Kuchli iroda, butun shaxs va Navoiyga muhabbat – Ibrohim Haqquldagi uch fazilat


Saqlash
19:03 / 27.03.2024 390 0

Hayotda insonning o‘z o‘rnini topishida ustozlarning alohida o‘rni va roli bor. Ular, avvalo, o‘z shaxsiyati bilan shogirdlarga o‘rnak bo‘ladi. 

 

Filologiya fanlari doktori Ibrohim Haqqulov haqida so‘z ketganda ham shogirdlarga o‘rnak bo‘larli ustoz ekanliklarini alohida e’tirof etish lozim.

 

Men domlani maktab  paytlarimdan bilaman. 90-yillarda televideniye orqali “G‘azal  gulshani” ko‘rsatuvi namoyish etilar edi. Men mazkur ko‘rsatuvning barcha sonlarini kuzatib boruvchi muxlislardan edim. Keyinroq domlaga shogird bo‘lish ham nasib etdi.  2021-yilda o‘zbek mumtoz adabiyotining bilimdoni, tasavvufshunos, navoiyshunos olim Ibrohim Haqqulov maslahatlari ostida “Badiiy ijodda ta’sir va izdoshlik (Amiriy ijodi misolida)” mavzusidagi doktorlik ishimni himoya qildim.

 

O‘tgan yillar orasida men domladan kuchli irodaga ega bo‘lishni, shaxs sifatida butunlikka erishishni, mumtoz adabiyotga va Hazrat Navoiy dahosiga katta muhabbat va hayrat bilan qarashni o‘rgandim. Har gal domla bilan suhbatlashar ekanman, olam-olam taassurotga, ma’rifatga to‘lib bordim. Domladagi mumtoz adabiyot va zamonaviy adabiyotga birday, zukkolik va sinchkovlik bilan munosabatni ko‘rib hayratlanganman. Jahon adabiyotining durdona asralari haqidagi mulohazalari, ayniqsa, “Hamlet” asari tahlilidagi “Har bir ziyoli insonda Hamlet yashashi kerak. U shunday deydi: Dunyo izdan chiqqan. Men uni to‘g‘rilamoq uchun keldim!”, degan fikrlari haqiqiy vijdonli ziyolini o‘ylashga chaqiradi.  Hazrat Navoiy haqida gap ketganida domlaning ko‘zlarida doimo hayrat va hayojonni ko‘rganman. Domla Hazratni har doim “Navoiy bobo” deb gapiradilar. Domla bilan suhbatlarda birovning g‘iybati bo‘lmagan. Suhbatlar chin ma’nodagi ma’rifiy suhbatlar edi.

 

 

Ustoz Ibrohim Haqqul Alisher Navoiy ijodi haqida ko‘p va xo‘b aytganlar. Domla hayotliklarida “Navoiyga qaytish” deb nomlangan  kitoblarning 4 jildi nashrdan chiqqan edi. Ustoz umr vafo qilsa, mazkur nashrni amalga oshirishni, ya’ni Hazrat Navoiy “Xamsa”siga monand 5 ta kitob qilishni niyat qilgan edilar. Ustoz tavalludining 75 yilligiga biz, shogirdlar “Navoiyga qaytish”ning 5-jildini nashrdan chiqardik. Shuningdek, Ibrohim Haqqul mushohadalaridan iborat “Mushohada yog‘dusi”ning 3 jildini, turli kitoblarga yozgan so‘zboshilari jamlangan “So‘zboshi: irfon va ishonch” kitoblari ham shogirdlari tomonidan tartib berilib, nashr etildi.

 

Ish stolim ustida doim bo‘ladigan va tez-tez mutolaa qiladigan kitoblarimidan biri usozim Ibrohim Haqqulning “Navoiyga qaytish” deb nomlangan  turkum kitoblaridir. Kitobning har bir nashrini o‘qigan kitobxon she’riyat mulkining sultoni ijod olami va shaxsiyatini anglashga qaratilgan suhbatlar, buyuk so‘z san’atkorining “o‘tlug‘ bag‘r”idan to‘kilgan g‘azal, ruboiy, qit’a, fardlar sharhi bilan tanishib boradi va, haqiqatan ham, Navoiyga qaytadi, ustozimiz ta’biri bilan aytganda, “olam va odam hodisotlaridan xabardor bo‘ladi”. 

 

“Navoiyga qaytish”ning birinchi kitobi 2007-yilda,  ikkinchisi 2011-yilda, uchinchisi   2016-yilda,  to‘rtinchisi 2021-yilda, 2024-yilda esa beshinchi jild nashrdan chiqdi. Mazkur kitoblar ulgurji madaniyat ta’siriga tushib, mumtoz adabiyot chashmalaridan bebahra qolayotgan, shu taxlit davom etilsa, o‘tmish adabiyotiga mutlaqo ehtiyoj sezmaydigan, basirati ko‘r, go‘zallik tuyg‘usidan mahrum, moddiy dunyo tashvishidan boshqasini tan olmaydigan avlodning paydo bo‘lishidan tashvishlanib bitilgan. Domlaning ta’biri bilan aytganda: “mumtoz adabiyot – millatning dunyoqarashi, axloqi, ma’naviyati va badiiy didiga chuqur ta’sir o‘tkazib, ularni doimiy ravishda muhofaza qila oladigan ijod namunalaridir. Mumtoz adabiyot vakillarining har biri o‘z e’tiqodi, g‘oyaviy-badiiy nuqtai nazarini himoya qila oladigan kuchli va jasur shaxslardir”.

 

O‘zbek mumtoz adabiyotining ulug‘ namoyandasi Alisher Navoiy so‘zlarini to‘tidek takrorlash bilan ma’rifatga erishib bo‘lmasligini, Navoiyni bilish – boshqa, uni anglay olish – boshqa hodisalar ekanligini “Navoiyga qaytish”dan keyin yana bir karra anglaysiz.

 

Birinchi kitob aynan “Navoiyga qaytish” deb nomlangan kattagina maqola bilan boshlanadi. Maqoladagi: “Navoiy saboqlariga amal qilgan kishi o‘z-o‘zidan xalq dard-u tashvishlarini yengillatishga bel bog‘laydi. Navoiyni yetarli darajada bilish – adolat, diyonat va iymon-e’tiqodning kuchiga ishonch demak. Ko‘nglida shu ishonch g‘olib bo‘lgan odamlar soni jamiyatimizda qancha ko‘paysa, insoniy muammolar har qalay kamayib boradi” kabi satrlarni o‘qigan kitobxonda, shubhasiz, mazkur kitobni o‘qishga ishtiyoq yanada ortadi.

 

 

Kitobda necha o‘nlab g‘azallar, ruboyilar, qit’alar va baytlar tahlil qilinganki, bu tahlil va talqinlar Hazrat Navoiy shaxsiyati va ijodini anglashga yordam beradi.

 

Zamona ahlig‘a garchi o‘yunchiliqdur ish,

Yengar ham oxir alarni zamonaning o‘yuni.

 

Ustoz ushbu baytda zamonasozlik nayrangi, shaxsiy g‘araz va iddaolarni ko‘zlab zamonga moslashish holati qoralanganligi, bu holatni Navoiy bobo o‘z nomi bilan “o‘yunchilig‘” deb atashi, biroq bunday “o‘yunchi”larni zabun etadigan boshqa bir katta o‘yin – zamonaning o‘yini borligi eslatilganligini yozadi. Beixtiyor domlaning fikrlariga “haqqast rost” deb yuborasan: “Inson shuni bilish, shu shafqatsiz o‘yindan o‘zini chetga olishga ojizlik qiladi”.

 

Men ko‘pincha Navoiyning “o‘tib ketgan va yetib kelmaganingdan kamroq gapir, chunki sen bu damdasan” mazmunini beruvchi “Mozi-yu mustaqbal ahvolin takallum ayla kam, Ne uchunkim, dam bu damdur, dam bu damdur, dam bu dam” baytini takrorlab yuraman. “Navoiyga qaytish”da domla mazkur fikrga monand mazmundagi quyidagi baytlarni sharhlaydi:

 

Chu moziy o‘tti-yu mustaqbal o‘rtada ermas,

Sengaki hol ermas mug‘tanam ne hol o‘lg‘ay.

 

Bu damni orif ersang yaxshi tutki, johil ishi,

Yetishmaganga-vu o‘tganga qiyl-u qol o‘lg‘ay.

 

Ya’ni: “Moziy o‘tdi. Kelajak hali ilgarida. Ayni fursatdagi holingni g‘animat bilmasang, bu qanday hol bo‘ladi? Agar orif ersang har bir lahza va nafasingni yaxshi qadrla, yaxshi o‘tkaz. Yetib kelmagan-u o‘tib ketgan haqida so‘zlash johilning ishidir”. Baytlar talqinida ustoz insonning o‘tmishidan ajralib yashay olmasligini, biroq o‘tgan davrga munosabat chuqur ilm, keng mushohada va ma’rifat ziyosidan yuzaga kelishi lozimligini, aks holda, nafaqat shaxs kamolotiga, balki, umum taraqqiyotiga ta’sir yetkazishi ham mumkinligini, ahli haqiqat qarashlariga ko‘ra esa, besamar orzuga aylangan moziy va kelajak andishasini Olloh bilan orif aloqasiga bir hijob ekanligini, bu parda barham topmas ekan, na qalb, na ruh oliy maqomlarga yuksala olmaganidek, ishq va haqiqat zavq-shavqlarini ham to‘liq egallay olmasligini ta’kidlaydi.

 

Kitobdan o‘rin olgan sharh-u talqinlar orasida ilmning foydasi haqidagi quyidagi ruboiy ham bor:

 

Ilmi din kasb qilki, sud ermas,

Charx mushkillarini hal qilmoq.

Lekin ul ilm dog‘i naf’ etmas,

Bilibon bo‘lmasa amal qilmoq.

 

Qit’a sharhi avvalida “Olloh taolodan foydali ilm so‘rangiz va befoydasidan saqlaningiz” deyilgan hadis keltirilib, “charx mushkullarini” hal qilmoqqa yordam bermaydigan ilmlarni Navoiy hazrat befoyda ilm deb hisoblaganliklari, shuningdek, qit’ada hayot va ong taraqqiyotiga xizmat qilmaydigan ilm  – ilmsizlikdan o‘zga narsa emasligi, taraqqiyot uchun bilishning o‘zigina kifoya qilmasligi, bilimga yarasha amal ham kerak, degan mazmun anglashilishi aytiladi. Xulosa o‘rnida esa bilgan narsani bilaman, bilmaganni bilmayman deya olish  mana shu – haqiqiy bilim. Bilim darajasiga muvofiq amal va harakat bu, chin olimga xos fazilat sanaladi, deyiladi.

 

 

Navoiyga qaytgan har bir inson kuchli irodaga ega bo‘lishni, shaxs sifatida butunlikka erishishni, mumtoz adabiyotga va Hazrat Navoiy dahosiga katta muhabbat va hayrat bilan qarashni o‘rganishiga sira shubha yo‘q.

 

Kitobni yopar ekanman, quyidagi satrlar ong-u shuurimda aks sado berib jaranglayveradi: “Yetti yoshdan yetmish yoshgacha har bir o‘zbek bilishi kerakki, Navoiyning betimsol shaxsiyatini sevmasdan, Navoiyning muhtasham ijodiyotini yetarli darajada o‘rganmasdan, buyuk shoir she’riyatini dunyoga tanitgan porloq haqiqatlarga tayanmasdan, millat sifatida biz oliy maqomlarga ko‘tarila olmaymiz”.

 

Ibrohim Haqqulov nomi va asarlarini bugun butun O‘zbekiston olimlari va ziyolilari, talaba yoshlari yaxshi taniydi. Domlaning “Zanjirband sher qoshida”, “Abadiyat farzandlari”, “Kim nimaga tayanadi?”, “E’tiqod va ijod”, “Ijod iqlimi”, “Meros va mohiyat”,  “Taqdir va tafakkur”, “Talant – jasorat javhari”, “Ishq va hayrat olami” kabi kator kitoblari Mazkur kitobga joylangan tadqiqotlar bugungi kunda respublikamiz oliy o‘quv yurtlarida muhim manba sifatida qo‘llanib kelinmoqda. Domlaning har bir satri fikr uyg‘otadi, mushohadaga chorlaydi. Fikrlaydigan inson borki, u tirikdir, uyg‘oqdir. Daryo kabi uyg‘oq yoshlarimiz safi kengayishida ustoz Ibrohim Haqqul saboqlari juda-juda zarur.

 

Zebo QOBILOVA,

Qo‘qon davlat pedagogika instituti professori,

filologiya fanlari doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19278
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16348
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi