Asarlarida milliy ruhni o‘zgacha tasvirlayotgan nosir – Xoliyor Safarov hikoyalari tahlili


Saqlash
23:05 / 23.05.2024 1253 0

Nazariy manbalarda hikoyaning tarixiy, zamonaviy, hajviy kabi turlari ajratiladi. Qaysi mavzuda bo‘lmasin, davr ruhi, olam charxining keskin aylanishi, ijtimoiy-ma’naviy tuslanishlar sinchkov badiiy nigohning qisqa, mikroskopik kuzatuvlari orqali o‘z aksini topadi. Har qanday badiiy asar jamiyatning og‘riq nuqtalari, ma’naviy kemtikliklar jarohatining malhami o‘laroq san’at maydoniga keladi. Insoniy fazilatlarning kamolotiga soya tusha boshlaganida, ezgu tuyg‘ular oyoq ostida qolib, qadriyatlar qadrsizlanayotganida, surat siyratdan a’lo ko‘rilganida MILLATning MILLIY ne’matlari – ajdodlar e’zozlagan milliy ruh, azaliy qadriyatlar qutqarguvchi tayanch vazifasini o‘taydi.

 

Yozuvchi Xoliyor Safarovning bir qator hikoyalarida shu kabi muammolar o‘z aksini topadi – asl ritual an’analaridan ayrolashib ketayozgan insoniyatning tinim bilmas “taraqqiyoti” qarshisiga o‘tmishning didaktik kartinalari xulosa manbai sifatida ko‘zgu qilib qo‘yiladi. Mazkur hikoyalardagi o‘ziga xos xususiyatlardan biri shuki, ularda moziyning hikmati, bugunning qiyofasi, kelajakdagi ko‘rgiliklar o‘zaro qiyoslangan shaklda kitobxonni muammo yechimi tomon yetaklaydi. “Sir”, “Dog‘”, ”Oriyat”, “Bizning sovchilar”, “Yomg‘ir yog‘masaydi” hikoyalarida “ikki daryo” kokilin yuvgan kelinchak” (H.Olimjon tashbehi) o‘lkaning tasviri; millati turkiy, tuproqtabiat, e’tiqodi samoviy bo‘lgan odamlarning portreti qalam kashfi sifatida aksini topadi.

 

Xoliyor Safarov hikoyalarining aksariyati bir umumiy jihati bilan yaxlit tizimni hosil qiladi: insoniyatni muqarrar ko‘rgiliklardan ogohlantirish, yuz berayotgan g‘ayritabiiy hodisalardan xulosa chiqarish hamda ajdodlar e’tiqodi-yu o‘gitlariga sadoqat ko‘rsatish. “Dog‘” hikoyasida buning badiiy isbotiga guvoh bo‘lamiz. Muzeyda to‘satdan yer silkingandek bo‘ladi, chiroq o‘chib qoladi, atrofni zulmat qoplaydi. Kutilmaganda Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy va Ali Qushchi siymosi paydo bo‘ladi. Muallif Mirzo Ulug‘bek obrazi tilidan davrning dardlarini dars shaklida bayon etadi. Mazkur tarixiy uchlik zamonaviy uchlik – professor, mehmon va shogird bilan savol-javob qiladi. Har gal bizga zamondosh jamoa mulzam bo‘lib qolaveradi. Ushbu holat orqali muallif ilm-fan taraqqiyoti jadal rivojlangan XXI asrga kelib ham insoniyat ham dunyoviy, ham ruhoniy ilmlarda did-saviya nuqtai nazaridan ancha orqalab qolayotganini ifodalamoqchi bo‘ladi. Mirzo Ulug‘bek hassasini yerga urib, ”Uyg‘on, ahli Turkiston!” deydi. Birgina shu jumlada muallif nazarda tutgan bosh g‘oya aks etgan. Sarlavha orqali kinoyaviy tarzda ma’naviy fojiadan barkamollikka eltuvchi mayoq-yog‘du ko‘rsatiladi. Ushbu mayoq paradoksal mazmunga ega bo‘lgan “dog‘” edi. Dog‘ – bu ruhiyat tanazzuli, hakalak otgan nafs ramzi. Dog‘ – didsizlik, hissizlik belgisi; unda o‘zlikni unutayozish, eng xunugi, “men”ni unutganlikni sezmaslik fojiasi mavjud. Chiqish yo‘li ham aynan uning o‘zida: tavallo-yu tavbalar orqali o‘zlikka qaytish istagi manglaydagi dog‘ boisidan.

 

 “Xizrni yo‘qotgan odam” hikoyasi esa tong halovati bilan boshlanib, odamzot-u nabototning bezovtaligiga bog‘lana boradi. Avval uyg‘onish, so‘ng yangi kun shukronasi, ana undan so‘ng esa hikoyaning bosh maqsadi: tirikchilik yumushiga sho‘ng‘ib ketish, qaynagan bozor; “orkash oradan chiqib” surbet savdogarga dakki berishi – bularning bari halovatni, shuning barobarida oxiratni unutgan olomon qiyofasini ochish; ziyosiz uylarning zim-ziyo yurakli kaslari bois ona tabiatning Shoxdor Ona Bug‘u singari yuzsiz insoniyatdan ranjib uzoqlarga bosh olib ketishi kabi masalalar qalamga olinadi.

 

Bozor – olomon yig‘ilgan bu olamning mahshargohi, unda na do‘stni, na yorni tanish bor. Tarozilarda insoniylik narxga urib sotiladigan olomonzor. Bu yerda hamma molini maqtaydi, nuqsini aytguvchi bir jo‘mard yo‘q. “Suv ichging keladi, ammo suv ham pul” jumlasi shamol essa qiyomat qo‘padigan bozor uchun mos tasvir. To‘satdan bozorda tekinga suv tarqatadigan “yaxshilikning gadoyi” paydo bo‘lishi nafs ahlini bezovta qiladi. Nafs insoniylikning yoqasidan oladi. Muallif ayni shu o‘rinda juda ko‘p maqollarni qo‘llay boshlaydi, go‘yoki ular bilan o‘z fikrlarini inkor etib bo‘lmas haqiqatga aylantirmoqchi bo‘ladi: “Suv ko‘rmay etik yechma”, “Yerni suv, odamni pul buzadi”... Suvchi paydo bo‘lishi bilan bozor ahli ikkiga ajraladi: a) “savdoning barori”ni o‘ylovchilar – bular juda ko‘pchilik bo‘lib, foniy olamga bog‘langan qatlam; b) “oxiratning tashvishi”ni o‘ylovchilar – bular juda-juda ozchilik bo‘lib, boqiy olam shaydolari qatlamidir.

Hikoyadagi suvchi chol obrazi yaqqol xarakter darajasidagi qahramon bo‘lib, jamiyatga ko‘zgu tutib, uning fojiasini fosh etuvchi mavqeida gavdalanadi. Aynan u paydo bo‘lgach, bozorda “nazoratchi”lar ko‘rinish beradi: bozorqo‘m, militsiya xodimi. Eng qizig‘i, bunga qadar ular asar voqealarida qatnashmaydi, muallif ularni zarur o‘rin uchun “asrab turadi” va juda tabiiy bir usulda syujetga kiritib yuboradi. Hikoyadagi bozorqo‘m obrazi nafs buyruqchisi, militsiya xodimi esa manqurt ijrochidir. Ularga ahli bozorning o‘z tirikchiligi ko‘yida sudralib yurishidan, buyruqlarga so‘zsiz amal qilishidan o‘zga narsa kerak emas. Shu bois ular bozor oralab qolgan INSONIYLIKni – suvchi cholni o‘z chegaralaridan tashqariga sudrab chiqarmoqchi, itqitmoqchi bo‘lishadi: “Suv bilan o‘t kelishmas” deydi muallif bu holga. Ma’lumki, suv bu – imon, insof ramzi, o‘t iblis timsoli sanaladi.

 

Asarda qariyaning ikki qiyofasi, umrining ikki qismi, ikki olami aks etadi:

 

1. Qariya uch o‘rinda uchta bolaga topishmoq aytadi, hech biri javobini topolmaydi. Hikoyanavis ushbu tasvir orqali uch marta turli xil qiyofada ko‘ringan Xizrni tanimagan cholning nadomatini ifodalamoqda. Chol bolalarda o‘zini, “iljayib, ko‘zini olib qochib... o‘zini olomon ichiga urib ketgan”, zehni xira tortgan o‘smirlar qiyofasida o‘zining Xizrni tanimagan ziyosiz suratini ko‘radi, beixtiyor ichidan bir nima uzilgandek bo‘ladi. Uning dodini tinglaydigan zamon o‘tib bo‘lgan edi. Qizig‘i shundaki, uchala topishmoqning javobi ham “suv” edi. Shakli har xil, ammo javobi bitta narsa edi. Xizr bobo ham suvchining oldiga uch xil qiyofada keladi, suvchi “javobini topa olmaydi”. Topishmoq aql o‘yini, tafakkur ozig‘idir. Unga javob topolmaslik avlodning savodsizlashib ketayotganidan ham darak.

 

2. Qariya bozorda noyob hodisaga guvoh bo‘ladi: ozoda kiyingan kishini ko‘rgach, ko‘zlari quvnab ketadi. Toza kiyimlik kishining dili ham pok bo‘lib, u chol ko‘rishni, bo‘lishni istagan o‘zining “ men”idir. “Oqar suvning haromi yo‘q. Lekin sen so‘zingni yuksaltir”, jumlasida “harom” va “yuksaltir” so‘zlari orasida garmoniya mavjud, biroq bu uyg‘unlikda badiiyatga bir qadar yot bo‘lgan, ilmiy yoki rasmiy matnlarga xos sanalgan orttirma nisbat shakli “yuksaltirmoq” fe’lining ingichka soyasi mavjud. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” 5-tomida ushbu so‘zning “o‘rlamoq” (olovga nisbatan), “balandlamoq”, “o‘smoq”, “kamolotga yetmoq”, “yuqorilamoq”  kabi sinonimlari keltiriladi va har biri so‘zning o‘z hamda ko‘chma ma’nolariga qarab turlicha ishlatilishi qayd etiladi. Mazkur so‘zlarning bari ijod tabiatiga xos xalqonalik xususiyatiga ega.

 

Hikoyaga qaytsak: ozoda kiyimlik shaxs Xizrni tanimagan suvchi cholning jonlik orzusi, bir vaqtlar odamiyligi zaif tortgan bandaning ichki “men”i. Boy berilgan imkoniyat umidsizlik uyg‘otmasligi lozim, chunki noumid faqat shayton. Hikoyadagi momo Hurbibi obrazi ayni shu umid ramzi sanaladi: yomg‘ir so‘radi – niyatiga yetdi: “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichadi”.

 

Qariya suvchi xom sut emib o‘sgan insoniyat ramzi hamdir. Ha, biz avval haqiqatlarni anglamas “bola” bo‘lamiz, Yaratganning bandasiga yuborgan ogohlarini ilg‘amaymiz, boy beramiz marralarni. Eng muhimi, “bola”likdan ozoda yo‘lga tomon yuzlansak, bundan o‘zga saodat ham, matlab ham yo‘q. Hikoyadagi “yantoq” va “qurg‘oqchilik”; “ozoda” hamda “olomon” so‘zlariga asar yechimiga tomon yetaklovchi yo‘lboshchi – so‘z vazifasi ham yuklangan.

 

“Xizrni yo‘qotgan odam” hikoyasida nafaqat insoniyatning axloqiy fojiasi, shuningdek, Turonzaminning yaqin o‘tmishda yuz berishi mumkin bo‘lgan global-tabiiy ko‘rgilik(suv muammosi)larining ham badiiy bashorati mavjud. Retrospektiv epizodlarga boy bo‘lgan ushbu hikoya borasida ba’zi tanqidiy mulohazalarimiz ham borki, asl maqsad millat adabiyoti yana bir go‘zal badiiy meros bilan bezanmog‘i uchun qildek bo‘lsa-da, hissa qo‘shmoq istagi sabablidir. Jumladan, hikoya kompozitsiyasida izchillik sezilmay qolgandek. Sababiyat o‘rnini tasvirdagi zich shiddat egallaydi. Buni faqat hikoyaning ko‘lami bilan bog‘liq, deb baholash shoshilinch xulosa, nazarimda. Shuningdek, hikoyada maqollar me’yoridan ortiq darajada qo‘llangan: hikmatli jumlalar bilan isbotlashga urinishlar talaygina; yomonni tasvirlash uchun uning yoniga kelib buni bot-bot takrorlashga hojat yo‘q. Biroq ushbu jihatlar asarning o‘qishli, nozik tabiatiga ko‘lanka bo‘lolmaydi.

 

Ijodkorning latif tabiati xususida to‘xtaldik, shu o‘rinda bir-ikki misol keltirsak: asarning tili o‘ziga xos bo‘lib, unda yordamchi so‘zlar, xususan bog‘lovchi va ko‘makchi so‘zlarga juda kam murojaat qilinadi, hatto “va” bog‘lovchisi umuman qo‘llanilmagan. Tushuntirish o‘rnini ko‘rsatish egallaydi, ko‘rsatishda esa retrospeksiya muhim o‘rin tutadi. Umuman, nasrimizga milliy ruhni o‘zgacha yo‘sinda tasvirlash usulini olib kirayotgan, xalq og‘zaki ijodining bilimdoni, nosir Xoliyor Safarov ijodining badiiy sarhadlaridan tarixdan saboq oling, millat taqdiriga e’tiborsiz bo‘lmang, olomonlashuvning ayanchli oqibatlaridan ehtiyot bo‘ling, kelajakka tomon qo‘yilgan qadam bugunning taqdiri-yu o‘tmishning hikmatlari bilan chambarchas bog‘liq ekanini unutmang, degan ogohlik hayqirig‘i, millat kelajagidan qattiq qayg‘urayotgan qalamning dardli faryodi eshitilib turadi; shuurimizni tiyrak, dilimizni uyg‘oq bo‘lishga chorlaydi. Shuningdek, yozuvchi har bir hikoyasini yozish oldidan hijjalab faktlar yig‘ishi barcha asarlarida shundoq sezilib turadi.

 

Xalqimiz orasida “Xizr ko‘rgan kishi abadiy baxtli bo‘ladi”, degan gap bor. Biz asarlari haqida fikr yuritgan umidli ijodkorimizning bosh maqsadi ham xizrsiymo obrazlari olami orqali insoniyatga ziyo-ma’rifat  ilinishdir. Ma’rifat esa baxtiyorlik uchun eng muhim tayanch. Jadid bobolarimizning ulug‘ maqsadlarini o‘z asarlarida o‘zgacha bir uslubda ifodalayotgan yozuvchimizning ijodiy ishlariga muvaffaqiyat tilaymiz.

 

Kamol HAKIMOV

adabiyotshunos

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23623
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//