Ilgari “malika”, “saida”, hozir esa oddiy xotun. Bir so‘zning evrilish tarixi


Saqlash
15:59 / 09.07.2024 1047 0

Xotin

 

“Xotin” deganda biz hozirda “turmushga chiqqan ayol” yoki “er” so‘zining ziddini tushunamiz, “er-xotin” deymiz, ya’ni turmushga chiqmagan qizga nisbatan xotin deyilmaydi.

 

Ayni paytda, “xotin” – juda qadimiy so‘z va u eng qadimgi turkiy yodgorliklarda ham ko‘p uchraydi, shunday obidalardan biri – VIII asrga oid Kultegin toshbitigi, undan bir jumla keltiramiz: “Otam Eltarish xoqon (matnda: “qag‘an”)ni va onam Elbilga qatunni Tangri yuksakligida tutib (el ustidan) yuqori ko‘tardi” (“kaңым Ilтäрiс kақанық, öгiм Ilбilгä kатунық Тäңрi тöнäсiнтä тутып jöгäрў кöтурмiс äрiнч”. С.Е.Малов. Памятники древнетюркской писменности. 1951. 29).

 

Guvohi bo‘lganimizdek, bu so‘zning qadimiy ko‘rinishi – “qatun” va u hozirgiday ommaviy emas, balki faqat hukmdor oila ayollariga nisbatan ishlatilgan, ya’ni “xoqonning xotini” yoki “malika”, “hukmdor ayol” ma’nolaridagi UNVON bo‘lgan. Unvon ma’nosida bu so‘z birinchi-ikkinchi, Sharqiy-G‘arbiy Turk xoqonliklarida qo‘llangan. Shunday qilib, “Qatun” – bu unvondir.

 

Ko‘kturklardan biroz keyin – Qoraxoniylar xoqonligi davriga (IXXIII) oid manbalarda ham bu so‘z ayni shaklda uchraydi. Xususan, o‘sha davrda yashagan bobomiz Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit-turk”da uni shunday izohlaydi: “قاتوُنْ qatun – Afrosiyob qizlaridan bo‘lganlarning nomi. Maqolda shunday kelgan: xan ïshï bolsa, qatun ïshï qalïr – xoqonning ishi bo‘lsa, xotin ishi qoldirilar” (DLT. I. 1960. 388). Ma’lumki, Qoraxoniylar o‘zlarini Afrosiyob yoki To‘nga Alp Er avlodlari deb bilganlar, Koshg‘ariyning “qatun” so‘ziga keltirgan mazkur izohi ham shu bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. “Devon”da yana bir she’rda ham “qatun” so‘ziga duch kelamiz:

 

“To‘rkän qatun qutïңa

Tӭgo‘r mӭndin qoshïg‘,

Ajg‘ïl sizniң tabug‘chï,

Otnur jaңï tabug‘” (DLT. I. 357)

 

Ma’nosi:

 

“Malika xotun huzuriga

Yetkur mendan qo‘shiq (qasida, maqtov),

Aytgil sizning xizmatchingiz

O‘tinur yangi xizmat (ya’ni, yangi xizmat so‘raydi)”

 

Bu she’rda qatun deyarli xoqonga, arzlarni eshituvchi hukmdorga tenglashtirilyapti.

 

Yana bir qiziq jihat, qadimda “qatun” so‘zidan “qatunlandi” shaklida fe’l ham yasalgan ekan, ammo u aslo hozirgi tilimizdagi: “qiz xotinga aylandi” ma’nosida emas, xususan, “Devon”da unga shunday izoh beriladi: “Qatunlandï: urag‘ut qatunlandi – ayol qatunlarga o‘xshadi, ular darajasiga yetdi” (DLT. III. 223). Bu yerda hozirgi tilimizdagi “xotin”, “ayol” ma’nosida – “urag‘ut” so‘zi ishlatilyapti, uning “qatunlanishi” esa – quyi tabaqaga mansub urag‘utning (ayolning) hukmdor tabaqaga mansub asilzoda ayolga – qatunga tenglashishi, muayyan ijtimoiy mavqe’ga erishganini bildiradi.

 

“Xotun” so‘zi so‘g‘dchami?

 

G‘arbiy Turk xoqonligida nafaqat xoqon oilasiga mansub ayollar, balki ularning joylardagi noiblari – tudunlarning ayollariga nisbatan ham “qatun” unvoni qo‘llangan ko‘rinadi. Xususan, G‘arbiy Turk xoqonligi inqirozidan keyin Buxoroda qisqa muddat hokimiyatga kelgan Buxorxudotlar sulolasining birinchi hukmdori – Bidun (Tudun) bo‘lgan bo‘lsa, uning vafotidan keyin, to arablar istilosigacha Bidunning xotini – Xutak Xotun Buxoroda hukmronlik qilgan. Buxorxudotlarga so‘g‘d tilli sulola deb qaraladi, ayni paytda “qatun” so‘zi ham so‘g‘dcha “hukmron ayol”, “hukmronning ayoli” ma’nosidagi “xwatyn” so‘zidan turkchaga o‘zlashgan degan qarash mavjud. Boshqa bir toifa mutaxassislar esa aksincha, bu so‘z turkcha etimologiyaga ega deb hisoblaydi, “Farhangi zaboni tojiki” lug‘atida esa “xotun” so‘zi hattoki “mo‘g‘ulcha” deb ko‘rsatilgan (FZT. M. 1969. 497). O‘ylaymizki, bu bahsli holatga kelajak tadqiqotlari aniqlik kiritadi.

 

Umuman, keyingi davrlarda ham “qatun” ismi barcha turkiy hukmron sulolalarda unvon sifatida qo‘llanganini tarixdan bilamiz. Xususan, Saljuqiylar davlatida barcha malikalar “turkan qatun”, “qatun” deb atalgan. Anushtegin-Xorazmshohlar sulolasidan Muhammad Xorazmshohning onasi, Jaloliddin Menguberdining buvisi ham – Turkan Xotun edi. Bundan tashqari, Hindiston, Misr hududlarida hukmronlik qilgan mamluklar yoki turkiy sulolalarda ham bu an’ana saqlangan. Misol uchun XIII-XIV asrlarda Misrda qipchoqlar (mamluklar) hukmronligi davrida yaratilgan muhim asar – “At-tuhfatuz-zakiyatu fil-lug‘atit-turkiya” (“Turkiy tili (qipchoq tili) haqida noyob tuhfa”) lug‘atida ham bu so‘z “xotun” shaklida keltirilgan va arab tilida “hukmdor ayol, xonim” ma’nosida: “xotun – sayyida” (“خاتون ــ سيده”), deb izohlangan (“At-tuhfa”. T. “Fan”. 1968. 66-bet).

 

Shuningdek, usmonlilarda ham sultonlarning xotinlariga nisbatan “hotun” deb aytilganini bilamiz, ayni paytda, usmonli turkchasida “ayol” ma’nosida bu so‘zning “kadin” shakli ham saqlangan.

 

Yoki mo‘g‘ulchami?

 

Yuqorida biz “Farhangi zaboni tojiki”da “xotun” so‘zi mo‘g‘ulcha deb noto‘g‘ri ko‘rsatilganini aytdik, aslida bu ham bejiz emas, chunki “qatun” Chingiziylar davrida ham faol iste’molda edi.

 

Chingizxonning kelib chiqishi haqida XIII asrda, qadimgi mo‘g‘ul tilida bitilgan muhim bir manba mavjud, bu obida hozirda “Mo‘g‘ullarning yashirin tarixi” deb ataladi. Mazkur asarda ham biz “qatun” so‘ziga ko‘p duch kelamiz, jumladan, asarda Chingizxonning tatarlar boshlig‘i Yeke Cherenning qizlari opa-singil: Yesugen va Yesuyni xotinlikka olishi hikoya qilingan 155-paragrafida ularning nomlari: Yäsügän-qadun, Yäsüi-qadun deb yoki boshqa o‘rinda Nayman xoni Tayanxonning onasi – Gurbesu qatun (Gürbäsü qadun) deb tilga olinadi. Asarda “qatun” so‘zi xuddi Turk xoqonligi davridagi kabi “xoqonning, xonning xotini” ma’nosida kelgan, hozirgi tilimizdagi “xotin” ma’nosida esa mo‘g‘ulcha “ämä” so‘zi ishlatilgan.

 

Umuman, chingiziylarga turk olamiga chetdan kirib kelgan, deb qarash to‘g‘ri emas, chunki Chingizxon qurgan saltanat to‘liq Turk xoqonligining davomidir, deylik, Ko‘kturklar davrida hukmdor – “qag‘an” (xoqon) deyilgan bo‘lsa, “Mo‘g‘ullarning yashirin tarixi”da ham Ambaqaï-qahan, Altan-qahan, Činggiz-qahan deb o‘qiymiz, shuningdek, keshikten, qorovul, borong‘or, jovong‘or, g‘ul kabi yuzlab atama va an’analarning ildizi Turk xoqonligi davriga borib taqaladi.

 

“Ayol”ning turkchasi

 

Savol tug‘iladi: Xo‘sh, ilgari “qatun” deb faqat hukmdor oila ayollariga nisbatan aytilgan ekan, oddiy ayollar unda qanday atalgan? Yoki arab tilidan o‘zlashgan “ayol” so‘zidan oldin turkiyda bunday so‘z bo‘lmaganmi? Albatta, bo‘lgan, bo‘lganda ham ko‘p bo‘lgan, birgina “Qutadg‘u bilig” asarida bobomiz Yusuf Xos Hojib shunday so‘zlardan bir emas, bir qanchasini keltiradi. Quyida shunday so‘zlardan ba’zilarini ko‘rib chiqamiz.

 

Evlik

 

“Qutadg‘u bilig”da bir bob: “Xotinning qanaqasini olmoqlikni aytadi” (“Evlik nekү-teg almaqni ayur”) deb nomlanadi va unda O‘gdulmish O‘zg‘urmishga qanday qizga uylanish ma’qulligini maslahat beradi. Mazkur bobda “turmushga chiqqan ayol”, ya’ni “xotin” ma’nosida qo‘llangan so‘zlardan biri – “evlik” va bob: “qali evlik almaq tilǝsǝ өzүң”, ya’ni “agar o‘zing xotin olmoqni istasang” so‘zlari bilan boshlanadi. Bu misradagi “xotin” ma’nosidagi “evlik” so‘zi – “ev”, ya’ni “uy” o‘zagidan yasalgan. “Devonu lug‘otit-turk”da ham bu so‘z bir she’rda: “Ӭwlo‘k urï kӭldirmishchä...” (“Xotin o‘g‘il tuqqandek...”) shaklida kelgan.

 

Kisi

 

“Qutadg‘u bilig”da ko‘p o‘rinlarda “xotin” ma’nosida “kisi” so‘zi ham qo‘llangan: “kisi alg‘u ersǝң ...” (“xotin oladigan bo‘lsang...”) kabi. Mahmud Koshg‘ariy “Devon”da bu so‘zni “kis” shaklida keltiradi va shunday izohlaydi: “kis – xotin. اَنِک کِسیِ anïң kisi – uning xotini. Bu yerda izofa yo‘qdir. Ba’zilar izofali qilib: “ol kisi aldï” – “u xotin oldi” deb qo‘llaydilar” (I. 318). Demak, Koshg‘ariyga ko‘ra, bu so‘zning asli “kis”, “kisi” deganda so‘z oxiridagi “i” tovushi – egalik qo‘shimchasidir.

 

Echi

 

“Qutadg‘u bilig”da bu so‘z bir o‘rinda: “echi quli”, ya’ni “xotin quli” iborasida ishlatilgan. Aslida, bu so‘z “evchi”, ya’ni “ev” o‘zagidan yasalgan bo‘lib, “uychi” ma’nosida. Ba’zi lahjalarda bu so‘z – “avchi”, “abchi”, “apchi” shakllarida ham talaffuz qilingan. XIII asrda yevropalik missionerlar tomonidan kumon-kipchoq tillarini o‘rganish uchun yaratilgan “Kodeks kumanikus” lug‘atida bu so‘z – “epci” (“epchi”) deb qayd etilgan va “ayol” deb izohlangan, mazkur lug‘atda boshqa bir o‘rinda bu so‘z “epic” (“epich”) shaklida ham keltirilib, “xotin” deb o‘girilgan.

 

Tishi

 

“Qutadg‘u bilig”da “ayol”, “xotin” ma’nosida qo‘llangan yana bir so‘z – “tishi”, xususan, unda: “tishi kөrki qilqi”, ya’ni “xotin kishi ko‘rki (chiroyi) – xulqi (qilig‘i)”, degan otaso‘z keltiriladi. Mahmud Koshg‘ariy “Devon”da bu so‘zga: “tishi – har narsaning urg‘ochisi” (III. 244) deb izoh beradi. Bu so‘z “ayol kishi” yoki hayvonlarga nisbatan “urg‘ochi” ma’nosida keyingi davrlardayam faol iste’molda bo‘lgan. Xususan, XIV asr adibi Qutb “tishi” so‘zini “Xisrav va Shirin” dostonida “ayol kishi” ma’nosida qo‘llagan, shu davrda yaratilgan “Nahjul-farodis” asarida “ayol kishi” va hayvonga nisbatan “urg‘ochi” ma’nosida, “Кодекс куманикус”da “urg‘ochi” deb keltirilgan. Shuningdek, bu so‘zni Navoiy ham o‘z asarlarida qo‘llagan bo‘lib, “Navoiy asarlari lug‘ati”da unga: “tishi – hayvon va qushlarning urg‘ochisi”, deb izoh berilgan (NAL. 1972. 610). Bu so‘zning shu ma’nodagi xitoycha “tsichshi” (妻子) so‘ziga aloqasi bor-yo‘qligi o‘rganilmagan.

 

Ishlar va ishi

 

Qadimgi turkiy yodgorliklarda “yuqori tabaqaga mansub asilzoda ayol, xonim” ma’nosidagi “ishi” so‘zi ham ko‘p uchraydi. Misol uchun Turfan bitiklaridan olingan: “Begkä ishikä inalg‘il” – “Bekka va uning xotiniga inongin”, jumlasida “ishi” deb bekning xotiniga nisbatan aytilyapti.

 

“Devonu lug‘otit-turk”da bu so‘z “ishlar” shaklida keltiriladi va shunday izohlanadi: “ishlär – xotin; asli اِشيِلارْ “ishijlär” – “xonim” demakdir. Ko‘p qo‘llanganidan, yengillik uchun ى harfi tushirilgan. Bu so‘z ko‘plikdadir, lekin birlikda ham qo‘llanadi. Buning atalish voqeasi uzoqdir” (DLT.  I. 140). Chamasi, Koshg‘ariy zamoniga kelib “ishlar” so‘zi “xonim” ma’nosida ko‘proq birlikda ishlatilgan, xususan, “Devon”da boshqa bir o‘rinda “ishlär bilazo‘klandi – xotin bilaguzuk taqdi” misolida ham birlikda kelgan. “Древнетюркский словарь”da bu so‘zning uchala shakli (ishi, ishilar, ishlar) ham izohlangan va “ishilar”ga “Oltin Yaruq” yodgorligidan “eranlar yoki xonimlar” ma’nosidagi: “eranlar azu ishilar” misoli keltirilgan. “Bu so‘z “o‘rtoq”, “do‘st” ma’nosidagi “esh” o‘zagidan ekanligi anglashiladi, qadimda “esh”ning “oila”, “turmush o‘rtog‘i” kabi ma’nolari ham bo‘lgan, deylik, “bekning eshi” deb “bekning turmush o‘rtog‘i” ma’nosida aytilgan. Hozir ham usmonli turkchasida “xotin, rafiqa” ma’nosida “eş” so‘zi qo‘llanadi.

 

Urag‘ut

 

“Devon”da bu so‘z qisqacha: “urag‘ut – xotin” deb izohlangan bo‘lsa-da (I. 157), boshqa o‘rinlarda ham unga ko‘p duch kelamiz, misol uchun: “urag‘ut sarag‘uchlandi – xotin bosh yopinchiqli bo‘ldi”, “urag‘ut qatunlandi – xotin xonimlarga o‘xshadi, tenglashdi”, bu haqda biz yuqorida ham to‘xtaldik. “Urag‘ut”ning yuqorida keltirilgan “xotin” ma’nosidagi boshqa so‘zlardan farqi, bizningcha, uning lug‘aviy ma’nosi bevosita jins bilan bog‘liq. Hozir tilimizda jinsni bildiruvchi hayvonlarga nisbatan ham ishlatiladigan “urg‘ochi” so‘zi bor, bu so‘zning qadimi ko‘rinishi – “urqachi” bo‘lgan, aslida mazkur ikki so‘z: “urag‘ut” va “urqachi” bir o‘zakdan – qadimgi “uriq” (“urug‘”) o‘zagidan yasalib, “urug‘, ya’ni nasl tashuvchi” ma’nosiga ega bo‘lgan.

 

Ayol

 

Ko‘rdikki, hozirgi tilimizdagi “xotin” yoki “ayol” so‘zlari o‘rnida qadimgi turkiyda bir emas, bir qancha so‘zlar qo‘llangan ekan. Odatda boshqa tildan so‘z olish – tilning boyishi omili deb ishoniladi. Ammo yuqorida keltirilgan misollardan buning teskarisiga guvoh bo‘lib turibmiz, ya’ni arab tilidan o‘zlashgan birgina “ayol” shu ma’nodagi barcha turkiy so‘zlarimizni tilimizdan siqib chiqaryapti. Ilgari “malika, saida” ma’nosida bo‘lgan “qatun” ham “toj-u taxtidan ajralib” bugungi kunimizga oddiy xotin bo‘lib yetib kelibdi. Uning o‘rnini ham arabcha “malika” egallabdi. Xo‘sh, “ayol” qanday sehrli so‘z va qanday lug‘aviy ma’noga ega?

 

Bu so‘z arabcha: “boqmoq, qaramog‘iga olmoq, g‘amxo‘rlik qilmoq” kabi ma’nolarni bildiruvchi arabcha: عول “‘aula” o‘zagidan yasalgan bo‘lib, “erkak kishining qaramog‘idagi shaxs” degan lug‘aviy ma’noga ega. “Oila” so‘zi ham shu o‘zakdan. Dastlab bu so‘z “ahli ayol” shaklida qo‘llanilib, “ahli ayol” deganda faqat ayollar emas, balki biror kishining qaramog‘idagi, oilasidagi barcha shaxslar, bolalar, butun oila a’zolari tushunilgan. Keyinchalik bu ibora “ayol”ga aylanib, o‘zbek tilida “ayol” so‘zi hozirgi ma’noda, ya’ni ruscha “ женщина”, inglizcha “woman” ma’nolarida qo‘llanilib ketgan. Aslida arab tilining o‘zida “ayol” ma’nosida “amra’a”, “nisa’” kabi boshqa so‘zlar ishlatiladi.

 

Xullas, hozirgi tilimizda “ayol” so‘zi inglizcha “woman” ma’nosida qat’iy o‘rnashdi, “xotin” deganda barcha turmushga chiqqan ayollar tushuniladigan bo‘ldi. Yuqorida keltirilgan mazkur ma’nolarni bildiruvchi boshqa barcha turkiy so‘zlar, afsuski, unutildi.

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 569
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20444
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//