Ma’naviyat
Jahon tamadduni rivojida yuksak ahamiyatli va bir qancha ilmlarni o‘zida jamlagan kitoblarga nisbatan “qomusiy yoki ensiklopedik” asar tushunchasi qo‘llaniladi. Ana shunday noyob ilmiy durdonalaridan biri bo‘lgan Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asari hech shubhasiz turkiy xalqlarning bebaho qomusi hisoblanadi. Turkshunos olimlar Mahmud ibn Husayn Qoshg‘ariyning tavallud sanasini milodiy minginchi yilning dastlabki o‘n yilligi deb taxmin qilishgan va “Devonu lug‘otit turk” asarining yozilishini 1068 – 1071-yillar deb belgilashgan.
Asar turkiy xalqlar tarixini o‘rganishda muhim ilmiy manba bo‘lib, undagi adabiy parchalar turkiylarning juda qadim zamonlardagi hayoti, tafakkur tarzi, urf-odatlari, tarixiy va adabiy-estetik qarashlarining ifodalari sifatida o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Kitobda keltirilgan so‘zlar va iboralar tadqiqotchilarni XI asr muhitiga sayohat qilishga undaydi.
Mahmud Qoshg‘ariy asari yozilishi to‘g‘risida to‘xtalar ekan, “Men turklar, turkmanlar, o‘g‘uzlar, chigillar, yag‘molar, qirg‘izlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini ko‘p yillar kezib chiqdim, lug‘atlarini to‘pladim, turli xil so‘z xususiyatlarini o‘rganib aniqlab chiqdim”, – deb yozadi. Anglash mumkinki, Mahmud Qoshg‘ariy kitobni yozish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan va unda keltirilgan barcha dalillarni kuzatishlari, olib borgan tadqiqotlari bilan asoslashga harakat qilgan.
Asarda olti yarim mingdan ortiq turkiy so‘zlarning izohlari keltirilgan. Muallif ushbu so‘zlarning turli qabilalarda turlicha qo‘llanishi va ularning shevalardagi shakllariga to‘xtalib o‘tgan. Asarda keltirilgan hikmatlar va maqollar, xususan, “Bitta qarg‘a bilan qish kelmas,” “Asal yig‘adigan odam asalari nishiga chidashi zarur”, “Ikkita tuya jang qilsa, o‘rtada pashsha halok bo‘ladi” – kabilar uning badiiy jozibadorligini ta’minlash bilan bir qatorda, turkiy xalqlarga xos donishmandlik, mehnatsevarlik, har qanday vaziyatda aql bilan ish tutish kabi fazilatlar, shuningdek, o‘sha paytdagi ijtimoiy-siyosiy muhitni tasvirlashga imkon beradi. Bir so‘z bilan aytganda, “Devonu lug‘otit turk”ni tarix, lingvistika, geografiya, etnografiya va boshqa bilimlarni o‘z ichiga olgan ilk turkiy ensiklopediya deyish mumkin.
Turkiy tilni o‘rganish bo‘yicha hadis bormi?
Ma’lumki, VII asrdan boshlab Arab xalifaligining siyosiy mavqei kuchayib borishi fonida arablar tomonidan istilo qilingan hududlarda islom dini bilan bir qatorda, arab tili va yozuvining yoyilishi va qo‘llanishi keng tarqaldi. XI asrda arab tili rasmiy muloqot, adabiyot va ilm tili hisoblangan. Shu boisdan ham “Devonu lug‘otit turk”ning izohlari va tushuntirish matnlari arab tilida yozilgani bejiz emas. Ijtimoiy siyosiy hayotda ham arab va fors tillarining mavqei yuqori hisoblangan. Turkiy til esa bozorlarda va hunarmandchilik rastalarida ko‘proq foydalanilgan. Chunki, turkiy xalqlarning ko‘pchiligini savdogarlar, hunarmandlar va harbiylar tashkil etgan.
Asarni tahlil qilar ekanmiz, Mahmud Qoshg‘ariy o‘zi turkiy qavm vakili sifatida turkiy til – ona tilining arab va fors tillari kabi boy til ekanini har tomonlama asoslashga harakat qilganiga guvoh bo‘lamiz. Jumladan, Qoshg‘ariy turkiy tilni o‘rganishga ilmiy jihatdan yondashish bilan birga, din va hadis ilmlariga ham murojaat qilgan. Kitob muqaddimasida hamdu calovatdan so‘ng muallif turkiy xalqlarning ulug‘vorligi, turkiy tilni bilishning ahamiyati haqida to‘xtalgan: “Alloh taolo saltanat quyoshini turklar burjiga ko‘tardi. Falakni ham shular burjiga moslab aylantirdi. Ularni turk deb atadi, mulkka ega qildi, zamonamizning xoqonlari qilib ko‘tardi... Bularga yaqin bo‘lish uchun eng asosiy yo‘l ularning tillarida so‘zlashishdir, chunki ular bu tilda so‘zlashuvchilarga yaxshi quloq soladilar, o‘zlarini yaqin tutadilar, ularga zarar bermaydilar” deb turk tilini o‘rganishga e’tibor qaratadi. Fikrlarining tasdig‘i uchun Payg‘ambar (s.a.v.) hadislaridan dalil keltiradi: “Ishonchli bir Buxorolik olimdan va Nishopurlik boshqa bir olimdan shunday bir xabar eshitgan edim: “Payg‘ambar (s.a.v.) turk tilini o‘rganing, chunki ularning hukmronligi uzoq davom etadi...” deb ta’kidlaydi. Mahmud Qoshg‘ariyning o‘zi xulosa qilganiday, bu hadisning qanchalik sahih yoki sahih emasligi uni aytgan odamlar gardaniga havola.
Yaponiya tasvirlangan ilk xarita
“Devonu lug‘otit turk”ning muhim, o‘ziga xos jihatlaridan yana biri shundaki, asar o‘sha davrda yashagan xalqlar, qavmlar va joy nomlari tasvirlangan xaritani ham o‘z ichiga oladi. Bu tarixdagi ilk yozma turkiy xarita hisoblanadi. Mahmud Qoshg‘ariy ushbu xaritani tuzishda arab xaritashunoslari afzal ko‘rgan doira shaklidan foydalangan. Amerikalik olim Frederik Star Qoshg‘ariy tomonidan tuzilgan xaritaning farqli tomonlariga e’tibor qaratadi. Xususan, arab xaritashunoslari doira shaklidagi xarita markaziga Makka shahrini joylashtirishgan va bu bilan ushbu shaharni yer sharining markazi sifatida tasvirlashga harakat qilishgan. Mahmud Qoshg‘ariy esa o‘z xaritasi markaziga ilk turkiy imperiyalardan bo‘lgan Qoraxoniylarning poytaxti Bolasog‘un shahrini joylashtirgan. Bu esa muallifning o‘sha davrdagi siyosiy vaziyatdan to‘liq boxabarligini hamda Qoraxoniylar davlatining kelajagiga yuksak umid bilan qaraganini bildiradi.
Xaritada hozirgi Misr, Hindiston, Rossiya, Xitoy tasvirlangan bo‘lib, Yaponiya hududi yarim aylana shaklda aks ettirilgan. Olimlarning fikricha, mazkur xarita ilk turkiy xarita bo‘lish bilan bir qatorda, birinchi marotaba Yaponiya tasvirlangan eng qadimgi geografik xarita ham hisoblanadi.
2024-yil – “Devonu lug‘otit turk” yili
Ma’lumki, “Devonu lug‘otit turk” Jahon Xotirasi Reyestiriga kiritilgan. Asarning bizgacha yetib kelgan yagona nusxasi 1266-yili Damashq shahrida Muhammad ibn Abu Bakr ibn Abulfath Saviy Damashqiy tomonidan ko‘chirilgan bo‘lib, ushbu qo‘lyozma hozirgi kunda Istanbuldagi Millat kutubxonasida saqlanadi. O‘zbekistonda “Devonu lug‘otit turk”dan namunalarni ilk bor jadidchi olim Abdurauf Fitrat 1927 – 1928-yillarda e’lon qilgan. Hozirgi kunda “Devonu lug‘otit turk”ni butun dunyo olimlari va tadqiqotchilari o‘rganmoqda. Asar YUNESKO tomonidan 2024 – 2025-yillarda nishonlanadigan xalqaro tadbirlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, joriy yil kitobning 950 yillik yubileyini keng miqyosda nishonlash belgilangan.
Umumturkiy lug‘at yaratish g‘oyasi
Tilshunoslik fanida tilga insonlar o‘rtasidagi muloqot vositasi sifatida ta’rif berilgan bo‘lsa, zamonaviy xalqaro munosabatlarda til davlatlar va millatlar o‘rtasidagi munosabatlar darajasini belgilovchi muhim mezonlardan biri sifatida qaralmoqda. Jumladan, bugun Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida keng ko‘lamda rivojlanib borayotgan qardosh turkiy xalqlar (o‘zbeklar, ozarbayjonlar, qozoqlar, qirg‘izlar, turklar, turkmanlar va vengerlar) o‘rtasidagi munosabatlar negizida til, tarix va madaniyatlar o‘rtasidagi yaqinlik yotadi.
Turkiy davlatlar tashkilotining 2009 – 2021-yillar oralig‘idagi rivojlanish bosqichida “Turkiy tilli davlatlar Kengashi” deb nomlangani ham bu tuzilmaning ta’sis etilishida turkiy til birlashtiruvchi muhim omil sifatida asosiy rol o‘ynaganini ko‘rish mumkin. Bu hamkorlikning ildizlari esa XI asrdayoq Mahmud Qoshg‘ariy tomonidan ilmiy jihatdan to‘liq asoslab berilgan edi.
2024-yil 24-25-iyun kunlari Bishkek shahrida Turkiy Akademiya tomonidan “Devonu lug‘otit turk”ning 950-yillik yubileyiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etildi. Ushbu xalqaro tadbirda ishtirok etgan Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev asarning turkiy xalqlar tarixidagi ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, bugun ham aynan davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun “Devonu lug‘otit turk” kabi qomusiy asarlarga ehtiyoj borligini ta’kidladi. Ushbu konferensiyada Bosh kotib “Devonu lug‘otit turk” misolida zamonaviy “Umumturkiy lug‘at” yaratish tashabbusini ilgari surdi. Ilmiy nuqtayi nazardan Bosh kotibning ushbu tashabbusning qanchalik ahamiyatli ekanini turkshunos va tilshunos olimlar belgilasa-da, ammo zamonaviy xalqaro munosabatlar va diplomatiya nuqtayi nazaridan uning dolzarb ekanligini ta’kidlash o‘rinli hisoblanadi.
Tarix vaqt o‘tishi bilan o‘zining yangi sahifalarini yozishda davom etar ekan, xalqlar va millatlar o‘zlarining umrboqiyligini saqlab qolishga intiladi. Turkiy xalqlarning umrboqiyligi va buyuk sivilizatsiya egalari bo‘lgani XI asrdayoq “Devonu lug‘otit turk”da aks etgan. Birgina maqola bilan butun sivilizatsiyaning sarchashmasi hisoblangan asarni batafsil yoritish imkonsiz bo‘lgani kabi bu nodir asarni o‘rganish orqali har bir tadqiqotchi va kitobxon alohida xulosaga kelishi ham tabiiy jarayon.
Asar turkiy xalqlar tili, tarixi va madaniyati haqida o‘tmishdan sado berib turishi bilan bir qatorda, unda turkiy sivilizatsiyaning haligacha kashf qilinmagan qirralari va yashirin chizgilari haqida chaqiriqlar ham bisyor.
Murodjon MUSTAFOYEV,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya
universiteti mustaqil tadqiqotchisi
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Koshg‘ariy M. Turkiy so‘zlar devoni (Devonu lug‘otit turk). – Toshkent: O‘zbekiston. 2022. – 608 b.
2. Fitrat. Eng eski turk adabiyoti namunalari. Samarqand-Toshkent, 1927.
3. Star F.S. Utrachennoye prosvesheniye. Zolotoy vek Sentralnoy Azii ot arbskogo zavoyevaniya do vremen Tamerlena. – Moskva: OOO “Intellektualnaya literatura”. 2017. – 894 s.
4. https://www.unesco.org.tr/Home/AnnouncementDetail/6221
5. https://www.azernews.az/culture/217894.html
6. https://www.unesco.org.tr/Pages/660/316/UNESCO-Memory-of-the-World-Register
Ma’naviyat
Vatandosh
Falsafa
San’at
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Til
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q