Bugun tunda barcha azoblaydigan, meni xo‘rlaydigan jamiyatga qarshi barcha tuyg‘ularimni unutmoqchi edim. Bugun ijtimoiy, siyosiy, adabiy, boringki, barcha qoidalardan voz kechib yozishni o‘zimga ravo ko‘rdim. Balki yozuvchiga ravo ko‘rgandirman. Har holda shunday “uslubsiz” va “tiyiqsiz” yozgim keldi. Doimgiday qo‘limga kitobni oldim. Xayollarim mutlaq boshqa joyga chalg‘ishi kerak. Kitobning ilk hikoyasiyoq buni uddalabgina qolmay, boshqa mavzu tugul, boshqa mamlakatga olib ketdi: “Meni kechir, Kumiko!” Hikoyada Raxshona Ahmedova talaba qiz va uning dugonasi Kumiko bilan sodir bo‘ladigan oddiy voqea tasvirini keltiradi. Ammo uning ortida nechta mavzu yotadi – Oilada farzandning o‘rni, ota-onaning mehrsizligi va uning farzand ruhiyatida qoldirgan jarohatlari, aybdorlik hissi, do‘stlik va boshqalar. Bir hikoyaga shuncha mavzu jamlanganining o‘zi diqqatli idrokning nishonasi.
Navbatdagi “Orzu va dengiz” hikoyasi umumbashariy muammolarimizdan biri – Orol fojiasiga bag‘ishlanadi. Bosh qahramon Amangeldi ota taqdirini Orolsiz tasavvur qilolmaydigan tabiat mehriboni. U dengizga yoshlik xotiralari bilan bog‘langan va mehrdan bo‘lak narsa berolmaydi. Hikoya personajlari mohirlik bilan yaratilgan. Yozuvchi ota-onasini tashlab ketgan o‘g‘ilni ham o‘quvchiga salbiy obrazda ko‘rsatmaydi. Yaxshi hayot uchun oshiquvchi yengil birisi kabi ham emas u. Bu esa obrazlardagi ishonarlilikni oshiradi va o‘quvchining didini o‘stiradi. Hikoyada asosiy kuch Orol muammosiga qaratilgan bo‘lishiga qaramay, inson ko‘ngli va u tug‘ilgan tuproq mavzusi uloqni ilib ketgan.
“Men bobom va ona bo‘ri” hikoyasida yurakni o‘rtovchi mavzu qalamga olingan. Ona ikkinchi turmush qurgach, bobo-buvisining qo‘lida qolgan bolakay qish kunlarining birida bo‘riga duch keladi. Joni qil ustida turgan bolakay ona bo‘ri o‘ldirilsa bolalariga nima bo‘lishi haqida o‘ylay boshlaydi. Bu ikki hol parallel tasvirlanarkan, yozuvchi onaning bola hayotidagi o‘rniga urg‘u beradi. Hikoyani tarbiyaviy nasihatlardan yiroq uslubda ota-onalarga berilgan o‘gitga aylangan deyish mumkin. Muallif hikoyalarini o‘qirkansiz, ularda g‘oya va mavzu mazmunidan ko‘ra yangiliklar borligini sezasiz. Ammo yozuvchida matnni o‘ziga xos tarzda berish, uslub kamlik qilayotganday tuyuladi. Obrazlar xarakteriga qanchalik yuk berilmasin, har qanday yozuvchida o‘ziga xos nimadir bo‘lishi kerak. Bir-ikki tashbeh va oddiy bayon uslubi ustiga ifoda qilingan tuyg‘ular har doim ham o‘zini oqlayvermaydi. Qachonki, asarning birlamchi maqsadi boshqa bo‘lganda bu jarayon o‘zini oqlashi mumkin. Masalan, tarixiy asarlarda tarixiy haqiqat uslub soddaligini pardaga o‘rab keta oladi. Shunday bo‘lsa-da, Oybekning “Navoiy” romanidagi shoirona uslubi qanchalar nafis! Yoki Primqul Qodirov tarixiy romanlarida falsafiy fikrlarni ilgari surganida ikkilamchi qahramonlari ham xarakter darajasiga ko‘tarilib ketadi.
Koreys yoki xitoylik qahramonlarini o‘zbeklar bilan kontrast qo‘ygan holda voqelikni rivojlantirishini muallifning o‘ziga xosligi desak bo‘ladi. Lekin nega yuqoridagi “Men bobom va ona bo‘ri” hikoyasida o‘quvchi loaqal bitta ibora, bitta chiroyli tashbeh bilan siylangan qahramonni ham, peyzajni ham ko‘rmaydi?! “Belini o‘padigan sochlar”, “qorga belangan qir”, “qochayotgan tepalik”, “quyosh mo‘ralashi”, “homilador ayol kabi osmon”... Bu kabi ifodalar boshqa ijodkorlar tomonidan allaqachon qo‘llanilgan, shu bois yangicha tasvirlar ustida o‘ylab ko‘rilishi kerakdir balki. Chunki yozuvchining g‘oyani yetkazish bilan birga badiiy-estetik didni qondirish majburiyati ham bor.
Raxshona Ahmedovaning yana bir o‘zgachaligi ayol obraz yaratishda ko‘rinadi. Kitobdagi eng mukammal hikoyalardan biri “Soyabon ostida” bo‘lib, unda ayolning bir kunlik hayot tarzi orqali bir umrlik his-tuyg‘ularini va qalbini ko‘ramiz. Ayni shunday ajoyib hikoyalardan yana biri “Noma’lum ayol”. Hikoyada bosh qahramonning onasi, Koreyadagi metro yaqinida mayda-chuyda sotuvchi xotin va teleko‘rsatuvda chiqqan ayol qismatlarini chog‘ishtirish orqali manzara hosil qilinadi. Uchalasi ham butun hayotini bolalariga qurbon qilgan, har uchovi-da turli sabablarga ko‘ra ezilgan ayollar. Ammo bolalari uchun fido bo‘lgan umridan qaysi ona norizo bo‘ladi? Hikoyada har qanday holatda ham o‘zini baxtiyor qilishga urinadigan ayollar hayotida yashaymiz. Ha, buni yozuvchi bizga aytib o‘tirmaydi. Ammo ayni mana shu majburiyat ortidan paydo bo‘lib-bo‘lmaydigan, bir ko‘rinib ko‘rinmaydigan yoki ayollar ko‘rishni chin dildan istaydigan baxt haqida adibamiz ozgina bir nima shipshitganlarida tuyg‘ularni o‘zimizcha emas, yozuvchi qadar tasavvur eta olardik. Ha, mayli!
Raxshona bu ayollarning hech biri timsolida hayotidan norizoligini anglatmaydi. Ammo qachongacha? Shuning fursati “Yukioning tanlovi” hikoyasida bong uradi. Yukio garchand “Bolalar onalarga tashvish keltirib, o‘zi uchun yashashini cheklaydi”, degan fikrda bo‘lsa-da, bu uning aybi emasdi. Chunki u otasi kabi yomon turmush o‘rtoq bilan yashagan onasiga chin dildan achinardi, bolaligida psixologik travmalarni orttirgandi. Bunday ayollarning baxtga erishish haqidagi fikrlari va isyonini quyidagi parchada Yukioning xayollarida o‘qishimiz mumkin: “Axir qanday qilib butun umr ro‘shnolik ko‘rmay o‘tib ketsang-u, narigi dunyoda hech yo‘q(!) baxtga erisha olmasang... Xudo hech yo‘q narigi dunyoda baxtli yashashingga sharoit yaratib berar?”
Ishonchlar va umidlar so‘ngan vaqtda ilinjlar paydo bo‘ladi va bunga Xudodan boshqa yo‘l qolmaydi. Farzandlari ulg‘aygach, ota-onani butkul unutishgacha borgan qahramonlar allaqachon ulardan ayrilib bo‘lgan, ammo bu ularni unchalik hayratga ham, hasratga ham solmaydi: “Otasi hozir nima qilyapti ekan? Endi nasib qilsa, ta’tilda boradi. Balki vafot etgandir, akasi yoki opasi kelib dafn qilgan bo‘lsa, ajab emas. Ehtimol, qo‘ni-qo‘shnilar himmat ko‘rsatgandir?” Qahramonning ichida antiobraz yaratish mahorati ana shunday ko‘rinadi. Uning ko‘nglida nima borligini ochib berish uchun na dialogdan, na boshqa yordamchi obrazdan foydalanilgan. Ayni shu psixologik kontrast asarning yutug‘i bo‘lgan.
Aytish kerakki, bu tasvirlar fikriy qarichlari faqat boshqa mamlakatda yashaydigan insonlarniki emas, xo‘roz hamma joyda bir xil qichqiradi. Yozuvchi oqibatsizliklarni qalamga olganda obrazlar haqqoniyligi bilinib turadi. Hikoyadan o‘z-o‘zidan sun’iylik chekinadi. “Lahzalik baxt”, “Seni yaxshi ko‘raman, Mino” kabi hikoyalarda ham inson hayotida muhabbatning betimsolligi oydinlashadi. Ammo bu jihatdan “Seni yaxshi ko‘raman, Mino” hikoyasi “Maktubda nozikkina qizaloqning katta bir yurakni ko‘tarib ketayotgani tasvirlangandi”, “Balkim, u ko‘zlarida hali ham so‘nmagan muhabbatni Mino ko‘rib qolishidan cho‘chigandir” kabi ifodalar bilan qanchalar anglanishni tushuntira olgan bo‘lsa, “Lahzalik baxt” hikoyasi shunchalik yutqizadi. Ayolning kasalxonada o‘limini kutish holati bir suhbatdoshning sizga shunchaki hikoya qilib berishi kabi taassurot qoldiradi kishida. Adabiyotning vazifasi anglatish. Bir dardni o‘zingizdan boshqa tanaga ko‘chirib o‘tkazish oson emas. Tana boshqa, dard bilmas, deyishadi-ku! Ana shu dard bilmas tanaga yozuvchi badiiylikni oddiy anglatishdan chekingan holda oshirib, tasviriy ifodani badiiy vositalar yordamida yorqinlashtirib yetkazishi lozim. Shundagina u “dard bilmas tana” ya’ni o‘quvchisi ustidan g‘alaba qozonadi.
“Ertagacha”da qat’iyatsiz inson tasvirini obraz o‘y-xayollari bilangina ifodalash qay darajada yozuvchi otgan o‘qni nishonga tekkizadi? Shu ma’noda hikoya voqealari rivojlantirishga muhtoj. “Qirg‘oqda qolgan baliq” va boshqa hikoyalarida yozuvchi ortiqcha maishiylashgandek. Doimiy syujetlarni eslatuvchi chet tili ta’siri haqidagi bu hikoyaning faqat bir joyida Raxshonaga xos “yalt” etgan mengzashni ko‘ramiz. Bosh qahramon – keksaygani sari o‘zini ortiqchaday his qila boshlagan Ergashali domla va hovlidagi yillar o‘tib mevasi bemazalashgan o‘rik daraxti tasviri. Asarga bunday tamsillar juda kerak. Ammo shaharga ketib, tili begonalashib, otasi o‘tib qolganda vidolashmagan o‘g‘il va unga o‘z zurriyotidan xuddi shu munosabatlarning qaytishi, xotinni izidan ketib, ota-onani tashlab ketishi kabi bosh qahramon hayotida ro‘y berayotgan voqealar... Ataylab “chizib” qo‘yilganmi? O‘quvchi hikoya davomini kutib nima qiladi?! Intrigani o‘quvchidan sir tutish yoki kutilmagan tarafga bura olish lozim. Ustiga-ustak shu hikoyada xronotop buzilgan. Bunday “joyida” hikoyadan ko‘ra yozuvchining “Tushunarsiz sevgi izhori” hikoyasidagi qizga nisbatan aytilgan “U juda chiroyli, maysalar orasidagi bir dona lolaqizg‘aldoqni eslatardi” kabi jumlalari ko‘proq yuk bosadi.
Raxshona Ahmedovada hikoyalar mavzusi voqealar rivoji bilan birga quyilib keladi. Ijodkorga tajriba va saviya doim qo‘l keladi. Asarlari kompozitsiyasida aql bilan emas, hissiyotlariga ko‘ra ish tutuvchi obrazlar qulayroq harakat qiladi. Chunki yozuvchining o‘zida ham shunday hassos yurak bor. Lekin baribir badiiy tilga ehtiyoj sezamiz. Badiiy til va badiiy g‘oya ham xuddi shunday narsa. Badiiy tasvir vositalaridan nasrda o‘z o‘rnida foydalanilganda matn o‘quvchiga qanchalar zavq beradi axir. Biz yozuvchidan yorqin adabiy kelajak kutamiz. Chunki hayotiy tajribalardan yuzaga keluvchi umumbashariy g‘oyalarning uzoqdan kelayotgan bo‘ylari bizni o‘ziga chorlamoqda.
Ruxsora IMOMOVA
BuxDU O‘zbek adabiyoti yo‘nalishi
tayanch doktoranti
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q