlaydigan yoki o‘zlari nom bergan hududlarni unutib qo‘yadigan omi xalq emas” degan edi[3]. Bu albatta tarixda o‘tgan ajdodlarga nisbatan aytilgan. Men G‘ali Qonqashbayevning bu so‘zni nega aytgani bilan qiziqdim. Balki, uning tug‘ilgan yeri Aqbettov Pavlodar deb atalgani uchun g‘ashi kelgandir. Balki shuning uchun u toponimlar bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishgan va Vatanidagi har bir nomning o‘z tilida bo‘lishi uchun kurashgandir...
Markaziy Osiyo xalqlari mustaqillikka yetishgach, ruscha nomlarning juda ko‘pi o‘zgartirilgan. Ammo ularning dog‘i hamon turibdi. Boisi tub aholining ko‘pchiligi ruscha nomlarni hamon muomalada qo‘llab keladi. Aksariyat holatlarda o‘zbekcha joy nomlarini ham rus qolipida qo‘llash ko‘zga tashlanadi: Farxadskiy, Alayskiy, Traktorniy va hk. Vaziyat shunday ekan, “joy nomlari masalasi” dolzarbligicha qolaveradi va jiddiy muammolarni keltirib chiqaraveradi. Chunki odamlar eski nomni qo‘llashda davom etyaptimi, demak, u xotiradan o‘chmagan yoki yangi nom o‘z o‘rniga tushmagan. Yoxud bu nom shu joyning to‘liq yoki qisqacha tavsifini o‘zida aks ettirmaydi. Shu o‘rinda bir misol: Qashqadaryoda Dehqonobod tumani bor. Ammo bu yerda dehqonchilik yoxud dala madaniyati bilan bog‘liq hech narsa topmaysiz. Chunki suv resursi kam. Aholining turmush tarzi asosan chorvachilik bilan bog‘liq. 1926-yili tuman tashkil etilganda bu yerni “Qo‘ng‘irot” yoki “Alpomish” tumani deb atash taklifi berilgan ekan. Ammo, asli dehqon bo‘lgan Yo‘ldosh Oxunboboyevning taklifi bilan Dehqonobod nomi ma’qullanadi. Vaholanki, aytilganidek, bu hududda aholi lalmi ekinlarnigina yetishtiradi, xolos.
Bunday misollar juda ko‘p. Boisi joylarga nom berishda avvalo geografik hudud va xalqining xususiyatlarini inobatga olmaslik, yuqoridan beriluvchi takliflar mas’ullar tomonidan ko‘r-ko‘rona tatbiq etilishi va eng asosiysi, joylarga nom berishning asosiy tamoyillarini bilmaslik sabab bo‘ladi. Shu bois quyida joylarga nom berishning ilmiy tamoyillari haqida so‘z yuritamiz.
***
Bilamizki, so‘z tovush yoki tovushlardan, gap so‘z yoki so‘zlardan tuziladi. Tushuncha esa nomlar bilangina anglashiladi. Inchunin, agar nom bo‘lmaganda, til bo‘lishi mumkin-u, ammo tafakkur bo‘lmas edi. Shu sabab odam yaralibdiki, hayvondan farqli o‘laroq har kimni, har narsani, har bir voqelikni nomlaydi, undan tushuncha, fikr, mulohaza va xulosa yasay oladi. Odamzodning shunday nom berish san’ati keyinchalik onomastika[4] deb atala boshlagan. Onomastikaning toponim(joy nomlari), antroponim(inson nomlari), kosmonim(osmon jismlari nomlari), etnonim(etnoslarning nomlari) kabi o‘nlab yo‘nalishlarni alohida o‘rganuvchi bo‘limlari bor. Ular orasida biz o‘rganayotgan toponimlar insoniyat tarixida va bugunida muhim o‘rin tutadi.
Birinchi atroponim Odam bo‘lgani rost, birinchi toponim Yer bo‘lgani rost. Ammo, yer yuzidagi joylarning keyingi nomlanish jarayonlari qanday kechgan? Xususan, turkiylar o‘z yurtlarini, shahar-u qishloqlarini, tog‘lari, bog‘larini, daryolarini qanday nomlagan? Ular nom berishda ma’lum bir tamoyillar, qoidalar va tartiblarga amal qilishganmi?
Moziyda dunyo xalqlari o‘z joylarini nomlashda turli uslublar va topoformantlardan foydalanishgan.
Misol uchun, hind-yevropa xalqlari shaharlarni nomlashda -pur(burg) topoformantidan foydalangan: Xastinapur, Jaypur, Gamburg, Piterburg va hk. Forsiylar qo‘llaydigan -afshon (Nurafshon, Zarafshon) toporformantli toponimlar armanlarda –shen (Norashen, Davitashen, Sovetoshen) shaklida keladi. Ammo hind-yevropa xalqlarining har birida o‘z qatlam toponimlari ham bor. Misol uchun, Armanlar ko‘proq –van (Yerevan) yoki –kan (Kirovakan), slavyanlar –grad(Belgrad, Petrograd), –sk(Tomsk, Kislovodsk) formantidan ko‘proq foydalanishgan. Shuni ham ta’kidlash lozimki, hind-yevropa xalqlarida umumiy qo‘llanadigan topoformantlar kam, borlari ham formal jihatdan farqlanadi.
Turkiylarda esa tili aglyutinativ til bo‘lgani uchun topoformantlar deyarli o‘zgarmaydi va dunyo xalqlari orasida birontasi joylarga nom berishda turkiylar kabi e’tiborli bo‘lmagan. Chunki qadimgi turklarning turmush tarzi nomadik tartibda shakllangani uchun o‘zlari ko‘chib o‘tayotgan har bir tog‘, qir, dengiz, ko‘l, daryo, shahar-u qishloqning va yoki boshqa joylarning nomlarini bilishi hayotiy zarurat sanalgan.
Turkiylar oronimlar ya’ni tog‘likdagi joylarni nomlashda tau/tog‘/dag‘, qoya, qiya, adir, qir, tash, jar, to‘ba/tepa kabi topoformantlardan foydalangan.
Gidronimlar ya’ni suv havzalarini nomlashda esa dengiz, ko‘l, su(v), bulaq, daryo, o‘zan, chay kabi topoformantlardan foydalangan. Yer xaritasidagi Oq dengiz, Qora dengiz, Qizil dengiz, Boyko‘l, Issiqko‘l kabi gidronimlarga turkiy xalqlar nom bergan. Buning isboti esa topoformantlarda o‘z aksini topgan.
Oykonimlarni nomlashda esa qal’a, qo‘rg‘on, yurt, kent(qant), ovul, jer(yer), jar, dala[5] kabi topoformantlardan foydalangan. Joy nomlarini yasashda turkiylar ko‘pincha sifat va sonlardan ham qo‘shimcha sifatida foydalanishgan: Olatov, Oqqoya, Qizilqiya, Jalpoqtosh, Mingjar, Qo‘rg‘ontepa, Qoradengiz, Sho‘rko‘l, Oqsu(v), Shirinbuloq, To‘rto‘zan, Arpachay, Ellikqal’a, Kattaqo‘rg‘on, Xasavyurt, Toshkent, Orqaovul, Yangiyer, Ko‘k dala va hk.
Turkiylarning mentalitetida urug‘lar alohida o‘rin tutadi. O‘g‘uzxon davridan boshlab butun turkiy ellar va urug‘lar o‘z tamg‘alariga ega bo‘lgan. Bu urug‘lar o‘z davrida “qadimiy davlat”, xalq yoki elat sifatida shaklangan va o‘z nomlari bilan toponimlar yaratgan. O‘g‘uzlarda Avshar, Bayot, Alqaevli, Qora evli, Bayondur, Oqquyunli, Bajna (Bechenek), Salar, Ig‘dir, Ava, Turbatli, Kerayli, Qirqlareli, Sultonli, O‘qli toponimlari asli etnonim bo‘lgan. Shuningdek, Qangli, Qarliq, Qalach(Xalaj), Karsagan nomlari ham urug‘ nomlaridir. Qipchoqlarda ham qirq, yuz, ming, o‘ymovut, saroy, qo‘ng‘irot, barlos kabi yuzlab etnonimlar toponimlarga aylangan. Eng qizig‘i, biror urug‘ vakillari boshqa joyga ko‘chib o‘tsa ham joy nomini o‘zlari bilan olib ketishgan. Shu xususda bir misol bor. Ma’lumki, Navoiy viloyati, Nurota tumanida Chuya qishlog‘i bor. Bu yerda yuz urug‘lari yashaydi[6]. Oltoy Respublikasining Chuya traktidagi ayrim qishloqlarda ham yuz urug‘lari yashaydi. Bu o‘xshashlik o‘z-o‘zidan nomadik[7] hayot kechiruvchi turkiy xalqlarda etnoslar bilan birga toponimlarning ham ko‘chishi hodisasi mavjudligini bildiradi. Yevroosiyoning turkiylar yashaydigan barcha hududlarida Nayman, Qangli, Saroy, Yuz, Qarluq kabi nom bilan ataladigan joylarning saqlanib qolgani ham bunga misol bo‘la oladi.