Beg‘araz donorlik – insoniylik namunasi


Saqlash
15:48 / 12.11.2021 1397 0

 

Rossiya Kimyo texnologiya universitetining Toshkentdagi filialining o‘quv va tarbiyaviy ishlari bo‘yicha ijrochi direktor o‘rinbosari Nilufar Yunusova 20 yildirki beg‘araz donorlik qilib keladi.  U 55 yoshda bo‘lishiga qaramay sira “qarimaydi”. Buning sirini bilish maqsadida donorni suhbatga chorladik.

Ma’lumot uchun:

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarining o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlarining talabalari, ta’lim oluvchilarning boshqa toifalari qon va uning tarkibiy qismlarini topshiradigan, shuningdek tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan kuni mashg‘ulotlardan, harbiy xizmatchilar esa naryadlarni bajarishdan, xizmatni o‘tashning vaqti va boshqa shakllaridan ozod qilinadilar.(https://lex.uz/docs/46727 ).

Donorga har safar qon va uning tarkibiy qismlarini topshirgan kunning bevosita ertasiga dam olish uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha bir kun beriladi. Donorning xohishiga ko‘ra mazkur dam olish kuni har yilgi mehnat ta’tiliga qo‘shib berilishi mumkin.

 

— Ko‘pincha mendan yosh ko‘rinishingiz sabab inimada, deb so‘rashadi, — deydi qahramonimiz. — Donorlik mening yosh ko‘rinishimga asosiy sabab deb o‘ylayman. Aslida ham qon beradigan donorlar hammasi yosh ko‘rinadi. Sababi bu jarayonda  qon almashinadi, organizm, erotritsitlar, trombotsitlar yangilanadi. Bu esa tabiiyki, albatta odamning yuzida ham aks etadi. Faqatgina bu emas, qon topshirib turish sog‘liq uchun foydali.

2001-yildan beri o‘z ixtiyorim bilan qon topshirib kelaman. Bu qarorga kelishimga sabab, o‘sha vaqtlarda yosh bo‘lishimga qaramasdan, qon bosimim ko‘tarilib keta boshladi. Shifokorlar qon topshirsam yordam berishini aytishgan.

Aslida bu qarorga kelishimga ancha yillardan beri o‘ylab yurganim ham sabab bo‘lgan. 15 yil Tibbiyot akademiyasida ishlagan davrimda talabalarim orasida onkologlar ham bor edi. Ular kasallikka uchragan bolalar haqida gapirib berishardi. Shu sabab bo‘lib, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarga   yordam berishni niyat qilgandim. Qon bu hayot, sizning qoningiz ko‘plab insonning hayotini asrab qolishi mumkin...

Avvaliga har 4 oyda  qon topshirardim, hozir har 3 oyda qon topshiraman. Mana, ancha yillardan beri qon bosimi ko‘tarilishi degan narsani umuman unutganman.

Bilasiz, odatda qon topshirgan odam 2-3 soat dam olishi kerak. Qon topshirganimdan keyin 5 daqiqa ham yotmasdan ishlarimni qilishga chiqib ketaman. Ko‘rganlar hayron qoladi.

Qon bergan insonlarimni ahvolini doim shifokorlardan so‘rab-surishtirib turaman. Tuzalib ketgan bemorlar haqida eshitganimda ularning oila a’zolari kabi quvonaman. Lekin ular bilan yuzma-yuz ko‘rishmaganman sira.

Necha yillardan buyon donorlik qilib kelganim uchun hamshira va shifokorlar tanib qolishgan. Shunaqa vaqtlar bo‘lganki, qon topshirganimga uch oy to‘lmasidan yana topshirmoqchi bo‘lsam, ular meni ko‘rgandanoq “yo‘q, hali qon topshirganingizga 3 oy bo‘lmadi,” deb qaytarib yuborishadi.

Donorlik ikki xil bo‘ladi. Beg‘araz donorlar va pulga qon topshiradiganlar. Men butun umr beg‘araz donorlik qilib kelaman. Ammo pulga donorlik qiladigan insonlarga ham talab ko‘p va doim xursandchilik bilan e’zozlanib kutib olinadi.

Donorlik qilganlarga qon topshirgan kuni va yana bir kun dam olish kuni beriladi. Dam olish kunlarini  asosiy mehnat ta’tiliga  qo‘shib olishingiz ham mumkin.

O‘zim OTMda ishlaganim uchun talabalar bilan “Donorlik kunlari”ni tashkil qilganmiz. O‘sha kunlari qon markazidan kelib hammadan qon olishdi. Ko‘ngillilarga oziq-ovqat mahsulotlarni tekin berishdi.

2019-yilda “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” bo‘lganman. Odamlarning hayotini saqlab qolishga hissangni qo‘shsang va buning uchun rag‘batlantirilsang, odam bundan juda katta baxtiyorlikni his qilarkan...

Ma’lumot uchun:

Pulli donorlar – kadriviy  donorlar hisoblanib, ularga 250 ming so‘mgacha moddiy mablag‘ to‘lanadi. Bu kabi donorlar qonidan sivorotka (gemolonoglubinlar) tayyorlanadi.

Shuningdek, qon topshirganlarga bir marta 2 kilo shakar beriladi.

Bugungi kunda manfiy qon guruhlarining hammasiga talab katta bo‘lib, faxriy donorlar soni 49 tani tashkil qiladi.

 

Shahnoza Xoliqova tayyorladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//