Axloq, ma’naviyat, e’tiqod bilan bog‘liq masalalar bashariyat hayotining uzviy bo‘lagi bo‘lib kelgan. Ixtiyor erkinligi, ayniqsa, bu boradagi birlamchi masalalardan. Qadim-qadimdan faylasuf-u allomalar, shoir-u yozuvchilar inson asliyati haqida fikr yuritganda ushbu tushunchaga alohida e’tibor qaratgan. Bugungi qaltis va dolg‘ali davrda esa ayni masala yanada dozarb ahamiyat kasb etayotir. Zotan, diniy ekstremizm, missionerlik, “ommaviy madaniyat” kabi insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan salbiy hodisalar negizida ixtiyor erkinligi xato talqin etilayotganini ta’kidlash joiz.
Insonning ixtiyor erkinligi masalasi turli falsafiy yo‘nalishlar va diniy ta’limotlarda jiddiy tadqiq qilingan. Bu boradagi munozaralar hali-hanuz qizg‘in davom etayotir. Ushbu maqolada biz ixtiyor erkinligi islom dinida qanday talqin qilingani xususida fikr yuritamiz.
“Ixtiyor” tushunchasi islom ta’limotida asosan “taqdir” istilohiga bog‘lab o‘rganiladi. Shu bois avvalo “taqdir” atamasiga oydinlik kiritmoq lozim.
Islom ta’limotida “taqdir” ma’naviy jihatdan bir-biriga yaqin “qazo” va “qadar” tushunchalari bilan ifodalanadi. “Qazo” – hukm etmoq, ajrim qilmoq, qozilik etmoq, belgilamoq kabi ma’nolarni anglatadi (An-Na’ym. Arabcha-o‘zbekcha lug‘at. Toshkent: Abdulla Qodiriy nashriyoti, 2003. 670-bet). Islom aqoidiga ko‘ra, qazoning yagona sohibi – Ollohdir. Ya’ni borliqni yaratgan hokimi mutlaq Zot hamma narsani oldindan biladi. Olloh barcha zamon va makonlarni bir vaqtda ko‘rib turadi. Aniqroq aytilsa, zamonni ham, makonni ham, ular o‘rtasidagi mutanosiblikni ham yaratgan Uning o‘zi. Qiyomatda esa O‘zi barcha masalalar yuzasidan qozilik qiladi. “Qadar” so‘zi esa miqdor, hajm, me’yor, daraja ma’nolarini bildiradi (o‘sha kitob, 650-bet). Mazkur istiloh Olloh barcha narsalarni o‘lchovi, umri, xususiyati, holatlari bilan yaratgan, degan ma’noda istifoda etiladi.
Qazo va qadar, bir tomondan, Ollohning azaliy ilmini, boshqa tomondan, borliq uning irodasi-la mavjud ekanini anglatadi. Qazo va qadarga ishonish islomda imonning muhim sharti sanaladi. Umar ibn Xattobdan rivoyat qilingan sahih hadisda bunday deyiladi: Iymon nima? Iymon bu – Ollohga, farishtalari, payg‘ambarlari, ilohiy kitoblari va qiyomat kuniga hamda inson boshiga keluvchi yaxshilig-u yomonlik Ollohning qazoyi qadari ekaniga ishonmoqdir (Hadis matni katta bo‘lgani bois mavzu uchun e’tiborli qismi olindi – S.A.).
Demak, qazo va qadarga iymon keltirmagan odamning e’tiqodi butun bo‘lmaydi. Ushbu ishonch orqali Ollohning sifatlari, jumladan, ilmining cheksizligi, irodasining mutlaqligi va qudratining mukammalligiga iymon keltirish nazarda tutilgan.
Islom aqidasiga ko‘ra, olamda ro‘y beruvchi barcha voqea-hodisalar taqdiri ilohiyda – Lavh ul-mahfuzda belgilab qo‘yilgan. Ayni shu asosda quyidagi savollar o‘rtaga chiqadi:
1. Barcha voqea-hodisalar, jumladan, insonning amali ham oldindan yozib qo‘yilgan, ya’ni taqdir avvaldan yozilgan bo‘lsa-da, u o‘z qilmishiga mas’ul bo‘ladimi?
2. Insonga o‘z amalida ixtiyor berilganmi?
3. Taqdirning qanday bo‘lishida insonning ishtiroki bormi?
Alloma al-Xattobiy sunniy aqidalarga doir manbalarga tayanib yozadi: “Ayrimlar qazo va qadarni Olloh taolo o‘zi taqdir qilib qo‘ygan ishlarga bandani qahr ila majbur qilishi, deydi. Bu noto‘g‘ri fikr. Qazo va qadar bandalarning kelajakda bo‘ladigan ishlarini Olloh muqaddam bilib turishidir” (Al-Xattobiy. Al-Ma’olim. “Dar-al-kutub”. Qohira, 2011. 7-bet). Olimning so‘zlariga tayangan holda masalani ikki qismga ajratib o‘rganish maqsadga muvofiq:
1. Insonning ixtiyoridan tashqaridagi ishlar – uning tashqi qiyofasi, millati, ota-onasi kim bo‘lishi, tabiati, mizoji, husn-tarovati, qaddi-qomati, tug‘ilish yoki o‘lim vaqti va joyi, erkak yo ayolligi, nasl-nasabi... Inson bularga mas’ul emas. Bularning hammasi Ollohning taqdiri bo‘lib, shunga qat’iy ishonish bilangina mo‘minning iymoni komil bo‘ladi.
2. Insonning bevosita ishtirokida yuzaga keluvchi ishlar, jumladan, o‘z e’tiqodini, yaxshilik yoki yomonlikdan birini tanlashi va hokazo. Ya’ni uning o‘z ixtiyori bilan bajaradigan amallari.
Birinchi turkum ishlar bo‘yicha Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Badbaxt onasining qornida badbaxt bo‘lgandir. Baxtli o‘zidan boshqadan va’z olgandir”, dedi. Buni eshitgan bir kishi Huzayfaning oldiga borib, o‘sha gap haqida xabar berdi va “Inson amalsiz qandoq badbaxt bo‘lishi mumkin?” dedi. Shunda Huzayfa unga “Shundan ajablanyapsanmi? Men Rasulullohning (s.a.v.) “Nutfaga qirq ikki kecha o‘tsa, Olloh unga bir farishtani yuboradi. Bas, uning suratini to‘g‘rilaydi, qulog‘ini, ko‘zini, jildini, go‘shtini va suyagini xalq qiladi. So‘ngra “Ey Robbim, o‘g‘ilmi, qizmi?” deydi. Robbing istaganini hukm qiladi va farishta yozadi. Keyin “Ey Robbim, ajali-chi?” deydi. Bas, Robbing istaganini aytadi va farishta yozadi. Keyin “Ey Robbim, rizqi-chi?” deydi. Bas, Robbing istaganini hukm qiladi va farishta yozadi. Keyin farishta qo‘lida sahifa bilan chiqadi. Unga ziyoda ham, nuqson ham yetkazmaydi”, deganlarini eshitganman”, dedi” (Muslim rivoyati).
Ushbu hadisga yuzaki qaralsa, bandada ixtiyor erkinligi yo‘q ekan, degan xulosa chiqishi mumkin. Lekin bu o‘rinda, avvalo, Ollohning ilmi cheksizligi nazarda tutilgan. U insonning badbaxtligini onasining qornidaligidayoq, balki undan-da avval bilgan. Odam o‘zgalardan namuna, ibrat olib, yaxshiliklar qilishi, yomonlikdan saqlanishi tufayli baxtli bo‘lmog‘i mumkin. Demak, bularning barini Olloh azaliy va cheksiz ilmi ila biladi. Bu esa amalsiz badbaxt bo‘lish, degani emas. Taqdir bitigi hech kimga ma’lum emas, binobarin, u inson faoliyatiga ta’sir etmaydi. Har qanday holatda ham inson oxiri baxayr bo‘lishini istaydi va shu yo‘lda harakat qiladi.
Bu masalani zamondosh olimlarimizdan Rahmatulloh qori Obidov quyidagicha izohlaydi: “Har bir insonning taqdiri Lavh ul-mahfuzda avvaldan belgilab, yozib qo‘yilgan. Ammo Ollohdan o‘zga hech bir zot bu yozuv mazmunidan xabardor emas. Shunday ekan, boshiga bir musibat tushsa, inson ushbu hodisa azaldan Ollohning taqdiri sifatida belgilangani uchun sabr qilishi, Yaratgandan najot so‘rashi joiz. Biroq kelgusida ro‘y beradigan voqealar hali bandaga noma’lum bo‘lgani uchun “Taqdirimda shunday bo‘lishi yozilgan”, deb da’vo qilishi, aslida, uning o‘zi haqida folbinlik qilishi bilan barobardir (Obidov R. Taqdirdan tonib bo‘lmas // “Tafakkur”, 2004, 4-son. 49-bet).
Taqdir borasidagi savollar Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) davrida, keyinroq xulofoyi roshidin davrida ham berilgan. Avvaliga ularga oson javob topilgan. Biroq keyingi davrlarda, ayniqsa, yunon faylasuflarining asarlari arab tiliga o‘girilishi, qolaversa, Xitoy, Hind, Fors, Markaziy Osiyo xalqlarining islomgacha bo‘lgan diniy tasavvurlari ta’sirida turli ixtiloflar yuzaga kela boshladi. Ta’kidlash joizki, antik davrdan to shu kungacha bo‘lgan falsafiy maktablarning qarashlari negizida “Falsafa asosida har bir narsaga shubha bilan qarash yotadi”, degan fikr mavjuddir. Ilohiyotda esa aqidaviy masalalarga shubha bildirish e’tiqodni zaiflashtirishi ta’kidlanadi. Mana shu ikki nuqtayi nazar VIII–X asrlarda o‘zaro to‘qnash keldi. Muqaddas manbalardagi xabarlar talqinida ham ilmiy ixtiloflar paydo bo‘ldi. Oqibatda ayrim olimlarning qarashlarida xatoliklar ko‘rina boshladi. Jumladan, mu’taziliy deb nomlanuvchi e’tiqodiy guruh ahli sunna aqidasiga zid o‘laroq quyidagicha xulosalarni ilgari surdi: “Olam yoki olamlardagi barcha ishlar ham Ollohning izni-irodasi bilan amalga oshavermaydi. Ayrim narsalar Uning qudrati va iznidan tashqarida ro‘y berishi mumkin; insonning amaliga Olloh aralashmaydi. Inson o‘z amalini o‘zi yaratadi; Qur’on azaliy emas, uni Olloh yaratgan”. Bu fikr go‘yoki odamning o‘z amallariga bo‘lgan javobgarligini oshirsa-da, biroq ahli sunna e’tiqodiga zid ekanini ta’kidlash zarur. Chunonchi, Olloh biror narsani avvaldan bilmasligi mumkin emas. Ya’ni har bir ish Uning izni-irodasi bilan amalga oshadi, biroq Olloh rozi bo‘ladigan (yaxshi) va U rozi bo‘lmaydigan (yomon) amallar mavjuddir.
IX–X asrda jabariylik oqimi yuzaga keldi. Ular ham bu borada ixtiloflarga yo‘l qo‘ydilar. Jabariylar e’tiqodiga ko‘ra, inson biror amalni o‘z ixtiyori bilan qilmaydi, balki hamma narsa Ollohning majburlashi ila amalga oshadi. Taqdirga aloqador masalalarda qadariylar, rofiziylar, alaviylar kabi o‘nlab oqimlar ham shu kabi yanglish xulosalarni tarqatdi.
Islom olamidagi bunday ixtiloflarga barham beruvchi ilmiy yechimlar topish o‘sha davr talabi edi. Bu borada ko‘plab olimlar sa’y-harakat qildi. Ular orasida eng mukammal tadqiqot va yechim muallifi buyuk ajdodimiz Abu Mansur Moturidiydir. Bu alloma muqaddas matnlarga suyanib aqidaviy masalalarda yanglish fikrlarni ko‘rsatib berdi va muammoli savollarga, bizningcha, eng to‘g‘ri javoblarni taklif etdi. Moturidiy aqidasiga ko‘ra, inson o‘z ixtiyori bilan qilgan amallar ham Ollohning yaratmishlari jumlasiga kiradi. Chunki olamlar va ulardagi barcha narsalarni Olloh yaratgandir. Qur’oni karimning “Saffot” surasi 96-oyatida aytiladiki, “Holbuki, sizlarni ham, sizlar qilayotgan amallarni ham Olloh yaratgan-ku”. Lekin bu – inson o‘z amalini majburan qiladi degani emas. Insonning biror ishni amalga oshirishi uchun ikki narsa muhim hisoblanadi: ishni amalga oshirish uchun lozim bo‘lgan vosita va insonning o‘sha ishga o‘z ixtiyori bilan kirishmog‘i. Inson ushbu ikkinchi jihat bilan iroda va ixtiyor egasi hisoblanadi. Ayni choqda shu iroda va ixtiyori borligi uchun unga javobgarlik yuklanadi. Tashqi omillarni yaratish va vujudga keltirishga uning daxli yo‘q. Ushbu masalani to‘g‘ri anglamoq uchun shunday misol aytish mumkin. Faraz qilaylik, biz pishgan olmani daraxtdan uzib yemoqchimiz. Bunda inson ixtiyoridan tashqarida bo‘lgan omillar quyidagilar: daraxtda olmaning pishganligi, uni uzish uchun insonning qo‘l-oyoq, ko‘zlarini ishlata olishi. (Bularning barini Olloh yaratgan, qolaversa, insonning qorni ochishi, olmaning shirinligi va hokazolar ham Ollohning olamlarni bunyod etishdagi hukmi-qazosi sanaladi.) Lekin inson ana shu tashqi omillardan o‘z ixtiyori bilan foydalanmagunicha olmani yeya olmaydi. Olloh insonning amalini yaratgan deganda tashqi omillar asosida uning amalini yaratgani e’tiborga olingan. Zero, olma pishgan bo‘lsa, Olloh insonni u istasa-istamasa bu ishga majburlaydi, deyish noto‘g‘ri. Demak, tashqi omillarning mavjudligi bilangina olma yeyilib qolmaydi. Balki inson shuni olishni ixtiyor qilishi va ixtiyorini amalga oshirishi kerak.
“Harakatda barakat” degan hikmat ana shu ilmiy xulosaning hayotiy in’ikosi deb aytish mumkin. Shu nuqtayi nazardan inson o‘ziga berilgan ixtiyor erkinligi doirasida javobgardir. Ayni damda, “Peshonada borini ko‘ramiz”, “Taqdir ekan-da”, deya harakat qilmaslik, intilmaslik islom ta’limotini noto‘g‘ri tushunish oqibatidir.
Yuqoridagi tahlillarni umumlashtirib, bunday xulosa qilish mumkin:
1. Qazo va qadar (taqdir) barcha diniy ta’limotlarda bo‘lgani kabi islomda ham iymon-e’tiqod doirasiga kiruvchi muhim masala hisoblanadi.
2. Taqdir masalasida adashgan guruhlar ham bo‘lib, ularning qarashlari ahli sunna va-l-jamoa e’tiqodiga to‘g‘ri kelmaydi.
3. Ahli sunna va-l-jamoa olimlari taqdir masalasini ikkiga bo‘lib tadqiq etganlar: insonga daxli bo‘lmagan va shu bois u mas’ul sanalmagan narsa-hodisalar (olamning yaratilishi, holati, kayfiyati, vaqt va makon, odamning tug‘ilishi, o‘limi va hokazo); insonning o‘z ixtiyoridagi ishlar va ularga javobgarlik.
4. Taqdirning avvaldan bitib qo‘yilishi zamirida insonning biror amalga majburlanishi emas, balki Ollohning barcha narsalarni oldindan bilishi – ilmi azaliysi, qudratining cheksizligi yotadi.
Taqdir borasidagi bahslar shuni ko‘rsatadiki, inson umid bilan ezgu amallar qilib boraversa, uning taqdiri yaxshilikka yuz buradi. Shu bilan birga, bu har bir insonni o‘z xatti-harakatiga mas’ul etib, jamiyatdagi huquq va majburiyatlari qonun doirasida amalga oshishiga zamin yaratadi.
Insoniyat tarixidagi barcha yuksalish-u tanazzullar zamirida insonga berilgan ixtiyor erkinligi yotganini unutmaslik, ana shundan saboq chiqarib, har dam yovuzlikdan tiyilish va ezgulikka intilish g‘oyat muhimdir. Shu nuqtayi nazardan, insonga berilgan mas’uliyat yuki har qachon ixtiyor erkinligi bilan chambarchas bog‘liq. Ta’bir joiz bo‘lsa, ixtiyor erkinligi insonga yo sharaf, yo tavqi la’nat keltiruvchi omildir.
Sarvar ABDULLYAEV
“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 3-son.
“Taqdir, iroda va ixtiyor” maqolasi
Til
Til
Ma’naviyat
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Shahinabonu
20:08 / 28.08.2023
Assalomu aleykum ,maqola mavzusi juda asosli va keng doirada ,tushunarli qilib yoritilgan.Hammaga qiziq bo‘lgan taqdir yozilganmi yoki o‘z qo‘limizdami degan savolga juda oydin javob berilgan.🔥🔥