O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Bioorganik kimyo instituti direktori, kimyo fanlari doktori, akademik Abbosxon To‘rayev ilmning murakkab, ammo sharafli yo‘lini bosib o‘tayotgan fidoyi, jonkuyar ustozlardan. Uning yigirmadan ortiq ixtirosi tibbiyot va qishloq xo‘jaligida keng qo‘llanib kelayotir. O‘nlab shogirdi xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirofga sazovor bo‘lgan. Suhbatimizda domlaning hayot va ilm yo‘li, institutdagi jarayonlar, rejalari haqida gaplashdik.
– Domla, sizning shaxs sifatida, olim sifatida kamolga yetishingizda kimlarning, nimalarning o‘rni muhim bo‘lgan?
– Oilada olti farzandning beshinchisiman. Ishchilar oilasida voyaga yetdim. Ikki akam, ikki opamning ortidan ergashib, ulardan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Ota-onam bizga halol luqma yedirib, poklik, to‘g‘riso‘zlik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik kabi fazilatlarni singdirib o‘stirgan. Unday bo‘lishing kerak, bunday qilishing kerak deb emas, o‘z harakati bilan namuna edi ular. Uyimizda biror marta birovlar g‘iybat qilinmas, ko‘chadagi gap ko‘chada qolgan, doim odamlarning ibratli tomonlari tilga olingan. Uydagi tarbiya to‘g‘ri bo‘lgan ekan – opalarim ham, akalarim ham hayotda o‘z yo‘llarini topib ketishdi.
Mening bu sohani tanlashimda opamning o‘rni katta. U kishi o‘ta savodli, ikki tilda ravon so‘zlashadigan mutaxassis edi. “O‘qituvchi” nashriyotida muharrir bo‘lib ishlardi. To uzatilib ketguncha, undan keyin ham opam bilan juda inoq edik, turli mavzuda qizg‘in bahslashardik. Talabalik paytimdayam opam men bilan fikrlashishni yaxshi ko‘rardi, shaxsiy qarashlarimni hurmat qilardi. Endi o‘ylab qarasam, aslida meni fanga qiziqtirish uchun ham muayyan mavzuni o‘rtaga tashlab fikrimni so‘rab turgan ekan. Opam kimyodan masalalar to‘plamini tarjima qilgan. Shu jarayonda kitobdagi masalalarni birgalashib yechib chiqdik va berilgan masalalar sharti to‘g‘ri-noto‘g‘riligini tekshirib olardik. Alqissa, shu sohaga ishtiyoqimni menda opam uyg‘otgan desam ham bo‘ladi.
Kichkina opam Mavluda Ismatova ham o‘ta ziyoli, ta’bi nozik edi. Ona tili va adabiyotdan dars bergan, yaxshi tashkilotchi edi. U 1998-yilda “O‘zbekiston qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan. Bu opam tirishqoqligi, tashkilotchiligi, faolligi bilan menga motivatsiya berib turgan. Insonning tarbiyasida, yetuklikka erishishida muhim uchlik – ota-ona, maktab va atrofdagi muhitning o‘rni juda zarur degan gapni ko‘p ta’kidlayman. Atrofimdagi do‘stlarim ham hammasi o‘qimishli, ilmga chanqoq bolalar edi. Kimnikiga borsak, o‘sha uyda ota-onaning bir-biri bilan samimiy munosabati, bolalariga mehribonligi, yuqori madaniyatni ko‘rardim. Bizni o‘z bolasidek qabul qilishardi. O‘z o‘rnida mening ota-onam ham o‘rtoqlarimni farzandlaridek e’zozlashardi.
Ota-bobolarimiz “Yetti mahalla ota-ona” degan gapni bejiz aytmagan. Shukur, atrofda hamma bir-birini tanigan, bir-biriga qayg‘urgan muhitda o‘sdik. Odam bolaligidan xarakterini shakllantirishi kerak deb o‘ylayman. Chunki hayot yo‘llari o‘nqir-cho‘nqir, past-u balandliklardan iborat. Doim ham hammasi silliq kechavermaydi, shunday vaqtda iroda mustahkam, iymon salomat bo‘lsa, sinovlardan eson-omon o‘tib oladi.
Maktabni a’lo bahoga o‘qib, oltin medalga bitirganman. U paytlari medallilar oliy o‘quv yurtiga bitta imtihon bilan kirardi va men Toshkent davlat universitetining kimyo fakultetiga o‘qishga kirganman.
Olim sifatida shakllanishimda ustozlarning roli juda katta bo‘lgan. Ularga ergashib yo‘limni topishga harakat qildim, o‘z ustimda qattiq ishladim. Ilm yo‘lini tanladingmi, hammasini puxta, mukammal qilishga harakat qilish kerak, quruq gap, chala bilim bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Ilm mukammallikni yaxshi ko‘radi. Shukur, har taraflama Xudo yorlaqagan odamman. Akademik Hamdam Usmonovday domlalarga ro‘baro‘ bo‘ldim. Professor Shamsiddin Najmiddinov rahbarligida nomzodlik ishi yozdim. Yaqin-yaqingacha domlaning maslahatlarini olib turardim. Rahmatli domlam ikki yil burun ham telefon qilib, “Vaqtingiz bormi, falon ovqatni tayyorlab qo‘ydim, bir kelib ketmaysizmi?” deb qo‘ng‘iroq qilardi. Bir-birimizga mana shunday mehrimiz bor edi.
Respublikamizda kimyogar olimlar ko‘p. Men hammasini qadrlayman, shulardek bo‘lishga harakat qilaman, ulardan ko‘p narsani hanuzgacha o‘rganaman. Xuddi shunday ustozlarimizdan yana biri institutimizda o‘ttiz yil direktor bo‘lib ishlagan Shavkat Solihov domlaning faoliyatimda o‘z o‘rni bor. Men u kishidan ko‘p narsa o‘rgandim, uzoqni ko‘ra biladigan, strategiyasi kuchli inson edi. Shu insonlarning har biri olim bo‘lib yetishishimda maslakdosh, ibrat bo‘lishgan.
– Abbosxon aka, siz uzoq yillardan buyon Biorganik kimyo institutida direktor o‘rinbosari, direktor lavozimlarida ishlab kelayapsiz. Faoliyatingiz davomida qanday ilmiy kashfiyotlar qilindi?
– Ilmda bir qator yutuqlarga erishishimda ustozlar bilan bir qatorda shogirdlarimning ham xizmati beqiyos. Ular bo‘lmaganda bu natijalarga bir o‘zim erisholmasdim. Mana shu shogirdlarning ilmiy darajasi, saviyasi bilan ko‘p ishlarni amalga oshirdik. Ularning ko‘pchiligi hozir nufuzli universitetlarda, muhim idoralarda ishlaydi. Sakkizta doktorlik dissertatsiyasiga, yigirmadan ortiq nomzodlik, PhD dissertatsiyasiga rahbarlik qildim.
1984-yilda jarrohlik sohasida qatorasiga beshta kashfiyot qilganmiz. Ilk ilmiy faoliyatim to‘g‘ridan-to‘g‘ri tibbiyot bilan bog‘liq edi. Polimerlarni meditsinada ishlatish, ularni qanday qilib jilovlash, nima qilsa ularning xususiyatini o‘zgartirsa bo‘ladi – ilmiy ishimiz shu yo‘nalishda edi.
1980-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutining urologiya kafedrasida (hozir o‘sha urologiya kafedrasi kengayib, katta institut bo‘ldi) ishlardim. Masalan, buyrak rak bilan kasallangan bo‘lsa, kateter bilan kirib, buyrak saratonini imbolizatsiya qilib, qon tomirining ichi maxsus modda bilan to‘ldirilardi. Menga mana shu maxsus moddani ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Ushbu material 1984-yilda amaliyotda qo‘llandi va Toshkentda ishlab chiqarila boshlandi. Barcha Sovet ittifoqining barcha respublikalaridagi shu soha shifoxonalariga maxsus preparat sifatida sotildi. Bu preparat hozirgacha ayrim nozik operatsiyalarda ishlatiladi. Keyin 1987-yili qon to‘xtatuvchi “gelesil” degan preparat yaratildi va uni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu dori ham uzoq yillar davomida amaliyotda qo‘llab kelindi. Qandli diabetda chiqqan yarani tuzatish juda qiyin, bu “тропическая язва” deyiladi, juda ko‘p yiring chiqadi, yarani tozalab bo‘lmaydi. Shunday modda topish kerak ediki, yaraning ustiga qo‘ysangiz o‘sha yiringni so‘rib olishi kerak. Bunaqa modda biz bilan bir vaqtda Yaponiyada ham yaratildi, ularda depressant, bizda “gelesil” deb nomlandi. Bu mahsulotimiz ham ko‘p yillar davomida amaliyotda qo‘llab kelinmoqda.
Hozirgi kunda keng qo‘llanadigan gemostatik gubka, ya’ni qon to‘xtatuvchi mahsulot va o‘zi so‘riladigan va so‘rilmaydigan xirurgik iplar ham bizning ixtiromiz bo‘yicha ishlab chiqariladi. Har bir kashfiyot oldin uzoq o‘rganiladi: uning organizmga ta’siri, zaharli-zaharlimasligi, bitayotgan yarani yana kuchaytirib yubormasligi – hammasi kuzatiladi. Institutimizda ko‘p yillardan beri dorilarning foydali va zararli jihatlari o‘rganiladi. Chunki bir dori bitta a’zongizga davo bo‘lsa, boshqasiga zarar qilishi mumkin. Buni biz aniqlab berishimiz kerak.
Sil kasalligida ishlatiladigan “izoniazid”, “etambutol”, “rifampitsin”, “pirazinamid” kabi dorilar bor. Bularning hammasini alohida-alohida ishlatsa ham bo‘ladi, ammo silda bakteriyalarning shunaqa shtammlari borki, bitta dori kirsa, darrov moslashib oladi. Shuning uchun silni ikki-uchta dori qorishmasidan hosil bo‘lgan aralashma – “mayrin” degan preparat bilan davolashadi. Bu “izoniazid”, “etambutol” va “rifampitsin” aralashmasidir. Shu tarkibdagi “izoniazid” organizmga kirgach, 25 foizigina kasallikni tuzatishda ishtirok etsa, qolgan 75 foizi jigarga salbiy ta’sir ko‘rsatib, keyin chiqib ketadi. “Etambutol”ning esa yarmi ta’sir qiladi, yarmi chiqib ketadi, “rifampitsin”ning esa zaharli moddasi organizmga nojo‘ya ta’sir qiladi. Mana shularning zararini kamaytirish maqsadida biz “biomayrin” degan dorini ixtiro qildik. Bir shogirdimiz shu bo‘yicha doktorlik ishi ham yoqladi. Oldingi “mayrin” aralashmasi dori bo‘lsa, “biomairin”da biz uni ipga tizgandek molekulaga osdik, u organizmda ip bo‘lib kezib yuradi-da, o‘zidan sekin-sekin moddalarni ajratib chiqaradi. Boyagi 25 foiz deganimiz 100 foiz ta’sir qiladi va jigarga zarari kamayadi, zaharliligi ozayadi. Bu dorimiz klinik sinovdan o‘tdi, endi o‘zimizda ishlab chiqarayapmiz.
Onkologiya sohasida ham ishlatiladigan dorilar ko‘p, ammo eng zarur bo‘lgan to‘rt-besh xil dori bor. Masalan, “doksorubitsin” preparati shunaqa bema’ni narsaki, u organizmdagi saratonning DNKsiga kirib funksiyasini ishdan chiqaradi, ya’ni o‘sha yerdagi ishni to‘xtatadi, bu yaxshi, ammo bu orada preparat boshqa sog‘lom hujayralarning funksiyasini ham buzib yuboradi. Natijada kimyoterapiyadan keyin soch to‘kilib ketadi va boshqa organlar ham ishdan chiqa boshlaydi. “Doksorubitsin” o‘ta kuchli dori bo‘lib, vazni bir kilolik hayvonga berilsa, uni darhol o‘ldiradi. Biz “doksorubitsin”ni ham boyagiday molekulaga ipga tizganday tizib chiqdik, shunda uning zaharliligi 100 barobardan ziyod kamaydi. Ammo bizning asosiy vazifamiz bu emasdi, muhimi molekulaga ulangan “doksorubitsin” rak hujayrasini topib borib, uning rivojlanishini to‘xtatdi.
Hali qiladigan ishlarimiz, rejalarimiz juda ko‘p. Hozirgi tibbiyotni nanotexnologiyasiz tasavvur qilish qiyin. Keyingi maqsadimiz nanozarrachalar orqali rak hujayralarining o‘sishini to‘xtatadigan maxsus dori ishlab chiqarish. Rak bo‘lgach o‘sha joydagi o‘simta jarrohlik yo‘li bilan olib tashlanganda, joyida kichkina bo‘lsa-da hujayra qoladi va xohlaymizmi-yo‘qmi, o‘sha joydan olti oydan keyin yana yangi o‘simta o‘sib chiqadi. Buni tibbiyot tilida metastaz deyiladi. Metastazning oldini olish uchun operatsiya qilingan joy, ya’ni bo‘shliqni to‘ldirish uchun, jelega o‘xshash modda ishlab chiqish ustida xitoylik olimlar bilan ilmiy izlanish olib borayapmiz. Bu modda rak hujayrasini o‘ldiradi, ammo organizmga zarari yo‘q.
– Hozirgi kunda mamlakatimizda ilm-fan rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarish va ilm-fanni uyg‘unlashtirish masalasi ham kun tartibiga qo‘yilgan. Ya’ni biz ilm-fanga e’tibor qaratamiz, mablag‘ ajratamiz, ayni paytda ilm-fan ham foydali tadqiqotlari bilan iqtisodimizni, qishloq xo‘jalagimizni va boshqa sohalarni rivojlantirishga hissa qo‘shsin. Shu nuqtai nazardan qaraganda, biorganik kimyo sohasining jamiyatimizga beradigan nafi nimalardan iborat?
– Ilm-fan rivojlanishiga, ilmga ilmday qarashga, olimlar jamiyatga nechog‘li zarurligi masalasiga O‘zbekiston Prezidenti katta e’tibor bilan qaraydi. Bu e’tibordan ilm ahlining ham ko‘kragiga shamol tegdi. U kishi 2016-yil 30-dekabrda ilm ahlini yig‘ib, mamlakatning rivoji uchun eng avvalo ilm kerak bo‘ladi deb ta’kidladi. Bu shunchaki quruq gap emasdi. Masalan, 1980-yillargacha Fanlar akademiyasida kuchli, salohiyati baland institutlar bo‘lardi, o‘z o‘rniga ega qator ilmiy maktablar faoliyat olib borardi. Keyin boshqa tashvishlar ko‘payib, ilmga e’tibor pasaydi, bu esa ta’limga ham ta’sir ko‘rsatdi. Qator institutlar tugatilib, ilmiy yo‘nalishlar yo‘q bo‘lib ketdi. Xususan, geologiya sohasida juda katta yo‘qotishlar bo‘ldi, ammo Prezidentimizning tashabbusi bilan Geologiya universiteti tashkil bo‘ldi. O‘shanda akademiyada 16 ta institut qolgandi, hozir ularning soni o‘ttizdan oshdi. Institutlar nafaqat akademiya qoshida, balki universitetlar tarkibida ham tashkil etildi.
Institutlarda mablag‘ yo‘qligidan qancha ilmiy ishlanmalar qog‘ozda qolib ketardi. O‘zim qishloq xo‘jaligida qo‘llanadigan bir nechta preparat yaratganman, uni amaliyotda qo‘llash imkoni bo‘lmagan, ya’ni sinovdan o‘tkazib, ishlab chiqarish uchun mablag‘ ajratilmagan. Xudoga shukur, Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ilm-fanga e’tibor kuchayib, ilm-fanni rivojlantirish, olimlarni rag‘batlantirish bilan bog‘liq bir qancha qaror va farmonlar chiqarildi. Mamlakatimizdagi islohotlarni xorijiy hamkasblarimiz ham e’tirof etishayapti. Endi nima kashfiyotingiz bo‘lsa, banklar bilan bog‘lanib, mablag‘ olasiz va ishingizni amaliyotga tatbiq etaverasiz, keyin bankning pulini qaytarib berasiz. Masalan, “biosolvent” degan preparatimizni ishlab chiqarish uchun “Milliy bank”dan pul olib foydalanayapmiz. Bu dorining afzalligi nimada? O‘zingiz bilasiz, sho‘r yerlarni uch marta yuvsak ham butunlay toza bo‘lishi qiyin, bu preparat bilan esa bir marta yuviladi: ham suv tejaladi, ham paxta hosildorligi 11 sentner ko‘tariladi. Bu mahsulotdan hozir amaliyotda keng foydalanilmoqda.
Institutimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan bir qancha ilmiy yo‘nalishlar bor. Qishloq xo‘jaligida zararkunandalarga qarshi biologik kurash bo‘limida feromon tutqichlari yaratiladi. 1997 yildan boshlab, respublika paxtachilik xo‘jaliklarini ko‘sak qurti, ildiz qurtiga qarshi feromon tutqichlari bilan to‘liq ta’minlab kelamiz. Hozirgi kunda chigitni ekishdan oldin “Dak 1”, “Dak 2” preparatlari bilan ishlov berilsa, unib chiqishi tezlashadi, baquvvat bo‘ladi va hosildorlik 5-6 sentner oshadi.
2020-yildan boshlab Fanlar akademiyasining institutlari bazaviy moliyalashtirila boshlandi. Yillar davomida davlatdan loyiha olinardi, ikki-uch yil to‘s-to‘polon, tanish-bilish, seniki o‘tdi, meniki o‘tmadi kabi g‘alvalar bo‘lardi. O‘tmasa o‘sha jamoa qayerdan ish topsa topdi, aks holda maoshsiz qolardi. O‘zbekiston Prezidentining birinchi navbatda qilgan ishi shu bo‘ldiki, loyiha davlat tomonidan moliyalashtiriladigan bo‘ldi. Bizning institutda 160 ta ilmiy xodim bor, 112 tasiga davlat mablag‘ ajratdi, bajarish kerak bo‘lgan vazifalar belgilandi, agar yana qo‘shimcha loyiha olib bajarsangiz, uning ham pulini olishga haqingiz bor.
– Adabiyotda avlodlar to‘lqin-to‘lqin bo‘lib keladi degan gap bor. Ya’ni, ulug‘vor evrilishlar, ijtimoiy yangilanishlar davrida yangi tafakkurga, dunyoqarashga ega katta iste’dodlar guruhi shakllanadi. Keyin orada ma’lum muddat tanaffus bo‘lishi mumkin. Va yana bir davr keladi-yu, o‘zining ulkan iste’dodlarini yuzaga chiqaradi. Ilmda ham shunday davriylik bormi?
– Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, 1965–1970-yillarni men O‘zbekiston uchun shunaqa davr deb bilaman. O‘shanda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondagi ilmiy darajani bizniki bilan solishtirib bo‘lmasdi. Konferensiya, tadbirlarda uchrashib turardik, hammasidan xabardor edik. Bizning olimlarning salohiyati, saviyasi ancha baland edi. Hozir ba’zan buning sababi nimada bo‘lgan ekan deb o‘ylab qolaman va o‘zimcha javob topgandek bo‘laman. Ularning baxti, yutug‘i o‘z ziyolisini, ilm ahlining boshini silaydigan rahbar, qo‘llab-quvvatlaydigan hukumatning borligida bo‘lgan. O‘sha davrda Sharof Rashidov respublika rahbari, Habib Abdullayev akademiyaning prezidenti bo‘lgan.
Habib Abdullayev juda kurashuvchan, haqiqatparvar odam bo‘lgan. Shu fe’li tufayli boshida ko‘p kaltak singan va ellik yoshida olamdan o‘tib ketgan. U kishi yoshlarimizni ilmli qilaman deb chetga olib borib joylashtirib kelavergan. Natijada ular o‘qib qaytgach, fanda juda katta ko‘tarilish bo‘lgan. Hozir ham shunday yoshlarimizni, yosh olimlarimizni davlat bepul o‘qitish uchun xorijga jo‘natayapti, inshoolloh, ular o‘rganib kelgan tajriba va ilmlari bilan mamlakatimizning rivojiga hissa qo‘shishadi. Yana o‘shanday avlodlar to‘lqini gurillib kirib keladi. Xorijda ilm qilib, ishlab yurgan yosh o‘zbek olimlarining ichida “Hirsh indeksi” 27 bo‘lganlari ham bor. Ularga havas qilaman va ishonaman, o‘zbek ilm-fanining kelajagi mana shunday iqtidorli yoshlarimizning qo‘lida.
– O‘z sohangizda qanday muammolarni ko‘rayapsiz va yaqin yillarda shunga mos ravishda qanday kashfiyotlar kutilishi mumkin?
– Bizda hali qilinadigan ishlar juda ko‘p. Masalan, immunoterapiya degan ibora bor. Oddiy o‘rik tanasida o‘sadigan zamburug‘ning ichidan shiraga o‘xshagan narsani ajratib olamiz (polisaxarid), shuni rakning boshlanishida bersak, o‘simtaning o‘sishini to‘xtatadi. Qanday qilib to‘xtatadi? Bu o‘zi oddiy kraxmalning boshqacha ko‘rinishi bo‘lsa? Shira organizmga kirganda u birinchi o‘simtani maydalaydi, tarmoqlangan joyi rak hujayrasining retseptoriga borib yopishib oladi, organizmning immun tizimi begona narsani qidirib topib rakni ushlaydi va uni to‘xtatadi. Yana bir yo‘nalish – nanotexnologiyada katta burilish bo‘ladi. Bular ilmda yaqin kelajakda amalga oshiriladi, bunga hamma sharoit yaratilgan. Bu asr biologiya, biotexnologiya, biomeditsina asri bo‘ladi. Hamma tabiiy fanlar birgalikda bularni amalga oshiradi va albatta fanda buyuk o‘zgarishlar yuz beradi.
Shahnoza ROFIYEVA suhbatlashdi
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 1-son.
“Xudo yorlaqagan odam” maqolasi
Adabiyot
Tarix
Til
Falsafa
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q