Yolg‘on aralashgan savdoning puli halolmi? – qaltis savollarga nozik javoblar


Saqlash
16:58 / 27.02.2024 843 0

Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi direktorining o‘rinbosari G‘ulomiddin XOLBOYEV javob berdi.

 

– Agar savdogar oz bo‘lsa-da yolg‘on aralashtirsa, undan kelgan pul halol bo‘ladimi?

 

– Sotuvchi savdoda yolg‘on ishlatgani uchun undan kelgan puli ochiq harom bo‘lmasa-da, yolg‘oni sababli gunohkor bo‘ladi va topgan molining barakasi ketadi.

 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ko‘plab hadisi shariflarida ummatlarini ommatan, savdogarlarni esa xossatan yolg‘on gapirishdan qaytargan. Rifoa roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallam bilan namozgohga chiqqan ekan. Payg‘ambar alayhissalom savdo qilayotgan odamlarni ko‘rib, “Ey tojirlar jamoasi!” dedi. Ular boshlarini ko‘tarib qaradilar. Shunda u zot “Albatta, tojirlar qiyomat kuni fojir hollarida tirilurlar. Faqat Allohga taqvo qilgan, yaxshilik va rostgo‘ylik qilganlar bundan mustasno” dedi (Imom Termiziy rivoyati).

 

Demak, tijoratchi odam taqvodor, yaxshilik qiluvchi va rostgo‘y bo‘lmasa, bu kasbi unga oxiratda nadomat keltirar ekan. Boshqa bir hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilgan:

 

“Oluvchi va sotuvchi bir-biri bilan savdoni kelishib olguncha ixtiyorlari o‘zlaridadir. Agar ular bir-birlariga rost gapirib, molining aybini yashirmasa, bunday savdoda ularga baraka bo‘ladi. Agar molning aybini yashirsa va bir-birlarini aldasa, savdolarida baraka bo‘lmaydi” (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Demak, savdo-sotiq ishlari rostgo‘ylik va xolislik asosida amalga oshirilsa, har ikki taraf ham foyda topish bilan birga rizqlarida fayz-u barakaga erishadi. Aks holda ushbu savdolarida barakadan mahrum bo‘lib, oxiratda nadomatga qolishadi. Vallohu a’lam.

 

– Shom payti bolamni ko‘tarib, qo‘shni ayollar bilan ko‘chada gaplashib turgan edik, mahallamizdan bir otaxon bizni “Jin-u shaytonlar to‘ziydigan mahal yosh bola bilan ko‘chada nima bor sizlarga?” deb koyidi. Otaxonning gaplari qanchalik to‘g‘riligini bilmoqchi edim.

 

– Otaxon to‘g‘ri aytibdi. Avvalo dinimiz ayollarning ko‘chada behuda gap sotib o‘tirishiga ruxsat bermaydi. Shuningdek, shom payti jin va shaytonlar izg‘ib yurishi ham hadisi shariflarda bayon qilingan.

 

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Idishlaringiz ustini yoping, meshning og‘zini bog‘lang, eshiklarni qulflang, kech kirganda bolalaringizni qaytaringlar. Sababi, (bu paytda) jinlarning tarqalishi va tez harakatlanishi bor” dedi” (Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyati).

 

Bu hadisda bir nechta foydali maslahat berilgan. Keksalarimizning “Shom chog‘i ko‘chada sayoq yurmang” degan gapi ana shu hadisga asoslanib aytilgan bo‘lsa ajabmas. Shom payti jinlar yer yuzi bo‘ylab tarqaladi. Bu paytda jinlar ko‘chada yurgan bolalarga ziyon yetkazib qo‘yishi mumkin. Chunki ular oyatlar, zikr-u tasbehlarni aytib yurishni bilmaydi. Ba’zida bolalarning injiq bo‘lib qolishi, uyqusida bosinqirashiga ham ana shu payt ko‘chada yurishi sabab bo‘ladi. Bu noqulayliklardan qutulish uchun hadisi sharifdagi ko‘rsatmalarga amal qilganimiz yaxshi. Vallohu a’lam

 

– Esnagan paytimizda nima uchun qo‘l bilan og‘iz berkitiladi? Buning biror asosi bormi?

 

– Esnash paytida qo‘l bilan og‘izni to‘sish sunnat. Bu haqda hadis bor. Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdi: “Agar birortangiz esnasangiz, qo‘lingizni og‘zingizga qo‘ying, chunki shayton kiradi” (Imom Muslim rivoyati).

 

Ulamolarimiz mazkur holatda og‘izni chap qo‘lning orqa tarafi bilan berkitish odobdan ekanini aytishgan. Shuningdek, boshqa hadislarda esnab turib “hooh” deb ovoz chiqarib bo‘lmasligi, chunki bunda shaytonning kulgisiga sabab bo‘lish borligi ham bayon qilingan.

 

Yana ba’zi rivoyatlarda Payg‘ambarimiz alayhissalom hech esnamagani rivoyat qilingan. Vallohu a’lam.

 

– Dinimizdagi tush ko‘rishga aloqador hukmlarni bayon qilsangiz.

 

– Tushlar uch xil bo‘ladi:

 

tahorat bilan yotilganda Alloh taolo tomonidan berilgan va tongga yaqin ko‘riladigan yorqin tushlar;

 

shayton ta’siridagi aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar;

 

kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.

 

Payg‘ambarlardan boshqa odamlarning rost tushlari amal qilinishi shart bo‘lgan ish emas, balki kelajakdagi biror yaxshilikdan bashorat bo‘ladi, xolos. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydigan ishdir.

 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bomdod namozidan keyin “Bu kecha birortangiz (yaxshi) tush ko‘rdingizmi? Mendan keyin faqat rost tushlar qoladi” der edi”. Ya’ni mendan keyin vahiy bo‘lmaydi, faqat rost tushlar mo‘minlarga yaxshiliklardan bashorat bo‘lib qolaveradi.

 

Payg‘ambarimiz alayhissalomni ko‘rish ham rost tushlardan hisoblanadi. Hayotda shayton u zotning suratiga kira olmagani kabi tushda ham suratiga kira olmaydi.

 

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam “Kim meni tushida ko‘rsa, haqiqatda o‘zimni ko‘ribdi. Chunki shayton mening suratimga kira olmaydi degan (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).

 

Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak.

 

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam “Birortangiz yomon tush ko‘rsa, shayton u bilan o‘yin qilganini odamlarga aytmasin” dedi” (Imom Muslim va Ibn Moja rivoyati).

 

Bu yerda yomon tushdan murod odamni g‘am-qayg‘uga soladigan tushlardir. “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushining yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”. Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomoniga yengilgina tuflab, “Ey Rabbim! Ko‘rgan tushimning yomonligidan panoh so‘rayman” deb qo‘yadi.

 

Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa, o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakaat nafl namozi o‘qigani yana ham yaxshi deyishgan.

 

Tushining ta’birini so‘ramoqchi bo‘lgan kishi so‘rovchini yaxshi ko‘radigan bo‘lishi yoki olim kishiga aytishi kerak. Zero, tushni nimaga yo‘ysa, o‘shanday bo‘ladi. Doim tushni yaxshilikka ta’bir qilish kerak. Hadisda kelishicha, bir ayol uch marta kelib, Payg‘ambarimizga “Erim tijorat bilan ketgan, o‘zim homiladorman, tushimda uyimning ustuni sinibdi, g‘ilay bir bola tug‘ibman” deydi.

 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam har safar “Ering safardan qaytadi, solih bir farzand tug‘asan” der edi. Oxirgi marta Oysha onamizdan tushining ta’birini so‘raganda, uning eri vafot etishi, fojir bir bola tug‘ishini aytadi, shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom “Ey Oysha! Unday dema! Musulmon kishining tushini ta’bir qilsangiz, yaxshilikka ta’bir qiling. Chunki tush egasi qanday ta’bir qilsa, shunday bo‘ladi” degan (Imom Dorimiy hasan sanad ila rivoyat qilgan).

 

Ko‘rmagan tushini ko‘rdim deb to‘qima tush aytish shariatimizda yolg‘onchilik, ya’ni gunoh sanaladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday degan: “Eng katta bo‘hton – otasi bo‘lmaganni otam deb da’vo qilish, ko‘rmagan tushini ko‘rdim deyish va Allohning Rasuli sollallohu alayhi va sallam aytmagan gapni aytdi deyishdir” (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Bu mavzuda yo‘l qo‘yiladigan xatolar shuki, ba’zilar shariatga zid narsani tushida ko‘rib, amal qilib yuradi. Ba’zida tushimda xudo bilan gaplashdim deb payg‘ambarlikni da’vo qiladi. Ba’zilar tonggacha tush ko‘rib, kechgacha uni odamlarga aytish, yo ta’birini izlash, yo so‘rash bilan kunni kech qiladi. Tush ta’biri yozilgan kitoblarni izlaydi. Vaholanki, bunday kitoblarning aksariyati asossiz, to‘qima gaplardan iborat bo‘ladi. Aslida tush haqidagi dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilib, islom asoslari, halol-harom, farz-u vojib, sunnatlarni o‘rganish, amal qilish burchimiz, vazifamizdir.

 

Inson tush ko‘rgani uchun savob ham, gunoh ham olmaydi, lekin yuqoridagi burch va vazi falarini bajarmasa, gunohkor bo‘ladi, so‘raladi. Zero, ulug‘larimizning bir gapi bor: “O‘ngingda Allohdan qo‘rq, tushingdagi narsadan qo‘rqma!”. Vallohu a’lam.

 

– Xo‘roz farishtani ko‘rsa qichqiradi deyishadi. Shu gapning asosi bormi? Hayvonlarning bemahal ovoz chiqarishi biror narsaga dalolat qiladimi?

 

– Ha, bu borada ko‘plab sahih hadislar bor. Ya’ni Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam Agar xo‘rozning qichqirig‘ini eshitsangiz, Alloh taolodan fazli va marhamatini so‘rang. Chunki xo‘roz farishtani ko‘rgan bo‘ladi. Agar eshakning hangrashini eshitsangiz, Alloh taolodan shaytondan asrashini so‘rang. Chunki eshak shaytonni ko‘rgan bo‘ladi degan (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).

 

Yana bir rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Kechasi itlarning hurishini va eshaklarning hangrashini eshitsangiz, Alloh taolodan shaytondan asrashini so‘rang. Chunki ular siz ko‘rmagan narsani ko‘radi. Kechasi hamma uxlab yotgan paytda kamroq ko‘chaga chiqinglar. Alloh taolo tunda maxluqotlaridan xohlaganicha yuboradi” degan (Imom Nasoiy, Imom Hokim rivoyati). Vallohu a’lam.

 

Damin JUMAQUL tayyorladi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 4-son.

“Qaltis savollarga nozik javoblar” suhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 107
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//