O‘zidan yiroqlashayotgan millat og‘rig‘i


Saqlash
12:32 / 19.07.2024 846 0

Asrimiz avvalida poytaxtda yashaydigan qishloqdoshlar oyda bir shaharning ovloq choyxonalaridan birida yigʻilib turardik. Ikki choʻqim osh bahona diydor gʻanimat edi. Galdagi uchrashuvga qadar oramizdan kimdir qishloqqa borgan va bir qop gap topib kelgan boʻlardi. Shu tariqa elning toʻy-maʼrakasidan, qishloqdoshlarning ahvolidan xabar topardik. Baʼzida kimdir yangi laqab orttirgani, mast boʻlib toʻyda davraning oʻrtasida raqqosaga shilqimlik qilgani, tuman markaziga borganda pulini oʻgʻirlatgani kabi arzimagan mavzularda ham maydalashib gurunglashardik.

 

Odatdagi suhbatlarning birida qulogʻimga chalingan voqea sira esimdan chiqmaydi. Yurtga bahor kelib, dasht-u dalalarimiz yashillikka burkangan kunlar edi. Bir umr miroblik qilgan Ibroyim paypoqning toʻngʻichi, oʻsha kezlar universitetda oʻqiyotgan Sanjar qishloqdan gap topib keldi. Elning podasi orqasidan yil oʻn ikki oy yuradigan Islom choʻponning supraqoqdisi bir oydan beri maktabga bormayotgan ekan.

– Nimaga? Nega?

Davradoshlarning hammasi birday savol nazari bilan Sanjarning ogʻziga tikildi.

– Hech kim anigʻini bilmaydi, – u odamlarni koʻp mahtal qilmay gap boshladi. – Birovlar koʻp dars qoldirganiga sinfdan sinfga oʻtolmabdi deb yuribdi. Ayrimlar kasal ekan deb eshitibdi. Xullas, hammaning ogʻzida turli mish-mish. Ammo hamma gapni Islom choʻponning kenjasi bilan birga oʻqiydigan qoʻshnimizning oʻgʻli aytib berdi.

– Namuncha chaynalding? – davramizda oʻtirgan kimningdir sabri yetmay soʻradi. – Nima boʻlgan ekan? Gapni choʻzmay tezroq gapir!

– Choʻponning arzandasini ona tili muallimi darsdan chiqarib yuborgan ekan. – Sanjar kalta xuddi oʻta muhim bir sirni oshkor qilayotganday bir davraga, bir atrofiga alangladi. – Maktabda shuncha yil oʻqib, hali otini yozishni bilmasakan.

– Ola, – oramizda oʻtirganlardan biri hayratini yashirmadi. – Boʻlmagan gap. Odam degani ham shuncha yil maktabda oʻqib otini yozolmaydimi?

 

– Men qaydan bilay? – Sanjar kalta iddao qilib gapirdi. – Saboqdoshidan eshitganimni aytdim. Aytishicha, muallim shashtidan tushgach, oraga odam qoʻyib, maktabga kelaversin deb ayttirib yuboribdi. Bilmadim, choʻpon oʻgʻlining orqasi tutib, endi oltin medal bersayam bormayman deganmish.

 

Oʻsha kuni Islom choʻponning kenjasi, uni maktabdan haydab yuborgan muallim haqidagi bahs ancha qizidi. Birovi oʻquvchining, boshqasi muallimning tarafini olib gurung berdi. Hatto bir-ikki nafari qizishib ketganidan sen-menga ham borishdi.

– Savodsizlikni hech qanday bahona bilan oqlab boʻlmaydi, – deb dasturxonga duo oʻqishdan avval koʻp yil poytaxtda shifokor boʻlib ishlagan, pensiyaga chiqib mahallalarning biriga oqsoqollik qilayotgan Mannon duxtir bahs-munozaraga chek qoʻydi.

 

Ochigʻi, boshqa yerlarda qanday bilmayman-u, ammo kaminaning qishlogʻida otini yozishni bilmaydi degan gapni eshitish har bir insonga isnod. Qoʻlidan bir ish kelmaydigan, ogʻzidagi oshni oldirib qoʻyadigan, gapga tushunmaydigan kishilarga shunday taʼrif beriladi odatda. Vaholanki, oliy maʼlumotli mutaxassislar, qishloq xoʻjaligining turli sohalarida ishlaydigan obroʻli, jilla qursa, besh-oʻnta kitob varaqlagan kishilar ham bu rutbaga baʼzan ega boʻlib turadi. Taxminimcha, bu kesatiqni ota-bobolarimiz kishilar nafsoniyatini uygʻotish uchun atay oʻylab topgan boʻlishi mumkin. Ular shu yoʻl bilan qishloqdoshlarini puxta-pishiq, bilimli, uddaburon boʻlishga undagan boʻlsa ajab emas. Otini yozishni bilmaydi iborasi aslida yarmi hazil, yarmi chin tarzida aytilsa-da, koʻpchilik galdagi nishon boʻlishdan qochib, imkon qadar kulgi boʻlishni istamaydi.

 

Bugun odamlar ham, zamon ham oʻzgardi. Zamonaviy texnologiyalar masofalarni qisqartirdi. Vaqtning ahamiyatini kamaytirdi. Hozir birgina mobil telefon yordamida minglab chaqirim olisdagi yor-u doʻstlar bilan soatlab gurunglashish, videoqoʻngʻiroq orqali xuddi yonma-yon turganday miriqib suhbatlashish oddiy hol. Bir shoir akamiz zamonga taʼrif berganday, bir necha ming metr balandlikda, qushlarning ham qanoti yetmaydigan osmon-u falakdan shaharning markazidagi uyida turgan yoriga sevgi izhor etishiga hech kim ajablanmay qoʻydi. Har yetukning bir kemtigi bor ekan. Axborot asrida tuygʻularimiz ancha soxtalashib ketdi. Xususan, shu kunlarda iliq diydor, sogʻinch xumorini birgina videoqoʻngʻiroq bosib yubormoqda. Qavm-qarindosh, aka-uka, opa-singilni koʻrgani borishga ham unchalik talpinmay qoʻyganimizning boisi ham aslida shu.

 

Bugun qishloqlarda ham tutumlar, hayotga qarashlar oʻzgarib ketdi. Qishloq ahli bugungi oʻzbek serial va kinolarida koʻrsatilayotganday laqma, goʻl, sodda, koʻngilchan, ishonuvchan emas. Ular ham global dunyoning global qishlogʻida yashashmoqda. Gapning indallosini aytganda qishloq odamlari allaqachon zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni oʻrganib olgan. Hozir ilgarigiday choyxonalarda gurung qilib oʻtirish qayda? Hamma yangiliklardan, elning yaxshi-yomon kunidan, holidan birgina “Telegram” tarmogʻi orqali xabar topish mumkin. Toʻychini tabriklash, azadordan koʻngil soʻrashda ham shu “Telegram” qoʻl keladi.

Adashmasam, ikki yilcha boʻldi. Zamon zayliga boqib, qishloqdoshlar “Telegram”da guruh tashkil qilib olganmiz. Yurtimizning turli hududlariga sochilib ketgan qishloqdoshlar bir-birimizdan koʻngil soʻrab turamiz, qishloq yangiliklaridan xabar topamiz. Bir hisobda axborot almashinuvining tezlashgani yaxshi boʻldi. Odamlar yangicha fikrlashga oʻrganyapti. Dunyoga oʻzgacha koʻz bilan boqmoqda. Shu bilan birga xato va kamchiliklarimiz xuddi oyna tutilganday ayon boʻlib qolmoqda. Xususan, qishloqdoshlar “Telegram” kanalidagi yozishmalarni oʻqib xunobim oshib ketadi. Ikki yuzga yaqin kishining koʻpchiligi har ikki soʻzning birini xato yozadi. Sizga yolgʻon, menga chin. Oʻzaro suhbatlar maʼnosini anglash uchun koʻpincha tarjimonga ehtiyoj sezaman. Eng yomoni, qishloq ahlining kundalik hayotida tez-tez ishlatiladigan, biror chet tilidan oʻzlashmagan, oʻzimizning turkiycha nom va atamalar ham toʻgʻri bitilmaydi. Boz ustiga, qishloqning nomini xato yozib qoʻyishgan. Afsuski, hozir qishloqdoshlarim, ayniqsa yoshlar soʻzimiz avvalida eslagan Islom choʻponning kenjasidan koʻp ham avlo emas. “Telegram” guruhidagilardan deyarli yarmining ismi yoki taxallusi (nickname) xato yozilgan. Koʻpchilikning bu bilan ishi yoʻq. Qaytanga ruscha ohangdagi talaffuzidan xursand boʻladi.

 

– Ismingizni toʻgʻri yozib qoʻysangiz boʻlmaydimi? – deb bir kuni sim qoqib uzoq qarindoshim boʻlgan qishloqdoshimni oʻzimcha koyigan boʻldim. – Kap-katta odam bu ishingizdan uyalmaysizmi?

– Hujjatda shunday yozilganda, – deb u oʻzini oqladi. – Qolaversa, odamlar ham shunga oʻrganib qolgan.

– Rahmatli otangiz sizga nima deb ot qoʻygan? – soʻradim hamsuhbatimning koʻngli ogʻrishini bilsam ham. – Hoynahoy, Gaybulla Mengishipmasdir!

– Asli otim Gʻaybulla Murodov ekani hammaga kunday ravshan-ku, – u norozi ohangda chaynalib javob berdi. – Qolganining nima ahamiyati bor? Oʻsha paytlar dokumentchilar shunday yozgan boʻlsa, mening aybim ne?

– Ertaga odamlar avlodingizni Gaybullayev deb chaqirsa roziman deganizmi bu? – jahlim chiqqanidan ovozimni bir parda koʻtarib gapirdim. – Falonchi Gaybullayev, pistonchi Gaybullayev deganday!

Suhbatdoshimga achchiq gaplarim taʼsir qildi shekilli, indamay bir muddat sukut saqladi.

– Toʻgʻri aytasan, – u ikki yosh katta ekaniga shaʼma qilganday senlab gapirdi. – Bir oʻylab koʻrishim kerak ekan.

 

Tagʻin xafa boʻlib bir umr ginalab yurmasin deya koʻnglini koʻtarib qoʻyish uchun suhbatimiz yakunida yaxshi gaplar aytib goʻshakni qoʻydim. Rosti, koʻnglim biroz taskin topganday boʻldi. Qaniydi, hamma qishloqdoshlarimga shunday soʻz aytishga haddim sigʻsa. Ularning ham ism-familiyasini toʻgʻri yozdirish haqida bosh qotirishga majbur qilolsam. Afsuski, buning iloji yoʻq.

 

Millatning odat, anʼana va qadriyatining yashovchanligini taʼminlaydigan birlamchi vosita – ona tili. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqat. Agar turli obyektiv va subyektiv sabablarga koʻra tilga darz ketsa, bilingki, millatning qiyofasi ham asta-sekin yoʻqolib boradi. Soʻzimning isboti oʻlaroq qishloqdoshlar guruhida yaqinda tarqalgan bir videoni keltirib oʻtishning oʻzi kifoya deb oʻylayman. Unda yaltir-yultir ustiboshi badaniga yopishgan yigirma besh yoshlardagi ayol ikki qarich sochini selkillatib, yalangoyoq bir ahvolda qoʻlbola sahnaning u boshidan bu boshiga tinmay yugurar, bir yerda turolmay sakrar edi. Tagʻin shu alpozda bir bemaʼni qoʻshiqni baqir-chaqir qilib takrorlardi. Asl sanʼat va ovozni esdan chiqargan, didsizlik botqogʻiga botib borayotgan el uni olqishlar, qiyqirib hushtakbozlik qilardi.

 

Bugun internet maydonida yomgʻirdan keyingi qoʻziqorinday bolalab ketgan bunaqa videolarni koʻrishga uncha-munchaga toqatim yetmaydi. Qanday jin urib bu safar haligi videoni takror koʻrdim. Avvaliga biror otarchining xurmacha qiliqlari boʻlsa kerak degan xayolda edim. Ammo davradagi odamlarning yuzi koʻzimga issiq koʻrindi. Tanish chehralarga koʻzim tushdi. Vo darigʻ! Axir bu qorakoʻzlar qishlogʻimiz odamlari-ku! Nahotki qishloqda toʻylar bugun shunday oʻtadi? Elning yarim-yalangʻoch otarchilarga kuni qolgan ersa?! Bir zamonlar dasht-u dalalarda adashib qolgan bolalarni oʻz farzandiday bagʻriga bosgan, or-nomus uchun jon olib, jon bergan elning bu ahvoli ne!? Bu holga ich-ichimdan xoʻrligim keldi. Ayni zamonda qoʻlimdan kelgani ham shu. Nasihatni, oʻtinchni birov qulogʻiga iladigan zamon emas. Hamma oʻz bilganidan qolmaydi.

 

Ikki-uch yil ilgari ham shunga oʻxshash bir voqeaga duch kelgan edim. Mehnat taʼtili bahonasida qishloqqa borib, bir necha kun u yerda vaqt oʻtkazdim. Tabiatan koʻngil odamiman. Turli davralarda odamlarning gapiga quloq solishni xush koʻraman. Kasb yuzasidan, qolaversa, soʻzga qiziqqanim uchun kimdandir yangi bir gap yoki ibora eshitishga ishtiyoqmandman. Koʻpincha tesha tegmagan iboralarni, yangi soʻzlarni qishloqdoshlarimdan eshitaman. Ularning ilmoqli gaplari, soʻzlarni oʻz oʻrnida qoʻllashi doim hayratimni oshirib kelgan. Dilimni yayratgan. Bu safar negadir gapimiz-gapimizga qovushmayroq suhbatlashdik. Gap-soʻzlar ham yasamaday tuyuldi. Yoshlar Toshkent shevasida soʻzlashga urinar, kattalar esa soxta mulozimat tilida. Shaharga qaytishdan bir kun avval yon qoʻshnimizning uyida mehmon boʻldik. Bir uy odam toʻkin dasturxon boshida ancha vaqt oʻtgan-ketganlar haqida gurunglashib oʻtirdik. Yana oʻsha holat: gapning mazasi yoʻq. Yosh-u qari televizorda efirga ketayotgan hozirgi yengil-yelpi seriallarimiz bilan andarmon. Boshlangan gap oxiriga yetmay toʻxtab qolar, erkag-u ayol serialda toʻqib chiqarilgan taqdirlarni qizgʻin muhokama qiladi. Koshki bu seriallar muhokama qilish tugul koʻrishga arzisa? Bugun ularning odamlarga foydadan koʻra zarari koʻp tegadi. Yaxshiyam, reklama bor. Shu payt kimdir televizorni boshqa kanalga qoʻydi. Bu yerda ssenariy muallifi Erkin Aʼzam boʻlgan “Parizod” badiiy filmi berilayotgan ekan. Toʻgʻrisi, shu kinoni uch-toʻrt marta koʻrganman. Har safar turli taassurot qoldiradi kishida. Odamni oʻyga toldiradi, fikrlashga majbur etadi.

 

– Ay, bu kino boʻlmaydi. Boshqa kanalga qoʻy!

– Juda zerikarli tomosha. Odamni uxlatib qoʻyadi.

– Anovi qiz bir ogʻiz ham gapirmaydi. Shuyam kino boʻptimi?

– Hayotiy film emas!

 

Davradagi qishloqdoshlarim ogʻzidan chiqayotgan bu gaplar koʻnglimga ogʻir botdi. Ommaviy madaniyat niqobida didsizlik, saviyasizlik, fikrsizlik qishloqlarimizga ham kirib borganidan koʻnglim qora boʻldi. Oʻylashimcha, bu kabi jarayon bugun nafaqat kaminaning qishlogʻida, yurtimizdagi uzoq-yaqin shahar va ovullarda birday kechmoqda. Bunga xususiy telekanallar va internetdagi soxta seriallar va yengil-yelpi videolar keng yoʻl ochyapti. Ularda bachkanalik, savodsizlik, farosatsizlik, maʼrifatsizlik kabi illatlar targʻib etilayotir. Fikrimizni asoslaydigan minglab misollarni nomma-nom keltirib oʻtishdan hech bir foyda yoʻq. Yaxshisi, millatimiz qadr-qimmatini, shaʼnini, or-nomusini ulugʻlaydigan ishlarga qoʻl urganimiz maʼqul. Odamlar orasiga ilmni, maʼrifatni, bilimni targʻib etadigan bosma va media mahsulotlarni imkon qadar koʻproq sizdirishimiz zarur. Yoʻqsa, avlodlarimiz taqdirini gʻanimga qoʻshqoʻllab topshirib qoʻyamiz. Ilmsiz, orsiz kishilarni oʻz yoʻrigʻiga solishdan oson ish yoʻq.

 

Xulosa oʻrnida yaqinda guvoh boʻlgan bir voqeani keltirmoqchiman. Qisqasi, tasodifan qishlogʻimizdagi ikki tengdoshning suhbati ustidan chiqib qoldim.

– Ikkita oʻn ming soʻmlik qancha boʻladi? – deb soʻradi ularning birinchisi.

– Oʻttiz ming, – deya dadil javob berdi ikkinchisi.

– Oʻttiz mingga yana ikkita ikki minglik qoʻshsak nechchi pul boʻladi?

– Oʻttiz sakkiz ming boʻladi.

– Garangmasmisan? Oʻttiz ikki ming boʻladi-ku!

 

Azim ROʻZIYEV,

“Ma’naviy hayot” jurnali,

“Global qishloq chegarasi” maqolasi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

12:10 / 10.10.2024 0 168
Neoimperializm: mustaqillikka yangi tahdidlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20461
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//