Tilda millatning siyrati, tafakkuri va maʼnaviyati aks etadi. Ajdodlarimizdan meros boʻlgan ona tilimizni asrab-avaylash, sofligini saqlash, rivojlantirish har birimizning burchimizdir. Ammo taraqqiyot oʻzanida turli texnologiyalar bilan birga yangi atamalar, soʻzlar ham tilimizga toʻxtovsiz kirib kelmoqda. Bu tabiiy jarayon. Biroq har bir yangi soʻz yoki atamani baʼzan shundayligicha qabul qilishdan oldin ona tilimizdan muqobilini izlab koʻrishimiz kerak.
Biz ushbu ruknda eʼtiborni shunga qaratamiz. Chetdan kirib kelayotgan soʻzlarning oʻzbek tilidagi muqobilini tavsiya qilib koʻramiz. Bu falon ajnabiy soʻz oʻrniga albatta tavsiya etilayotgan soʻzni qabul qilish shart degani emas. Balki mulohaza qilib, oʻylab, fikr yuritib, soʻng toʻgʻri kelsa, oʻzini oqlasa, oʻz soʻzimizni ishga solish uchun tavsiya deganidir.
Bunday taklif va tavsiyalarni jurnalxonlarimizdan ham kutib qolamiz.
Tahririyat
Tilimizda koʻp ishlatilayotgan ajnabiy soʻzlarning birinchi oʻnligi
1. Chat – inglizcha soʻz boʻlib, “suhbatlashmoq” degan maʼnoga ega. Bugungi internet maydonida chat deganda ikki kishi yoki guruhlar oʻrtasida jonli (onlayn) xabar almashish tushuniladi.
2. SMS – Short Message Service (Qisqa xabar xizmati) soʻzlarining bosh harflaridan olingan. Mobil qurilmalar orqali joʻnatiladigan matn koʻrinishidagi kichik xabar.
3. Fleshka — ingliz tilidagi flash (lahza, chaqnash) soʻzidan olingan. Ogʻzaki nutqda fleshka deb notoʻgʻri qoʻllanadi. Aslida USB-saqlash qurilmasi maʼnosini bildiradi.
4. Vay-fay – ingliz tilidagi Wireless Fidelity soʻzlarining qisqartma shakli. Wireless Fidelity oʻzbek tilida “simsiz sodiqlik” degan maʼnoni bildiradi.
5. Piar – inglizcha public relations soʻzlaridan olingan boʻlib, “jamoat bilan aloqalar” maʼnosini anglatadi. Qisqa shaklda PR yoki piar deb qoʻllanadi.
6. Virtual – tarixan lotin tilidagi virtualis soʻziga borib taqaladi. Ingliz tilida virtual deb qabul qilingan, oʻzbek tilida haqiqiy, nominal emas, biroq haqiqiy degan maʼnolarni bildiradi.
7. Disk – elektron maʼlumotlarni saqlovchi vosita.
8. Akkaunt – maʼlum bir elektron resurslarga kirish uchun imkon beruvchi tizim.
9. Yuzer – inglizcha user soʻzidan olingan boʻlib, foydalanuvchi degan maʼnoni bildiradi.
10. Fast-fud – inglizcha soʻz boʻlib, tez tayyorlanadigan taom demakdir.
Filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Abdushukurov tavsiya etadi:
Chat – soʻzlashuv deb aytish mumkin. Bu soʻz turkman tilida söhbetdeşlik, turk tilida sohbet deb qabul qilingan.
SMS – xabar deyilsa maʼqul. Qozoq tilida qыsqasha xabar qыzmetі, qolgan turkiy tillarda SMS tarzida qoʻllanadi.
Fleshka – saqlash qurilmasi desak toʻgʻri boʻladi. Yoki saqlovchi qurilma. Qozoq tilida flesh-disk, turk tilida flaş sürücü, ozarbayjon tilida fleş kart deb qabul qilingan.
Vay-fay – simsiz aloqa deb tavsiya qilish mumkin. Qozoq tilida sыmsыz dәldik, qolgan turkiy tillarda vay-fay deb qabul qilingan.
Piar – targʻibot (yoki tashviqot) soʻzi piar oʻrnini bosishi mumkin.
Virtual – masofaviy aloqa degan maʼqul.
Disk – disk. Barcha turkiy tillarda shunday.
Yuzer – foydalanuvchi (ulanuvchi) desak toʻgʻridir.
Fast-fud – tamaddixona soʻzini ishlatib koʻrish kerak.
Akkaunt – ijtimoiy sahifa desa ham boʻladi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Zuhriddin Isomiddinov tavsiya etadi:
Chat – menimcha, uni biron oʻzbekcha soʻz bilan almashtirish shart boʻlsa, chaqchaq desak boʻlar.
SMS – SMS deb qoldiraverishga toʻgʻri keladi. Barcha tushunchalarga oʻzbekcha muqobil topish mushkul.
Fleshka – shakli va hajmi zajigalka kabi boʻlgani uchun unga oʻxshatib shunday atalgan. Biroq bugun uni chaqmoqtosh desak boshqa narsa tushuniladi, shu bois fleshkaning oʻzi tuzuk.
Vay-fay – aslidagiday qoldirilishi kerak.
Piar – eronliklar uni “robitai umumiy” deb oʻgirishgan. Oʻzbekchada yangi qisqartma soʻz yasab, ijtal (ijtimoiy aloqa) deyishni oʻylab koʻrsa boʻladi.
Virtual – soʻzlashuv nutqida “majoziy” degan maʼnoda ishlatiladi. Shunga koʻra «виртуалный мир»ni majoziy dunyo deb tarjima qilish mumkin.
Disk – disk – diskdir
Yuzer – bu soʻzni tojiklar korbar deb berishgan. Bizda uning muqobili topilmagan. Basharti mijoz deb bersak, mijozning “kliyent” qabilidagi boshqa maʼnosi ham bor.
Fast-fud – ehtimol, buni tamaddi kalimasi bilan almashtirish mumkindir. Chunki tamaddi ham qisqa muddatda (bemalol emas) ovqatlanishni anglatadi.
Akkaunt – garchi ozarboyjon tilida “hisob”, deb berilgan boʻlsa-da, bu soʻzning texnikaviy atamaga aylanishi dargumon, bizningcha. Qolavergani tuzuk.
Baxtiyor Abdushukurovning mavzu boʻyicha mulohazalari:
Tilning lugʻat tarkibi rivoji maʼlum qonuniyatlarga asoslanadi. Soʻz boyligida davrlar oʻtishi bilan ichki va tashqi omillar taʼsirida oʻziga xos oʻzgarishlar yuz beradi. Oʻzlashma leksema biror yangi tushuncha va xabarni anglatsa, u yoki bu maʼnoni tashish xususiyatiga ega boʻlsagina tilga qabul qilinishi mumkin.
Abdurauf Fitrat aytmoqchi, har bir tilning boyligi u tildagi soʻzlarning koʻpligi, yasalish kengligi (undirish kengligi), bogʻlanish imkoniyati, qoidalarining mukammalligi bilan oʻlchanadi. Oʻzbek tili bularning har uchalasi boʻyicha ham arab va fors tillaridan qolishmasligi, ayrim oʻrinlarda ulardan ustun kelishini taʼkidlaydi. Oʻzbekcha muqobili boʻlmagan arab va fors soʻzlarini oʻzbekchalashtirish asosida, yaʼni oʻzbek tili fonetik va grammatik xususiyatiga moslashtirish asosida qabul qilishni tavsiya etadi: “Hozirgi soʻzlarimizdagi arabcha, forschalardan bir nechasi uchun turkcha topilmaydir desangiz toʻgʻridir. Biz ham ularni chiqarmoqchi emasmiz. Ularni olurmiz, lekin oʻzimizniki qilurmiz. Turkiylashtiramiz. “Qoida”ning turkchasi yoʻqdir. “Sarf”ning-da turkchasini topolmadik. Ikkisin dagʻi olurmiz. Lekin siz kabi “qovoidi sarfiya” demasdan, “sarf qoidalari” dermiz”. Natijada oʻsha davrdagi ayrim oʻzlashmalar oʻrnida oʻzbekcha muqobillari qoʻllana boshladi: сезонник – koʻchmanchi, листовка – qogʻoz, крепост – qoʻrgʻon. Shuningdek, atamalar kalka usuli bilan soʻzma-soʻz tarjima qilindi: чернорабочий – qora ishchi, самосуд – oʻzboshimcha, лошадиная сила – ot kuchi, фалшивая монета – yolgʻon oqcha.
Koʻrinadiki, bizda boshqa tillardan soʻzlarni qay tartibda qabul qilish anʼanasi mavjud. Qolaversa, oʻzlashmalarning til tizimiga singib ketishi maʼlum sharoit va omillarga bogʻliq. Shu maʼnoda, yangi soʻz va atamalarni isteʼmolga kiritish, zamonaviy atamalarning oʻzbekcha muqobillarini yaratish hamda bir xilda qoʻllanishini taʼminlashda oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olish muhim sanaladi. Bunda, birinchi navbatda, qadimiy bitiklar, manbalar, shevalardagi atamalar, el adabiyoti boʻlgan dostonlar, ertaklar, maqollar, qoʻshiq va laparlarda aks etgan soʻzlarimizga murojaat qilishimiz zarur. Ayni paytda, bu boradagi xorij tajribasini ham esda tutishmiz kerak. Eng asosiysi, tavsiya etilayotgan yoki muomalaga kiritilayotgan soʻzlar nafaqat mutaxassislar, ziyolilar, shu bilan birga, keng jamoatchilik tomonidan eʼtirof qilinishi darkor. Shundagina koʻzlangan maqsadga erishiladi.
Uzun soʻzning qisqasi, milliy maʼnaviyatimizning oʻzagi, xalqimiz mavjudligi va tirikligining belgisi hisoblangan, shuningdek, bugun bizning kimligimizni butun jahonga namoyish qilayotgan boy tilimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashimiz, uning sofligi, kelgusidagi taqdiri uchun qaygʻurishimiz lozim. Zero, davlat tiliga ehtirom ona Vatanga ehtiromdir.
Zuhriddin Isomiddinovning mavzu boʻyicha mulohazalari:
Abdulla Qahhorning “Sarob” romanida Murodxoʻja domla degan personaj bor. Boy, tadbirkor odam. Buning ustiga, til fidoyisi. Oʻzbek tilining ravnaqi uchun jonini berishga tayyor. Garchi Murodxoʻja domla asarda salbiy tip qilib tasvirlangan boʻlsa-da, til borasidagi jonkuyarligi ibratomuz: “U... oʻzbek tilida soflikni saqlashni sevardi, hatto samovar oʻrniga oʻziqaynar, elektr oʻrniga simchiroq deb soʻz toʻqib yurardi. Sof til oʻrgangani har zamon qishloqqa chiqardi”.
Diqqat qilsangiz, ana shu odam oʻtgan asrda millatchi deb qoralangan maʼrifatparvarlardan biri ekaniga amin boʻlasiz. Garchi oʻziqaynar, simchiroq kabi topilmalari keyinchalik qabul etilmagan boʻlsa ham, eldan soʻz oʻrganishi, soʻz olishi shunchaki bir havas emas, toʻgʻri ilmiy tadqiqot edi.
Yuz yildan oshdi, tilimizga ruscha-yevropacha soʻzlar jadal kirib kelayapti. Agar oʻsha Murodxoʻja domla kabi kishilar boʻlmasa, oʻzbek tili avvalgi jozibasini yoʻqotib, lugʻaviy bir boʻtqaga aylanib qolgan boʻlar edi. Bugungi kundagi kuchlanish, qarshilik, choʻgʻlanma lampa, yorugʻlik tezligi, ichki yonuv dvigateli kabi yuzlab soʻzlar oʻrnida напряжение, сопротивление, лампа накаливания, скорость света, двигатель внутреннего сгорания kabi ifodalar toʻlib-toshib ketardi. Boshqird adibi Mustay Karim “Советлар Россиясында крестьянлар положениеси” deb nomlangan bir maqolani koʻrganini afsus bilan qayd etgan edi.
“Qizil Oʻzbekiston” gazetasida ishlayotgan paytida yozuvchi Said Ahmad “топливо”ni “yoqilgʻi”, “горючее”ni “yonilgʻi” deb oʻgirgandi. Bu kalimalar bugun lugʻatimizda muqim oʻrnashgan. Shoir Muhiddin Omon “приоритет”ni “ustuvor” (приоритететные задачи – ustuvor vazifalar), “ценность”ni “qadriyat”, “конкурентоспособность”ni “raqobatbardosh” (сейсмостойкость – zilzilabardosh) deya chiroyli tarjima qilib, tilimizga olib kirdi.
Keyingi oʻttiz yildan beri kompyuter, internet va ijtimoiy tarmoqlar dunyoni zabt etdi. Shu tarmoqning oʻzi singari murakkab yangi soʻzlar jahonning yuzlab tillariga kirib bordiki, buni koʻrmaslik uchun koʻzni yumib olishning foydasi yoʻq. Jurnal tahririyati turmushda keng qoʻllanayotgan bu sohaning oʻnta atamasi yuzasidan fikr soʻrab, roʻyxat yuboribdi. Ammo shuni taʼkidlash kerakki, bu roʻyxatni koʻzdan kechirayotib, bir mahallar tarjimon doʻstlarimiz bilan kompyuter texnikasi va ish prinsipini oʻzbekchaga oʻgirishga uringanimiz yodimga tushdi. Oʻshanda ish oxiriga yetmay qolgandi. Yetishi dargumon ham edi, chunki ozchilik edik, buning ustiga, til bilgichlarimiz bu yangi texnika dunyosini tuzuk-quruq anglamas, “fizik”lar esa til tabiatini his etmay, buzib oʻgirishga moyil edi.
Bugunga kelib, kompyuter va internet atamalari oʻzi butun bir lisoniy dunyo boʻlib qoldi. Uni oʻzbekchalashtirishdan koʻra dunyoning narigi chetidagi biron qabilaning tilini oʻrganib, gapini tarjima qilish oson nazarimda. Nimani tarjima qilsa boʻladi, nimani esa aslidagiday qoldirish maʼqul, bu juda nozik, oliy matematikadan ham murakkab, nafaqat aql, balki koʻp hollarda shuur bilan belgilanadigan narsa. Shuning uchun bu gaplarni shaxsiy mulohazalar deb qabul qilsangiz.
Albatta, til – bepoyon bir voqelik. Ehtimol, vaqti kelib bu atamalarning oʻzbekcha muqobillari ham chiqar. Axir halitdanoq shu sohaga taalluqli “kanal”ni “oʻzan”, “feysbuk”ni esa goʻzal bir shaklda “fayzbogʻ” deb atashayotir-ku?
Endi shu atamalar va ularning tarjimasi bahonasida yana bir gapni aytib oʻtaylik. Kompyuter, noutbuk va telefonimiz ekrani panelida asosan rus tilidagi koʻrsatkichlar bor: файл, правка, вид, формат, сервис, таблица, окно, справка... Ulardan har birini ochsangiz, ichidan yana yuzlab ichki darchalar ochilib, yana ruscha koʻrsatkichlar bodrab chiqa beradi. Masalan, “fayl”ni ochib boqaylik: создать, добавить таблицу, создать, открыть, закрыть, сохранить, сохранить как..., сохранить веб-странцу, поиск файлов, разрешения, версии, предварительный просмотр веб-страницы, параметры страницы, печать, отправить, свойства, выход... Va bularning har biri ichidan yana bolachalari, nevara-yu evara, pannevaralari chiqib kelaveradi. Bizda axborot maydonini ham, axborot texnikasini ham imkon qadar oʻzbek soʻzlari bilan boyitish ona tilimizning nufuziga, mustaqilligiga naf keltiradi. Axir hozir axborot zamonida yashayotibmiz-ku!
Yaponiya yo Italiyada bu narsalar ruscha boʻlmasa kerak-ku deb savol bersam, kompyuter bilgichlari har bir yurtda oʻz tilida boʻladi, ammo oʻzbekchaga oʻtkazish uchun “Maykrosoft” kompaniyasiga qanchadir pul toʻlash lozim degan gapni aytishuvdi. Albatta, tejamkorlik yaxshi. Biroq bugun Oʻzbekistonda kamida bir million odam kompyuterda va kamida oʻn million odam telefonida xorijiy tildagi soʻzlar va yozuvlar orqali ish olib borayotgan ekan, bir soʻmni tejayman deb oʻn soʻmni boy bergan kishi holiga tushmasligimiz kerak.
Men bir mahallar “Har bir til bitta davlat tuzish salohiyatiga ega, biroq dunyoning eng qudratli davlatlari ham bironta til barpo eta olmaydi” degan gapni oʻqigan edim. Tilning qudrati shunda. Agar buni har birimiz teran his etsak, shunda birovlarning fikri bilan yaratilgan neʼmatlardan foydalanuvchi millat boʻlishni tark etib, fikrlaydigan, yaratadigan millatga aylanamiz.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 1-son.
“Eshiklar ochiq, lekin...” maqolasi
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q