Hozir taraqqiyot asrida davrning sur’ati tez, zamonning zayli o‘zgaruvchan. Kecha ko‘rganimiz bugun urfdan qolmoqda, kecha aytganlarimiz bugun uchun ertakga aylanmoqda. Bu jarayon hayotimizni yangilash bilan birga, har daqiqada hatarlar xavfini ham oshirmoqda. Bunday tahlikalar ichida esa faqat milliy davlatchilikning mustahkam asoslariga tayangan milliy taraqqiyotgina barcha dovonlardan oshib o‘tishi mumkin.
Bugun milliy taraqqiyotning yangi bosqichini egallayotgan mamlakatimiz o‘z ichki va tashqi siyosatini birlashish istiqbollari, mushtarak manfaatlar, ochiqlik, pragmatizm, konstruktivlik asosiga qurmoqda. Shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan olib borilgan proaktiv muloqot tamoyillari mintaqaviy siyosatning yangi davri, mustahkam asosini tashkil qilmoqda.
Natijada bugun Yangi O‘zbekiston dunyoda tanilishi va tan olinishi borasida yetakchi davlatlar qatoridan o‘rin olmoqda. Buni shunchaki raqamlar yoki faktlarda emas, ko‘z o‘ngimizda, real hayotimizda kunda kunaro ko‘rib turibmiz. Birgina so‘nggi kunlarda bo‘lib o‘tgan, barchamizni g‘ururlantirgan voqealar bunga dalil bo‘la oladi.
Avvalo, Prezidentimizning uzoqni ko‘rib, yangi yaxlit tashqi siyosat doktrinasini shakllantirgani sababli yaqin qo‘shnilar bilan uzoqlashib ketgan mehr-oqibat, qardoshlik rishtalari yana tiklandi. Bu esa nafaqat, mamlakatimizning balki, Markaziy Osiyoning yangi taraqqiyot yo‘liga ham sabab bo‘ldi.
Birgina oxirgi 7 yilda mintaqa iqtisodiyoti 6,3 foizga o‘sib, uning hajmi 450 milliard dollarga yaqinlashgan bo‘lsa, suv, suv-energetika va ekologiya borasida ham katta yutuqlarga erishildi.
Yangi O‘zbekiston rahbarining tashabbusi bilan boshlangan, Ostona shahrida yakunlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvi barqarorlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyot hududini bir bo‘lib barpo etishga qaratilgan muhim tashabbuslar bilan jahon jamoatchiligi e’tiborida turdi.
Xususan, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventativ diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze, Xadson instituti (AQSh) eksperti Richard Vayts, Shanxaydagi Fudan universiteti professori Chjao Xuashen kabi siyosiy ekspertlar tomonidan Markaziy Osiyo ko‘p yo‘nalishlarda mintaqaviy hamkorlikning noyob modelini yaratayotgani va bunda aynan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbus va siyosiy irodasiga alohida e’tibor qaratib, e’tirof etgan.
Mintaqa tarixiga ham o‘z nomini yozib ulgurgan Yangi O‘zbekiston rahbariga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishoni topshirilgani barcha e’tiroflarning qanchalik haqiqatligini ko‘rsatdi.
Ayni shu voqealar bilan birga, Olimpiada o‘yinlaridagi sportchilarimizning oltinli g‘alabalari yangi tarixni yozib, Yangi O‘zbekiston o‘z oldiga qanday katta marralarni qo‘ygani va dadil ketayotganini ko‘rsatib turdi. O‘zbekiston Parijdagi o‘yinlarda qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan 200 dan ortiq davlat ichida umumiy medallar hisobida 13-o‘rinni egalladi. Bungacha eng yaxshi natija Rio-de-Janeyroda bo‘lgandi – 21-o‘rin. Sportchilarimiz shu olimpiadani o‘zida 8 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi, biroq 32 yil ichida sakkizta yozgi Olimpiya o‘yinlarida 10 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan edik.
Quvonarlisi, bahslarda qizlarimiz qat’iyat, kuchli iroda bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tarixda birinchi marta bizda ayol sportchi Olimpiya chempioni bo‘ldi. Diyora Keldiyorova nafaqat bu bilan, balki O‘zbekiston uchun dzyudo bo‘yicha ilk Olimpiya oltinini qo‘lga kiritgan qiz sifatida ham sport tarixida qoladigan bo‘ldi.
Nufuzli Finansial Times ro‘znomasida chop etilgan maqolada mamlakatlarning Olimpiadada olgan medallari va o‘rinlari, nafaqat, sport sohasi, balki mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli rivojlanish yo‘lidagi sa’y-harakatlar haqida juda chuqur xulosalar qurishga asos bo‘ladi, deb yozdi.
Haqiqatan ham, harakat natijani, o‘zgarishlar tarixni yangilab boradi. Bu galgi olimpiada tom ma’noda yangi davr ovozini butun olamga yoydi.
Yana bir muhim, xalqqa manfaatli, tadbirkorga madadli, o‘zbek va qoraqalpoqning taqdiri, ertasining mustahkam birlashgani yo‘lida muhim uchrashuv – Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonda yurtimizning barcha hududlaridan 300 ga yaqin tadbirkor va investorlar to‘plandi. Shuningdek, muloqotda xorijda biznesini yo‘lga qo‘ygan yana 40 dan ziyod vatandoshlarimiz ishtirok etdi. Hududiy studiyalardan 3 mingga yaqin biznes vakillari qatnashdi. Bugungi tahlikali va murakkab zamonga qaramasdan, iqtisodiyotimiz barqaror o‘sib borayotgani, dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar yetakchilari buni e’tirof etayotgani qayd etildi. Raqamlar oshgan, manfaatli bitimlar tuzilgan, yangi korxona-yu zavodlar ochilgan, muhimi esa tadbirkorda faqat daromad emas, “xalqqa manfaat” degan tushuncha, investorlarda ishonch degan eng muhim, qimmatli fikr paydo bo‘lgan, tadbirkor Prezidentni, davlatni o‘ziga madodkor sifatida ko‘ra boshlagan.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha muhim yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Tadbirkorning xalqqa madadi vatanparlik ekani ko‘p bora ta’kidlandi.
Prezident Qoraqalpog‘iston faollari, ziyolilari bilan ham uchrashib, hududni yanada rivojlantirish vazifalarini muhokama qildi. Uchrashuvda joriy yilda turkiy xalqlarning ulug‘ shoiri Ajiniyozning 200 yillik yubileyini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingani eslanib, Davlatimiz rahbari shoirning xalq uchun xizmat qilgan fidoyi zotlarni “hazrati inson” deb ataganini yodga oldi va barchani shunday ishlashga da’vat etdi.
Shunday “hazrati inson”, uzoq yillar ta’lim, tarbiya sohasi ishlagan, haligacha ma’rifat ulashishni umr mazmuni deb bilgan Bekdullo ota Prezidentimiz bilan muloqotda “Vatanparvarlik konsepsiyasi” ishlab chiqish zarurligi taklifini bildirdi. Ziyolilarning maydonga chiqishi, millat manfaati, uyg‘onish mas’uliyati yo‘lida bildirayotgan bunday takliflari katta ahamiyatga ega, albatta.
Ma’naviyat va iqtisodiyot qo‘shqanot
Yangi O‘zbekistonni ham tashqi va ichki siyosatda ezgu fikr va tashabbuslar, birlashish g‘oyasi yangi kuchga aylantirmoqda. Chunki mamlakat ma’naviyati yuksak xalqimiz bilan birga qat’iy ishonch, puxta reja, yuksak ilm bilan tarixning yangi zarvaraqlarini zabt etib kelmoqda. Bundan tashqari, ma’naviy taraqqiyotga intilish, yangilanish yo‘lida Prezidentimiz tomonidan ko‘plab tashabbuslar, imkoniyatlar yaratilmoqda. 2023-yilning 22-dekabr sanasida Davlat rahbari tomonidan o‘tkazilgan Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi ziyolilarni uyg‘otgan, millat mas’uliyatini anglatgan uchrashuv bo‘ldi. Unda yana bir bor dunyoda “kuch, bosim diplomatiyasi” rivojlanayotgani, ijtimoiy-siyosiy qarashlarda transformatsiya jarayoni tezlashgani, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar ortayotgani aytildi. Bunday tahlikalar, tahdidlar kuchaygan vaziyatlarda faqatgina millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar jasorat bilan maydonga chiqqani esga olindi.
Tan olish kerak, mamlakatimizda iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida ulkan ishlar qilindi. Natijada O‘zbekiston kambag‘allik darajasini 2021-yildagi 17 foizdan 2023-yilda 11 foizga kamaytirdi, qishloq joylarida (8 foiz) shaharlarga (4 foiz punkt) nisbatan kattaroq pasayish kuzatildi. 1,6 millionga yaqin odam kambag‘allikdan chiqdi. 2023-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda jami ish bilan band bo‘lgan aholi soni 312 ming kishiga yoki o‘tgan yilga nisbatan 2,3 foizga oshdi. Bu erishilgan marralar yana kun sayin umidbaxsh raqamlar bilan o‘zgarib bormoqda. Biroq Prezident aytganidek, iqtisodiyot va ma’naviyat qo‘shqanot bo‘lsagina, biz buyuk maqsadlarga tezroq erishamiz.
Shu sababdan ta’lim va tarbiya, ma’naviyat biz uchun ustuvor masala ekanini qayta va qayta ta’kidlanmoqda. Bizga bugun jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fani yutuqlari bilan birga milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek kerakligi va ularni o‘zimiz tarix saboqlari, zamon talablari asosida tarbiyalashimiz zarurligi aytilmoqdi.
Uyg‘onganlar birlashsa, jamiyat nurga to‘ladi!
Millat ma’rifati, xalq ma’naviyatini yuksaltirish mas’uliyatini o‘ziga olish – saodatli ish, jasoratli qadam. Millat yetakchisi bilan yelkadosh bo‘lish, buyuk maqsad yo‘lida birlashish uyg‘oq qalbli ziyolilarning vazifasidir. Cho‘lpon kuyib-yonib, “Мillatni uyg‘otish – uyg‘onganlarning vazifasi”, dedi. Ibrat domla ulamo g‘ayrat etkanda millat, albatta, isloh topishini ta’kidladi, Fitrat, Avloniy, Behbudiylar ham ziyolilar mas’uliyatini eslatishdan aslo charchamadi. Chunki, ular ilm-ma’rifat nuri, agar ular yonmasa, millat yorug‘ yo‘lni topolmay qolishiga ko‘p bora tarix guvoh, voqealar dalil bo‘la oladi.
Shu sababli Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi avvalo, barcha ishlarning boshini ziyolilarni bir joyga jam qilish, ularga zamonaviy media-maydonda minbar yaratish, birlashib katta kuchmiz, degan da’vat bilan ish boshladi.
Bu yo‘lda tizimli ravishda viloyatlarda, tadqiqot institutlarida olimlar, ijodkorlar, diniy soha vakillari bilan tez-tez ko‘rishib, ularning muammolari bilan tanishildi, bir maqsad yo‘lida birlashish borasida takliflar berildi.
Fanlar akademiyasi Tarix institutida tarixchi-olimlar, Yozuvchilar uyushmasida ijodkor-ziyolilar bilan birgaliklikda milliy g‘urur makonini yaratish bo‘yicha qator loyihalar boshlandi. Ziyolilarga bir platforma, bir minbar yaratish maqsadida Markaz huzurida Raqamli targ‘ibot laboratoriyasi hamda interaktiv mediastudiyasi ochildi.
Olimlar va ijodkorlar bilan birgalikda millatni uyg‘otish, xalqimizning milliy g‘ururini yuksaltirish va vatanparvarlik ruhiyatini oshirishga qaratilgan zamonaviy raqamli targ‘ibot texnologiyalari, interaktiv media mahsulotlari, videodarslar, metodik qo‘llanmalar, podkastlar, mualliflik ko‘rsatuvlari, rilslar, audio va videoroliklar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Ma’naviy targ‘ibot ishlari ko‘lami va mazmunini oshirish bo‘yicha Bosh prokuratura, Mudofaa vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Milliy gvardiya, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Kinematografiya agentligi va bir qator telekanallar bilan markaz o‘rtasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi.
Hojilar – ma’naviyat targ‘ibotchisi, degan ezgu g‘oya asosida muqaddas arkonni bajarib kelgan 15 000 nafar yurtdoshimiz bilan hamkorlikda ishlash boshlandi.
Bugun ular “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zoligiga qabul qilindi. “Yangi O‘zbekiston fidoyisi” targ‘ibot guruhlari tashkil etilmoqda. Ular uchun “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz!” nomli ilmiy-uslubiy qo‘llanma va yo‘riqnoma tayyorlandi.
Tarbiya – aniq metodikaga tayanadi
Alisher Navoiyning bir hikmatnoma gapi bor: “Yo‘lni bilmay yurib bo‘lmas”. Har sohada taraqqiyotga yetish uchun uning yo‘lini, usulini topib olish lozim. Bo‘lmasa, har maqomga yo‘rg‘alash, har ko‘chaga bosh suqish mumkin. Shu sabab avvalo, ma’naviyat sohasidagi ishlarimiz uchun metodik asos yaratib olish ishlarini jadallashtirishni boshladik.
Oila-mahalla – maktabgacha ta’lim-maktab davrida tarbiya bilan shug‘ullanamiz, natijasini ko‘rishni istaymiz. Lekin natija aniq metodik yo‘riqnomalar, ilmiy tahlillarga bog‘liq, shu orqali tizimli ishlash mumkin.
1905-yili yozilgan Turkiston mustamlakasi to‘g‘risidagi hisobotda bir qator xulosalar ichida “Turkistonning yosh avlodini o‘zimiz tarbiyalamog‘imiz kerak!” degan qaror ham bo‘lgan. Nega? Chunki, yosh avlod ongiga, qalbiga berilgan tarbiya erta shu mamlakat kelajagiga dahl qiladi, taraqqiyotini, milliy manfaatini belgilaydi. Shundan kelib chiqib, Respublika bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan shug‘ullanuvchi 31 482 nafar ma’naviyat sohasi vakillari tarkibi shakllantirildi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari uslubchilari, maktablarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, oliy ta’lim muassasalari prorektorlari, tyutorlar, vazirlik va idoralarning mas’ullari, Markaz tizimi xodimlari hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari “Ma’naviyat armiyasi” asosini tashkil etadi. Xo‘sh, bu raqamlar ortida tarbiyachilarimiz farzandlarimizni qanday tarbiyalaydi, qalbiga, ongiga nima beradi, hayotiy qarashlarini shakllantirishda ko‘mak beradimi? Shu savollarga javob topish maqsadida har bir tarbiya yo‘nalishidagi tizim xodimlari uchun metodik asos yaratilishga kirishildi.
31 482 nafar soha vakillari faoliyatini tizimli monitoring qilish maqsadida “MMM.KPI.UZ” raqamli platforma loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu platforma barcha tizimlar bilan integratsiya qilinib, soha vakillari faoliyatini nazorat qilish, metodik ko‘mak berish, baholash va monitoring qilish imkonini beradi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda 14 ta hududdagi maktablarda ma’naviy va vatanparvarlik tarbiyani kuchaytirish maqsadida 14 200 nafar ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari uchun seminar-treninglar o‘tkazildi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar uchun muhim sanalar bilan bog‘liq oyma-oy o‘tkaziladigan tadbirlarning yillik taqvim rejasi ishlab chiqildi.
Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlaridagi ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, ma’naviy va vatanparvarlik tarbiyasini oshirish bo‘yicha davlat va nodavlat oliy va professional ta’lim, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbarlari uchun 5 kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Markaz hamda Milliy gvardiya o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish, 2000 nafar psixologlarni ma’naviy-vatanparvarlik targ‘ibotiga o‘qitish, yoshlarda axloqiy fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi hamda qo‘shma qaror tasdiqlandi.
Uychi tumanidagi 56 ta mahallada tajriba-sinov asosida mahalla targ‘ibotchilari faoliyati tashkil etildi. Mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha respublika o‘quv-seminari o‘tkazildi. Mahalla targ‘ibotchilari uchun “Mahallada ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha metodik qo‘llanma” chop etildi.
Ma’naviyat sektori – jamiyat mayog‘i
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, xalq manfaatini o‘ylash, xalqni boy, mulkdor qilish, huquqini mustaqkamlash 4 ta sektor misolida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Prezident tashabbusi bilan tashkil qilingan 5-sektor bu yo‘ldagi “mayoq”dir.
Surxondaryo – Imom at-Termiziydek ma’rifat, madaniyatdan dunyoga saboq bergan donishmandlar yurti, jasorat, vatanparvarlik, sadoqatda g‘animni ham lol qoldirgan аlplar diyori. Bejizga “Ma’naviyat sektori” mazkur hududda tajriba tariqasida boshlanmadi. Bunda ham o‘ziga xos ma’no bor, ma’naviyat debochasi mamlakatimizning janub javohiri bo‘lgan hududidan boshlanmoqda.
Joriy yilning 16-aprel kuni Termiz shahrida “Ma’naviyat sektori” “Surxondaryo tajribasi” misolida namunali yo‘lga qo‘yish” mavzusidagi respublika seminari tashkil etildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan barcha rahbar-xodimlar ishtirok etdi. Seminardan maqsad – hududdagi tajribani o‘rganishning amaliy jihatlariga e’tibor qaratilib, barcha mas’ullar o‘z hududlarida qanday qilib sektor faoliyatini tashkil qilish borasida ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Surxondaryo viloyatidagi 454 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 965 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim, 54 ta professional ta’lim muassasasi, 360 ta tashkilot va korxona hamda 724 ta mahallada “Ma’naviyat sektori”ning quyi bo‘g‘inlari tashkil etildi. Mahalla va ta’lim muassasalarida “Ma’naviyat sektori” faoliyatini tashkil etish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma tayyorlandi.
Hokimlar ma’naviyatga mas’ul
Prezidentimiz madaniy-ma’rifiy sohadagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda hokimlarning mas’uliyatini keskin oshirish zarurligini aytdi. Hududlar rahbarlarining faoliyati, aynan ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning sifati va samarasiga qarab baho berilishi ta’kidladi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi hududlarda, vazirlik-u, tashkilotlarda qanday ta’minlanmoqda? Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Ishchi guruhi tuzilib, hududlar bo‘ylab tahliliy-tanqidiy o‘rganishlar olib borilmoqda.
Bunda har bir hududning o‘ziga xos bo‘lgan qadriyatlari va ma’naviy mezonlari hisobga olingan. Shundan kelib chiqib hududlarning ijtimoiy-ma’naviy muhit xaritasini ishlab chiqish maqsad qilingan. Ungacha esa sohada mavjud muammo va kamchiliklar tizimli o‘rganiladi. Aholi orasida birdamlik va daxldorlik tuyg‘ularini qaror toptirishga qaratilgan amaliy ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan alohida reja-jadval asosida o‘rganishlar o‘tkazilmoqda.
Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hududiy Ma’naviyat va ma’rifat kengashlarida tanqidiy-tahliliy muhokamalar tashkil etilmoqda. Markaz tomonidan uslubiy-amaliy yordam ko‘rsatilib, kelgusidagi chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda.
Biz bir bo‘lsak – xalq, birlashsak – Vatanmiz!
Tarix guvohki, xalqlar bir bo‘lmagan, insoniylik uzoqlashgan davrda taraqqiyotlar “ko‘milgan”, millatlar parokanda bo‘lgan. Demak, faqat va faqat birlik, hamjihatlik xalqni xalq, millatni millat, Vatanni vatan qiladi.
Bugun birlashish mas’uliyatimizni anglash, bir maqsad yo‘lida harakatlanishimiz zarur. Bu bizga yangi tarix berayotgan muhim missiyadir.
Uning mazmun-mohiyatini yurtdoshlarimizga yetkazish, ular bilan hamnafas bo‘lish, suhbatlashish, ruhini ko‘tarish maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab “Ma’naviyat festivali” tadbirlari tashkil etilmoqda. Tadbirlar doirasida e’tiborimizni eng chekka tumanlarga qaratmoqdamiz. Festival tadbirlari 173 ta tuman (shahar)dagi 555 ta chekka mahalla va ovullarda “Ma’rifat soati”, “Kelajak liderlari uchrashuvi”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Inson qadri”, “Mehr-saxovat va muruvvat”, “Kitob karvoni”, “Ziyolilar forumi”, “Kinokarvon”, “Milliy qadriyatlar”, “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni”, “Ma’rifatli oila”, “Eng namunali ma’naviyatli mahalla”, “Vatan madhi”, “Ma’rifat tur” kabi loyihalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va gala-konsert dasturlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari saroyida “Jadidlar orzusi” nomli teatrlashtirilgan badiiy-ma’rifiy kecha o‘tkazilib, unda birinchi o‘zbek dramaturgi Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush”, ma’rifatparvar shoir Abdulla Avloniyning “Siz va biz”, milliy uyg‘onish harakatining namoyandasi Abdulhamid Cho‘lponning “Kecha va kunduz” pesalari va “Qush esdaligi” filmidan parchalar namoyish qilindi.
Zamon bilan hamnafas emas, undan oldinda yuradigan davrda yashayapmiz
Prezidentimiz bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi kerak, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shartligini ta’kidlagan.
Qachon oldingi safga o‘tish, kimdir o‘ylab turganda bajarishni boshlash mumkin? Qachonki harakatlar tahlillarga, ilmiy asosga qurilsa, bo‘lgan emas, bo‘ladigan voqealar muhokama qilinsa, muhimi milliy manfaatlar asrab qolinsa, soha o‘n qadam oldinga chiqib oladi.
Bu ezgu g‘oyani amalga oshirish uchun aniq tahlillarga, prognozlarga qarab loyihalar amalga oshirishni boshladik.
Aholining turli qatlami bilan ma’naviy tarbiya ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida aholining 3 ta yosh toifasi – “X” (katta yosh), “Y” (o‘rta yosh) va “Z” (kichik yosh) avlod vakillari o‘rtasidagi mavjud vaziyat tahlil qilindi.
“Z” avlod vakillari – bular bugungi kunda voyaga yetib kelayotgan raqamli avlod vakillaridir. Ular 73 foiz vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflaydi, har qanday axborotni raqamli ko‘rinishda oladi. Bor yo‘g‘i kundalik 2 foiz vaqtini kitob mutolaasiga ajratadi.
Markaz faoliyatini mana shu yoshdagi raqamli avlod vakillari bilan tizimli ishlashga qaratib, bu bo‘yicha alohida targ‘ibotning zamonaviy texnologiyalari joriy etilmoqda. Xususan, “Buyuk sarkardalar”, “Allomalarimiz haqida 10 fakt” loyihalari amalga oshirilmoqda. Bunda tarixiy shaxslarimiz, buyuk ajdodlarimizning amalga oshirgan ishlari, qahramonliklari sun’iy intellekt yordamida sahnalashtirilib, yoshlarga qiziqarli usulda yetkazilmoqda.
Markaz va hududlarning rasmiy ijtimoiy tarmoqlardagi umumiy a’zolari soni 850 000 nafarga oshirildi, “Oyina.uz” portali va ijtimoiy tarmoqlariga vatanparvarlik, ma’naviy tarbiya va milliy qadriyatlarga oid 30 809 ta media targ‘ibot vositalari joylashtirildi.
Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash doirasida zamonaviy va ta’sirchan targ‘ibot texnologiyalarini ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi delegatsiyasi Yaponiya, Xitoy davlatiga ilmiy xizmat safari tashkil etildi.
Yaponiya va Xitoy davlatlariga tashkil etilgan ilmiy safarlar bo‘yicha mamlakatimizda milliy g‘oya, mafkura, axloqiy, vatanparvarlik tarbiya va ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash borasida taklif va loyihalar ishlab chiqildi.
Har bir serial – bir missiya
Kino shunday san’atki, u ruhni, qalbni, ongni tarbiyalaydi, g‘oya bo‘lib yo‘l ko‘rsatadi, harakatlantiradi. Kengash yig‘ilishida davlatimiz rahbari bejizga milliy seriallar ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud tizimni tubdan isloh etish kechiktirib bo‘lmas vazifa ekanini ta’kidlamadi.
Bu yo‘lda Kinematografiya agentligi bilan bir qator hamkorlik ishlarimizni o‘z ichiga olgan memorandum imzoladik. Avvalo, milliy serial bu millat yuzi, o‘zlikning aksi, qadriyatlar ovoziga aylanishi lozim. Shu bilan birga g‘oyaviy-badiiy jihatdan mukammal, zamonga mos, bugungi voqealar rivojidan ortda qolmasligi shart. Shu maqsadda “Har bir serial – bir missiya” tanlovini o‘tkazdik. Tanlov doirasida ekspertlar kengashi 11 ta serial loyihasi bilan tanishdik va ular ichidan 4 tasini g‘olib deb topdik.
Bular “Mening yurtim”, “Renessans TV”, “Sevimli” telekanalinida praym-taym vaqtlarida beriladigan bo‘ldi.
“Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida esa mahallalarda “Kinokarvon” loyihasi yo‘lga qo‘yildi.
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu!
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning shu she’riy satrlarini tez-tez yodga olaman. Vatan har birimizni beminnat, manfaatsiz va ta’masiz sevadi. Biz-chi? Aslida har qadamimizda Vatan muhabbati bizni imtihon qiladi. Oddiy hayotimizda o‘z ishimizni sitqidildan bajarsak, atrofga befarq qaramasak, yutuqlarimizdan quvonib, kamchiliklarimizni tuzatsak, oilamiz, mahalla, Vatanni sevsak, bu imtihondan aslo yiqilmaymiz.
Buning uchun barcha uyg‘oq qalb bilan yashashi, millat mas’uliyatini anglashi, erta uchun bugun harakat qilishi lozim. Bu yo‘lda ma’naviy-ma’rifiy ishda tanaffus, to‘xtash bo‘lmasligi shart. Shu sabab faoliyatimizni doimiy tahlil qilib, amalga oshiradigan ishlarimiz rejasini tuzib bormoqdamiz. Hali qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar juda ko‘p.
Oila – mahalla – maktabgacha ta’lim – maktab tizimida tarbiya ishlarini jonlantirish, zamonga mos, davrga monand tarzda yangi metodik qo‘llanmalar chiqarishni reja qilganmiz. Hozir bunga mas’ul bo‘lganlar bilan davomli tarzda seminar-treninglar tashkil qilib kelmoqdamiz, keyingi bosqichda har bir tarbiyachi qo‘lida zamonaviy, interaktiv videodarslar yetkaziladi. Bundan tashqari, maktabgacha ta’limdagi bolajonlarimiz uchun milliy, vatanparvarlik ruhidagi she’riy kitobchalar, ertaklar, buyuk sarkarda va bobolarimizning yoshliklari yozilgan hikoyalar qiziqarli suratlar bilan chop etilib, tarqatiladi.
Oldimizga ma’naviyat yangi kuch, yangi harakat, iqtisodiyotning qo‘sh qanoti, jamiyat ruhi, davr ovoziga aylanishi shart, degan vazifa qo‘yilgan. Buni faqat va faqat ziyolilar bir yoqadan bosh chiqarib, bir musht bo‘lib harakat qilsаgina amalga oshira oladi. Shunda biz bir bo‘lib – yagona xalq, birlashib – Vatanga aylanamiz.
Otabek HASANOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari,
siyosiy fanlar doktori
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2024-yil 30-avgust, 175-son.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q