O‘zbek adabiyotida kimni Shaxs deb atasak bo‘ladi? – Ibrohim Haqqul


Saqlash
18:03 / 27.03.2024 450 0

Moddiy dunyoda hamma narsa va barcha mavjudlikning o‘z asosi, botiniy tayanchi bo‘lganidek, inson va insoniylikning ham tamali bor. Ko‘zga ko‘rinmas bu asos esa jismoniy kuch-quvvat, ma’naviy xislat va fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan Shaxs va shaxsiyatdir. Mustaqil shaxs sifatida inson o‘z qiyofasini ko‘rsata olsa, erkin fikrlash, ozod yashashda tashqi bir kuchga tobelik sezmasa, demak, u – Shaxs, mavjudligini oqlashga qodir teran shaxsiyatdir. Jahondagi barcha ulug‘ Shaxslarning hayoti va taqdiri, eng avvalo, ayni shu tomondan e’tiborga molik va ibratli.

 

Nainki ilm-fan, san’at va adabiyot, balki davlat, millat hamda Vatanning ham noyob boyligi, tayanch tog‘i Shaxsdir. Olomon va to‘dachilik ofatlaridan qutulishni ko‘zlagan xalqning oliy maqsadi Shaxsni voyaga yetkazish bo‘lmog‘i kerak. Bunda ko‘p narsa davr, zamon, davlat va jamiyatning umumiy saviyasi va haqiqatni anglash layoqatiga bog‘liq, albatta. Ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy yashab, ijod etgan davr Shaxs toleiga g‘amxo‘r, turmushning aytarli barcha jabhalarida iste’dodli shaxsiyatlarning maydonga chiqishidan juda manfaatdor bo‘lgan. Shuning uchun Shaxs masalasida davr va zamon, jamiyat va ijtimoiy-siyosiy muhit orasida keskin ixtilof kuzatilmagan.

 

Navoiy shaxsiga kelsak, u tarixiy, ma’rifiy, hatto afsonaviy bir shaxs edi. Turkiy xalqlar ilm-fani, madaniyati va adabiyoti tarixida bunday maqom Navoiydan o‘zga hech birovga nasib etmagan, desa mubolag‘a bo‘lmas. Badiiy va ilmiy ijodda asriy orzularini ruyobga chiqargan, qanchadan-qancha urug‘, qabila, elatlar birlashgan turkiy xalqlarga Navoiy mohiyat e’tibori bilan yangi asarlarni in’om qilgan benazir san’atkordir. Uning barcha nodir xislatlari va va noyob fazilatlari, ijodiyotidagi kamyob tuyg‘u va kechinmalarining sirli manbasi betakror shaxsiyatidir. Navoiy Shaxsining poydevori, hech shubhasizki – Iste’dod, harakat quvvati esa E’tiqod, Vijdon, maslak va ma’naviyat jabhasi: Ishq, Irfon, Haqiqat va Rostlikdir. Bularsiz ulug‘ shoir shaxsidan so‘z yuritishni xayolga ham keltirmaslik kerak. To‘g‘rilik, shijoat, butunlik va fidoyilik borlig‘idan muqim joy egallamasa, hech qaysi qalam sohibi millat tafakkuri, xususan, ruhoniyatiga sezilarli ta’sir o‘tkazolmaydi. Mana shu uchun ham Navoiy ilhomni kashfdan, kashfni ijodiy yangilik va o‘ziga xoslikdan aslo ajratmagan.

 

Haqiqiy she’riyat shoir yashab ijod qilgan davr, zamon, ijtimoiy-siyosiy muhit chegarasidan yuksak bir ruhoniy erkinlikda yaratiladi. Mana shuning uchun daho shoirlarning asarlarida hamma davr, barcha jamiyat odamlari uchun zarur va dolzarb g‘oya hamda haqiqatlar tasvirlanadi. She’riyat, avvalo, go‘zallik va zavq tazahhuri bo‘lgani bois insonni moddiy manfaat va turmushning jo‘n, o‘tkinchi mashg‘ulotlaridan xalos qiladi. Ana shunda shoir Shaxsi ta’siri va ilhomida, she’rxonda ham o‘z shaxsi haqida o‘ylash ehtiyoji yuzaga keladi. Shoirlikda mahorat kasb etishni ko‘zlashdan bosh maqsad aslida mana shu.

 

Atoqli adib Odil Yoqubov bir maqolasida “O‘zbek adabiyotida kimni Shaxs deb atasak bo‘ladi?” degan savolga “Masalan, Mashrabni shaxs deyish mumkin. Uning birinchi vazifasi haqiqatni, xalqning dardini aytish bo‘lgan”, deya javob qaytaradi. Va yana izoh tarzida bunday deydi: “Shaxsning qarashlari ko‘pincha jamiyatdagi qarashlarga to‘g‘ri kelmasligi mumkin, shunda uning bo‘yniga biror arzimas ayb qo‘yib o‘ldirib yuborishadi. Biroq Shaxsning ruhi hamma zamonlarni bedor qilib turadi” (“So‘z”, Toshkent, 2019, 424-bet). Tarixdan ayonki, Alisher Navoiyga ham suiqasd qilib, haqparast shoir ovozini o‘chirishga urinishlar bo‘lgan. Biroq diyonat va vijdon jallodlari bunday mash’um jinoyatning uddasidan chiqisholmagan. Nizomulmulk, Majididdin boshliq battol bandalar esa shoirga qarshi to‘xtovsiz ig‘vo, bo‘hton, fisq-u fasod tarqatish bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Navoiy shaxsi o‘tda yonmas, suvga cho‘kmasligi bilan eng hosid, ichiqora zotlarni ham ajablantirgan. Chunki Navoiyda yovuzlik, gumrohlik va vahshiylikka taslim ра зотларни ҳам ажаблантирган. од тарқатиш билан машғул бўлишган. bo‘lmaydigan ilohiy qudrat ato etilgan. Bunday kuch-quvvatga sohib talantlar esa nihoyatda kam tug‘iladi.

 

Shaxsning hayot va adabiyot maydonida ot surishi shu sababga ko‘ra ham haddan tashqari siyrak kuzatiladi. Shuning uchun asrlar mobaynida adabiyot mard, jasur, chinakam shijoat sohiblariga qaraganda murosachi, qo‘rqoq, maddoh, ikkio‘yinchi, lattachaynar, ojiz-u notavon qalamkashlarning faoliyat maydoni bo‘lib kelgan. To‘g‘rilikka sodiq yashash, so‘z va amal birligiga rioya eta bilish, millat va Vatan manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ya olish Shaxsning asosiy fazilatlaridandir. Adabiyot rivojiga alohida ta’sir o‘tkazib, ijodkor shaxsining shakllanishini ta’minlaydigan botiniy kuch-quvvat Dard va Iztirob ekanligiga dunyoning ko‘p atoqli san’atkorlari hamfikrdirlar. Masalan, mashhur olmon adibi va faylasufi F.Nitshe: “Iztirob haqiqatga erishishning eng uchqur usuli” desa, rus faylasuf yozuvchisi V.V.Rezanov: “Faqat dard va qayg‘u bizga buyuklik, ilohiylik eshiklarini ochadi…”, deydi. Boshqa bir musulmon faylasufining fikrlari yanada e’tiborli: Iztirob insonning qalb sohibi ekanligining ilk nishonasi va uni do‘st kabi qarshilash qalbning shohona uchrashuvi erur. Iztirob xotiralari qadar jonli, kuchli o‘tmish hayotimizga ma’no bag‘ishlovchi mavjudlik yo‘q”. Darhaqiqat, dard, alam, iztirob yolqiniday ko‘ngilda, xususan, ruhda yuksalish paydo etadigan narsani tasavvur qilish qiyin. Dard va iztirobga ahamiyat berilishining boisi faqat shumi? Yo‘q, albatta. Dard va iztirob aql va irodaning birlashuvidan yuzaga kelganki, shaxsiyatning chiniqishi, avvalo, shularga bog‘liq. Aks holda Navoiy:

 

Ko‘ngil ichra g‘am kamligi asru g‘amdur,

Alam yo‘qlig‘i dag‘i qattiq alamdur, –

 

demasdi. Zero, shu holatdagi xayol, fikr va tushunchalarni badiiy asarga ko‘chirgan ijodkorni iste’dodlarning ham iste’dodlisi deyish mumkin. Chunki so‘z, ma’ni va ruh jilvalarini dard va iztirob oynasida aks ettirish kamdan-kam shoirga nasib aylaydi. Navoiydagi hurlik va ozodlik shavqi mana bunday qanoatni boshqa bir shoir izhor aylay olmasligida ham ko‘rinadi:

 

Jon berib oldim jununi ishq to bo‘ldim fano,

Alloh-Alloh, ul ne xush savdo, bu ne xush sud erur.

 

Barcha nodir san’atkorlardagidek, Navoiy shaxsida ham umuminsoniy joziba, o‘zgalarnikiga o‘xshamaydigan ruhoniy bir kuch mavjud. Shoir shaxsiyati, ya’ni “men”ligiga kimki dildan bog‘lanib, unga ergasha bilsa, hech vaqt fikran to‘xtab qolmaydi, zavq-shavq bilan holdan holga yuzlanib, “Ko‘nglum ichra dard-u g‘am avvalgilarga o‘xshamas” deganday oshiqona e’tirof va  sururni yurakdan his qiladi.  Oriflik e’tiqodi esa shoir shaxsining ma’rifatda yanada sobitlashuvini ko‘rsatadi:

 

Ey Navoiy, charxi zolining firibin topmag‘um,

Yor agar bo‘lsa mening birla eranlar himmati.

 

Navoiy nuqtai nazarida erlik bilan eranlik – valiylik ajralmas tushunchalardir:

 

Er kirar er sonig‘a himmat bila,

Er emas faxr aylag‘on ziynat bila.

 

Erga xulq-u fe’l erur zeb-u kamol,

Yangi zarkash hullasidur eski shol.

 

Er esang, ollingdadur bahri fano,

Cho‘mg‘il-u qilgil o‘zungni oshno.

 

Xullas, Navoiyning Shaxsi ibrat va tahsinga loyiq necha o‘nlab xislat-u fazilatlarning maxzanidir..  қарашлари кўпинча жамиятдаги қарашларга тўғри келмаслиги мумкин, шунда унинг бўйнига бирор арзимас айб қўйиб ўлдириб юб

 

Tarixda Navoiy Shaxsi qadar ulug‘langan, insoniy fazilat va nodir xislatlari ko‘p maqtalgan shoir nihoyatda kam uchraydi. Unga nisbat berilgan his-tuyg‘u va go‘zal sifatlar shoir siymosini oldin aytganimizdek afsonaviy qahramonlarga yovuqlashtirgan, desa mubolag‘a bo‘lmas. Zahiriddin Muhammad Bobur insonlikda ham, ijodkorlikda ham Navoiyning tengi topilmasligini alohida ta’kidlagan.

 

Oddiy mehnatkash xalq, ilm va ijod ahli hamda amal va martaba sohiblari tasavvurida jonlangan Navoiy siymosi o‘zaro umumlashtirilsa, shoirligi olimligidan, mutasavvifligi mutafakkirligidan, oshiqligi orifligidan, davlat arbobligi javonmardligidan baland benazir daho bir Shaxsga yuzlashganday bo‘lamiz. Navoiyning serqirra ijodiyoti sir-sinoat to‘la Shaxsiga muhtasham ko‘zgu bo‘lganidek,  Shaxsi ijodiga ma’naviyat, e’tiqod va vijdon manbaidir. Shuning uchun shoir ijod namunalarini uning “Men”ligidan ajratib, ruh va ruhoniy hayot ehtiyojlarini e’tiborga olmay tahlil va talqin qilish – niholni zaminidan sug‘urishday bir ishdir. Bir fardida u yozadi:

 

Men sinuq, ko‘nglum sinuq, sabrim uyi xud yerga past,

Bilmagay holim shikastin ko‘rmagan muncha shikast.

 

Bu baytda faqir, darvesh, g‘arib, miskin Navoiyning his va holati birlashib ketgan. Buning sirriga yetmay fard mazmunini qayta so‘zlashdan nima foyda? Shikastalik, benavolikdan tug‘ilajak butunlikni unda tasavvur aylab bo‘ladimi?

 

Navoiyni bilish, tadqiq etish sobiq sovet zamonida qoliplashtirilib, qariyb bir andozaga moslashtirilgan. Natijada shoir asarlarining ijtimoiy, siyosiy, axloqiy mazmuni, moddiy olamga tegishli g‘oyalarini  izohlash yetakchi o‘ringa chiqarilgan. Tuyg‘u, ruh, hol, dard, xayol manzaralari tasviri unutilgan. Navoiy yozadi:

 

Yo‘q dahrda bir besar-u somon mendek,

O‘z holig‘a sargashta-vu hayron mendek.

G‘am ko‘yida xonumoni vayron mendek,

Ya’niki, aloxon-u alomon mendek.

 

Sharq mumtoz she’riyatida aqlga emas, ruhga tayanilib, dunyo va inson sirlari ruhdagi o‘zgarish va evrilishlar orqali aks ettirilgan. To‘rtlikda siyratda yuz ochgan go‘yo to‘rt suvratga e’tibor jalb qilingan: 1.Besar-u somonlik. 2.O‘z holiga sargashta-vu hayronlik. 3.Xonumoni vayronlik. 4.Aloxon-u alomonlik, ya’ni hammasidan mosivolik. Bu hollarning har biri galma-gal dahrda hech nimaga bog‘lanmaslik, boshqacha aytganda, fano zavqini aks ettiradi. “Men”ga urg‘u berilishi esa “o‘zluk imorat”ining buzilganligidan dalolatdir.

 

Shaxsiyat – yaxshi va yomon, yaroqli va yaroqsiz, yuksak va tuban, insoniy va shaytoniy, ezgu va yovuz, sobit va o‘tkinchi mayl, istak, xususiyat va ko‘nikmalarning yig‘indisidir. Bularning keragini keraksizidan, go‘zalini chirkinidan ajratish mohiyat ishi bo‘lib, bu shaxsning shakllanish yo‘lidagi dadil odimidir.

 

Ma’lumki, din uch ustuvor asosga tayanadi: iymon, ilm, hol. Chin dindorlik islomiy ilmning holga uyg‘unligidir. Tasavvufning xos bir xizmati shu ilmning hayotga tadbiqi va ta’minidan iborat erur. Chunonchi: tasavvuf nafsni dinga rom etib, dinni nafs uchun vijdonga aylantirgan. Tasavvuf dinning hukmroni emas, tolmas xizmatkori, sodiq navkari. Din va tasavvuf ittifoqini  Navoiy mana shunday tushungan, Shaxs kamoli uchun esa tasavvufdan ishq va irfon manbai o‘laroq foydalangan. Uningcha:

 

Davronda kamol ichra quyoshdin biyik o‘ldi,

Har zarraki bir komili davrong‘a yo‘luqti.

 

“Komili davron” esa pir, murshid, murabbiy, shayx nomi bilan mashhur bo‘lgan ishq va irfon peshvolaridir. Shaxs taqdirini asosan ana shular hal qilishgan.

 

Inson ruh(jon) bilan badandan iborat bo‘lib, bulardan biri latif va ruhoniy javhar bo‘lsa, ikkinchisi jismoniy bir mavjudlikdir. Ammo ularning ikkalasi ham o‘z manbasiga qarab mayl ko‘rsatib, yo‘ldoshini o‘zi tarafiga jalb qiladi. Agar ruh badanni yengib, nafsoniy shahvatlar lazzatidan uni xalos aylab, turli qo‘pollik va razolatlardan qutqazsa, uning bilan birga samoviy manzil-u ma’volarga ko‘tariladi. Shu ma’noda Yassaviy, Attor, Rumiy, Jomiy, Navoiy, Mashrab kabilar faqat shoir emas, balki mutasavvif, murshid, piri komil va avliyo zotlar hisoblangan. Shuning uchun ularning ahvol ruhiyati, irfoniy maslak va tajribalari ham boshqacha bo‘lgan. Tadqiqotchilarning xulosalari bo‘yicha,  tasavvuf tarixining dastlabki uch asrida so‘fiylik yo‘lidan yurganlar kurashchan bir ruh, erkinlik shavqi va tashabbus sohibi bo‘lishgan. Ancha keyingi davrlarda esa ahvol bir qadar o‘zgargan. Bu esa ishq va muhabbat otashida toblanadiganlar shaxsiga salbiy ta’sir o‘tkazgan. Ishqsiz, irfonsiz yashash fojiasini Nasimiy shunday talqin qiladi:

 

Ma’rifat kasb etmading, sen fonisen,

Uch-to‘rt kun dunyoning mehmonisen,

Haqni bilsang, olamning sultonisen,

Bilmasang, xud dev bila shaytonisen.

 

Diniy-ilohiy idrok Navoiyda kuchli bo‘lsa-da, insonni hayotdan, dunyodan ajratadigan tuyg‘u va tushunchalarni umuman u maqbul ko‘rmagan. Shu boisdan shoirning mutasavvifligi va darveshligiga mutlaqo boshqacha yondashish lozim. Uning go‘zallik va nafosat zavq-shavqi o‘zga bir shoirnikiga o‘xshamaydi. Voqelik bag‘rida u o‘zini ma’rifat, ma’naviyat, ishq Farhodi qiyofasida tasavvur etgan:

 

Navoiy, benavoliq shevasin berma ilikdinkim,

Navo har kimki istabtur, topibtur benavolig‘din.

 

Bir umr shoir navoni benavolikdan, shodlikni qayg‘u qa’ridan, fikrni fikrsizlik biyobonlaridan topgan. Chunki ko‘ngli yangilanish va yangilikka mushtoq san’atkor shoirni shunchaki navo, shunchaki quvonch yoki ommabop tushunchalar aslo qoniqtirmagan.

 

“Go‘zallik mushohadasi alohida bir holatdir… Go‘zallikning mohiyatini anglash ham bir zavq erur”, deydi Imom G‘azzoliy. Ana shu holat va zavq Navoiyning ilhom malagini ko‘klarga ko‘tarib, san’atning turfa-turfa sirlaridan uni voqif etgan. Nafs zulmatida adashib, manfaat tegirmonida yanchilmagan kishi dunyoning g‘am-g‘ussa, kulfat va musibat lashkarlariga taslim bo‘lmaydi. Unda fanovashlik holi bo‘lsa, bas – hammasiga chidaydi, hammasini yengib o‘tishga kuch topadi. Navoiyda shunday. Uning xilma-xil g‘animlik, oqibatsizlik, jabr-u jafo va yovuzliklarga tahammulining o‘zi ulkan bir saboq maktabidir.

 

Menki, o‘ldum dahr eliga oshnolig‘ ranjidin,

Qilmag‘aymen oshnolig‘, gar Masih o‘lsun yano.

 

Oshnolardin tilarmen aylasam begonalig‘,

Qayda mumkin bo‘lmog‘im begonalarga oshno?!

 

Oshno – begona, begona – oshno, oshnolik – begonalik, begonalik – oshnolik. Bularning ham asabni qaqshatib, dilni larzaga soladigan dramasi bor. Shuning ranj va azobi she’rda dardli chizgilarda ifodalangan. Komillik ideali Navoiyda axloqiy turg‘unlik, fikriy nochorlik, ma’naviy ojizlikning tamoman teskarisiga xizmat qiladi. Yig‘laganni kuldirish, kulganni yig‘lata bilish, g‘am-g‘ussani shodlikka, quvonchni kadarga evriltirish salohiyati Navoiyda juda kuchli. She’rxonni u hasrat, noumidlik, badbinlik, mahdudlik ofatlaridan muhofaza etish bilan birga, soxta ko‘tarinkilik, makruh shodlik, fayzsiz – xosiyatsiz mamnuniyatbozlikdan ham qutqazadi.

 

Yurakda din va irfon chirog‘ini yoqmay, tariqat va ilohiy ishq chashmasidan suv ichmay, oliy san’at sehrini idrok qilmay Navoiy shaxsi bilan botiniy munosabatga kirishib bo‘lmaydi. Navoiyning iqrori bo‘yicha, iste’dodsiz davr, o‘rtamiyona zamon, ma’rifati past jamiyat va zolim saltanat hech vaqt ulkan talantlarni qo‘llab-quvvatlab ularga erkinlik va ilhom berolmaydi. Mutafakkir shoirning quyidagi kabi so‘zlari hayot va jamiyat haqida o‘ylashga ham undaydi:

 

Ishq aro dard-u balodin o‘zga yo‘q,

Zulm-u bedod-u jafodin o‘zga yo‘q.

 

Maslak va shaxsiyat e’tibori bilan Navoiy so‘nggi nafasigacha sevgan, sidq-u sadoqatini sira susaytirmagan Shaxs, hech shubhasizki, sarvari koinot Muhamad (s.a.v.) bo‘lgan. Bunday mehr-u muhabbat esa Navoiy dunyoqarashi va shaxsiyatiga olamshumul ochiqlik va so‘nmas ko‘rk bag‘ishlagan. Shoirdagi kamtarlik, xoksorlik, jafokashlik va hikmat-u himmatning daxlsiz bir asosi ham ana shu. Uning:

 

Sening madoyixi na’tingda, yo Rasululloh,

Tamom bo‘ldi Navoiy takallumi poki, –

 

deyishi ham shundan. Navoiy tarjimai holidan xabardor kishi biladiki, beshafqat dahr, g‘addor zamon, subutsiz jamiyat umr shomida shoirni yana ketma-ket og‘ir sinov, nisbatan boshqacha iroda imtihonlaridan o‘tkazgandi. Turli janrdagi she’rlarida shoir bularni ham yozib qoldirgan:

 

Yuzlanib shavkat-u, joh-u iqbol,

Qismatim bo‘ldi base mansabu mol.

 

Har ne el qildi talab, men toptim,

Barchadin silkib etak, ko‘z yoptim.

 

Ulcha men topqali bor erdi havas,

Kim topilmadi vafo erdi-yu bas.

 

Bir vafo kimgaki, men qildim fosh,

Yuz jafo o‘truda erdi podosh.

 

Ko‘z aning yo‘lig‘akim, yetkurdum,

Ko‘zda yuz nesh balosin ko‘rdum.

 

Qaysining ollidakim, qo‘ydum bosh,

Yog‘di boshimg‘a jafosidin tosh…

 

Umri ilgarilagani sayin shoir boshiga yog‘ilgan jafo, kulfat, hasrat toshlari ortib borgandi.

 

Mehribon jiyani Haydarning hayotida jiddiy xavf-xatar tug‘ilishi, ukasi Darvesh Alining hibsga olinishi, mehr qo‘yib umid bog‘lagan shahzoda Mo‘min Mirzoning vahshiyona o‘ldirilishi, mayxo‘rlik va maishatparatlikka mukkasidan ketgan Husayn Boyqaroning o‘g‘illari bilan nizolari, davlat va hokimiyatning tanazzuli, el-yurt hayotidagi iqtisodiy, axloqiy, madaniy buhronlar Navoiyning shaxsiga ham, sog‘lig‘iga ham halokatli ta’sir qilgandi. Biroq bularning barini donishmand Navoiy hayotda yuz ko‘rsatishi muqarrar g‘am-g‘ussa, afsus-nadomat chekish bilan bir ijobiy natija chiqmaydigan voqea-hodisalar o‘laroq qabul qilgandi.

 

Kim ko‘rdi ekin jahonda oyo xushluq,

To bir kishi aylagay tamanno xushluq.

Yuz yilda agar bir o‘lsa paydo xushluq,

Omodadurur yonida yuz noxushluq.

 

Ko‘rgan-bilganlari qachonlardir bitilgan mazkur fikrlarning davomiy isboti edi. El-ulus, mamlakat va ma’rifat dardida jism-u joni yongan jafokash shoir oldingiga nisbatan ham o‘zini yolg‘iz, g‘amzada his etardi:

 

Ollimda tabibi chorasozim ham yo‘q,

Yonimda rafiqi dilnavozim ham yo‘q.

Tegramda anisi jongudozim ham yo‘q,

Boshimda shahi bandanavozim ham yo‘q.

 

Bunda ta’kidlangan ayriliq va hijronning hammasi ham qiynoqli. Va cho‘ng qayg‘u. Lekin insonparvar mehribon bir podshohning yo‘qligi – bu endi aytgan bilan ado bo‘lmas musibat. Adabiyot, san’at, ilm-fan, siyosat, iqtisod, ma’naviyat maydonlarida ot surgan, kurashgan, biroq yengilmagan Navoiy umrining shomida shahanshohga e’timodsizlik holati bilan yuzma-yuz qolgandi. Xo‘sh, xulosa nima? Mana eshiting va o‘ylang:

 

Kim bo‘lsa bu motamkadadek olam aro,

Sayr aylasa g‘amsirishtlik odam aro,

Gar odam erur, bo‘lsa keraktur g‘am aro,

Olamda esa, bo‘lsa kerak motam aro.

 

Bu misralarni bitgan shoirga, albatta, juda og‘ir bo‘lgan. O‘qiganga ham yengil emas… Darvoqe, bir g‘arb faylasufi, “Mening maqsadim yig‘lash yoki kulish emas, anglashdir”, degan ekan. Biz esa buyuk Navoiyning ham ahvoli, ham she’rining mohiyatini anglashga jahd etishimiz kerak. Navoiydan bizgacha tarixiy masofa olti asrga yaqin… Ezgulik va yovuzlik, zulm va adolat, haqiqat va haqsizlik, ma’rifat va jaholat kurashi esa to‘xtagani yo‘q – hamon jadal davom etayotir.

 

Ibrohim HAQQUL

Do‘rmon,

19.07.21.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19281
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16355
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi