Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi direktorining o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev javob berdi.
– Menga bir do‘stim pul berib, “Buni falonchiga berib qo‘y, senga omonat” dedi. Shu pulni o‘z ehtiyojim uchun sarfladim. Lekin do‘stim aytgan vaqtda uning pulini aytilgan odamga yetkazdim. Mening ishimda biror xato bo‘lmadimi?
– Bismillahir rohmanir rohiym. Albatta, bu ishda xatolik bor. Ya’ni, sizga berilgan pul omonat, uni omonat egasining roziligisiz o‘z ehtiyojingizga sarflash xato va omonatga xiyonat bo‘ladi. Albatta, omonatni egasining roziligi bilan ishlatish mumkin. Agar egasining roziligisiz ishlatib yuborilgan bo‘lsa, bu omonat hukmidan chiqib, to‘lab beriladigan haqqa aylanadi.
Bu haqida “Fatovoi Olamgiriy” kitobida bunday deyilgan:
“Bas, uning (omonatning) hukmi, berilgan kishining huzurida saqlanishi vojibdir. Va uning qo‘lida omonatga aylanadi. Hamda egasi talab qilgan vaqtda uning qaytarilishi shartdir. “Shumaniy”da ham shunday zikr qilingan. Omonat mol boshqaga omonatga, oriyaga (evazsiz vaqtincha berish), ijaraga va garovga berilmaydi. Agar omonatga olgan kishi shulardan birini qilsa, to‘lab beradi”.
– Menga bir ilmli kishi “Asr namozidan keyin kitob o‘qilmaydi” dedi. Shu to‘g‘rimi?
– Bu haqda shariatimizda qat’iy bir qaytariq yo‘q. Shuning uchun “Asr namozidan keyin kim kitob o‘qisa gunohkor bo‘ldi, shariatga zid ish qildi” deyilmaydi. Ammo Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh ba’zi kishilarga asrdan keyin kitob o‘qimaslikni va buning ko‘zga zarari borligini aytgan. Jumladan, “Kashful xafo va muziylul ilbos” kitobida shunday keltiriladi:
“Imom Ahmad rahimahulloh ba’zi do‘stlariga asrdan keyin kitobga qaramaslikni va bu tavsiya tabiblarning ko‘rsatmasi ekanligini aytdi”.
Lekin bu qaytariqni shar’iy jihatdan emas, balki tibbiy jihatdan ko‘zga zarari borligi bilan izohlagan.
Bugungi kunga kelib zamonaviy yoritish moslamalari ko‘rish qobiliyatiga zarar qilmaydigan darajada yoritib bersa, kitob o‘qishga tibbiy tomondan ham monelik qolmaydi va bemalol asr namozidan keyin ham ilm hosil qilish mumkin bo‘ladi.
– Men ko‘pqavatli uyda turaman. Qo‘shnimning “Wi-Fi” (Wireless Fidelity) kodini bilib olib, undan foydalanishim to‘g‘rimi? Lekin ruxsat so‘ramaganman.
– Qandaydir yo‘l bilan “Wi-Fi” kodini bilib olib, ruxsatsiz ishlatishingiz to‘g‘ri emas. Albatta ruxsat olib ishlating. Payg‘ambarimiz Rasululloh sallollohu alayhi vasallam shunday degan:
“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, magar o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
– Ma’lumki, hozirgi kunda haydovchilar odamlarni manziliga eltish bilan birga ba’zi yuklarni ham tashiydi. Ularning urfida bu yuklar “pochta” deyiladi. Ular mazkur “pochta”larni manziliga eltib bergani uchun haq oladi. Ushbu haydovchilar mazkur yuklar uchun mas’ul hisoblanadimi? Agar haydovchi “yukka o‘zim javob beraman” deb xizmat haqini ko‘proq olsa-chi?
– Bu ijaraga tegishli masala bo‘lib, savoldagi haydovchilar shariatda “ajiri mushtarak” deyiladi. Ya’ni, odatda yollanma ishchilar ikki turga bo‘linadi: “ajiri xos”, ya’ni maxsus bir kishi yoki aniq bir muassasa uchun ishlaydigan xodimlar va “ajiri mushtarak”, ya’ni umumiy ishchilar bo‘lib, ular bir kishi yoki aniq bir tashkilotga emas, balki barcha uchun xizmat qiladigan taksi haydovchilari, tikuvchilar va imorat ustalari kabi yollanma ishchilardir. Ajiri xos yukka mas’ul bo‘lmaydi. Chunki yuk uning qo‘lida omonat bo‘lib, omonatga uning aybisiz talofat yetsa, to‘lab berishi vojib emas. Ammo uning aybi yoki beparvoligi tufayli zarar yetsa, albatta uni to‘lab beradi.
Bu borada “Fathu bobil inoya” kitobida bunday deyilgan:
“Ajiri xos barchaning ijmo’si bilan qo‘lida halok bo‘lgan yoki odatiy ishi sababli talofat yetgan narsaga zomin bo‘lmaydi”.
Imom Abu Hanifa rahimahulloh ajiri mushtarakda ham hukm xuddi shunday deb aytgan. Ammo Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rahimahumalloh “ajiri mushtarak zomin bo‘ladi, ya’ni qo‘lidagi yukka zarar yoki talofat yetsa, to‘lab berishi lozim bo‘ladi” deb aytganlar. Lekin g‘olib keluvchi umumiy ofat bundan mustasnodir. Ya’ni haydovchi yukni olib ketayotgan paytda unga bog‘liq bo‘lmagan tabiiy ofat yoki uning aybisiz avtohalokat, yong‘in, suvga g‘arq bo‘lish kabilar tufayli u olib ketayotgan yukka zarar yetsa, albatta ikki imomga ko‘ra ham haydovchi zomin bo‘lmaydi.
– Men plastik kartamga bir kishidan 5 million so‘m qarz oldim. O‘tkazilgan 5 million so‘m ustiga to‘lov tashkiloti (ilova) o‘zining 0,5 foiz haqini qo‘shib hisoblab, u insondan 5 million 25 ming so‘m yechib oldi. Endi men qarzni qaytarish paytida 5 million so‘m ustidagi 25 ming so‘mni ham qo‘shib, 5 million 25 ming so‘m qilib qaytaramanmi yoki 5 million so‘mning o‘zinimi?
– Qarz muomalasida qarzni yetkazib berish xarajatlari qarz oluvchining zimmasiga tushadi. Bu borada “al-Bahrur-roiq” kitobida shunday zikr qilingan: “Qarzni berishning xarajatlari qarz oluvchining zimmasiga lozim bo‘ladi” (Savdo-sotiq bobi).
Shunga ko‘ra plastik orqali o‘tkazilgan qarz uchun olingan 0,5 foiz kabi xarajatlarni qarz oluvchi to‘lab beradi. Bu xuddi naqd pulni qarzga olish uchun qarzdor yo‘lkira sarflab, kelib olib ketishi kabidir.
– Ikki kishi bir mashinani sherik bo‘lib sotib olsa, keyin biri ikkinchisiga o‘z ulushini bo‘lib to‘lashga sotishi mumkin deb eshitdim, shu to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri. Ikki kishi bitta mashinani o‘rtaga pul tashlab sotib olgan bo‘lsa, so‘ng sheriklardan biri o‘zining hissasini sotmoqchi bo‘lsa, xohlasa naqd savdo bilan, xohlasa nasiya savdo bilan, xohlasa o‘z sherigiga, xohlasa begona odamga sotishi mumkin. Faqat bo‘lib to‘lash orqali nasiya savdo qilinganda qiymat va muddat aniq bo‘lishi shart. Bu haqda fuqaholarimiz shunday deydi:
“Sheriklardan biri o‘z ulushini xohlasa o‘z sherigiga, xohlasa sherigining iznisiz boshqa kishiga sotishi ham mumkin” (“Durarul hukkam”).
Damin JUMAQUL tayyorladi
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 2-son.
Mafkura
Tarix
Mafkura
Til
Adabiyot
San’at
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q