Nobel qoʻmitasidan xat olgan oʻzbek olimi


Saqlash
15:06 / 19.06.2024 1148 0

Oʻshanda tugʻilgan kunim edi. Pochtadan xat keldi. Ichida Piyer Ogyust Renuar qalamiga mansub surat bor ekan. Unda mehr bilan pianino chalayotgan qiz tasvirlangan. Orqasini oʻgirsam, xat otamdan. Entikib, xursand boʻlib oʻqiy boshladim. Otam “Toshkentga qaytishim bilanoq tugʻilgan kuningni oilaviy nishonlaymiz, suratdagi qiz kabi pianino chalishni qunt bilan oʻrganishing kerak” deb yozgandi. Ishonasizmi, “Seni oʻpib qoluvchi otang. Parij, 1963-yil 26-yanvar” deb tugatilgan suratli xat koʻnglimni togʻday yuksaltirdi... Bu xatni hanuz shaxsiy buyumlarim orasida saqlayman. Shu kungacha million marta oʻqigan boʻlsam kerak... 

 

 

“Abdulaziz”ning “Yolqin”ga aylanishi

 

Inson xotirasi juda hayratlanarli. Atrofdan kelayotgan son-sanoqsiz signallar miya hujayralarida iz qoldiradi, xotirada saqlanadi va eng muhim lahzalarda tiriladi. Toʻgʻrisi, hamma hodisalar ham esga tushavermaydi: baʼzilari izsiz oʻchib ketsa, boshqalari abadiy yashaydi. Abadiyatga muhrlangan xotiralar har eslanganda hislaringizga, kezi kelsa hayotingizga taʼsir qiladi. Adoqsiz sogʻinch iskanjaga olganda otam Yolqin Toʻraqulov haqidagi xotiralarim qayta va qayta jonlanadi, kino tasmasiday koʻz oʻngimdan oʻtadi. Yaxshiyam xotiralar bor, yaxshiyam ular sevimli insonlarimizni yodga solib turadi.

 

Gapni otamning bolaligidan boshlasam. Otamning asl ismi Abdulaziz boʻlgan. Alanga, mashʼal maʼnolarini anglatuvchi Yolqin ismini keyin ustozi qoʻygan. Otam oʻz xotiralarida bu haqda shunday yozgan: “Oʻzbek tili va adabiyotidan dars bergan ustozim, “Qopchigʻay” dostoni muallifi shoir Rafiq Moʻminov sheʼriyatga mehrim boʻlakchaligini koʻrib, meni Yolqin deb atay boshlagan. Boshqa oʻquvchilarga ham noodatiy – Uchqun, Alanga ismlarini bergan. Ular bu ismlarni saqlab qolganmi-yoʻqmi bilmayman, lekin meni hamma shu ism bilan tanirdi, chaqirardi. Koʻpgina sheʼrlarim va maqolalarim matbuotda shu taxallus bilan bosildi”.

 

Otamning bolaligi Qozogʻistonning Merkesida oʻtgan. Merke – bugungi Qozogʻiston janubidagi Tyanshan togʻoldi hududida joylashgan, ancha mashhur tarixiy shahar. U yerdan bir paytlar Buyuk ipak yoʻli oʻtgan va XX asr boshlarida ham bu joylar savdo yoʻlining chorrahasi boʻlgan. Merkeda gavjum bozor boʻlib, uzoq-uzoqlardan savdogar-u xaridorlar oqib kelgan. Otamning buvasi mulla Toʻraqul ishbilarmon boʻlgani bois muqim yashash uchun oilasi bilan Toshkentdan koʻchib borgan. Zamonasining maʼrifatli kishisi, diniy va dunyoviy bilimlar sohibi boʻlgan. Toʻraqul buvam farzandlarining ilm olishiga alohida eʼtibor qaratadi. U kishining toʻngʻichi, bobom Xolmuhammad Toʻraquliy (Xolmat domla nomi bilan mashhur boʻlgan) zamonasining nihoyatda maʼrifatli kishilaridan biri boʻlib, axloq-odob bobida uning oldiga tushadigani boʻlmagan deyishadi. Qarindosh-urugʻlarning xotirlashicha, Xolmat domlaning kattagina uyi boʻlib, ichi toʻla kitob ekan. Holbuki, kimning uyidan arab imlosidagi kitob chiqsa qatagʻon qilingan zamonlar...

 

Shohidlarning hikoya qilishlaricha, odamlar jazodan qoʻrqib, uylarida saqlanayotgan qoʻlyozma asarlar, bebaho kitoblarni ariqlarga oqizib yuborishgan. Oʻsha kezlar Toshkentni ikkiga boʻlib oqadigan Anhorda kitob sahifalari oqib ketayotgan manzarani tez-tez uchratish mumkin ekan. Xolmat domla ham arab imlosidagi qoʻlyozma kitoblarni halokatdan asrab qolish maqsadida bir qismini qabristondagi eski quduqqa berkitib, eng nodir kitoblarni hovliga toʻplab, devor koʻrinishida taxlagan va gʻisht terib ustidan suvab tashlagan. Bu bebaho kitoblarning taqdiri keyinchalik nima boʻlgani menga qorongʻi.

 

Xolmuhammad Toʻraquliy qalamiga mansub maqolalar XX asrning boshlarida nashr qilingan “Sadoi Turkiston” gazetasi, “al-Isloh”, “Islohot” jurnali sahifalarida saqlanib qolgan.

 

Akademik Yolqin Toʻraqulov kitobga, ilmga, adabiyotga mehrli domla Xolmuhammad Toʻraquliy oilasida tugʻilib katta boʻldi. Otam bolalik xotiralarini eslar ekan, olti yoshidan amakilari Abduqayum va Abdumalik uni fizika va matematikaning sirli dunyosiga olib kirganini bot-bot takrorlardi: “Qizdirilganda jismlarning kengayishini amakim tajriba qilib koʻrsatgan. Juda kichik emasmanmi, tajribalar menga hayratlanarli tuyulgan. Masalan, kolbaga suv toʻldirib, olovga qoʻygan. Suv koʻpaya boshlagan va hatto toshib ham ketgan”. Otamning bolaligi haqidagi shu kabi hikoyalarni eshitar ekanman, uni mana shu qiziqarli tajribalar ilm olamiga olib kirganiga amin boʻlaman. Otam tugʻma olim edi. Bilim olishga shu qadar chanqoq boʻlganki, u kishining xotira daftaridagi quyidagi bitiklarda bu seziladi:

 

“Merkedagi hayot jonli, qiziqarli va muhim voqealarga toʻla boʻlsa-da, tramva-yu kutubxonalar, teatr va turli bilim yurtlariga boy Toshkenti azimda oʻqish ishtiyoqi menga tinchlik bermasdi. Balki Toshkentda tahsil olayotgan tanishlar, qarindosh talabalarning har taʼtilda kelganda aytadigan hikoyalarini eshitib yo boʻlmasa ularning kiyinish, muomala madaniyatini koʻrib, azbaroyi ularga oʻxshashni istaganimdan shu fikrga kelgandirman... Meni havaslantirgan oʻsha talabalar orasida amakim, boʻlajak yozuvchi va tarjimon Mannon Royiq, shoir Uygʻun, dramaturg Umarjon Ismoilov ham bor edi. Aynan ularning suhbatidan keyin Toshkentga ketishga qattiq ahd qilganman. Ota-onamning qarshiligiga qaramay, toʻqqiz yoshimda birinchi marta poyezdga oʻtirib orzularimda yashayotgan shaharga keldim. Amakimning saʼy-harakati bilan Karl Libknext nomidagi maktabda oʻqiy boshladim”.

 

 

Mikroning makro shijoati

 

Otam oʻgʻillaridan koʻra meni koʻproq yaxshi koʻrardi. Ikkovimiz bir-birimizni yaxshi tushunardik. Onam ukalarimga suyanardi. Men esa otamga oʻxshashga harakat qilardim. U kishiday tirishqoq, mehnatkash, ilmli boʻlishga intilardim. Otam oʻn toʻrt yoshida Oʻrta Osiyo tibbiyot institutining tayyorlov kursiga qabul qilinganini koʻp aytardi. Aslida muhandis boʻlishni orzu qilgan ekan. Lekin iqtidorli oʻsmirlarni oʻqishga jalb qilishga kelganlar otamning ilmga chanqoqligini koʻrib, tibbiyot institutida ham muhandislik boʻlimi bor deb ishontirgan. Tabiiyki, otam tayyorlov kursida oʻqishga rozilik berib yuboradi. Ammo iqtisodiy jihatdan juda qiynalgan. Taxtapuldan Xadragacha piyoda kelib, shu yerda tramvayga oʻtirib, institutga qatnagan. Hatto yalangoyoq qatnagan boʻlsa-da, oʻqishga ishtiyoqi soʻnmagan. Kursdagi eng yoshi kichik, tirishqoq va bilimli talaba boʻlganidan boshqalar u kishini hazillashib Mikro deb chaqirarkan. Oʻqishga yalangoyoq qatnayotganini koʻrgan kimyo kafedrasining mudiri Sattor Jabbor (Yolqin Toʻraqulovga ilk tajribalarni mustaqil oʻtkazishni oʻrgatgan va nemis tiliga mehr uygʻotgan) va olmon olimi England (rus tilini yaxshi bilgan otam olimning maʼruzalarini talabalarga oʻzbek tiliga tarjima qilib turgan) bir kuni doʻkondan oyoqkiyim va kostyum olib beradi.

 

Otam institutni tugatib, shu yerda kimyo, organik kimyo va biokimyodan dars oʻta boshlaydi. Ayni vaqtda chet tili institutida nemis tili fakultetida sirtdan oʻqiydi. Xullas, tirishqoq Mikro yigirma ikki yoshida, yaʼni 1939-yili farmatsevtika instituti rektori etib tayinlanadi.

 

Otam bir vaqtning oʻzida bir nechta ishni bajara oladigan kuchli inson edi. Baʼzida uning bu shijoati, harakatiga qoyil qolardim. Atrofdagilar ham qanday qilib shuncha ishga ulgurish mumkin deb hayron boʻlishardi. Otam vaqtini doim toʻgʻri taqsimlar, oʻziga juda talabchan edi. Soatlab gaplashib oʻtirishlar, bayramlarni u qadar xushlamas, bularning hammasini vaqtni havoga sovurish deb hisoblardi. Ishdan doim bir vaqtda qaytib, bir vaqtda ovqatlanib, vaqtida uxlab, vaqtida turardi. Bir umr ovqatlanishga qattiq eʼtibor qaratdi – hamma narsaning meʼyorida va sifatli boʻlishini istar va boshqalardan ham shuni talab qilardi. Hatto “betob boʻlishga-da ruxsat yoʻq, zamonasining ziyoli kishisi albatta sogʻlom boʻlishi kerak” derdi har doim. Otam oʻzini ruhan va jismonan juda qattiq tarbiya qilgan edi.

 

 

Olovli yillar

 

Otamning eslashicha, urush boshlangan kuni uchuvchi oʻrtogʻi Temir akaning uyida mehmonda boʻlgan. Tramvayda uyga qaytar ekan, radiodan urush boshlangani haqidagi eʼlonni eshitadi. Oʻsha kuniyoq hamma qatori urushga chaqiruv qogʻozi oladi. Faqat tayyor dissertatsiyasini himoya qilib olish uchun uch kunga ruxsat soʻraydi.

 

Dissertatsiya himoyasidan soʻng urushga otlanadi. Janglardan birida qattiq yaralanadi va harbiy kasalxonaga joʻnatiladi. Tuzalib chiqqach, frontda shifokor boʻlib ishlay boshlaydi. Oʻsha kunlarni eslar ekan, bosh qashishga vaqti boʻlmagani, kunlab uxlamasdan ishlagani haqida aytardi. Tibbiy yordamga, zudlik bilan jarrohlik amaliyoti oʻtkazishga muhtoj askarlar... Oʻzimcha u kunlarni tasavvur qilardim. Otam oʻsha mashʼum kunlarni kino tasmasiday bir ipga tizib gapirib berardi. 1943-yili bir manzilda ishini bitirib, barcha kerakli anjomlarni mashinaga yuklab, yoʻlga otlanayotganda mina portlab ketadi. Qattiq jarohat olgan otam moʻjiza tufayli tirik qoladi.

 

Urush yillari otam Hamid amakim bilan xat yozishib turgan. 1944-yilning aprelida Penzadan ukasiga davolanishni Toshkentda davom ettirish maqsadida hospitalning qaydnomasi biriktirilgan xatni yoʻllaydi. Telegramma yetib kelmaydi, uydagilar xavotirga tushadi. Bobom akasidan xabar olib kelishga amakimni Penzaga yuborish tadorigini koʻra boshlaydi. Bu orada otam poyezdda uyga qaytadi. Yoʻl-yoʻlakay otam yoʻldoshlariga urushga ketguniga qadar farmatsevtika institutida rektor boʻlib ishlagani, dissertatsiya yoqlagani, kutib olgani qarindoshlari, joʻralari, yaqinlari, talabalari chiqishini toʻlqinlanib gapirib beradi. Hech kim otamga ishonmaydi. “Esiz-a, rektor paytim xodimlar bilan tushgan suratimni olmabman, koʻrsatardim-da” deb astoydil pushaymon boʻladi. “Ha, mayli, yetib olaylik, koʻzlari bilan koʻrib albatta ishonishadi” deb oʻziga oʻzi tasalli beradi.

 

Bu voqeaning eng kulgili joyi shuki, poyezd manzilga yetib kelib, otam qoʻltiqtayoqda perronga tushsa, uni kutib olgani hech kim chiqmagan ekan. Tabiiyki, bu holni koʻrib poyezdda birga kelgan hamrohlarining hafsalasi pir boʻlgan. Vokzalda yolgʻiz oʻzi qolib ketgan otam qayoqqa borishini bilmay, oʻylab-oʻylab, shu yaqinda yashaydigan kursdoshining uyiga boradi. Kursdoshi va uning ota-onasi yaxshi kutib oladi. Bir kecha oʻsha yerda tunab qoladi.

 

Ertasi kuni Hamid amakim otamni olib ketadi. Harbiy kasalxonada davolanib tuzalib chiqqach, farmatsevtika institutiga yana rektor etib tayinlanadi.

 

 

Mehr-oqibatning oqibati

 

Otamning bekor oʻtirganini eslolmayman. Ishi koʻpligidan hatto nonushtaniyam tezgina yeb, ishga joʻnardi. Esimda, bir kuni onam tongsahardan turib somsa pishirsa, otam bir donasinigina yegan. Onamning xunobi chiqib, ortidan “Hoy, yana ikki-uchta yeb keting” degancha qolavergan. Xullas, akademik Yolqin Toʻraqulovning har bir kuni ana shunday tezkorlik bilan boshlangan.

 

Otam juda hazilkash, samimiy va oʻta sodda odam edi. Roʻzgʻorbop kishi emasdi. Hamma ish ham qoʻlidan kelavermasdi. Bitta eplagan ishi pomidor, bodring va piyozni ingichka toʻgʻrab, achchiq-chuchuk tayyorlash edi.

 

Bir kuni onam ammamga bozordan qazi olib kelishni iltimos qildi. Dam olish kuni edi chamamda. Otam ham ammam bilan bozorga otlandi. Bilasiz, Toshkent bozorlarida odam koʻp boʻladi. Bozorga kirgach, otam odamlarni koʻrib hayronligidan “Voy-vuy, buncha odam bu yerda nima qilayapti?” deb soʻraydi. Ammam uyga kelib, bu voqeani kulib-kulib aytib bergan.

 

Otam oilasida katta farzand boʻlgani bois asosiy masʼuliyat u kishining zimmasida boʻlgan. Uka va singillarini qoʻllab-quvvatlagan. Rauf (Abdurauf) amakim ham injener boʻlishni orzu qilgan boʻlsa-da, akasining maslahatiga amal qilib, shifokorlikka oʻqiydi. Umr boʻyi shu sohada ishladi. “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan shifokor” unvoniga sazovor boʻldi. Hamid amakim ham otamning qistovi bilan farmatsevtika institutini tamomlaydi va ilm yoʻlidan ketadi. Farmatsevtika fanlari doktori, professor, 270 dan ortiq ilmiy maqola, 15 dan ortiq monografiya muallifi Hamid Xolmatovich Toʻraqulov yillar davomida farmatsevtika institutini boshqardi, umrini ilmga bagʻishladi. Otam ham, amakilarim ham ammalarimga juda mehribon, har doim holidan xabar olib turardi. Aka-singillar mehr-oqibat bobida bizga oʻrnak edi.

 

 

Qush uyasida koʻrganini qiladi

 

Ota-onam bizga har ishda oʻrnak edi. Otam ishdan kelgach, albatta har birimizdan darslarimiz va qanday kitoblar oʻqiyotganimizni soʻrardi. Odatda otamni kechki taom payti koʻrardik. Qolgan vaqtlarda xonasiga kirib, oʻqib-yozardi. Bezovta qilishga iymanardik. Televizordan faqat yangiliklarni koʻrardi. Ahyon-ahyonda futbol yoki hokkey tomosha qilardi. Baʼzida birga kino koʻrishni iltimos qilsak ham oʻn daqiqadan keyin xonasiga kirib ketardi. Lekin dars boʻyicha nimanidir tushunmadim deb oldiga kirsam, alohida vaqt ajratardi. Asosan matematika, fizika, kimyodan qiyin masalalarni ishlashga qiynalardim. Shunday paytlari eng katta xaloskorim otam boʻlardi. Erinmay tushuntirib, qanday ishlashni koʻrsatib berardi. Birgina musiqiy muammolarni hal qilolmasdi. Otam biror-bir musiqiy cholgʻu chalishimizni juda istagan va talab qilgan. Men maxsus musiqa maktabida oʻqigan boʻlsam, ukam Zafar violonchel, Sanjar esa skripka chalishni oʻrgangan.

 

Musiqa maktabida oʻqib yurganimda otam Yaponiyadan sharikli ruchka olib kelgan. Hamma siyohli ruchkadan foydalanadigan zamonlar emasmi, sinfdoshlarim va men uchun bu juda katta yangilik boʻlgan. Baʼzi oʻrtoqlarim haligacha oʻsha sharikli ruchkamni eslashadi.

 

Otamning kattagina kutubxonasi bor edi. Qaysi kitobni oʻqisak, albatta joyiga qoʻyishimiz kerak edi. Keyinchalik nabiralaridan ham shuni talab qildi. Shu yoʻl bilan otam bizni tartibga oʻrgatgan.

 

Oʻzi oʻta talabchan boʻlgani sababli bolalari ham vaqtini boʻsh oʻtkazishiga qarshi edi. Sal bekor boʻlsak, jahli chiqardi. Esimda, 10-sinf edim. Ota-onamga bildirmay sochimni kestirib keldim. Onamning rosa jahli chiqdi. Otam pinagini ham buzmay “toʻgʻri qilibsan, endi oynaning oldida kamroq vaqt oʻtkazasan” degan.

 

Otam talabchan boʻlsa-da, bizni erkin fikrlashga oʻrgatgan. Hammamiz tanlagan yoʻlimizdan ketdik. Katta ukam fizik-matematik, kichigi arabshunos boʻldi. Kamina otamga oʻxshab bioximik boʻldim.

 

Oilamizning mehriboni, otamning suyanchigʻi onam haqida gapirib oʻtmasam boʻlmas. Onam vrach, shu bilan birga, juda fidoyi ayol edi. Roʻzgʻorning hamma yumushlari uning zimmasida, ham ishga borardi, ham uyni eplardi. Pulni iqtisod qilishni xush koʻrardi. Qora kunga atalgan pullari doim boʻlgan. Otam bir marta “Xonim, bu pullarni qaysi qora kunimizga saqlayapsiz?” deb hazillashgan.

 

 

Yaltada boshlangan oʻyin Toshkentda davom etgan

 

Onam yilda bir marta otamni taʼtilga chiqishga majburlar edi. Har yili bir marta oilaviy Yalta yoki Kislovodskka borardik. Taʼtilga otamning joʻralari – Sodiq Azimov, Saʼdi Sirojiddinov va yana boshqa olimlarning oilalari ham borardi. Saʼdi Sirojiddinov otamni qirol, onamni qirolicha, oʻzini vazir, qolganlarni xalq deb hazillashardi. Onam vafot etganida Sirojiddinovning ayoli Munosib aya qoʻlimga bitta konvert tutqazgan. Ochsam onamning surati. Orqasiga qirolicha deb yozib qoʻyilgandi.

 

Taʼtilda bolalar mazza qilardik. Turli oʻyinlar oʻynardik. Kattalar shaxmat oʻynardi. Baʼzan taʼtilda boshlangan shaxmat oʻyinlari Toshkentda – uyimizda davom etardi.

 

 

Kechiktirilgan xatlar

 

1991-yilning bahorida gʻalati voqealar boʻldi. Otam oʻsha paytlari endokrinologiya institutida rahbar boʻlib ishlardi. Uning qabulxonasi ikkinchi qavatda joylashgan boʻlib, kotibasi Nelli Grantovna xuddi postdagi askar kabi oʻtirar edi. Bir kuni otam stoli ustida Stokholmdan – Nobel qoʻmitasidan xat kelganini koʻrib qoladi. Xat qalingina konvertga oʻralgan, ustiga 1991-yilning 31-yanvarigacha oʻzi tavsiya qila oladigan odamlarning hujjatlarini joʻnatish soʻralgan edi. Ammo 1990-yilning 17-sentyabrida joʻnatilgan xat tavsiya muddati oʻtgach, yaʼni 1991-yilning bahorida “qaysidir yoʻllar bilan” otamning stolida paydo boʻlgan. Xatga javob berish uchun endi juda kech edi. 1998-yilning oʻrtasida ham yana shunday voqea boʻladi.

 

Afsuski, baʼzi kimsalarning qoʻli bilan xatlar atay kechiktirib olib kelinadi. Bu gʻalamislikni kimlar uyushtirganini va bunday ishlarning boshida kimlar turganini otam sezmagan boʻlishi mumkin emas. Lekin nachora? Bu xatlar hamon uyimizda saqlanadi. Otamning bu voqealardan qattiq jahli chiqqani tayin. Lekin tushkunlikka tushmasdan ishlashda davom etgan.

 

 

Soʻnggi lahzalar

 

Otam qanaqadir teri kasalligi bilan ogʻrirdi. Kuz va bahorda oyoqlari, baʼzida qoʻllari ham qichituvchi qizil dogʻlar bilan qoplanardi. Lekin u hech qachon bunga eʼtibor bermasdi. Qoʻllarini doka bilan oʻrab, baʼzan shippakda ishga ketaverardi. U kishi hech qachon kasallikni tan olmasdi, isitmasi koʻtarilsa ham albatta ishga chiqardi. Umuman dori ichmasdi, kichikligimizda bizga ham dori berishni taqiqlab qoʻygan edi. Otam kasallik bilan kurashish uchun organizmning oʻz himoya mexanizmi bor derdi. Hatto vitaminlarni ham tan olmasdi. “Tabiiy va vitaminlarga boy ovqatlansang boʻldi, ana shuning oʻzi organizmga kuch beradi” deb uqtirardi.

 

Shifokorlar otamni toʻliq tekshirib, hatto saratonga ham shubha qilishgan. Ammo onam tahlil natijasini koʻrib, bu shubhani rad qilgan va otamda ichaklar toʻsilishi bor deb tashxis qoʻygan. Jarrohlik amaliyotidan soʻng otam yana ishga shoʻngʻib ketdi. Koʻp yillar ishladi. U kishi ilmsiz, ishsiz tura olmasdi. Soʻnggi yillarda uyda turib ham ishladi. Zerikdi shekilli, ishiga, xodimlariga yaqin boʻlish uchun oʻzining institutidagi “shaxsiy” palatasiga borib yotmoqchi boʻldi. Qarshilik qilolmadik. Bir muddat oʻtgach, otam gripp virusini yuqtirib, yana uyga qaytdi. Oʻsha kunlar otamning institut va xodimlari bilan xayrlashuv onlari boʻlgan ekan.

 

2005-yilning 1-marti. Bahorning ilk kuni. Otam bu kunni sabrsizlik bilan kutdi. Shogirdlari, xodimlari, hamshiralarini xursand qilish istagida kaminani sovgʻa olib kelishga doʻkonga yubordi. Otamni ovqatlantirib, doʻkonga otlandim. Qaytib kelib, choy olib kirdim. Shu bilan kechki ovqatga unnab ketdim. Kechki soat olti... Oʻgʻlim “onajon, bobomga qarang, uxlayaptimi?” dedi. Yuragim shuvullab ketdi.

 

Kabinet... Akademik Yolqin Toʻraqulov sevimli kreslosida sokin, viqor-la oʻtirgan holda abadiyga uyquga ketgan edi...

 

Olimning qizi Feruza GʻULOMOVAning xotiralarini

Guljahon NAMOZOVA oqqa koʻchirdi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 1-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

12:07 / 19.07.2024 0 395
O‘zidan yiroqlashayotgan millat og‘rig‘i

Jarayon

13:07 / 18.07.2024 0 720
Tuxumni sindirish g‘ujuri (Fotohikoya)





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20001
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17660
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//