Oscar-2024 kimga nasib qiladi? Daʼvogar kartinalar tahlili


Saqlash
16:10 / 23.02.2024 1415 0

Tez kunda kino sohasidagi eng obroʻli mukofot – Oscar mukofotini topshirish marosimi boʻlib oʻtadi. 2023-yili bir qancha muvaffaqiyatli filmlar ekran yuzini koʻrdi va katta mashhurlikka erishdi. Koʻpchilik bu yilgi sovrin poygasida bir filmning yakkahokimligini taʼkidlayotgan boʻlsa-da, hali intriga yoʻqolganicha yoʻq. Oyina.uz yilning “Eng yaxshi filmi” nominatsiyasiga daʼvogar asarlar mohiyati va ularning gʻalaba qozonish imkoniyatlarini koʻrib chiqadi. 

 

(Ehtiyot boʻling, spoyler boʻlishi mumkin!)

 

“Qulash anatomiyasi” (Anatomy of a Fall) filmi

 

Fransiyalik rejissor Jastin Triye tomonidan suratga olingan ushbu filmni 2023-yilning eng oʻziga xos janrli kartinasi deyish mumkin. Psixodetektiv janrda olingan film shunchaki bir jinoyat izini ochmaydi, balki uning kelib chiqish sabablari va omillarini muhokama qiladi. Odatiy detektiv filmlardan farqli oʻlaroq, Triye kinosida juda kam gumondor bor (deyarli bitta). Qahramonlar va senariyda film davomida evrilish sodir boʻladi, fikrlar butunlay oʻzgaradi. Masalan, boshida eri oʻz joniga qasd qilmasligini taʼkidlagan Sandra kino soʻngida turmush oʻrtogʻi suitsid qurboni bo‘lganini ishonch bilan aytadi.

 

 

Kartina intihosi tomoshabinlarga xuddi filmning bosh qahramoni kabi nimaga, qaysi versiyaga ishonishni oʻzi hal qilish imkonini qoldiradi. Kinomuxlis dalillar, voqealar va gʻoyalar asosida yakuniy hukmni oʻzi chiqaradi. Film markazida bir insonning ikkinchi (yoki uchinchi) qavatdan qulab, halok boʻlishi voqeasi tursa-da, aslida zamonaviy oilalarning qulash (yaʼni, ajralish soni oshib ketayotgani) anatomiyasi ham koʻrsatiladi. Kinomutaxassislar ajoyib senariy va mahoratli ijroga qaramay, “Qulash anatomiyasi” mukofot sovrindori boʻlishiga shubha qilmoqda.

 

“Toʻlin oy qotillari” (Killers of the Flower Moon) filmi

 

Afsonaviy rejissor Martin Skorseze oʻz uslubiga sodiq qolgan holda 2023-yili jinoiy toʻdalar haqida yana bir ajoyib filmni suratga oldi. Skorsezening shu yoʻnalishdagi oldingi ishlari: “Nyu-York bandasi”, “Sharafli yigitlar” va “Irlandiyalik” kabi bu kartina ham real tarixiy voqealarga asoslangan. Film AQSh tarixidagi eng qora sahifalardan biri – hindular qirgʻinini yoritadi. Bu mavzu amerikaliklar orasida haligacha katta bahslarga sabab boʻlib kelmoqda. Skorseze esa ushbu qirgʻinda ishtirok etgan jinoiy toʻda tarixini ekranlashtirgan. Aytish kerakki, rejissorning kartinaga haqiqiy hindular avlodlarini jalb qilgani filmning saviyasini oshirgan. Filmda pulning insonlar tabiati, tuygʻulari, oilaviy munosabatlarini qanday oʻzgartirishi hamda irqiy notenglik (masalan, oq tanli qotillarga qattiq jazo berilmasligi) mavzulari yaxshi yoritiladi. Skorsezening bu asari ham doimgidek, vizual effektlar, hayajonli sahnalarga boy boʻlgan. Aktyorlarning yulduzli tarkibi – De Niro, Di Kaprio, Brenden Frayzer, Jessi Plemons, Skot Sheperd, shubhasiz, filmga yanada mashhurlik olib keldi.

 

 

Ammo kartina budjeti va prokat kassasini solishtirganda film oʻziga bildirilgan ishonchni oqlamayotganini koʻrish mumkin. 200 million dollar budjetga ega kinoasar hozircha 156,4 million dollar mablagʻ toʻpladi, xolos. Taqqoslash uchun rejissor Kristofer Nolanning 100 million dollar budjetga ega “Oppenheymer” filmi allaqachon 1 milliardga yaqin pul yigʻdi. Albatta, “mayestro” Skorsezening bu asari yilning muvaffaqiyatli filmlari qatoriga kiradi, biroq uning asosiy haykalchani olishi ehtimoli past. Biroq hindu qizi Molli Kayl rolini ijro etgan yosh aktrisa Lili Gledstoun “Eng yaxshi ayol aktrisa” nominatsiyasida Oscar mukofotini olishi haqida koʻp gapirilmoqda. Chunki u oʻz roli orqali oʻsha davrdagi hindu xalqi dardini teran aks ettira olgan. Biroq bu yoʻnalishda ham raqobat anchagina kuchli.

 

“Amerikancha choʻpchak” (American Fiction) filmi

 

Jamiyatdagi dangasalik, reallikdan qochish va stereotiplarga ishonish haqidagi ajoyib film. Kartina yuqoridagi mavzularni satirik yoʻnalishda yoritadi. Kord Jefferson (“Qoʻriqchilar” va “Avlodlar” filmlarida ishlagan) oʻzining ilk rejissorlik ishi bilanoq Oscar'ga nomzodlar qatoridan joy oldi. Amerikalik qora tanli professor jamiyatning stereotiplarga ishonish, dangasalik, choʻpchaklarni sevish odatlariga hayron boʻladi. Odamlar haqiqiy ilmiy, hayotiy kitoblarga emas, uydirma, dramatik asarlarga katta qiziqish bildirardi. Bora-bora bosh qahramon ham jamiyat taʼsiri ostida va moddiy masalalar tufayli bu oqimga qoʻshiladi. Biroq koʻplab mashhur asarlardagi kabi oʻzligini, vijdonini yoʻqotishni istamaydi:

“Jamiyat shuni xohlaydi, ular ahmoqliklarni yaxshi koʻradi”

“Men ularni yanada ahmoq qilmoqchi emasman”.

 

 

Shuningdek, filmda oilaviy muammolar, sevgi, shaxsiy chegara masalasi, qoʻrqoq universitet professorlari, ochkoʻz prodyuserlar, dangasa hakamlar, milliy, ijtimoiy va irqiy ayirmachilik muammolarini-da koʻrish mumkin. Qahramon nafaqat jamiyat bilan, balki oʻzidagi yolgʻizlik, hasad, masʼuliyat bilan ham kurashadi. Avomni, undagi johilliklarni tushuna olmaydi, natijada yolgʻizlikdan qiynaladi, depressiyani boshidan kechiradi. “Amerikancha choʻpchak” oʻzbek adabiyotiga begona boʻlmagan usulda – “roman ichidagi roman” (Navoiy ijodidagi “hikoya ichidagi hikoya” kabi) shaklida olingan. Film yetarlicha muvaffaqiyat qozongan va bosh sovringa munosib koʻrilayotgan boʻlsa-da, koʻp narsani ismlar hal qilishi mumkin. Chunki Jefferson va Skorsezeni (yoki Nolanni), Di Kaprio va Jeffri Raytni (yoxud Killian Myorfini) mashhurlik jihatdan solishtirib boʻlmaydi va, afsuski, baʼzida Oscar'ning berilishida nomlar ham rol oʻynaydi.

 

“Qoldirib ketilganlar” (Оставленные) filmi

 

Ikki bor Oscar mukofoti sovrindori boʻlgan rejissor Aleksandr Peynning navbatdagi shedevr kartinasi. Film baʼzi jihatlari bilan “Ayol ifori” filmini esga solishi mumkin, biroq maʼno umuman oʻzgacha. Kartinada qattiqqoʻl, omadsiz, odamovi professor; aqlli, ammo shoʻx, agressiv talaba; mehnatsevar, yolgʻiz oʻgʻlidan ayrilgan, alamzada oshpaz bosh rolni ijro etadi. Kambagʻal insonlar moddiy taqchillik (ustiga-ustak, irqiy ayirmachilik) sabab hayotini qura olmasligi (hatto halok boʻlishi), bu paytda esa badavlat farzandlar shunchaki amal zinalaridan yuqorilashi, hech narsani qadrlamasligi haqida hikoya qilinadi.

 

 

Hatto qimmat maktablarda ham halol oʻqituvchilar oʻrtahol darajadan pastroq turmush kechirishi, qoʻshimcha daromadga muhtojligi (xuddi “Breaking Bad” serialidagi kabi) tanqid qilinadi. Koʻplab boshqa filmlardagidan farqli ravishda asosiy, hayajonli sahnalar dialoglarsiz, musiqa sadolari ostida tasvirlanadi. Bu filmning dramatik ruhini oshirgan. Kartinadan inson bir joyda toʻxtab qolmasligi, yangi chaqiriqlar, tanqidlarga tayyor turishi, odamlardan uzilib ketmasligi kerakligi kabi gʻoyalarni ham uqish mumkin. Zero, intihoda bosh qahramon hayotida yangi bir sahifa ochadi. Filmning Oscar mukofotini yutishi ehtimoli yuqori emas. Lekin bosh qahramonlardan biri, “Oltin Globus”ning “Eng yaxshi ikkinchi darajali ayol roli” mukofotini qoʻlga kiritgan Joy Rendolf Oscar'da ham shu nominatsiyani olishiga koʻpchilik shubhalanmayapti.

 

“Oppengeymer” (Oppenheymer) filmi

 

Kino sanoati daholaridan biri Kristofer Nolanning “Oqqush qoʻshigʻi” (eng soʻnggi ishi) boʻlishi aytilayotgan film. Shubhasiz, rejissorning muxlislari juda katta premyera kutgandi va Nolan ularning ishonchini oqladi. Biroq oldingi asarlaridan farqli tarzda bu safar murakkab, keng miqyosli syujetga ega film emas, biografik kartina taqdim etdi. Robert Oppenheymer atom bombasini yaratgan inson sifatida tarixda qolgan. Rejissor olimning nafaqat yadro quroli sinovdan oʻtkazilishigacha, balki undan keyingi hayotini ham tasvirlagan. “Atom bombasi otasi”ning qanday qiyin bolalikni boshdan kechirgani, ruhiyatidagi muammolar, sevgilisidan ayrilishi, oʻz ishiga mukkasidan ketishi koʻrsatiladi.