Shunday so‘zlar borki, chin o‘zbekcha deging keladi, shunday muqobili ham borday tuyuladi. Misol uchun, “fartuk” – o‘tgan asrda rus tili orqali olmonchadan tilimizga o‘zlashgan, “Rus tilining etimologik lug‘ati” (“Этимологический словарь русского языка”) muallifi M.Fasmer ham uning asli olmoncha – “oldga tutgich etak”, “peshband” ma’nosidagi “vortuch” so‘zi ekanligini ta’kidlaydi.
Sovet davrida bu so‘z ayniqsa faol edi, ko‘pgina ishxonalarda oldga tutgich ish kiyimlari fartuk atalardi, shuningdek, butun Ittifoqda o‘quvchi qizlarning maktab kiyimi sifatida ham fartuk tanlangan. Sovet davrini ko‘rgan katta avlod o‘sha davrdagi qo‘lida o‘roq-bolg‘a tutgan, fartuk kiygan ishchi-dehqon, proletar sha’niga tiklangan haykallarni yaxshi eslaydi. Paxtakor O‘zbekistonda esa “fartuk” alohida bir mavzu edi, ya’ni paxtazorda terimchilarning muhim quroli – etak ham “fartuk” atalardi, o‘sha davrda etak-fartuk taqib paxta termagan yoki uyida fartuk-etagi bo‘lmagan xonadon yo‘q edi. So‘zlashuv tilida bu matoh tilga moslashtirilib “partuq”, “partu” ham deyilgan.
Qizig‘i shundaki, Koshg‘ariy bobomiz “Devonu lug‘otit-turk”da shu so‘zga ham shakl, ham ma’no jihatidan juda yaqin “partu” so‘zini keltiradi va shunday izohlaydi:
“Partu (بَرْتُو) – yaxtak, bir qavatli ustki to‘n, partuq” (DLT. I. 1960. 393). Izohdagi “partuq” so‘zi “Devon”ni arab tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan adabiyotshunos olim Solih Mutallibov tomonidan “partu”ni tushuntirish uchun “fartuk” ma’nosida keltirilgan va unga olim matn tagida yana: “Shayx Sulaymon lug‘atida “partuq” degan so‘z bor. Bizda hozirgi orqasi bog‘ichlik, ish va ovqat mahalida tutiladigan “partuq” so‘zi kabi” deb alohida izoh beradi. Tabiiyki, bu yerda olimni so‘zlashuv tilidagi “partuq” va “Devon”dagi “partu” o‘rtasidagi o‘xshashlik mulohazaga chorlagan. Solih Mutallibov: “partuq” shu – “Devon”dagi “partu”dan yasalgan-ov” demayapti, lekin shunga ishora bor.
Buni qarangki, “Devon”ni usmonli turkchasiga tarjima qilgan Basim Atalay ham “partu”ga alohida e’tibor qaratadi, uni: “partu – üste gıyılen hirka, pardesü”, ya’ni “ustdan kiyiladigan kiyim” deb izohlab, matn tagida u ham: “Onado‘lida bugun ham “ust kiyim” ma’nosida “pirti” (“pırtı”) so‘zi ishlatiladi” deb qo‘shimcha tushuntirish beradi (DLT. I. Ankara. 1985. 416). Shu o‘rinda Basim Atalay keltirgan “pardesü” so‘zi XIX asrda turkchaga o‘zlashgan “kiyim ustidan kiyiladigan kiyim” ma’nosidagi fransuzcha “pardessus” ekanligini aytib o‘tmoqchiman).
Onado‘lida “ust kiyim” ma’nosida qo‘llangan Basim Atalay keltirgan “pirti” (“pırtı”) chindan ham “Devon”dagi “partu”ning bugungi kungacha yetib kelgan shakli bo‘lishi ehtimolga juda yaqin. Ammo Solih Mutallibovning: “Shayx Sulaymon lug‘atida “partuq” so‘zi bor” degan ma’lumotida biroz chalkashlik bor.
Shu o‘rinda mazkur lug‘at haqida ikki og‘iz so‘z: Shayx Sulaymon Buxoriy XIX asr boshida Buxoroning Qorako‘l tumanida tug‘ilgan, keyinchalik Buxoro amirining Usmonli davlatidagi elchisi etib tayinlanib umrining oxirigacha Istanbul shahrida yashagan va o‘sha yerda o‘zining qimmatli “Lug‘ati chig‘atoyi va turki usmoniy” asarini yaratgan. Lug‘at alifbo tartibida tuzilgan va uning “p” tovushi bilan boshlanuvchi so‘zlar jamlangan “fasli po” (“فصل پا”) bo‘limida “partuq” emas, balki “partal” (“پرتل”) so‘zi bor va u: “pertel – pırtı, ufak defek eşya ve elbıse. Eştür veya büyügı, partal” – ya’ni: “partal – ustki kiyim (pirti), mayda-cho‘yda narsalar va libos, o‘rtacha va yo kattasi, partal”, deb izohlangan (Qo‘lyozmada: پرتل ــ پرتی، اوفق دفك،اشیا و البسه، اشتور و یا بویوگی پرتل).
Guvohi bo‘lganimizdek, Shayx Sulaymon ham “partal” so‘zini izohlashda “pirti”ni keltiryapti. Mazkur ikkala so‘zning ham “fartuk” emas, balki “Devonu lug‘otit-turk”dagi “partu”ga aloqador bo‘lishi ehtimoli ko‘proq.
“Devon”dagi “partu” so‘zi etimologiyasi hali tadqiq etilmagan, bizningcha, u forsiy “etak” ma’nosidagi “bar” va turkiy “kiyim” ma’nosidagi “to‘n” so‘zlari qo‘shilib “barto‘n” shaklida yasalgan bo‘lishi ehtimolga yaqin, “Devon”da ham u “barto‘” (بَرْتُو) shaklida kelgan, keyinchalik “b” tovushi talaffuzda “p”ga aylanib, so‘z oxiridagi “n” tovushi tushib qolgan bo‘lishi mumkin.
Alqissa, ushbu maqolada biz ham ma’no, ham shakl jihatidan deyarli bir xil, ammo biri o‘zlashgan, ikkinchisi esa unutilgan qadimiy o‘z so‘zimizni mushohada etdik. Bu jihozni bugun biz “fartuk” yoki tilimizga moslab “partuq” deyishimiz yoki qadimiy turkiy so‘z “partu”ni iste’molga qaytarib, uni shunday atashimiz mumkin. Menimcha, til manfaati nuqtai nazaridan oxirgisini tanlash foydali, chunki o‘z bisotimizdagi so‘z, o‘zganing so‘zini olmadik, qolaversa, misol uchun: “fartuk kiyib oling” deyishdan “partu kiyib oling” deyish qulayroq.
Abduvohid HAYIT
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q