Eynshteyn dahosini yaratgan ayol


Saqlash
14:24 / 19.11.2021 2281 0

 

“Hayot birovga mehribon, birovga beshafqat:

kimdir omadi chopib, marvarid-durga ega chiqadi,

kimdir zahmat chekib, quruq chig‘anoq-la kifoyalanadi”.

Mileva Marich

 

                                                                                 “Daholikning kaliti – sirlaringni oshkor qilmaslikda”.

Albert Eynshteyn   

 

1987-yili XX asr kashf etgan daho Albert Eynshteynning shaxsiy buyumlari ko‘rgazmaga qo‘yildi va maktublari e’lon qilindi. Bu voqea keyinchalik olim haqida turli mish-mishlar tarqalishiga sabab bo‘ldi. Chunonchi, olimning nisbiylik nazariyasiga o‘xshash dongdor  tadqiqotlari hammualliflik asosida qilingan ishlardir, degan ovoza yoyildi. Bu gaplar nechog‘li rost yoki yolg‘on – bugungacha noma’lum.

 

Xo‘sh, kim edi u Mileva Marich? Aql-zakovatda Eynshteyn bilan bo‘ylasha oladigan bu ayol haqida bizga nimalar ma’lum?

 

Mileva Marich (1875-1948) Avstriya-Vengriya imperiyasining (hozirgi Serbiya davlati) Titel shahrida tug‘ilgan. U 21 yoshida – 1896-yili syurixdagi politexnika institutining fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kiradi. Bir yillik tayyorlov kursini o‘tagan 17 yoshli Albert Eynshteyn ham xuddi shu yili  mazkur institutning  fizika-matematika fakulteti talabalari safidan joy olganiga nima deysiz!

 

Shu davrdan ularning o‘rtasida do‘stona iliq munosabat paydo bo‘ladi. Eynshteyn Marichga yozgan maktublarida yakka-yu yagona ilhom parisi Mileva ekani, qizning ko‘ngliga yo‘l topay deb oxiri fizikani ham sevib qolganini ta’kidlaydi. Turgan gapki, kurtak yozayotgan muhabbat har ikki tomonga ham birday foydali edi. Boisi – Eynshteynning matematik qobiliyati maqtagulik emasdi. Buni olimning biograflari, tadqiqotchilari, hatto o‘zi ham e’tirof etadi. Mileva Marichning esa, aksincha, matematik salohiyati g‘oyat yuqori bo‘lgan. Yana shuni ham aytish kerakki, Marich o‘sha vaqt syurix politexnika institutida o‘qiyotgan yagona qiz talaba edi. Qizidagi fizika-matematikaga bo‘lgan qobiliyatni payqagan otasi tegishli idoralardan Mileva o‘g‘il bolalar bilan birga imtihon topshirishi uchun ruxsatnoma olib bergan. Qiz ham otasi bildirgan ishonchni oqlab, kirish imtihonlarini a’lo bahoga topshirgan.

 

XIX  asr oxiri, hatto XX asr boshida ham  ayollar turli sohalarda kamsitishlarga duch kelar edi. O‘sha davrning eng oldi fanlaridan bo‘lgan fizika-matematika haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Shu bois, Mileva Marich ilmni qadrlaydigan, uni qo‘llab-quvvatlaydigan, tadqiqot olib borishda yelkadosh bo‘la oladigan insonga ehtiyoj sezgan bo‘lsa ajab emas.

 

Ko‘pgina fan tarixchilari va olimlar Eynshteyn hamda Marichning talabalik yillariga oid hujjat va xatlarini o‘rgangan. Mazkur tadqiqotlarda Mileva Eynshteynning  tom ma’noda fizik-matematik olim bo‘lib shakllanishiga g‘oyat katta ta’sir ko‘rsatgani qayd etiladi.

 

Faqat injener-mexaniklarni tayyorlashga yo‘naltirilgan syurix politexnika institutidagi o‘quv jarayoni Mileva Marichni qanoatlantirmaydi. Zamonasining eng ilg‘or kashfiyotlarini o‘rganishga intilgan qiz 1897-yil 5-oktyabrda  politexnika institutidan hujjatlarini olib, Germaniyadagi ko‘hna o‘quv yurtlaridan biri – Heydelberg universitetida tahsilni davom ettiradi.  

 

Mileva bu yerda, keyinchalik  (1905-yilda) Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan olim Filipp Lenardning fotoelektrik nurlar yordamida o‘tkazayotgan tajribasiga doir ma’ruzalar tinglaydi. 

 

Marich 1897-yil 20-oktyabrda Eynshteynga yozgan xatida professor Lenardning  molekulalarning issiqlikdagi harakatiga doir ma’ruzalaridan olgan taassurotlarini yozarkan, molekulalarning bir tola soch qalinligicha bo‘lgan joyda 400 m/s tezlikda harakatlanishi to‘g‘risidagi gipotezadan hayratlanganini bayon etadi.

 

Molekulalarning issiqlikdagi harakati mavzusi keyinchalik Eynshteynning olamshumul maqolalaridan biriga, shuningdek, uning dissertatsiyasiga  asos  bo‘ladi.  Shuni ham nazardan chetda qoldirmaslik kerakki, aynan Heydelbergda o‘qib yurgan kezlarida Marich elektrodinamika kursidan ma’ruzalar tinglaydi. Eynshteyn esa 1905-yili jismlarning elektrodinamik harakati xususidagi nazariyasini yaratadi.

 

Eynshteyn talabalik kezlaridagi maktublarida Milevaning ilmiy salohiyatini g‘oyat yuksak baholagan. Misol uchun uning 1899-yilda Milevaga yozgan maktubini keltirib o‘tamiz: “Sizga nodon bo‘lib ko‘rinishdan qo‘rqqanim bois Gelmgolsning atmosferadagi harakatlarga oid qarashlarini o‘rgandim. Sirasini aytganda, bu mutolaa o‘zimni ham qanoatlantirdi. Qani edi, fizika tarixini siz bilan o‘qisam. Ochig‘ini aytsam, Gelmgolsni ilk bor mutolaa qilganimda, hech narsaga tushunmagandim. Ishongim kelmaydi, nahot yonimda siz yo‘qsiz?! Siz bilan birga dars tayyorlash men uchun qanchalik yoqimli va foydali ekanini bilmaysiz”.

 

1900-yildagi xatlaridan birida esa Eynshteyn bunday deb yozadi: “Tomsonning effekt haqidagi tadqiqotlarini o‘qib, unga boshqacha yondashish kerakligini angladim.  Qani edi, ertagayoq sen bilan shu ishga kirishsak. Sen mening mitti borlig‘imsan. Sensiz o‘zimga bo‘lgan ishonchim, ishtiyoqim, umuman olganda, hayotim mazmuni yo‘qoladi”.

 

Ushbu xatlardan ma’lum bo‘ladiki, Eynshteyn  aynan Marich yordamida  Gelmgols, Tomson, Gers, Max kabi  fizik olimlarning klassik asarlari bilan tanishgan.

 

1898-yilda Marich Heydelbergdan syurixga qaytadi. O‘sha davrda talabalarning  universitet va institutlarda almashinib o‘qishi odat tusiga kirgan edi. O‘qituvchilar bunga qarshilik ko‘rsatmas, iqtidorli talabalarga ilm-fan yangiliklarini boshqa oliy o‘quv yurtlarida egallashga sharoit yaratilgan edi. Ammo bu jarayon qizlar uchun birmuncha og‘irroq kechgan. Yosh Marichga nafaqat fizika-matematika bilan shug‘ullanishga, balki o‘sha davr xurofotlarini yengishga ham to‘g‘ri kelganini tasavvur qilish qiyin emas. U ochiqdan-ochiq ayollarga bo‘lgan kamsitishning qurboniga aylanadi. 1891-yildan boshlab Heydelbergdagi kurslarda ayollarning erkin tinglovchi sifatida ishtirok etishiga ruxsat etilganiga qaramay, ularga diplom berilmaydi. Shu bois ham Mileva Marich 1898-yilda diplom olgani syurixga qaytib keladi.

 

1903-yil 6-yanvarda  Albert Eynshteyn va Mileva Marich turmush quradi. Mileva birinchi farzandiga homiladorligi bois bitiruv imtihonlarini topshira olmaydi va alaloqibat mutaxassislik diplomiga ega bo‘lolmaydi. Eynshteyn tadqiqotchilari “Mileva Marichda buyuk fizik bo‘lgudek qobiliyat yo‘q edi, u Eynshteynning soyasida qolib ketgandi va Eynshteyn uchun oddiygina uy bekasi edi”,  deya ayyuhannos soladi.

 

Ammo Marichning tarafdorlari bu iddaolarni inkor etadi. Amerikalik tarixchi Kristofer Berneks 2002-yili e’lon qilgan “Albert Eynshteyn – uddaburon plagiator”  nomli asarida  quyidagilarni yozadi: “Eynshteynning yutuqlarini ko‘z-ko‘z etishni yoqtiruvchilar uning 1901 yilda e’lon qilingan ilk maqolasini eslagilari kelmaydi. Chunki bu Eynshteynning ilmiy ishlari bisotiga kiritilgan eng zaif tadqiqotlardan biri edi. Turgan gapki, bu maqola  uning birinchi xotini Mileva Marich yordamisiz yozilgan. Sababi – bu paytda Mileva Serbiyada yashayotgan edi. 1905-yili e’lon qilingan va Eynshteynga shuhrat keltirgan to‘rt maqolaning matematikaga oid barcha qismlari Marich tomonidan yozilgan. Zotan, uning matematikadagi benazir iqtidorini Eynshteynning o‘zi ham tan olgan”.

 

Mileva turmush o‘rtog‘ini har tomonlama qo‘llab-quvvatlovchi insonga aylanadi. Institutni tamomlagach, Eynshteyn ikki yil davomida ishsiz yuradi. Milevaning otasi ularni moddiy jihatdan ta’minlab turadi. Bunga Eynshteynning 1905-yili qaynotasiga yozgan xatlari dalil bo‘la oladi: “Men qizingizga boylik ilinjida uylanmadim. Uni sevganim, unga suyanganim uchun uylandim. Men o‘zim bilan uni bir mevaning ikki pallasi, deb his qilaman. Nimagaki erishgan bo‘lsam, bari Mileva tufaylidir, u mening ilhom parimdir. U meni yomonliklardan asrovchi jontumorimdir”.

 

1905-yili “Annalen der Physik” jurnalida Eynshteynning ketma-ket uchta maqolasi chop etiladi. Aynan shu uch maqolada Eynshteynning nisbiylik nazariyasi, jismlarning elektrodinamik harakati, yorug‘lik harakati kabi olamshumul kashfiyotlari e’lon qilingan edi. 

 

XX asr fizika fani tarixida 1905-yil “mo‘jizalar yili” deya e’tirof etiladi.  “Eynshteyning “Annalen der Physik” jurnalida bosilgan maqolalarini o‘qib, taajjublangan  kishilardan biri syurix politexnika instituti matematika o‘qituvchisi German Minkovskiy bo‘ldi”, deya yozadi matematik olim Maks Born. Born Minkovskiydan eshitganlarini quyidagicha bayon etadi: “Bu mutlaqo kutilmagan hol edi. Axir, Eynshteyn hech qachon matematikaga qiziqmagan. Agar bu Grossman yoki Vegener yoxud anavi qiz – Mileva  bo‘lganda ham boshqa gap edi”.

 

Mileva Marichning biograflaridan biri Dizanko Trbuxovich – Gjurich   “Mileva Marichning Eynshteyn soyasidagi fojiaviy hayoti” asarida quyidagi mulohazani keltiradi: “Rossiyadagi Amaliy fizika instituti direktori Abram Ioffe Albert Eynshteynning 1905-yili e’lon qilingan maqolalari qo‘lyozmasiga dastlab Eynshteyn – Marich imzosi qo‘yilganini aytadi. O‘sha yillarda V. Rentgen qo‘l ostida yordamchi bo‘lib ishlagan Ioffe “Annalen der Physik” jurnali tahririyati taqriz uchun maqolalarni Rentgenga yuborganini eslaydi”.

 

Biroq maqolalarni e’lon qilish arafasida  qandaydir sababga ko‘ra Marich imzosi olib tashlanadi. Ayrim olimlar mazkur faktlarga tayanib Eynshteynning 1905-yildagi tadqiqotlari Mileva Marich bilan hammualliflikda yaratilgan, deya xulosa yasaydilar. Bundan tashqari, olimning biograflaridan biri Armin German Eynshteyn 1905-yilda Bern universitetiga olib borgan maqolalarida ham aynan Eynshteyn – Marich imzosi bo‘lganini yozadi.

 

Eynshteyn va Marichning maktublarini  o‘rgangan olim Evan Xaris Uolker bunday xulosa yasaydi: “Har gal gap molekulalarning harakati va nisbiylik nazariyalari ustida borarkan, Eynshteyn rafiqasiga yozgan xatlarida bizning nazariyamiz, degan jumlani ishlatadi. Boshqa kashfiyotlari haqida yozganda esa, bu so‘zlarni qo‘llamaydi. Bu ma’lumotlardan, tabiiyki, nisbiylik nazariyasi Mileva bilan birgalikda kashf etilgan, degan xulosa chiqarish mumkin”.

 

1914-yili Eynshteyn bilan Marichning orasi buziladi. Bu vaqtga kelib Albert amakivachchasi Elza Lovintalga ko‘ngil qo‘ygan edi.  Uzoq davom etgan oilaviy janjallardan so‘ng Eynshteyn Milevaga o‘z talablarini qo‘yadi: “Birinchidan, yotoq o‘rnim va kiyimlarim hamisha toza va batartib bo‘lishi, xonamga kunda uch mahal ovqat keltirilishi, ish stolimga mendan boshqa kishi yaqinlashmasligini talab qilaman.

 

Ikkinchidan, boshqalar oldida mendan rasmiyat uchun ko‘rsatiladigan munosabatdan ortig‘ini talab qilmaysiz. Ayniqsa, men bilan uyda yolg‘iz qolishni, sizni biror joyga kuzatib borishimni so‘ramaysiz.

 

Uchinchidan, mendan do‘stona iliq munosabat kutmaslikka va buning uchun mendan o‘pkalamaslikka so‘z berasiz. Qachonki, sizdan biror nima so‘rasam, shu zahotiyoq javob berasiz. Men talab qilgan  ondayoq  yotoqxonam va ish kabinetimdan chiqib ketasiz. Farzandlarimiz oldida meni na biror so‘z va na biror xatti-harakat bilan haqorat qilmaysiz”. (Bu talabnoma 1986-yil 18-noyabrda “Le Monde” jurnalida e’lon qilingan.)

 

1919-yili Albert va Mileva rasman ajrashadi. Farzandlari Gans Albert va  Edvard ona qaramog‘ida qoladi. Keyinchalik tadqiqotchilarni Albert bilan Mileva o‘rtasida tuzilgan nikoh shartnomasining bir bandi taajjubga soladi. Unga ko‘ra, Albert Eynshteyn Nobel mukofotiga loyiq topilgan taqdirda, nima bo‘lishidan qat’i nazar, mukofot pulini to‘liq Mileva Marichga berishi shartligi ko‘rsatilgan. Bu oliyjanoblikmi yoki xizmatni munosib taqdirlashmi, bizga qorong‘i. Ayrim olimlar buni so‘zsiz oliyjanoblikka yo‘yadi, yana boshqalar, bu Mileva Marich xizmatlarining tan olinishi, deya baholaydi. Biroq nikoh shartnomasi 1903-yili tuzilganiga qarab, shuni ayta olamizki, Mileva Marich o‘zining ham, erining ham ilmiy salohiyatini to‘g‘ri baholay olgan. U o‘zining Eynshteyn uchun nafaqat turmush o‘rtoq, farzandlari onasi, balki munosib ilmiy maslakdosh ekanini ham isbotlagan.

 

1921-yilda Shvesiya akademiyasi nazariy fizika faniga qo‘shgan hissasi – fotoelektroeffekt qonuniyatini kashf etgani uchun Albert Eynshteynni Nobel mukofotiga loyiq topadi. Olim, nikoh shartnomasida ko‘rsatilganidek, mukofotdan tushgan pulning barini Milevaga yuboradi. 

 

 1930-yillar oxiriga kelib, Milevaning kichik o‘g‘li Edvard ruhiy xastalikka chalinadi. Ayol to umrining oxirigacha o‘g‘liga yolg‘iz o‘zi g‘amxo‘rlik qiladi. Katta o‘g‘li Gans Albert esa, otasining yoniga – Amerika Qo‘shma Shtatlariga ko‘chib ketadi. 1948 yili 73 yoshli Mileva Marich syurixdagi ruhiy kasalxonalardan birida vafot etadi.

 

Qaydnomalarida Eynshteyn “Men Galileyning, Keplerning yoki Mikelanjelolarning xotini qanday bo‘lganini tasavvur eta olmayman”, deb yozadi. Biroq hayot yo‘liga nazar solib, uning birinchi xotini Mileva Marich qanday ayol bo‘lganini tasavvur qilish qiyin emas. Biz ushbu maqola bahonasida Eynshteyn dahosini kamsitmoqchi emasmiz, aslo, bunga ma’naviy haqimiz ham yo‘q.  Biz turmush  o‘rtog‘ini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan, uning uchun bor kuch-g‘ayrati, salohiyatini ayamagan, eriga ilmiy maslakdosh bo‘lgan, ammo oxir-oqibat, o‘zi aytganidek, duru marvarid emas, quruq chig‘anoq bilan kifoyalangan ayol mehnati tan olinishini istaymiz, xolos. Gap nisbiylik nazariyasi va boshqa kashfiyotlar haqida borarkan, Mileva Marich nomi Albert Eynshteyn bilan barobar qo‘yilishi tarafdorimiz.

 

 Oygul ASILBEK qizi

“Tafakkur” jurnali, 2017 yil 3-son

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//