Kino faqat grafika degani emas – “Bahodir Yalangto‘sh” filmidan keyingi mulohazalar


Saqlash
23:51 / 08.07.2024 2915 0

Oʻtgan oyda katta ekranlarga chiqqan “Bahodir Yalangtoʻsh” filmi ijtimoiy tarmoqlarda ham, mutaxassislar oʻrtasida ham turli eʼtirof va eʼtirozlarga sabab boʻlishga ulgurdi. Kimdir zo‘r deyotgan kartinani boshqa birov shunchaki vaqt ketkazish, deya baholamoqda. Film rejissyori Jahongir Ahmedovga bundan avval suratga olgan tarixiy janrdagi filmlari – “Islomxoʻja” va “Ilhaq” yaxshigina tajriba maktabi boʻlganini hisobga olsak, yangi kartinada biz kattaroq natijalarni kutishga haqli edik. Oʻzbek kinosi uchun yangilik boʻlgan grafik imkoniyatlar bilan suratga olingan film bu jihatdan ishonchni oqlagandek. Ammo… Ushbu maqolada kinodagi ayni shu “ammo”lar va yutuqlar haqida soʻz yuritiladi.

 

 

Oʻzbek kinematografiyasi uchun yangilik

 

Film boshlangach, tomoshabinni birinchi navbatda treyler va reklamalarda bot-bot taʼriflangan grafika, jang sahnalari va operator ishi oʻziga jalb etadi. Chunki chindan ham, tasvir va rang borasida maqtagulik jihatlar koʻp. Oʻzingizni xuddi Gollivud filmlaridan birini tomosha qilayotgandek his etasiz. Filmning boshidan oxirigacha pavilonda suratga olinishi ham oʻzbek kinematografiyasi uchun yangilik. Ammo, aynan mana shu jihat film operatoriga birmuncha qiyinchilik tugʻdirgandek. Chunki kadrlar majburan maksimal darajada siqilgan. Natijada ayrim epizodlarda qahramonlarga kenglik yetishmagandek taassurot paydo boʻladi kishida. “Massovka” bilan ishlashda ham baʼzi hollarda sunʼiylik yaqqol koʻzga tashlanib qolgan. Filmning boshidagi jang sahnalarining yuqori tempda suratga olingani kartina jozibasini oshirgan boʻlsa, finaldagi shunday epizodlarda “slow motion” yaʼni sekinlashtirilgan kadrlar meʼyoridan oshib ketib, tomoshabinni zeriktirib yuboradi.

 

 

Kartinadagi ulkan saroylardan tortib, kiyimlardagi har bir mayda detal bizga dekoratsiya va liboslar masalasida juda katta jamoa yaxshigina ter toʻkkanini bildirib turadi. Ayniqsa, jungʻorlar eli koʻrsatilgan sahnalarda qilingan grimlar menda yaxshi taassurot qoldirdi. Bu borada faqat Samarqandda kechadigan epizodlarda kamchilik koʻzga tashlanadi. Registon qurilishida ishlayotgan ustalar, fitna qoʻzgʻatuvchining ustaxonasidagi hunarmandlarning nafaqat liboslari, yuzlari ham toza va ozoda. Holbuki, mehnat bilan shugʻillanayotgan kishining yuzi saroydagi devonbegining holatidan farq qiladi. 

 

Filmdagi eng katta “plus” va “minus”

 

Filmga tanlangan aktyorlar orasida ikki bosh qahramonni yaqqol ajratib koʻrsatish mumkin. Birinchisi – Yalangtoʻsh roliga tanlangan, tomoshabinga sportchi tarzida koʻproq tanilgan Habibulla Nizamov tashqi koʻrinish jihatdan qahramonga qanchalik mos kelmasin, aktyorlik borasida oqsagan. Aktyor nafaqat mahorat, balki nigohlar bilan gapirish mumkin boʻlgan joylarda faqatgina sovuqlik va quruq soʻzlar bilan cheklangan. Filmdagi eng katta “minus” – Yalangtoʻsh voqealar davomida tomoshabin bilan umuman muloqotga kirishmaydi. Uning ichki kechinmalari, atrofida boʻlayotgan ulkan fitna-yu, xunrezliklarga boʻlgan reaksiyasi yopiqligicha qolib ketadi. Hatto yakka-yu yagona oʻgʻlining oʻlimidan keyin ham qahramondagi ichki oʻzgarishlar tomoshabinga ochib berilmaydi. Garchi kino ijodkorlari qahramon oʻrniga atrofidagilar bilan uning xarakterini, kimligini, tuygʻularini ochib berishni maqsad qilgandik, deyishgan boʻlsa-da, bu usul oʻzini oqlamagan. Siz kartinaning biror joyida Yalangtoʻshni oʻzingizga yaqin his qilmaysiz. U bilan birga azob chekmaysiz, quvonmaysiz, yigʻlamaysiz, tushunmaysiz. Natijada kinozalga qanday kirib kelgan boʻlsangiz, shundaylikcha chiqib ketasiz. Ha, faqat Registon maydonini Yalangtoʻsh qurgan ekan, degan maʼlumot qolishi mumkin sizda, agar buni avvaldan bilmagan boʻlsangiz. Ammo koʻruvdan chiqqach, oʻzingizga qahramon qanday odam boʻlgan, deb savol bersangiz, javob ochiq qoladi. Buning boisi esa filmda tarixiy shaxsning oʻzligidan koʻra, u haqidagi faktlar bilan tanishtirish birinchi planga chiqib qolganida. Agar maqsad shunday boʻlgan boʻlsa, kartina badiiy emas, hujjatli film tarzida olinishi yoki boshqa nom bilan nomlanishi kerak edi, koʻpchilik mutaxassislarimiz aytganidek. 

 

 

Buning aksi oʻlaroq, devonbegi obrazini gavdalantirgan Tohir Saidov ijrosi tahsinga sazovor. Aktyor shunchaki jim turgan holda, koʻzlar orqali ham qahramon ichidagi nafratni, dushmanlik hissini tomoshabinga yetkaza olgan. Devonbegining bozordagi harakatlari aks ettirilgan ilk sahnadayoq tomoshabin kim yuzma-yuz turganini osongina anglaydi. Agar mana shu epizodda Tohir Saidov qahramoni biror soʻz gapirmaganda ham nafrat va yovuzlikni payqash qiyin kechmasdi.

 

Filmda men uchun eng tushunarsiz qahramon – jungʻorlar malikasi boʻldi. Xalq oldida sazoyi qilinib, film davomida zindondan chiqmagan malika oʻz eliga qaytgach, toʻsatdan Samarqand va Yalangtoʻshni xuddi bu epizod atay qoʻshilgandek, maqtab ketadi. Eslasak, mashhur “Troya” filmida Troya malikasi Axillesga koʻngil qoʻyishi uchun qanchadan-qancha sabablar va voqealar koʻrsatiladi. Jungʻor malikasining muhabbati esa qachon va qaysi joyda uygʻongani tomoshabinga mavhumligicha qolaveradi.

 

Notoʻgʻri tanlangan musiqa

 

Kartina uchun tanlangan musiqalar menda juda yomon taassurot qoldirdi. Birinchidan, asosiy musiqa mashhur “Gladiator” filmi saundtrekiga juda oʻxshab ketadi. Ikki filmda ham sarkarda taqdiri va unga qilingan xiyonat aks ettirilgan boʻlsa, musiqalari ham oʻxshash boʻlishi kerak, degani emas-ku. Ikkinchidan, ayni mana shu musiqa film boshidayoq juda koʻp marta takror qoʻyilaverib, kerakli sahnalarda oʻz qadrini yoʻqotib qoʻyadi.

 

 

Pishib yetilmagan senariy

 

Filmlarning muvaffaqiyatli chiqishida eng muhim negiz – bu senariy. Agar u pishiq boʻlsa, kartinadagi uncha-muncha texnik kamchiliklarni yopib keta oladi. Ammo senariyning oʻzi xomligicha ishlatilarkan, har qanday zoʻr grafika yoki hashamatli dekoratsiya ham tomoshabinga hech narsa berolmaydi. Quruq ranglar va harakatlar uyumiga aylanadi film. Afsuski, biz “Bahodir Yalangtoʻsh”da ikkinchi holatni kuzatamiz. Misol uchun, filmda Registon maydoni haqidagi maʼlumotlar keragidan ortiq majburan tiqishtirilgan. Kino boshlanishidayoq maydon haqida dastlabki kadrlarda eslab oʻtiladi, keyinroq Registon bilan bogʻliq juda katta epizod bizni kutib turadi. Film soʻngida ham yana shu maʼlumotlar qayta beriladi. Umuman, filmning boshlangʻich 15-20 daqiqasi juda zerikarli. Yalangtoʻshning qozoqlarga yordamga otlangani koʻplab yurtlarda ovoza boʻlayotganini ketma-ket koʻrsatish bilan juda koʻp vaqt oʻgʻirlangan. Ustiga-ustak voqealar rivojiga taʼsir oʻtkazmaydigan ushbu sahnalarga film davomida yana koʻp bora murojaat etilgan. Rus, chin, jungʻor ellarining oʻzbekcha soʻzlashuvi esa shaxsan menga juda erish tuyuldi. Uch-toʻrt ogʻiz dialoglar original tilda soʻzlanib, subtitr orqali oʻzbekchaga tarjima qilinganda tomoshabin uchun sal qiziqarliroq boʻlardi, balki.

 

 

Umuman, voqealar davomida yana koʻplab savollar tugʻiladi kishida. Bulardan eng muhimi va filmga juda katta taʼsir oʻtkazgan jihat – kartina ikki qismga boʻlinib qolgan. Senarist va rejissyor bu borada nimani reja qilishgani menga qorongʻi, ammo, asosiy urgʻu mamlakat ichidagi xiyonat va nizolarga berilgani haqidagi taassurot bilan filmni koʻrayotgan tomoshabin “Yurtni tashqi gʻanimlar emas, ichki dushmanlar yemiradi”, degan fikr taqdim etilgan sahnada finalni koʻradi. Nuqta, shu asli filmning tugallanish qismi boʻlishi kerak edi, menimcha. Ammo rejissyorning fikri boshqacha boʻlgan chogʻi, kartina davomi Yalangtoʻshning butun film davomida koʻrsatilmagan jungʻorlar bilan jangga otlanishi voqealarga juda oʻxshovsiz tarzda ulanib ketadi. 

 

Shuningdek, filmning asosiy intrigasi hisoblangan saroydagi fitnalar ham yaxlit kompozitsiya yarata olmagan. Avvaliga tabiblar orqali berilgan tugundan yakunda juda yengil oʻtib ketiladi. Soʻngra soqchilar boshligʻi bilan tanishishga ham ulgurmay darhol qismati aniqlashib qoladi. Film orasiga tasodifan bir daqiqaga kirib kelgan kanizak esa barchasini chigallashtirishi va tomoshabinni xavotirga solishi kerak edi. Ammo aksincha, ayni uning iqroridan soʻng maʼlum darajada “saspenslar” orqali yetaklab kelingan joyda voqealar rivoji battar chuqurlashish oʻrniga, barchasi juda tezlashib ketadi. 

 

 

Grafika – butun boshli film degani emas

 

“Gladiator” filmi bosh qahramoni Maksimusning oilasidan ayrilib, qasos oʻtida yonishi yoki “Sheryurak” filmidagi Villyam Volsning sevgilisi oʻlimidan keyin jangga kirishi va safdoshi – shahzodaning xiyonatidan keyingi ahvoli tomoshabinga haqiqiy kino bera oladigan ajib tuygʻularni oʻta oliy darajada ulashadi. Film davomida oʻzingizni qahramonlar oʻrniga qoʻyasiz, ular uchun qaygʻurasiz va gʻanim ustidan gʻalaba qozonishlarini ich-ichingizdan xohlaysiz. Ammo “Bahodir Yalangtoʻsh” filmi yaxlit badiiy kompozitsiyasidan koʻra jang sahnalari, vizual effekt va yorqin kadrlari bilan tomoshabinni koʻproq hayratga soladi. Albatta, oʻzbek filmi va Gollivud kartinalarini solishtirish ijodkorlarga biroz erish tuyulishi mumkin. Ammo, “Bahodir Yalangtoʻsh”ning muvaffaqiyatsizligida grafik imkoniyatlar emas, aynan senariydagi xatoliklar katta rol oʻynaganini hisobga olsak, bu solishtiruvni ayblab boʻlmaydi, nazarimda. Agar tomoshabin va rejissyor sifatida bu ikki shartdan birini tanlash zarur boʻlsa, men mukammalroq senariyda, texnik jihatdan esa soddaroq suratga olingan filmni tanlagan boʻlardim.

 

Shohruh NORQULOV,

Rejissyor, kinoshunos.

 

Oʻxshash maqolalar: Bahodir Yalangtoʻsh filmi tahlili – Mutaxassislar nima deydi?

Byudjeti 31,5 milliard soʻm boʻlgan Bahodir Yalangtoʻsh filmining premyerasi boʻlib oʻtdi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//