Tabiatda shunday qonuniyatlar borki, hayvonot olamidagi vaziyatlar ba’zi ko‘rinishda bashariyat olamida ham takrorlanadi. Shulardan biri – mobbing.
Mobbing – bir turdan tashkil topgan jamoa o‘zidan biroz farqli boshqa tur vakilini ta’qib ostiga olishi, bosim o‘tkazishi, zug‘m qilishi natijasida yuzaga keladigan kontrast (ziddiyatli) holatga nisbatan aytiladi.
“Mobbing” atamasidan ilk bor Konrad Lorenzning “Agressiya haqida” (“On Aggression”. 1966) nomli kitobida qushlarning jamoaviy hujumini yoritish jarayonida foydalangan. Muallif hayvonot olamidagi bu hodisani instinktlarga bog‘laydi. Shuningdek, insonlar orasidagi xuddi shu vaziyatga tug‘ma impulslarni sabab qilib keltiradi.
Yevropada “mobbing” atamasi faqat ishxonadagi vaziyat uchungina qo‘llaniladi. Muassasadagi mobbing mutaxassisi o‘tkazgan anonim so‘rovnomasi orqali tashkilotda mobbing bor-yo‘qligi aniqlanadi va vaziyatga ko‘ra ish tutiladi.
Mobbing belgilari:
• Tazyiq
• Bosim
• Haqorat
• Ayblov
• Kamsitish
• Mensimaslik
• Ayirmachilik
• Qo‘shimcha ish yuklamalari
• Kamchilik topish
• Mish-mish/g‘iybat
• Haydash/haydalish
Mobbingning yuzaga kelish sabablari
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, mobbing – bir turdan iborat jamoa boshqa tur vakilini o‘z safiga qo‘shilishiga turli yo‘llar bilan to‘sqinlik qilishi. Bunga sabablar quyidagicha bo‘lishi mumkin:
• Diniy farqlanish;
• Irqiy farqlanish;
• Milliy farqlanish;
• Yoshdagi farqlanish;
• Jinsdagi farqlanish;
• Ijtimoiy kelib chiqishi yuzasidan farqlanish (tabaqalanish);
• Moliyaviy holati yuzasidan farqlanish (kasodga uchraganlik);
• Ijtimoiy cheklanganlik sabab farqlanish (yetim, sudlangan, ajrashgan…);
• Salomatlik darajasi bo‘yicha farqlanish (yuqumli kasallikka chalinganlik);
• Ijtimoiy holati bo‘yicha farqlanish (ruhiy kasal, nogironlik);
• Ruhiy holati bo‘yicha farqlanish (travma olganlik darajasi);
• Aqliy faoliyati bo‘yicha farqlanish (axborotni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va uzatish darajasi);
• va boshqa holatlar.
Mobbingni qayerlarda uchratish mumkin?
Mobbingni eng avval tabiatda uchratamiz. O‘z polaponiga begona polaponlarni yaqinlashtirmaydigan ona tovuq, uyurga qo‘shilmay tanho o‘tlayotgan baytal; jumladan, yovvoyi hayvonlarga tegishli o‘rmon qonunlarida ham mobbing ko‘zga tashlanadi. Inson ham tabiatning bir bo‘lagi sifatida bu qonuniyatlardan chetda qolmaydi. Mobbingni kishilik jamiyatida ham jamoaviy ko‘rinishlarda uchratish mumkin. Masalan:
Oiladagi mobbing
Yaqin qarindoshi qaramog‘iga olgan yetim bola misolida olaylik. Otalig‘iga olgan oilaning farzandlariga qo‘shila olmasligi, unga tazyiq o‘tkazilishi, tengdoshlari va atrofdagilarning yetimligini ta’kidlab, bosim o‘tkazishlari, qurbidan ortiq ish yuklashlari hamda shu kabi belgilarning aksariyat hollarda guvohi bo‘lamiz.
Yoki oilaning yangi a’zosiga aylangan kelinchak misolini olaylik. Begona muhit, notanish odamlar va ularning turlicha xarakterlarini o‘rganish hamda bunga ko‘nikish jarayonida mobbingga uchraydi. Jamiyat bosimi uning yangi – kelinlik rolidan juda ko‘p narsa talab qiladi. Bunday vaziyatda mobbingni tushunish muhim.
Maktabdagi mobbing
Deyarli har birimiz maktab yoshidagi qaysidir davrda sinfga yangi kelgan o‘quvchi bo‘lganmiz yoki yangi kelgan sinfdoshimiz bo‘lgan. Xo‘sh, eslay olasizmi, yangi kelgan o‘quvchi qiz bola bo‘lsa, sochidan tortishlar, sumkasini olib qochib, o‘sha sumkani yigitlar davrasida bir-biriga oshirishlar; yoki o‘g‘il bola bo‘lsa, ruchkaning idishida dumaloq holatga keltirilgan qog‘oz otishlar, qalamdonini yashirib qo‘yishlar; sochidan bit chiqqan sinfdoshimizga yaqin yo‘lamaslik, davramizga qo‘shmaslik, u bilan bir partada o‘tirmaslik va shu kabi holatlar ko‘zimizga bolalarcha sho‘xlik bo‘lib ko‘rinsa-da, lekin buning nomi MOBBING ekanini bilmaymiz.
Oliygohdagi mobbing
Oliygoh – hududi, shevasi, madaniyati, e’tiqodi va xarakteri turlicha bo‘lgan insonlar yig‘iladigan joy. Bu turlichalik mobbingda ham o‘z aksini topadi. Bunda kimdir ovqatni qo‘li bilan yeydigan talabani kulgiga olishi mumkin. Yana kimdir shevasini parodiya qilishi mumkin. Kimningdir liftdan qo‘rqishini jiddiy tushunmasligi mumkin, ammo gap millat, irq va din mavzusiga kelganda ahvol keskinlashishi hech gap emas.