Hayotlik chogʻidayoq shuhrati butun olamga yoyilib, klassik sifatida tan olinish juda kam ijodkorlarga nasib etadi. Ana shunday tolei baland ijodkorlardan biri buyuk rus yozuvchisi graf Lev Nikolayevich Tolstoy edi (1828–1910).
XIX yuzyillik oxirlarida uning nomi nafaqat Rossiya, balki shunday keng diyorni ham yorib chiqib Gʻarbu Sharqqa taralgan, bu qitʼalarning-da eng sevimli muallifi sifatida shuhrat qozongan edi. Bunda uning sharq olamining maʼnaviy rahnamolari (hindistonlik Maxatma Gandi va misrlik Muhammad Abdo) bilan olib borgan yozishmalari katta rol oʻynagan. Shuningdek, uning gʻoyalarining musulmon matbuotida arab va turk tillarida targʻib qilinishi ham uni Sharqda mashhur qildi.
Tolstoy ijodi va uning jamoatchilik faoliyati bilan davlat arboblaridan tortib eng oddiy insonlargacha – millonlab odamlar qiziqqan. Sharq odamlari matbuot tinimsiz yozayotgan ana shu favqulodda shaxs, uning asarlari va gʻoyalari bilan qanday qilib yaqindan tanishish mumkinligini oʻylar edi. Sharq ziyolilarining gʻarb tillarini biladigan qismi uning asarlarining tarjimalarini mutolaa qila boshladi (dastlab yevropa tillarida, keyinroq esa rus tilida asliyatini). Oradan hech qancha vaqt oʻtmay, ulugʻ mutafakkir, Haqni izlayotgan yozuvchining badiiy va publitsistik asarlari – adabiyotning ikki janri oʻlaroq tarjima qilindi.
Tolstoyning diniy izlanishlari bosqichlari qanday boʻlgan, uni nimalar ilhomlantirgan va hayotining oxirida qanday qarorga kelgan?
Uning safarining soʻnggi manzili haqida soʻz yurita olamizmi yoki u muxlislariga oʻz dahosining nihoyatda ahamiyatli koʻp nuqtalarini qoldirib ketdimi? Nihoyat, uning Islom dini haqidagi tushunchasi qanday boʻlgan? Ushbu maqolada ana shu savolga javob topishga harakat qilinadi. Yana bir bor taʼkidlaymizki, zamonaviy Rossiyada buyuk yozuvchining musulmon boʻlgani yoki boʻlmagani dolzarb masala sifatida qizgʻin bahs-u munozaralarga sabab boʻlmoqda! Chunki jahon klassiklarining peshvolaridan boʻlgan, qoldirgan adabiy merosi allaqachon jahon klassikasi mulkiga aylangan, asarlari hali ham eng koʻp oʻqiladigan asarlar qatorida va taʼsir doirasi keng, barcha zamonlarning eng mashhur yozuvchisi boʻlib qolaveradigan yozuvchining qaysi dinga mansub boʻlganini bilish barcha din vakillari uchun ham katta ahamiyatga ega.
Bugungi kunda Rossiyada ikkita qarash hukmron boʻlib turibdi: koʻplab islomiy saytlar Tolstoyning shaxsiy maktublaridan birida “Meni Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) izdoshlardan deb hisoblashingizni soʻrayman”, deb yozgan gapini asos qilib olib, uni musulmonlardan biri deb hisoblaydi. Ammo adabiyot saytlari va muzeylarda hamda rasmiy maktab va institutlarning darsliklarida bu haqda yozilmaydi. Shuning bilan birga, yozuvchining diqqat-eʼtiborini Iso Masihning shaxsiyatini va taʼlimotini tushunishga uringani hamda Injilni zamondoshlari uchun koʻchirishga jazm etgani haqida eslatishni unutmaydi.
Tolstoyning 1901-yilda Pravoslov cherkovidan chiqarib yuborilganini hamma biladi. Shuningdek, uning hayotlik chogʻida paydo boʻlgan Butunrossiya “tolstoychilar” harakati shoʻro dahriylari davrida deyarli yakson qilingan edi. Ana shu harakat hozirgi kunda dinga daxldor harakat sifatida qayta tiklanmoqda va protestantlik formalaridan biri oʻlaroq shakllanmoqda.
Xoʻp, Lev Tolstoyni musulmon deb aytish mumkinmi yoki yoʻqmi? Rus va jahon adabiyotining yirik vakilining diniy mansublik borasidagi soʻnggi qarori qanday boʻlgan?
Tolstoy Islom va musulmonlar haqida nimalarni bilgan?
Avvalo, Tolstoyning hayotida musulmonlar va ular eʼtiqod qiluvchi Islom dini bilan kesishgan nuqtalar boʻlganmi, yoʻqmi va u Islom haqida nimalarni bilgan, shuni aniqlashtirib olmoq kerak. Ayon boʻlishicha, uning musulmonlar bilan shaxsiy aloqalari va Islom dini haqidagi bilimlari rus klassiklarining hammasinikidan koʻp boʻlgan.
U 13 yoshga kirgan vaqtida oilasi Qozonga koʻchib boradi. Volga boʻyidagi oʻrta asrlarda Volj bulgʻorlari mamlakatining markazlaridan biri boʻlgan qadimiy shaharni XVI asrda rus bosqinchilari ishgʻol qilgan boʻlsa-da, shahar aholisi baribir eski islomiy hayot tarzini, urf-odatlarini saqlab qolgan edi. (Hozirgi Rossiya federatsiyasi tarkibidagi Tatariston respublikasi poytaxti – Qozon, tatar xalqining musulmonlik xususiyatlari aynan shu yerda shakllangan).
Boʻlajak yozuvchining bobosi Ilya Andreyevich 1815-yildan 1820-yilgacha aynan Qozon shahri gubernatori boʻlgan. Uning qabri hozir ham Qiziq qabristonida saqlanib turibdi. 1844-yil yosh Tolstoy Qozon universitetidagi sharq tillari boʻlimining falsafa fakultetiga oʻqishga kiradi (keyin u oʻqishini huquqshunoslik fakultetiga oʻtkazadi va u yerda toʻliqsiz ikki yil oʻqiydi). Unchalik koʻp vaqt boʻlmagan esa-da, Tolstoy yirik olim, Rossiya sharqshunosligi asoschilaridan biri boʻlgan Mirzo Kozimbek (1802–1870) rahbarligida arab va turk tillarini oʻqidi. “Oʻqidi” degani, albatta, oʻrganib oldi degani emas. Bu oʻrinda faqat uning arab va turk tillari bilan tanishgani haqida soʻz yurita olamiz.
1851-yil yozuvchining akasi Nikolay uni birgalikda Shimoliy Kavkazga borishga koʻndiradi. Tolstoy Terek daryosi boʻyidagi kazak qishlogʻida uch yil yashab qoladi va vaqti-vaqti bilan Kizlar, Tiflis, Vladikavkazga borib turadi hamda harbiy harakatlarda qatnashadi (dastlab koʻngilli, keyin esa rasman xizmatda boʻladi).
Oʻsha vaqtlarda yozilgan rasmiy tarixlarda harbiylar “Kavkazda tinchlik oʻrnatish uchun bu yerga keldi”, deyilgan. Aslida esa bu – Rossiya imperiyasining qadimdan bir qismi pravoslav, katta qismi musulmonlardan iborat boʻlgan sharq xalqlarining yerini tortib olish hisobiga mustamlakalarini kengaytirish siyosati edi. Muhammad paygʻambarning (sollallohu alayhi va sallam) sahobalari hijriy II asrda Kavkazning etagiga qadar, Darband shahriga kelgan edilar. Kavkazning koʻtarilib chiqish qiyin boʻlgan togʻli hududlarida islomlashtirish sekin, bugungi tarixchilar hisobiga koʻra yiliga bir chaqirim tezlikda borar edi. Ha, darvoqe, shuning uchun hatto bugungi kunlarda ham vaynaxlar (chechenlar), ingushlar, osetinlar va boshqa xalqlarning dindorligi va tabiati togʻliklarning qadimiy urf-odatlari sifatida saqlanib qolgan. Lev Tolstoy ana shu koʻpmillatli va murakkab olam odamlari bilan toʻgʻrima-toʻgʻri yuzlashgan edi.
Kavkazning ajoyib tabiati, urushayotgan taraflarning hayoti va maʼnaviyati, islomiyat tufayli “ruhlarining togʻdek” yuksalgani Tolstoyning avtobiografik povesti “Kazaklar”, hikoyalari “Kutilmagan hujum”, “Oʻrmon kesish” va yana keyinchalik yozilgan povesti “Hojimurod”da tasvirlangan.
Rossiyaga qaytganidan soʻng kundaligiga “bir-biriga qaramaqarshi boʻlgan – urush va ozodlik gʻayritabiiy va shoirona ruhda birlashib ketgan ana shu yovvoyi oʻlkani sevib qolganini” qayd etib qoʻygan.
Adib umrining soʻnggi kunlariga qadar kavkazlik doʻstlarini xotirlab, ulardan minnatdor boʻlib oʻtdi. Bir safar oʻyinqaroq yosh graf qartaga katta miqdorda pul yutqazib qoʻyadi va qarzdorlik chohiga qulay boshlaydi. Oʻshanda chechen Sado Miserboyev uning joniga oro kirib, u yutqazgan pulning barchasini qaytarib yutib olib beradi.
Tolstoyning mashhur “Sevastopol hikoyalari” Qirim urushi, Sevastopolni inglizlar qurshovga olgani, bu urushda yosh yozuvchi-zobit artilleriya batareyasiga komandirlik qilgani, shaxsiy jasorat koʻrsatgani uchun Anna ordeni va medal bilan taqdirlangani haqida yozilgan. Qirimda u nafaqat qahramonlik va urush fojeasini, balki ushbu mintaqaning mahalliy aholisi boʻlgan qirim tatarlarining tabiatini ham oʻrgandi. Bundan tashqari, oʻsha yillarda yosh zobitda, keyinchalik Tolstoy qarashlarida paydo boʻlgan eng muhim gʻoyalaridan baʼzilarini taxmin qilish mumkin: Qirimda u Iso Masihning amalda tozalangan dini – “yangi dinning asosini” oʻrganishni orzu qilgan.
Oradan bir oz vaqt oʻtib – 1899-yil Misrning bosh muftiysi boʻlgan Islom dinining mashhur islohotchisi Muhammad Abdo (1848–1905) bilan xat yozisha boshlagan. U esa panislomizm nazariyotchisi Jamoliddin Afgʻoniyning (1839–1897) shogirdi va safdoshi edi. Abdo bilan yozishmalar – Tolstoyning Islom nazariyasiga va dunyo xalqlarining turmushini yaxshilash borasidagi ijtimoiy islohotlar salohiyatiga boʻlgan jiddiy qiziqishini ifoda etadigan, juda ham qiziqarli boʻlgan alohida mavzu.
Paygʻambar alayhissalom tilida gapiradigan arab olimi bilan munosabat oʻrnatish Tolstoy uchun juda ham ahamiyatli edi. Zotan, uning oʻzi koʻplab hadislarni rus tiliga oʻgirgan edi. Tolstoyning nazdida, hadislardan rus oʻquvchilarining ham xabardor boʻlishi boshqa xalqlarning dahosidan xabardorlik belgisi edi.
Yanada ajablanarlisi, Lev Tolstoy musulmon turklar bilan ham yaqin munosabatda boʻlgan. Bir soʻz bilan aytganda, axloqiy nasr, soʻngra publitsistika Rossiya jamiyatining nochor ahvolini va insonlarni Iso Masih taʼlimotidan xiyla uzoqlashtirib yuborgan (Lev Nikolayevich nazdida). Pravoslav cherkovi olimlari Rossiya imperiyasidagi musulmon turk xalqlari Lev Nikolayevichda juda katta taassurot qoldirganini eʼtirof etadi.
Tolstoy asarlarini birinchi boʻlib 1896-yildan boshlab ozarbayjonlar oʻz tiliga faol tarjima qila boshladilar.
U anʼanaviy musulmonlik tarafdorlari va yangicha qarashga ega musulmon tatarlar bilan yozishib turgan va koʻpchiligi bilan uchrashib suhbatlashgan ham. Uning hayotining bu tarafi – tatarlar bilan dialogi ham qiziqarli alohida mavzu. Tolstoy arab olimi bilan faqat yozishib turishga imkon topgan boʻlsa, tatarlar bilan koʻp bor yuzma-yuz oʻtirib suhbatlashgan. Zamonaviy tadqiqotchi Ozod Oxunovning aytishicha, “1905–1907-yillarda, tatarlarning shiddatli milliy yuksalishi davrida tatar matbuotida Lev Tolstoyga shu qadar koʻp eʼtibor qaratildiki, boshqa rus yozuvchilarning barchasini toʻplasa ham uning yaqiniga kela olmas edi”.
Uni gʻayritabiiy ravishda diniy masalalar, xususan, Islom yoki oʻsha vaqtlar tili bilan aytganda, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) dini oʻziga tortar edi. Tatarlar buni bilishar va unga oʻz eʼtiqodlari haqida yozishar edi: soʻrashardi, maslahatlashardi, bahslashardi. Ularga javob berardi. Tatarlar Tolstoyga faqat xat yozish bilan kifoyalanmasdan uning huzuriga – Yasnaya Polyanaga ham koʻp kelishardi. “Tolstoy va tatarlar” mavzusi bagʻoyat keng va ajoyib mavzu. XIX asrning oxirlari XX yuzyillik boshlarida Lev Nikolayevich Tolstoy hayotiga va ijodiga murojaat qilmagan birorta tatar yozuvchisi va jamoat arbobi qolmagan edi...
Shayx Qosim Subayev Qozonda turib Tolstoyga yozgan edi: “Buyuk axloq ustoziga. Men rossiyalik barcha musulmonlar nomidan insonlarga diniy va milliy mansubligidan qatʼi nazar umumxalq sifatida qarashga oʻrgatganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Bundan tashqari, Siz, buyuk hayot muallimi, boshqirdlar hayotini tasvirlovchi ixcham, ammo gʻoyat qiymatli boʻlgan “Ilyos” povestini yozdingiz. Uni men oʻz tilimizga tarjima qilib, nashr ettirdim”. Bu yerda Rossiyadagi yana bir musulmon xalq – boshqirdlar tilga olinadi. Boshqirdlarning Qoralik degan joyiga 1862-yil Tolstoy qimiz ichib davolanish uchun borgan edi.
Taʼkidlash joizki, Tolstoy xorijdagi islom davlatlariga bormagan. Islom bilan faqat kavkazliklar, tatarlar va boshqirdlar vositasida tanishgan. Uning “Islomga sayohati” bu – Shimoliy Kavkaz, Astraxan, Orenburg va Boshqirdiston, tatarlarning aholi punktlari, Penza yerlari va nihoyat Qirim edi.
Rossiyada alohida qiziqish uygʻotgan mavzulardan biri Tolstoyning tatar millati vakili Isfandiyor Voinov bilan yozishmalari edi. 1901-yilning 22-fevralida pravoslav cherkovining bosh organi – Sinod junbushga kelib, Tolstoyni cherkovdan chetlatganda Voinov unga Istanbuldan xat yozgan: “Tan olaman, ularning Sizga boʻlgan bunday munosabatini koʻrib, Siz uchun juda ham qattiq qaygʻurdim. Sizni Parvardigor Oʻz panohida asrasin!”
Oʻsha yillarda Rossiya musulmonlari ham rasmiy hukumat va hukmdor cherkov qarshisida xuddi Tolstoy kabi himoyasiz va nochor edi. “Bizning muhtaram ustozimiz va jahon miqyosidagi yozuvchiga oʻxshagan mutafakkir (xushomad uchun aytilayotgani yoʻq) har yili tugʻilmaydi, asrda ham emas, ayniqsa, bizning qari onamiz Rossiya grafimiz L.N.Tolstoyni 2000-yil deganda tugʻdi. Uning ruhini doim shod qilsin, xotirasini hozir ham, kelajakda ham – har doim abadiy qilsin”, deb yozgan edi Voinov Tolstoy haqida.
“Sizning eʼtiqodingiz va tushunchangizga qarab turib, yagona Allohga iymon keltirishingizga guvoh boʻlyapman. Bu juda ham yaxshi. Ana shu – Islomga eʼtiqod va Paygʻambar taʼlimotidir”. Tolstoy Istanbuldan kelgan maktubga juda ham yaxshi javob bergan. “Sinodga javobimdagi eʼtiqodimning asosiy nuqtalari bilan sizning qarashlaringizning muvofiq kelishi meni juda ham xursand qildi. Men Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) izdoshlari bilan ruhiy muloqotda boʻlishni juda ham qadrlayman”, deb yozgan edi u Voinovga.
Biroq Isfandiyor Voinov va Lev Tolstoy oʻrtasidagi yozishmalar podsho hukumatining diqqatini tortadi va ularga xatarli yozishmadek tuyiladi. Yozuvchining Rossiya musulmonlari orasidagi obroʻsi kun sayin ortib borayotgani tezkor choralar koʻrishni talab qilayotgan edi. Oʻshanda yozuvchini xatarli shaxs sifatida badnom qilish qozonlik missioner Yakov Koblovga topshiriladi. U ushbu “muhim” vazifaga kirishib uni fosh qiluvchi “Graf L.N.Tolstoy va musulmonlar” (“Pravoslavnыy sobesednik”, 1904. – Ch.I) mavzuida katta maqola eʼlon qiladi. Maqola boshdan oyoq Tolstoy va Voinov yozishmalariga asoslanib yozilgan, lekin bu haqda bir ogʻiz ham aytilmagan. Shunday qilib, Tolstoyning davlat va cherkov bilan boshlagan munozarasi uning oʻziga va Rossiya musulmonlariga diniy jihatdan juda ham muhim, ijtimoiy tomondan esa gʻoyat xavfli edi. Tolstoyning jasorati esa koʻplab musulmonlarni ruhlantirib yubordi. Ular ota-bobolarining eʼtiqodini tiklash va mamlakatda amalga oshirilishi zarur boʻlgan demokratiya sharoitida huquqlarini tiklashni istay boshlashdi.
Tolstoyning islomiy maʼlumoti boʻlmagan, u olim ham emas, oʻsha vaqtda yevropatsentrlashgan Rossiyaning yuksak tarbiya koʻrgan insoniga xos boʻlgan bilim va tajribaga ega edi, xolos. Lekin u koʻplab musulmonlar bilan shaxsan munosabatda boʻlib XIX-XX yuzyilliklar orasida Rossiya va uning chegarasidan tashqarida diniy uygʻonishda ishtirok etdi.
Pravoslav cherkovi Tolstoy nigohida
Haqni izlash Lev Tolstoyning cherkov asoslarini tahlil qilib koʻrishiga sabab boʻldi: “Dunyo hayoti oʻzining istaganini qildi va cherkovni insonlarga hayot maʼnosini tushuntirib berishdek maqsadidan chalgʻitib yubordi. Natijada Masihning taʼlimotiga zid boʻlgan oʻz turmush tarzini oʻrnatdi va Masihning qonuniga zid tarzda hayot kechiradigan olomonni yaratdi. Va bu dunyo butunlay moddiyat dunyosiga aylandi. Jamiyat peshvolari nafaqat bu hayotni oqlashni boshladi, balki cherkov ham ularga maddohlik qilib, aynan shu hayotni Masihning taʼlimoti ekanini taʼkidlay boshladi”, deb yozgan edi Tolstoy oʻzi tugʻilib oʻsgan Yasnaya Polyanada 1909-yilning martida.
Natijada uning qalamida cherkovning shaʼniga yarashmaydigan, ochiqdan ochiq malomat qilib yozgan maqolalar yozilib eʼlon qilindi. Albatta, buning ortidan Lev Tolstoy cherkovdan rasman ajratilib, bu haqda Rossiyadagi barcha pravoslav cherkovlarida eʼlon qilindi. Buni eshitib butun mamlakat shokka tushib qoldi! Asarlar eng koʻp oʻqiladigan sevimli yozuvchilardan biri Rossiya derjavasining suyanchigʻi boʻlgan cherkovning qahriga uchragan edi.
Ruhiy tushkunlikka tushgan rus xalqi – kimdir nafrat bilan, kimdir umidvorlik ila buyuk mutafakkir yozuvchining “anafema”dan (ajratish), nasroniylik cherkovidan ayrilgandan soʻng qanday ijodiy topilmalar qilar ekan, deya kuzatib turar edi. U esa yangi tarjima ustida ishlashda davom etdi, aniqroq qilib aytganda, Injilga oʻzining ilovalarini qoʻshish ustida ishladi va nafaqat Rossiyadagi, balki xorijdagi oʻnlab ilohiyotchi olimlar va din sohasi ustozlari bilan iymon-eʼtiqod mavzuidagi koʻplab maqolalari va sogʻlom turmush tarzi haqidagi yozishmalari oʻrin olgan “Mening eʼtiqodim nima?” degan kitobini eʼlon qildi.
Uning gʻazabini qoʻzgʻagan pravoslav dogmatikasi, kuch va pulga asoslangan zoʻravonlik va adolatsizlikni muqaddaslashtiruvchi – amaldagi marosimlari, cherkov tarixi va ijtimoiy doktrinasi bularning hammasi bugungi kunimizda ham yashab kelmoqda. XXI asr musulmonlari boshqalar bilan munozaraga kirishib qolgudek boʻlsa, Tolstoyning tavhid va Qurʼoni karimning nozil boʻlishi haqidagi fikrlariga bemalol tayanishi mumkin.
Mashaqqatli izlanish kunlari, atrofidagi odamlarning uni tushunmasliklaridan siqilgan yozuvchi xatlarining birida bunday yozgan edi: “Agar siz ham men bilan bir eʼtiqodda boʻlsangiz, juda ham xursand boʻlar edim. Siz mening hayotimni ozgina oʻrganing. Turli-tuman muvafaqqiyatlar – boylik, shon-sharaf – ularning birortasi menda yoʻq. Mening doʻstlarim, hatto oilam ham mendan yuz oʻgirmoqda. Ayrim liberallar va nafosatshunoslar meni Gogolga oʻxshagan aqli zaif, jinni deb hisoblaydi. Revolyutsionerlar va radikallar mistik va vaysaqi deydi; hukumat odamlar esa oʻta xatarli revolyutsioner deb xavfsiraydi; pravoslavlar esa iblis deyishadi. Tan olaman, bularning bari men uchun juda ham ogʻir... Negaki, marhamat qilib, siz menga samimiy Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) izdoshiga qaragandek qarang, hammasi butunlay boshqacha boʻladi”.
Ana shu soʻzdan keyin shunday xulosaga kelish mumkinki, Lev Nikolayevich Islom diniga eʼtiqod qilgani unchalik aniq emas, degan gapga hojat qolmagan...
Lev Tolstoy eʼtiqodining timsoli nimani anglatadi?
Birinchidan, Islomni ochiq-oshkora qabul qilmagan, musulmoncha hayot tajribasi boʻlmagan. Shuni unutmaslik kerakki, nasroniylikdan haqiqat izlab oʻzini “samimiy Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) izdoshi” deb atagan yozuvchi ayni paytda Budda va Konfutsiylikdan ham kam hayratga tushmagan. Shuningdek, turli din vakillari bilan muntazam yozishib turgan. Masalan, Maxatma Gandi bilan ularning yozishmalarini har kuni oʻqishni maslahat beradigan mashhur tavsiyanomalar roʻyxatiga kiritish mumkin. U hind va xitoy donishmandlaridan “hammmaga birdek daxldor boʻlgan umuminsoniy haqiqat”ni izlagan edi.
Bundan tashqari, Tolstoy universallikni qidirib dastlabki kezlarda Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) taʼlimotini davom ettirayotganini daʼvo qilgan bahoizmning yaralishiga asos boʻlgan babizmni ham katta qiziqish bilan oʻrgandi. Ammo mirzo Husayn Ali Nurining (1817–1892) sunʼiy daʼvolaridan darhol koʻngli qoldi.
Komil ishonch bilan aytish mumkinki, Tolstoy ijodining soʻnggi yillarida – Iso Masih taʼlimotida haqiqat deb tan olingan narsalar asosida umuminsoniy haqiqatni izlash boʻlgan.
Uning oʻzi Injilga yozgan izohi va diniy mavzudagi maqolalarini izlanishlarining yakuniy xulosasi deb hisoblamaydi. Lekin u hayotlik davridayoq muxlislari “tolstoychilik” deb nom olgan harakatni shakllantiradi.
Ha, aynan shunday – Tolstoy rostdan ham “tolstoychilik”ni yaratdi, ammo uning oʻzi “tolstoychi” emas edi va yangi paydo boʻlgan oqimga ustoz va yoʻlboshchi boʻlishni istamadi. Keyinchalik dinshunoslar “tolstoychilik”ni haqli ravishda rus nasroniyligida neoprotestantlik deya taʼlif qildilar. Shunga eʼtibor qilamizki, uning oʻziga xos boʻlgan taʼlimoti Islomning ostonasiga kelib qolgan edi... ostonaga keldimi, demak, ichkariga kiriladi.
Nihoyat hayotining oxirgi yillarida uyni tashlab chiqqan Lev Tolstoy dastlab Shamordin monastri xizmatchisi boʻlgan singlisi Mariyanikiga boradi. Soʻngra pravoslav Rossiyasining taniqli diniy rahnamolari – Optina choʻli oqsoqollari huzuriga boradi. Pravoslav tarixchilari bu voqeaga va monax singlisi hamda oqsoqollar bilan boʻlgan suhbatlarga urgʻu berib, u Optina cherkovi bilan kelishuvga erishish uchun borgan, keyinchalik oqsoqollar jamoasi oqsoqol Varsinofeyni Tolstoyning ortidan yuborib, uning “tavba qilish va jamoaga qaytishga tayyormi yoki yoʻqligini” aniqlashni maqsad qilgan, deydi. Ulardan baʼzilari “uni kechirib, pravoslav nasroniyligi”ga qaytarish kerak desa, boshqalari qatʼiyan turib: “Tolstoy cherkovning murosasiz raqibi sifatida olamdan oʻtib ketdi, endi uni kechirishga hech qanday asos yoʻq”, deb hisoblaydi.
Moskvadagi Tolstoy muzeyining saytida bizning kunlarimizda ham Tolstoyning taʼlimoti dindan mutlaqo chalgʻitmaydi, aksincha, cherkovga kelishga yordam beradi, degan yozuvni oʻqish mumkin edi. Bu endi butunlay mavhumlik.
Insonning eʼtiqodi timsolini belgilaydigan xususiyatlarning eng muhimi, toʻgʻridan toʻgʻri Shahodat kalimasini aytishi yoki vafoti oldidan boʻlgan soʻnggi iqroridir. Agar Tolstoy birinchisini qilmagan boʻlsa, tiriklikning chegarasiga kelib qolgan choqda, oʻlimi oldidan aytgan gaplariga eʼtibor qilaylik.
1910-yilning 6 (19) noyabrida Lev Nikolayevich Tolstoy atrofida toʻplanib turgan yaqinlariga xitoban oxirgi soʻzini aytdi: “...Tushkunlikka tushmang, Lev Tolstoydan tashqari, lekin siz bir Arslonga qarab turibsiz... Erkaklar bu tarzda oʻlmaydi...” Va allaqachon unut boʻlgan tarzda: “Haqni sevaman...” Ajoyib sahna va gʻaroyib soʻzlar!
Alloh olim, bu – faqat qudrat egasiga maʼlum! Biz bu savolga aniq javob izlamaymiz – Lev Nikolayevich oxirgi xatti-harakati orqali nimani eʼtirof etgan edi?..
Ishonch bilan aytish mumkin boʻlgan yagona narsa: Lev Tolstoy Islom haqida koʻp narsani tushungan va ularni qadrlagan, sogʻlom eʼtiqoddagi turli millat vakillari bilan doʻstlashgan va ular bilan doʻstlashib maktub yozishib turgan. U bizga musulmonlar, xususan, kavkazliklar va tatarlarning yuksak badiiy obrazini qoldirdi va Islom dini haqida har qanday shubhadan xoli boʻlgan teran va hayajonli fikrlar yozdi. Undan ruhlangan “tolstoychilar”ning ommaviy diniy harakati Islomga juda ham yaqin edi, ammo ular Islomga qarab harakatlanmadi. Turmush tarzining koʻplab jihatlari va iymon-eʼtiqod masalasida musulmonlarga juda yaqin boʻlgan tolstoychilar hali ham nasroniylikning asosiy qismida qolib ketmoqda.
Harholda, Tolstoyning teranligi va qiymati bugungacha yoʻqolmagan “islomiy sahifalari” bor.
Musulmon odamga turmushga chiqqan rus ayoli Yelena Yefimovna Vekilova Tolstoyga xat yozib, oʻgʻlining Islomga kirmoqchi boʻlayotganini aytadi va qanday yoʻl tutish lozimligi yuzasidan undan maslahat soʻraydi.
U quyidagicha javob beradi: “Endi Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) dinining masihiylikdan yuqori qoʻyilayotgani masalasi (ayniqsa, sizning oʻgʻillaringiz koʻrsatayotgan olijanob sabablarga) kelsak, men bunday oʻtishga jon-dilim bilan xayrixohman. Aytsam, gʻalati boʻladi, lekin hamma narsadan masihiy gʻoyalarni va chin maʼnosida masihiylik taʼlimotini yuqori qoʻyadigan mendek bir odam ham Muhammad dini oʻzining tashqi koʻrinishi bilan cherkov masihiyligidan qiyoslab boʻlmaydigan darajada baland turadi deb bilaman. Shunday ekan, odam oldida cherkov dini yo Muhammad dinini tanlash masalasi koʻndalang boʻlsa, har qanday ongli odam ikkilanib oʻtirmaydi va hammasi Muhammad dinini tanlaydi. Boshqacha boʻlishi mumkin emas. Chunki cherkov dini troitsa (uchlik) gunoh yuvish, yashirin topinishlar, Xudoning onalari, avliyolar va ularning suratlari… singari qiyin va tushunarsiz ibodatlardan, marosimlardan iborat ilohiyotdir. Islomda esa bu narsa yoʻq. U yakka Xudoning bitta yoʻlini va u yuborgan paygʻambarlarnigina tan oladi.
Yasnaya Polyana, 15-mart 1909-yil”.
Yuqoridagilardan shunday xulosaga kelish mumkinki, buyuk rus klassigi va jahon adabiyotining peshqadam siymolaridan biri boʻlgan Lev Tolstoy hayotining soʻnggi yillarida, hech shubhasiz, Islom dinining ostonasida boʻlgan.
Ana shunday eʼtiqodga kelish uchun u oʻzi millionlab kitobxonlar uchun haqiqiy titanikning ishini qilgan: Islomdan nihoyatda uzoq boʻlgan bir oilada tugʻilgan, yevropacha va yevropotsentrik ruhda taʼlim olgan, rus imperatoriga yaqin boʻlgan, nihoyatda badavlat va graf ana shu boyliklar, imtiyozlar va shon-shuhratdan voz kechib atrof-muhitning qattiq qarshiligini yengib chiqdi, Iso alayhissalomning soʻzlarining haqligini va uning nasroniylar tarixida buzilib koʻrsatilganini hazm qila olmadi. Ana shu asosda u hamma vaqt, hamma xalqlar uchun ulkan va ochiq boʻlgan haqiqiy yakkaxudolikni topishga urindi. U joʻshqin bir muhabbat bilan Muhammad Paygʻambarning (sollallohu alayhi va sallam) hadislarini rus tiliga tarjima qildi.
Hayoti dunyodan u Haqni izlovchi pokiza inson sifatida oʻtdi. Kitobxonlar uchun uning din yoʻlidagi harakatlarining qiymati ana shunda. Qolganlarini Allohning Oʻzi hukm qiladi. Zotan, bizning qalbimiz faqat Unga tegishlidir. Allohu alim!
(Qisqartirishlar bilan eʼlon qilindi).
Mualliflar: Said KAMILOV, Jannat Sergey MARKUS
Tarjimon: Damin JUMAQUL
Adabiyot
Tarix
Til
Falsafa
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q