Turkistonda bir necha yillar mobaynida davom etgan sovet bolsheviklari tomonidan “Bosmachilik harakati” deb nom olgan, mohiyatan milliy istiqlolchiliik harakatlari hamda “Milliy Ittihod” kabi soxta, uyushtirilgan jinoiy ishlar natijasida bir guruh turkistonlik ziyolilar dastlab Afg‘onistonga, undan Yevropaga chiqib ketdilar. U yerda biroz muddat istiqomat qilganlaridan so‘ng Turkiyaga ko‘chib o‘tishib, 1920-yillarning o‘rtalaridan e’tiboran bolsheviklar siyosatiga qarshi siyosiy kurashni boshlab yubordilar. Bu davrda Turkistonlik muhojirlarning ko‘zga ko‘ringan vakillari tomonidan gazeta va jurnallar tashkil qilinib, unda bolsheviklarning Turkistonda yuritayotgan genotsid xarakteriga ega bo‘lgan manfur siyosatini jahon afkor ommasiga bong urib olib chiqa boshladilar.
1917–1924-yillar mobaynida Usmon Xo‘ja (1878–1968), Sadriddinxon Mufti Sharifxo‘jayev (1878–1946), Zakiy Validiy To‘g‘on (1890–1970), Tohir Chig‘atoy (1902–1987), Abdulvahob O‘qtoy (1904–1962) va boshqalar Turkistondan tashqarida ham siyosiy faoliyatlarini olib borib, Turkiston xalqining mustaqillikka doir talablarini jahon afkor-ommasiga olib chiqish, dunyo miqyosida tarqalib ketgan Turkiston muhojirlarni o‘zaro fikr va maslak atrofida birlashtirish borasida katta ishlarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘lishdi. Ushbu ulug‘ siymolarning ichida bir shaxs borki, uning butun hayoti va faoliyati Turkistonning erki va hurriyati yo‘lida sarflangan edi. Bu porloq siymo Mustafo Cho‘qaydir.
Mustafo Cho‘qay 1891-yil 7-yanvarda To‘rg‘ay o‘g‘li Cho‘qayning oilasida, Oqmasjid shahrida dunyoga kelgan. Yosh Mustafo 1902-yilda Toshkentga kelib rus gimnaziyasiga o‘qishga kirib uni 1910-yilda eng a’lochi bitiruvchilardan biri sifatida tamomlagan. Turkiston general gubernatorining tarjimonlik bo‘yicha taklifini rad etgan Mustafo Cho‘qay, Sankt-Peterburg universitetining huquqshunoslik fakultetida o‘qishni davom ettirdi. Iqtidorli qahramonimiz 1914-yilda huquqshunoslik fakultetini muvaffaqiyatli tamomlab, 1917-yil aprelda Orenburgga keladi. Mustafo Cho‘qay Peterburgdan Orenburgga qarab kelar ekan, u turkistonliklarning mustamlakachi hukumat qo‘li ostida naqadar xo‘rlanayotganligini, huquqsiz qoldirilganligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi va bu hodisalar kelgusida Mustafo Cho‘qayning zehniyatida ulkan evrilishga olib keldi: “Men Peterburgdan Orenburg tomon ketib borayotganimda yo‘lda Penza shahrida o‘z turkistonliklarimizga duch kelib qoldim. Bu yerda Turkiston ishchilari bilan to‘lgan o‘nlarcha vagonlar bir chetga chiqarib tashlangan ekanlar. Belgilangan yerga yetisha olmay qoldirib ketilgan, unutilgan turkistonliklar o‘zlari ham nima qilishlarini bilmay o‘tirar edilar. Bu bechoralarning holi oqibatlaridan xabar oladigan bir kishi ham yo‘q. Shu tarzda unutilgan turkistonliklar nima qilishlarini bilmay nochor ahvolda qolgan edilar…Nihoyat, o‘zim borib ishchi askar sho‘rosi boshliqlari va viloyat komissari bilan qisqagina bir majlisda bo‘lib, ishchilarni Turkistonga qaytarib yuborish qarorini chiqartirdim”. Bu hol shubhasiz mustamlakachi hukumatga nisbatan Mustafo Cho‘qayning qalbida cheksiz nafrat va kurash tuyg‘usini alangalatgani aniq.
1917-yildagi oktabr inqilobidan keyin bolsheviklar kuchayishi bilan Turkiston musulmonlarining Toshkentdagi siyosiy faoliyati tugatilgach Qoʻqonda Oʻrta Osiyo turklari tarixidagi birinchi zamonaviy davlat tuzilmasi Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilindi. Tashkil etilgan hukumatda Mustafo Cho‘qay avval tashqi ishlar vaziri, keyin esa bosh vazir lavozimlarida faoliyat olib bordi. Alohida qayd etish kerakki, Mustafo Cho‘qayning Qo‘qon Muxtoriyati davridagi faoliyati juda ham murakkabliklar ichida kechdi. Chunki, bolsheviklar hukumati Muxtoriyatni rivojlantirishga, jumladan uni qurol bilan o‘zini ta’minlashiga mutlaqo imkon qoldirmadi. O‘sha yillarning murakkabliklari to‘g‘risida Mustafo Cho‘qayning o‘zi “Turkistonda u vaqt dahshatli ochliq hukm surmakda edi. Mamlakatimizga g‘alla yetkazib turgan temiryo‘llar butunlay rus askar hukumati va rus ishchilari qo‘lida edi. Butun Turkistonda harbiy qurol ishlata oladigan bir nafar ham kishi yo‘q edi. Bu og‘irliqlar bir tarafda tursin, mamlakat uchun eng muhim bo‘lg‘on davlat boshqaruvi shakli masalasi ustida turkistonliklarning o‘z oralarida yakdil birlik yo‘q edi” deb ta’kidlagan edi.
1918-yilning fevralida Turkiston Muxtoriyati qonga botirilgach Mustafo Cho‘qay Orenburg, Mangʻishloq, Boku va Tbilisi shaharlarida bolsheviklar hukmronligiga qarshi siyosiy faoliyatini davom ettiradi. Biroq bu shaharlar ham birin-ketin bolsheviklar qoʻliga oʻtgach (1921-yilning mart oyida), Rossiyani tark etib Istanbulga boradi. Lekin Istanbulda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lolmagach, u yerda bir necha oy qolib xotini bilan Parijga ko‘chib ketadi.
Mustafo Cho‘qay, Parij
Mustafo Cho‘qay 1929-yilning dekabr oyida “Yosh Turkiston” jurnalining ilk sonini aynan Parij shahrida tayyorlab nashr ettiradi.
Mustafo Cho‘qay jurnal muqovasida aks etgan “Yosh Turkiston” yozuvi ostiga “Turkiston milliy istiqlol fikriga xizmat etuvchi oyliq majmuadir” so‘zlarini yozgan. Mustafo Cho‘qay 1929–1939-yillar oralig‘ida ushbu jurnalning jami bo‘lib 117 sonini nashr etishga muvaffaq bo‘ldi.
Siyosiy kurashda matbuotning ulkan kuchiga ishongan Mustafo Cho‘qay “Yosh Turkiston” jurnali va boshqa jurnallarda jami bo‘lib 700 dan ortiq maqolalar e’lon qilgan. Jurnalda eng ko‘p maqola yozgan muallif Mustafo Cho‘qay bo‘lib, uning 230 ta maqolasi nashr etilgan. Bu borada u yaqqol peshqadam hisoblanadi. Mustafo Cho‘qay o‘z maqolalarini “M”, “M.Ch”, “Ch.M”, “Mustafo” va “Ch” kabi imzolar bilan e’lon qilgan.
Mustafo Cho‘qayning “Yosh Turkiston” jurnalida chop etilgan maqolalariga nazar tashlasak, unda XX asr boshlaridagi Turkistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va falsafiy muammolari teran fikrlar va tanqid asosida mushtariylarning diqqat-e’tibor markaziga olib chiqilganligiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, u tarixning mohiyati haqida to‘xtalar ekan, uni yozishda muarrix adolatli bo‘lish kerakligini, tarixdagi voqea va hodisalarga doimo xolislik nuqtayi nazaridan turib baho berish shartligini ta’kidlaydi. Jumladan, u: “Tarix yozishning ikki yo‘li bor. Birinchi yo‘l: muarrix haqiqatda bo‘lib o‘tgan voqealarni diqqat bilan to‘playdir, ularni jarayon etdiklari zamonning sharoit va vaziyatiga qarab tekshiradir, ma’lumot va istihborot manbalarini sinchkovlik bilan tekshiradir, to‘plag‘on ma’lumotini o‘zining ilmiy vijdoni tarozisida tortadir va ma’lumotg‘a betaraf (obyektiv) bir qiymat berib ularni tahlil (analiz) etadir. Ilmiy tarix, so‘zning haqiqiy ma’nosi bilan, mana shu usul ila yoziladir.
Ikkinchi yo‘l: Muarrix istagan natijasini avvaldan belgilab oladi-da, u natijaga ko‘ra voqealarni tahlil qiladi, hatto maqsadi ro‘yobga chiqqan taqdirda, voqealar o‘ylab ham topadi, shoyon ishonchligi emasligi oshkor bo‘lg‘on manbalardan iste’foda etadi. Bunday bir tarixchi yozuvchida betarafona ilmiy tahlil o‘rniga faqat firqa yolg‘oni hukm suradi. Sovetlar idorasi ostidag‘i xalqlarning milliy harakatlari haqida yozuvchi bolshevik muarrixlar bu ikkinchi qism muarrixlaridir” deb yozgan holda, bolsheviklar tarixni yozishda o‘ta noxolislikka yo‘l qo‘yayotganliklarini hamda tarix ularning qo‘lida sinfiy kurash quroliga aylantirilganini qat’iy turib ta’kidlaydi.
Mustafo Cho‘qay “Yosh Turkiston” jurnalining 1931-yilgi 18-sonida chop etilgan maqolasida “Milliy ziyoli deganda kimni tushunish kerak?” degan savolni o‘rtaga tashlab, bu mavzuda atroflicha o‘zining mulohazalarini bildirgan. Uning fikricha, har bir tahsil ko‘rgan odamni ziyoli deyish to‘g‘ri emas. Balki “…gazeta orqasidan yurgan, aniq va yalpi g‘oya tevaragida to‘plang‘on o‘qimishlilarnigina ziyoli…” deb atash mumkin. Shu bilan birga u milliy ziyolilar qatlamiga o‘z xalqining siyosiy, ijtimoiy va ruhoniy yo‘lida xizmat etayotgan ziyolilarnigina kiritish mumkin deb hisoblagan.
Mustafo Cho‘qay Turkistonning milliy manfaatlari yo‘lida taraqqiyparvarlar bilan birgalikda kurash olib bordi, maslakdoshlarining yutuqlaridan sevindi, keyinchalik ularning aksariyati g‘addor sovet qatag‘on mashinasi tomonidan yanchib tashlangach, butun vujudi o‘t bo‘lib yondi, cheksiz g‘am va anduh Mustafoning qalbini butkul chulg‘ab oldi. U tomonidan yozilgan quyidagi so‘zlar ana shu g‘am-anduhning nechog‘lik og‘ir ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi: “Qadarning og‘ir zarbalarig‘a biz anchag‘ina sovuqqonliq ila chidashqa o‘rganishib qolg‘on edik. Vatanimiz qizil jallodlarining qonli diktaturasi ostida… Turkistonda bu kun, Moskov diktaturasina qurbon tushgan bir yo bir necha yaqini uchun qalbida, ruhida motam tutmag‘on bir oila yo‘qdir. Asablar ham hissizlashib qolg‘on va umumiy milliy fojiamizning so‘ngsiz teranligi ichinda, hatto eng yaqin odamlarimizning-da ziyosi sezilmay o‘tib ketaturg‘on bo‘lib qolg‘on edi. Faqat, ba’zi ziyolilarda bordirki, bundan og‘ir fojialar ichinda-da insonning yuragini olovlantirib dahshatli yaralar ochadir… Inson bu ziyolilar haqinda xabar olg‘oni zamon asablar yangidan avvalgi hassosligini kesib ketadir va butun fojialarni yangidan yashamoqqa boshlaydir… Mana shunday holni biz hozir yashab turibmiz”.
Munavvarqori Abdurashidxonov 1931-yilda “Milliy ittihod” ishi doirasida qamoqqa olinib, keyinchalik Moskvada otib tashlangach, bu to‘g‘rida o‘ziga yetib kelgan xabarga Mustafo Cho‘qay dastlab ishonmadi, aniqrog‘i ishona olmadi: “Xususiy muxbirimiz uzoq Hindistondan bizga Munavvarqorining Sovet hukumati tomonidan otib o‘ldirilganligi haqinda qisqacha bir xabar yo‘llamishdir. Bu xabar bizga dekabr oyining boshlarida kelib yetushgan esa-da, shoyad to‘g‘ri chiqmas deb ko‘nglimizda saqladig‘imiz umid ila qo‘shimcha ma’lumot kutib turg‘on edik. Biz Sovet hukumatining umuman milliy ruhga, xususan turkchilikka qarshi ko‘rinishda hech bir jinoyatdan tortinmayoturg‘onlig‘ini juda yaxshi bilamiz. Buningla barobar biz Munavvardan xayolanda ayrila olmadik. Faqat, birinchi xabarni tasdiqlayturg‘on ikkinchi bir maktub ham yetib keldi… Munavvarqori Sovet hukumati tomonidan qatl etilgan”.
Mustafo Cho‘qay Munavvarqorini bolsheviklar nega o‘ldirgani to‘g‘risidagi savolga javob izlab o‘tirishning hojati yo‘qligini, javob shundoq ham aniq ekanini urg‘ulab, birgina sababi “Munavvar” shaxsiyat ekanini ta’kidladi. Haqiqatdan ham Munavvarqori Turkistonda milliy davlatchilik g‘oyasining eng matonatli, sabotli va eng nomusli targ‘ibotchilaridan biri edi.
Ma’lumki, Mustafo Cho‘qay Turkiston Muxtoriyatidagi yirik davlat arboblaridan biri edi. Shu boisdan ham milliy davlatchiligimizning yorqin timsoli bo‘lmish Turkiston Muxtoriyati mavzusi uning kelgusi ijodida alohida o‘ringa ega bo‘ldi. Masalan, uning “Muxtoriyatdan istiqlolg‘a”, “Bir “ilmiy” yolg‘ong‘a qarshi”, “Dekabr xotiralari”, “Qo‘qon Muxtoriyati” va boshqa shular kabi qator maqolalarida Turkiston Muxtoriyatining qonuniy asosda tuzilganini, bolsheviklar aytgandek bu davlat soxta tashkil etilmasdan, Turkiston xalqining azm-u irodasi bilan vujudga kelganini qat’iy turib himoya qildi. Masalan, u Zakiy Validiy tomonidan “Turkiston Muxtoriyatining o‘z oldiga qo‘ygan davlat dasturi mavjud emas edi” degan iddosiga qarshi “Aniq g‘oya va pro‘g‘romig‘a tayanmag‘on hech bir tashkilot yo‘qdir. Hatto o‘g‘rilar ham bir pro‘g‘rom bilan harakat etmak majburiyatidadirlar. Har g‘oya va pro‘g‘romning zamong‘a uyg‘unlig‘ini va bajarila bilishni munoqasha va inkor etmak mumkin. Lekin bir tashkilotning g‘oya va pro‘g‘romini inkor etmak, tirik bir mahluqda jonning borlig‘ini inkor etish bilan barobardir” deb yozdi. Mustafo Cho‘qay yana fikrini davom ettirib: “Qo‘qon hukumati ikki oylik faoliyati mobaynida nima qila oldi? Muxtoriyat bir jihatdan oz va boshqa jihatdan ko‘p ish qila oldi: tarixiy vaziyatning talablariga nisbatan oz, biroq, u vaqtdagi Turkistonning tarixiy vaziyatning talablariga muvofiq zamonaviy ilm va siyosat jihatidan yetishmaganligini nazari e’tiborg‘a olsak, Qo‘qon hukumatining ko‘pgina ish qila olganini ayta olamiz. Hukumat, ta’sis majlisining chaqirilishini 1918-yilning 20-martig‘a ta’yin etib saylov qonunini tuzdi va Muvaqqat millat majlisidan o‘tkaza oldi. “Janubiy-sharq istiqlolchilar ittifoqi” masalasida hukumat meni Orenburgga vakil etib yubordi. Men tomonimdan hukumatga 25-dekabrda taqdim etilgan ma’ruzaga binoan bu ittifoqg‘a kirmaslik qaror qiling‘on edi. Qurolli kuch tashkil etish yo‘lida biz haddan tashqari qiyinliqlarg‘a uchragan edik. Turkistonliklardan bir nafar ham zobitimiz bo‘lmag‘on. Rusiya qo‘shinidagi 4-5 turkistonlik zobit esa biz bilan birga emas edilar. Ikki nafar yosh va butunlay tajribasiz tatar zobiti, ikki nafar lehistonlik zobit va tashkilot arkoni boshlig‘i rutbasinda bo‘lg‘on yana bir lehistonlik zobit vositalari yordamida bir askariy quvvat tashkil eta boshladik. Har miltiq va har o‘q uchun kaliy miqdorida aqcha berib qurol sotib olishlik majburiyatida edik. Aqchamiz esa juda ham oz edi. Oxirda, rus ishg‘olchi qizil qo‘shinig‘a qarshi qurolli kurashda muvaffaqiyat umid qilmag‘onimizdan Muxtoriyat haqqimizni tasdiq ettirmak uchun chorasiz boshqa yo‘llar axtarmoq majburiyatida qoldik. Har vaqt shunday bo‘ladir: o‘z haqqingni kurashib qozonmoq yoxud uni saqlab qolmoq uchun o‘z kuching bo‘lmag‘onda kuchlilarga qarshi haq va adolatni qalqon qilib chiqmoq majburiyati ostida qolasan. Faqat ko‘pincha, bu haq va adolat kuchsiz va ezilgan xalqlarning oh va fig‘onidan ko‘proq, kuchlilarning to‘p-zambaraklarig‘a ko‘proq itoat qiladir” deb ta’kidlagan holda, qalbining tub-tubida yotgan oh-fig’onlarini alam bilan ifodaladi.