Bilishimiz kerak boʻlgan hayotiy ilmlardan biri, shubhasiz, Islom dini ayollarga qanchalik huquq va erkinliklar bergani masalasidir. Suhbatimizni shu mavzuga bagʻishlasak…
– Muqaddas dinimizda har bir insonning jamiyatda oʻziga yarasha oʻrni va hurmati borligi bayon etilgan. Tarixga nazar solsak, johiliyat davrida ayollarning huquqlari deyarli boʻlmagan. Ular nafaqat merosdan mahrum qilingan, balki oʻzlari ham buyum sifatida merosxoʻrlar oʻrtasida taqsimlangan. Alloh taolo bunday nohaqlikka barham berib, Qurʼoni karimda barcha insonlarning jinsidan qatʼi nazar, teng ekanini va ularni bir jondan yaratganini bayon qiladi:
“Ey, odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan koʻp erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan қўрқингиз!..” (Niso surasi, 1-oyat).
Ayollar Islomda mehribon ona, mushfiqa opa, singil, pokiza jufti halol va munisa qiz sifatida eʼzozlanadi. Ular meros oladi va meros qoldiradi, nikohda roziligi soʻraladi. Ular doim erkak qarindoshlari taʼminotida boʻladi. Qurʼoni karimning oʻndan ortiq suralarida va koʻplab hadisi shariflarda ayollarga tegishli hukmlar mavjud. Hatto muqaddas Kitobimizning katta suralaridan biri Niso (Ayollar) deb nomlangan. Bularning hammasi Islomda ayollarga boʻlgan yuksak eʼtibordir. Islomdagi erkak va ayolning teng huquqliligi zamirida nihoyatda goʻzal hikmatlar bor. Bilasizki, erkaklarga xos ogʻir ishlar bor, ayollarga mos nafis ishlar bor. Rabbimiz ana shu ishlarni faqat oʻz egalariga farz qilgan. Yaʼni erkaklarning ogʻir ishlari ayollarga farz emas, lekin ayollarga xos baʼzi ishlarning savobi erkaklarning ogʻir ishlari bilan teng. Masalan, ayollarning tugʻruqdagi qiynoqlari erkaklarning dushmanga qarshi kurashiga tenglashtirgan.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda zikr qilinishicha, Asmo bint Zayd al-Ansoriya roziyallohu anho Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning huzuriga kelib:
“Ey Allohning Rasuli, men ortimdagi muslima ayollar jamoasining elchisiman. Ular mening soʻzimni aytadilar va mening fikrimga oʻxshash fikrdalar: Albatta, Alloh sizni erkak va ayollarga yuborgan. Biz sizga iymon keltirdik va ergashdik. Biz – ayollar jamoasi uy ishlariga oʻralashib qolganmiz. Erkaklarga taskin beruvchi, bolalaringizning koʻtaruvchilarimiz. Erkaklar jamoat va janozaga hozir boʻlish ila afzal qilindilar. Qachon ular jihodga chiqsalar, ularning mollarini muhofaza qilamiz, bolalarini tarbiya qilamiz, ularga ajrda sherik boʻlamizmi?!” dedi.
Shunda Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam muborak yuzlarini sahobalariga oʻgirdilarda:
“Oʻz dini haqida ushbu ayoldan koʻra yaxshiroq savol bergan ayolning gapini eshitganmisiz?” dedilar.
“Yoʻq, ey Allohning Rasuli”, deyishdi ular.
“Ey Asmo, qaytib borib, ortingdagi ayollarga bildirki, albatta, sizning biringizning yaxshi er tutishi, uning roziligini istashi, muvofiq boʻlganiga ergashishi sen zikr qilgan narsalarga teng keladi”, dedilar.
Asmo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlardan sevinganidan “Laa ilaaha illalloh”ni aytib qaytib ketdi”.
Islom ayolni shunday aziz qildi. Ayol beton quymaydi, asfalt yotqizmaydi, paxsa urmaydi… Lekin oʻzining nozik jussasiga mos yumushlarni qilib, ana shunday ogʻir ishlarning savobini topaveradi. Ayolga Alloh taolo ikki masalada masʼuliyat yuklaydi, biri – jufti uchun ruhiy, maʼnaviy xotirjamlik, sukunat boʻlish; ikkinchisi – farzand dunyoga keltirish va unga gʻamxoʻrlik qilish mashaqqatlari. Shariatimizda shu zalvorli mehnatlar muqobiliga bir nechta masalalarda ayollarning ruhiy, jismoniy holati eʼtiborga olinib, ularga ikrom koʻrsatilgan, yengillik berilgan. Jumladan, hayotning turli jabhalaridagi javobgarlik masʼuliyati erkakka yuklatildi, bu mashaqqatlardan ayollar ozod qilindilar. Bu haqda Qurʼoni karimda quyidagicha xabar qilingan:
“Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshligʻi sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (baʼzi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar oʻz oilasiga) oʻz mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir…” (Niso surasi, 34-oyat).
Ayollarni juma namozi va jamoatga hozir boʻlishga buyurilmadi. Guvohlik berish masʼuliyati ham ayollar uchun erkaklarnikidan ikki barobar yengil qilindi. Qasos va jinoyatlarda guvohlik berish masʼuliyati ulardan soqit qilindi. Lekin ayollarga xos masalalarda ularning guvohligi komil hisoblanadi va bu shariatimizning ularga katta ishonch bildirishidir. Eri bor ayol roʻzgʻoriga xarajat qilishga majbur emas. Bu – erning vazifasi. Er xotinning mulkiga daxl qilmasdan mahr beradi, toʻy qiladi, uy-joy bilan taʼminlaydi, xotin bola-chaqasini parvarish qiladi. Bu – holat ayol uchun moliyaviy imtiyozdir. Agar hamroh boʻladigan mahrami boʻlmasa, ayollarga haj farz qilinmadi. Kim ayolni zinoda ayblab tuhmat qilsa, unga jazo tayinlandi. Agar erning zulmi haddan oshsa, xotinga xuluʼ – taloq (ajrashish)ni talab qilishga ruxsat berildi.
Shu oʻrinda koʻpincha davralarda bahs-munozaralarning mavzusi boʻlib keladigan bir masalaga oydinlik kiritib oʻtsangiz, yaʼni ayollarning huquqlari sirasida ularning mehnat qilishi masalasi ham bormi?
– Ayolning mehnat qilish huquqlariga toʻxtaladigan boʻlsak, Islomda ayol kishi oʻzining latofatiga mos ravishda ishlashiga taqiq yoʻq, balki bu masala ayol, oila va jamiyatning manfaatlaridan kelib chiqib, hal qilinmogʻi lozimligi koʻzda tutilgan. Masalan, yosh bolalar bogʻchalarida kichkintoylarni taʼlim va tarbiya qilish, xotin-qizlarga tibbiy xizmatlar koʻrsatish kabi ishlar ayollarning ishi hisoblanadi.
Mutaqaddim hanafiy faqihlardan Kamoliddin ibn al-Humam: “Agar ayolning xotinlarga xos farzi kifoya ishda hunari boʻlsa, uning eri (ishga) chiqishidan man qila olmaydi”, deganlar.
Qolaversa, ayol kishi roʻzgʻorining farovon boʻlishi, farzandlarining taʼminotini yaxshilash maqsadida erining ishida yordamchi boʻlishi, oilasi muhtoj boʻlganda halol yoʻl bilan halol mehnat qilishi joiz. Bunga Ayyub alayhissalomning jufti Rahima onani misol qilib keltirish mumkin. Ammo bir daqiqlik: ayol oʻzi xohlasa ishlaydi, uni ishlashga birov majbur qila olmaydi. Ayollarni oʻzlariga mos boʻlmagan ishlarda ishlatib, ularning ayollik latofati va onalik qobiliyatiga futur yetkazishga hech kim haqli emas. Yana ayrim ulamolarimiz: “Nodir qobiliyatga ega boʻlib, jamiyatga foydasi koʻp boʻlgan ayollar ham ishlashlari tavsiya qilinadi”, deganlar.
Hozirgi kunda ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda ayollarning eri tomonidan chidab boʻlmas darajadagi zoʻravonliklarga uchrayotgani, hatto buning oqibatida oʻz joniga qasd qilishgacha borayotgani bot-bot eʼlon qilinyapti. Baʼzi oʻrinlarda ularni “himoya orderi” ham muhofaza qila olmayapti. Lekin baribir bunday noxushliklarga barham berish kerak. Dinimizda erkaklarga ayollarni kamsitmaslik, tahqirlamaslik masalalarida qanday koʻrsatmalar berilgan, taqiqlarga qoʻyilgan?
– Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam ayollarni kamsitishga chek qoʻyish va ularning jamiyatdagi oʻrnini anglatish uchun ummatlariga yetarlicha koʻrsatmalar berganlar. U zot alayhissalom yaratilish jihatidan erkak va ayolning asli birligi haqida bunday deganlar:
“Albatta, ayollar – erkaklarning tugʻishganlaridir” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ayollardagi jismoniy zaiflik qoralanmaydi. Chunki ular bunga aybdor emas. Qalblarining nozikligi, his-tuygʻularining kuchliligi esa moʻtadil boʻlsa, maqtovga loyiq. Bu narsa ulardagi latofat va goʻzallikni yanada ziyoda qiladi.
Paygʻambarimiz alayhissalom ayollardagi ana shu nafislikni doim eʼtiborga olardilar va ularni himoya qilardilar. Hatto Vido xajidagi mashhur xutbasida ham ayollarga nisbatan yaxshi munosabatda boʻlishni qayta-qayta vasiyat qildilar. U zot alayhissalom ayollariga qoʻl koʻtarmaganlar, ularga yaxshilik qilishda ummatga ibrat boʻlganlar va shu ishga targʻib qilganlar:
“Yaxshilaringiz – oila ahliga yaxshi boʻlganidir. Men – ahli ayoliga eng yaxshingizman” (Imom Termiziy rivoyati).
Ayollar Islomda ona sifatida benihoya qadr topdilar. Qurʼoni karimda Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallamning jufti halollari qiyomatgacha keladigan “moʻminlarning onasi”, deb eʼlon qilindi. Alloh taoloning roziligi ota-onaning roziligiga bogʻliqligi dinimiz koʻrsatmalarida taʼkidlangan. Hatto hadisi shariflarda yaxshilik qilishni onadan boshlashga buyurilgan.
Kunlarning birida Muoviya ibn Johima as-Sulamiy roziyallohu anhu Paygʻambar alayhissalom huzurlariga kelib: “Alloh taolo yoʻlida jihod qilmoqchiman”, deb ruxsat soʻraydi. Paygʻambarimiz alayhissalom uning onasi tirikligini bilib, onasiga xizmat qilishni buyuradilar. Yana ruxsat soʻrayvergach, u zot: “Baraka topgur, volidangning oyogʻiga mahkam yopish, jannatni oʻsha yerdan topasan!” deydilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Dinimiz taʼlimotiga binoan kishi oʻziga ham, oʻzgalarga ham zulm qilishi katta gunohlardan sanaladi. Xususan, jufti haloli, umr yoʻldoshi va farzandlarining onasiga jabr qilish yanada yomondir. Bugungi kunda erkaklik hamiyatini yoʻqotgan baʼzi kimsalar jiddiy bir sababsiz oʻz ayolini nafaqasiz va qarovsiz qoldirmoqdalar. Na ularni xotin qiladi, na talogʻini berib ajrashadi. Bu bilan er Alloh taolo bergan oilaviy xotirjamlik, jufti halol va farzand kabi bir necha katta neʼmatlarga noshukrlik qilgan boʻladi.
Baʼzi nomardlar esa ochiqchasiga: “Seni umringni oxirigacha talogʻingni bermay, arosatda qoldirib, qiynayman”, deb poʻpisa qiladi. Bu ham yetmagandek, aslida oʻzining zimmasida boʻlgan bolalarining nafaqasini ham xotinining gardaniga yuklab qoʻyadi. Natijada ayol na erli boʻlmay, na eridan ajrasha olmay, yillar davomida sargardon boʻlmoqda. Ojizalarning haqlari poymol boʻlyapti. Shuni taʼkidlab aytamizki, ana shu holatda ayol gunoh yoʻlga kiradigan boʻlsa, zinoga qoʻl ursa, u bilan birga nomard er ham bab-barobar gunohkor boʻladi.
Zero, islom ayollarning hurmat-ehtiromini oʻrniga qoʻyib, ayollik jozibalarini saqlab qolishlari, vazifalarini toʻliq ado etish orqali oʻz jamiyati, Vatani va diniga kerakli xizmatni ado etish uchun barcha sharoitni yaratib bergan. Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Islom ayollarning qadr-qimmatini oʻz oʻrniga qoʻyib, huquqlarini himoya qilgan.
Ayol zoti har qancha ulugʻlangani, qiz farzand otasining, jigarlarining eng mehriboni ekani qanchalik koʻp taʼkidlangani bilan jamiyatimizda koʻp hollarda qiz bolaga ikkinchi darajali farzand sifatida qaraladi va bu hol hali ham davom etmoqda. “Qiz bola oʻqib dunyo olib berarmidi”, “Ayolning ishlagani nima boʻlardi?” degan gaplar hamon el orasida yuradi. Qiz bolaning koʻnglini mahzun qiladigan ana shunday salbiy iboralarga javoban dinimiz nima deydi?
– Afsuski, hozirgacha qiz farzand dunyoga kelsa, xafa boʻlish, oʻgʻil tugʻmading, deb xotiniga zugʻum oʻtkazish hollari kuzatilmoqda. Vaholanki, Paygʻambarimiz alayhissalom bizga qiz farzandlarni chiroyli taʼminot qilish, tarbiyalab, turmushga uzatish jannatdagi oliy martabalarga sabab boʻlishini uqtiradilar:
“Kim ikki yoki uch qiz yoki singlisiga gʻamxoʻrlik qilib tarbiyalasa va ular turmushga chiqib ketsalar yoki oʻsha kishining oʻzi vafot etsa, men va u jannatda mana shunday boʻlamiz (deb muborak oʻrta va koʻrsatgich barmoqlariga ishora qildilar)” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Shunday ekan, qiz farzand tugʻilganda koʻproq sevinish kerak. Jamiyatda ayolning ham erkakning ham oʻz oʻrni bor. Biri ikkinchisisiz mavjud boʻla olmaydi. Shuningdek, ularning har birining oʻz haq-huquqlari borki, buni hurmat qilishga hamma majburdir. Zotan, inson zotining huquqlari eʼzozlangan jamiyat saodatga erishgani tarixda koʻp bora isbotini topgan.
Suhbatimizga vaqt ajratganingiz uchun tashakkur, ilm-u maʼrifat tarqatishdek ezgu ishlaringiz bardavom boʻlsin!
Damin JUMAQUL suhbatlashdi.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q