Ayrim ota-onalar farzandining odamovi, jurʼatsizligi va yo doimiy kayfiyatsiz yurishidan, shunday ulgʻayayotganidan xavotirga tushadi. Ularda «Nega bolasining tengqurlari tezda doʻst orttiradiyu, u bir joyda oʻtirishni afzal biladi, nega dilbandi oʻziga nisbatan ishonchsiz, zavqsiz", degan savollar paydo boʻladi. Bunday savollarga javob esa bitta – bu hol bolaning oʻz-oʻziga baho berishi bilan izohlanadi. Bolalar ham oʻzini baholaydimi, deyishingiz mumkin. Ishoning, baholaydi…
Har qanday kishining oʻziga beradigan bahosi voyaga yetgan oilasi va uni oʻrab turgan atrof-muhitning qandayligiga bogʻliq. Masalan, hamisha tushkun kayfiyatda, muammolar qurshovida, faqat ish haqida oʻylab yuradigan ota-onaning farzandi oʻzini past baholaydigan, jurʼatsizroq boʻlib ulgʻayadi, koʻpincha. Xoʻsh, oʻziga ishonadigan, kuchli shaxsiyatli bola qanday tarbiyalanadi?
Uch yoshli bolada allaqachon oʻz “men”i shakllanayotgan, barcha ishlarni “oʻzim qilaman” degan ishonch uygʻonayotgan boʻladi. Buyurilgan va oʻzi qilishi kerak boʻlgan yumushlarni bajararkan, “mening qoʻlimdan keladi, koʻrdingizmi”, “qarang men oʻzim qildim” kabi maqtanishlarni ham esidan chiqarmaydi. Shuning uchun bunday vaqtlarda bolani urishmaslik, aksincha, ragʻbatlantirish, ishlariga qiziqish bildirish, savollariga toʻgʻri javob berish shaxsiyatini mustahkam boʻlishiga yordam beradi. Bu nafaqat uning yangi chehralar bilan doʻstlashishiga, balki, keyinchalik oʻquv mashgʻulotlaridan, yangi bilimlar egallashdan qoʻrqmasligiga ham yordam beradi.
Bolalarda oʻziga baho berish belgilari quyidagicha namoyon boʻladi:
Oʻziga past baho beradigan bolalar:
Oʻziga adekvat baho beradiganlar:
Oʻziga yuqori baho beradigan bolalar:
Bolaning oʻziga qanday baho berishini quyidagi test orqali bilib olish mumkin.
Farzandingizga rasmni koʻrsating va unga birinchi 3 pogʻona (yashil, koʻk va siyohrang)dagi bolalar aqlli, odobli, mehribon, ota-onasining aytganini qiladigan, sogʻlom va kuchli ekanini, oxirgi 3 zinada (qizgʻish, sariq va och sariq rangdagisi)da esa quloqsiz, odobsiz, kattalarning doim jahlini chiqaradigan, kuchsiz bolalar boʻlishini, oʻrtadagi qizil pogʻonada turuvchilar esa oddiy bolalar hisoblanib, ularni yaxshi ham, yomon ham deb boʻlmasligini tushuntiring. Soʻngra unga quyidagi savollarni bering:
Aytchi, sen oʻzingni qaysi pogʻonada deb bilasan? Yaqinlaringchi? Ular (buving, bobong, ota-onang, ustozlaring va hak.) seni qaysi pogʻonaga qoʻygan boʻlishardi? Javoblar quyidagicha tahlil etiladi:
Birinchi pogʻona. Agar bolangiz oʻzini yuqori pogʻonaga qoʻygan boʻlsa va boshqalar ham uni aynan shu darajada hisoblashadi deb oʻylayotgan boʻlsa, demak sizning farzandingiz kichkina maqtanchoq boʻlib oʻsmoqda.
Ikkinchi pogʻona. Bu pogʻonadaman deb oʻylaydiganlar oʻzlarini oqlashga doimo sabab topa oladilar. Masalan, “Men yaxshi bolaman, lekin har doim ham oyimga qarasholmayman, chunki charchab qolaman yoki …” va shunga oʻxshash bahonalar.
Uchinchi pogʻona. Bu pogʻona bolaning oʻziga adekvat baho bera oladigan qadami boʻlib, bunda bola oʻz xato va kamchilik, tanlovlarini tushuntira oladi. Masalan, “Men yaxshi bolaman, chunki oyimga doimo yordam beraman”, “Men aqlli bolaman, shuning uchun otamning aytganlarini qilaman”.
Toʻrtinchi pogʻona. Ushbu pogʻonadagi bolalar “Men ham yaxshi, ham yomon boʻla olaman. Oyimning aytganini qilganimda yaxshi, ukamga baqirganimda esa yomon bolaga aylanaman…” tarzida boʻladi. Toʻrtinchi pogʻonadaman deb hisoblaydiganlar oʻziga nisbatan ishonchsiz va kuchiga tayanmaydigan, qoʻllab-quvvatlashga muhtoj bolalardir.
Beshinchi va oltinchi pogʻona. “Ushbu pogʻonadaman va boshqalar ham meni aynan mana shu darajaga qoʻyadi” deguvchi bolalar oʻziga past baho beruvchilardir. Ularning xayolida faqat “Men bu ishni xato qilib qoʻydim”, “Bogʻchada va uyda meni doimo urishishadi” kabi fikrlar aylanadi. Biror ishni boshlashda aynan shu kabi fikrlar unga xalaqit beradi, va odatda yangilikka qoʻl urmaydi.
Yettinchi pogʻona. Yettinchi pogʻonada turibman, deb hisoblovchi bolalar oʻziga eng past baho beruvchilardir. Ular doimo oʻzini “Men yomon bolaman” deb ishonadi. Hech kimga keragim yoʻq, atrofimda doʻstlarim kam deb oʻksinadi. Ular eng koʻp ota-onasining koʻmagiga muhtoj boʻlishadi.
Albatta, bu koʻrsatkichlarni mutlaq toʻgʻri deb olib boʻlmaydi. Biroq biz oʻziga ishongan, kuchli insonni tarbiyalarkanmiz, bu kabi mashgʻulotlarni oʻtkazib turishdan erinmasligimiz kerak. Oʻzi, umuman, bolamizning shaxsiyatini oʻstirarkanmiz, u oʻziga munosib baho berishi uchun nimalarga eʼtibor berishimiz kerak?
Masʼuliyat. Avvalo, kunlik ishlardan uni aslo cheklamang, bola (3 yoshdan keyin) sizga oddiy uy ishlarida koʻmak berishi yoki oʻzining xonasini tartibga keltirish bilan bogʻliq yumushlarni bajarishi mumkin, albatta koʻp harakat bilan uni qiynab qoʻymang. Bolani kichikligidan biror ishga javobgar qilib qoʻyish orqali unda masʼuliyat hissini tarbiyalasangiz boʻladi.
Tashabbus. Farzandingizning har bir bajargan vazifasi uchun rahmat ayting, uni maqtang. Garchi bolakay ishni kattalardek «qoyillatib» qilmagan boʻlsada, qoʻl mehnati bilan yasagan buyumi yoki tayyorlagan salatini tahsinga loyiq deb hisoblang.
Xatolar. Hatto kattalar ham baʼzan adashib turishlarini farzandingizga tushuntiring. U biror nojoʻya ish qilarkan, birdaniga baqirmasdan, «Yomon emas, ammo bunday bajarganingda yana ham yaxshi boʻlardi» deya bosiqlik bilan tushuntirish mumkin.
Tahlil. Bolaning har bir fikrini inobatga olgan holda xato va kamchiliklarini birgalikda muhokama qiling. Faqat kamchiliklarni emas, bola bilan uning yutuqlari haqida ham uzoq suhbatlashing.
Psixolog Galina Smislovaning fikricha, yaqinlari uni yuqori pogʻonaga arziydi, deb hisoblashini biladigan bolalar yanada yaxshiroq natijaga erishishga harakat qilar ekan. Har qanday savolga «Bilmadim» deya javob berguvchi bolajonlarning oʻziga ishonchi ortishi uchun kattalar yordam berishi, javob topishda uning sevimli qahramonlari va oʻyinchoqlaridan foydalanishlari yaxshi natija beradi. Bunda bola qoʻgʻirchoqlarini qanday ekanini sifatlab, oʻzini emas, qoʻgʻirchogʻini baholasin. Uning javoblariga qarab, ota-ona bola bilan alohida shugʻullana boshlasa, koʻp oʻtmay ijobiy natija olish mumkin. Chunki, har qanday vaziyatda ham uni qoʻllab-quvvatlaydigan, yuqoridagi pogʻonalarning eng yaxshisiga munosib koʻradigan yaqinlari borligini bilish har bir bolaning ruhiyatiga faqat ijobiy taʼsir koʻrsatadi, oʻziga boʻlgan ishonchni oshiradi. Xulosa qilib aytganda, farzandingizga, avvalo oʻzingiz ishoning va buni koʻrsatishdan tortinmang.
Sevara MUSAYEVA
Jarayon
Til
Adabiyot
San’at
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q