Ma’naviyat
Oʻzbek kinematografiyasida ozodlik, mustaqillik haqida hikoya qiluvchi filmlar kam. Ammo ne baxtki, suratga olingan sanoqlilari ham Vatan haqida shu qadar koʻp narsa ayta oladi... Bugun Oyina.uz Vatan mustaqilligi oson qoʻlga kiritilmaganini, minglab ota-bobolarimizning orzusi boʻlgan, degan gaplar shunchaki balandparvoz soʻzlar emasligini "tushuntira olgan" oʻzbek filmlari roʻyxatini taqdim qiladi.
1. "Otamdan qolgan dalalar" filmi. Togʻay Murod asari asosida suratga olingan ushbu film har bir oʻzbek koʻrishi kerak boʻlgan kartinalar qatorining boshida turadi deyish mumkin. Oʻtmishni unutayozgan millatning kelajagi savol ostida qoladi. Qolaversa, "Moziyga qaytib ish koʻrmoq xayrlikdir". Kartina qaysidir nomaʼlum sabablarga koʻra bir qancha vaqt "qora roʻyxatiga" kiritilgan, namoyishi toʻxtatilgan edi. Ammo yaqin yillardan buyon ushbu filmni ochiq ijtimoiy tarmoqlarda koʻrishingiz mumkin.
2. "Vatan". Zulfiqor Musoqovning ushbu filmini rejissyor ijodidagi eng baland notalardan biri deyish mumkin. Garchi televideniye orqali takror-takror qoʻyilsa-da, jonga tegmaydigan, katta ogʻriqlar haqida kino tilida mahorat bilan hikoya qiluvchi kartina, shaksiz, yurt haqidagi filmlarning eng yaxshilaridan sanaladi.
3. "Qoʻrgʻoshin". Zulfiqor Musoqovning yana bir katta filmi.
Filmda Stalinning oʻlimi arafasida Oʻzbekistondagi ahvol haqida soʻz boradi. Kartina Stalin zamonida qatagʻon qilingan adib va olimlarga bagʻishlangan.
4. "Oʻtov". Isteʼdodli rejissyor Ayub Shahobiddinov tomonidan suratga olingan filmni koʻrarkan, tomoshabin ozodlik, erk tuygʻusining balandligini hech bir zoʻriqishlarsiz his qiladi. Topilmalarga boy senariy, aktyorlar mahorati va nimkosali dialoglarni uncha-muncha oʻzbek filmidan topolmaysiz.
5. "18-kvadrat". Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan keyin uning hududlariga, erkiga dahl qilguvchi kuchlar topiladi. Ayniqsa, 2000-yillar boshida turli uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan mamlakat mustaqilligiga tahdidlar, harakatlar amalga oshirilgan. Jahongir Qosimovning filmida Vatan ozodligi shunchaki asrab qolinmasligi, buning ortida oʻnlab, yuzlab insonlarning fidokorligi turishi haqida haqqoniy hikoya qilinadi.
6. "Abdulla Qodiriy" hujjatli filmi. Soʻnggi yillarda Oʻzbek kinematografiya agentligi tomonidan jadidlar haqida oʻnlab filmlar suratga olindi. Bu quvonarli hol, albatta. Ammo ularning barisi ham ishonchni oqladi, kutilgan natijani beroldi yo kelajakda beroladi, deb boʻlmaydi, afsuski. Biroq, rejissyor Umid Hamdamovning "Abdulla Qodiriy" video filmi aytadigan gapi borligi bilan ular ichida ajralib turadi.
Faqatgina hissiyotga yo dinamikaga suyanib qolmagan, Qodiriyni butun boʻyi bilan ochib berolgan film tomoshabinga yozuvchini his qilish, tushunish imkonini beradi. Va bu orqali jadidlarning yurt mustaqilligi, ozodligi yoʻlidagi qurbonliklarini ich-ichdan his qildira oladi.
Ma’naviyat
Vatandosh
Falsafa
San’at
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Til
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q