“Katta og‘a” tarifi unga mos kelardi” – Sobir O‘nar portretiga chizgilar


Saqlash
17:02 / 21.02.2024 3984 0

Iste’dodli va insofli adib akamiz Sobir O‘narni men “Katta og‘a” deb izzatlardim. “E, qo‘ying-e, katta og‘alar davri o‘tib ketgan”, deb kulardi u. “Siz o‘zimizning katta og‘asiz”, – bo‘sh kelmasdim men ham. Bu ta’rif uning bo‘y-bastiga, vazmin fe’l-atvoriga, adabiyotdagi o‘rni-mavqeiga ham mos keladiganday tuyulardi-da.

 

Sobir aka “katta og‘a”lik maqomiga talabalik davrlarimizdayoq erishgan edi. Bir necha kurs yuqorida o‘qiganlar uning bag‘rikeng, qaysar, nomusli yigit ekanini aytib yurishardi. Bizlar boshlang‘ich kurs talabasi ekanimizda, uning “Kunsuluvning sirli xatlari” hikoyasi “Yoshlik” jurnalida bosilib, katta shov-shuv uyg‘otgan, talabalarning ham hikoyasi bosilar ekan-da deb, ancha-muncha yoshlar yurak yutib jurnal dargohiga eshik qoqib borishgan, xullas, jurnalistika fakultetida birinchilardan bo‘lib yoshlar uchun “Yoshlik”ka yo‘l ochib bergan tanti ijodkor desam, yanglishmagan bo‘laman.

 

 

Bizlar ikkinchi bosqichga o‘tganimizda ularning kursi universitetni bitirdi. Sobir aka “Yoshlik” jurnalida ishlay boshladi. Shu-shu, deyarli umrining oxirigacha jurnalga sodiq bo‘lib qoldi. Avval xatlar, publitsistika, nasr bo‘limida ishlab, bosh muharrirlikkacha bo‘lgan mehnat yo‘lini bosib o‘tdi.

 

1993-yil yozida yotoqxonalar ta’mirlashga yopilib, shunday maskanlarda norasmiy “ijara”da turadigan bir qancha yoshlar ko‘chada qoldik. Har kim har joydan qo‘nim topdi. Iste’dodli shoir, barchaga yordamlashib yuradigan beminnat akamiz O‘rol O‘zbek Qoraqamishning oxiridagi quruvchilar yotoqxonasida bir necha kun yashasam bo‘lishini aytdi. U yerni topib borganimizda, yo‘lning chap tomonida ancha puturdan ketgan to‘rt qavatli bir uy ko‘rindi, yotoqxona shu ekan. Talabalar shaharchasidagi yotoqxonalarning o‘zginasi. O‘rol O‘zbek u yerning tabiatini maqtayverib esi ketdi, haqiqatan ham, kech kirganida g‘irillab salqin shabada esib, atrof chirildoqlar ovoziga to‘lib ketdi, yotoqxona ortidagi biyday dala uzra oy chiqib keldi.

 

...U jannatmakon joyning chivinlarini aytsangiz!

 

– Tomda yotsayam bo‘laveradi, maza qilasiz, – dedi O‘rol aka.

 

U yerda Sobir aka, Hoshimjon Mirzaahmedov va O‘rol O‘zbek istiqomat qilishar ekan. Xullas, bir necha kun ularning dasturxoniga sherik bo‘ldik, keyin yaqinroqdan boshqa arzonroq joy topib, chiqib ketdik. Shundan buyon suhbatlashib qolsak, o‘sha kunlarni ko‘p eslashardik.

 

Boya aytganimdek, men Sobir O‘narni “katta og‘a” deb atardim. O‘zi “katta og‘a”lar ikki kishi edi – Sobir O‘nar, Faxriddin Nizom. Ikkalovi ham o‘zlaridan uch-to‘rt yosh kichik havaskor yigitchalarga og‘alarcha g‘amxo‘rlik qilishganini ko‘pchilik eslab yursa kerak. Hamma har joyda bir amallab kun kechirib yurgani bilan, og‘alar orasida Sobir aka ancha-muncha “ini”larga jonkuyar bo‘lgani rost.

 

Sobir aka bilan ko‘p bor hamsuhbat bo‘lganmiz, to‘y-marosimlarida qatnashganmiz. Halol, vijdonli adib ekaniga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz.

 

 

Xorij adabiyotshunoslari o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos kenglik borligini ta’kidlashadi. Haqiqatan ham, aksariyat asarlardagi voqealar keng-mo‘l makonlarda, kishilar orasida sodir bo‘ladi. Sobir O‘nar asarlarida ham shunday, ularda Qo‘shrabot qir-adirlari, dala-dashtining havosi bor.

 

Bu tarixlarning qanchasi ro‘y-rost hayotdan olingan, qaysilari yozuvchi xayolotining mahsuli, bilavermasak-da, biladiganlar ham anchagina ekaniga aminman. Qarang:

 

“Samovarga o‘t yoqib o‘tirgan Ochil tog‘a bo‘lsa: “Ana, yetim bo‘ldinglar, shunday otalaring o‘ldi”, derdi dam-badam”. (“Safura xolаmning ertagi” hikoyasidan).

 

“Bir kuni shtabdan qora chodra yopingan ayolni opchiqishdi. Qirg‘iz askari va menga buyruq bo‘ldiki, tog‘ning narigi kamariga oborib otib tashlanglar. Ayolning tiliga tushunmaymiz, biroq imo-ishoralaridan oltita bolasi borligi, biri ko‘krak emadigan chaqaloq ekanini anglaymiz. Bolajon, musulmon, yig‘lab javrab boryapti, sen ham musulmon bolasidirsan, deydi. Negadir juda rahmim keldi, onam, opalarim ko‘z oldimdan o‘tdi. Samadga nima qilamiz, dedim. Bilmasam, deb yelka qisdi. Kel, dedim, shuni o‘ldirmaylik. Lekin bizni qorovulminor tepasidagi navbatchilar durbinda kuzatib turishadi. Hiyla qilganimizni payqab qolishsa, o‘zimizni otib tashlashadi. Ayolga o‘zimizcha tushuntirdik: yetib to‘xtaganda biz ustingdan oshirib o‘q otamiz, sen guppa tashlab “o‘lib” qolasan…”

 

“Bosh qattiqmi, tosh qattiqmi”, deb tirashib yashab kelaman, jo‘ra, deb osmonga qaraydi Rashid. Hoynahoy, tepadan ne savdolar tushadi deb o‘ylar...” (“Rashid jo‘ra” hikoyasidan).

 

“Jiyan, endi buyam bir ko‘rgilik-da. Qara, Qozog‘iston cho‘lida o‘n milyondan ziyod ilon o‘n kilometr bo‘lib poyezd yo‘l, moshin yo‘l, hammasini bir oy to‘sib qo‘ygan, hammasi zaharli ko‘lvor ilon desang, ularning orqasidan o‘n kilometrlik toshbaqa, o‘n kilometrlik yumronqoziq karvoni qo‘zg‘olibdi desang. Qozoq endi qayga boradi, a, qayga boradi? (“O‘zingniki o‘zingga” hikoyasidan).

 

U asarlarda, o‘zining ta’biricha, goh-goh “jaydari” sheva so‘zlari aralashib qoladigan chin o‘zbekcha ruhiyat va til balqib turadi.

 

Goh Sobir akaning, goh taniqli yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshevning tashabbusi bilan xilvatroq joyda yig‘ilib, jaydari gurung qilardik. U tugamas suhbatlar, kenglik-tantilik, jo‘mardlik mavzularidagi gurunglarni sog‘inmay bo‘ladimi?

 

Sobir O‘nar bilan bir qancha respublika tanlovlarida hakam bo‘lib qatnashganmiz. Bunday tanlovlarda u o‘zining halolligini, to‘g‘riso‘zligini ko‘rsatgan.

 

 

Taqdir ekan, ayni ijodiy kamolot pallasida yorug‘ dunyoni tark etdi. Bir davrada uning asarlaridagi manzaralar, shaxslar, umum ruhiyat haqida gap ketganida, kimdir “Sobir aka o‘zi bilan ularni olib ketdi”, deb qoldi.

 

Yozilmagan asarlari ko‘zda tutilsa, shunday. Biroq Sobir aka o‘sha xususiyatlarni adabiyotga olib keldi ham. Bunga adibning “Orzuga to‘la qishloq”, “Ovloq adirlar bag‘rida”, “Chashma”, “Inqilob kechasi”, “Dunyo shundoq tururmi?”, “Chambilbelning oydalasi”, “Bibisora”, “Farishta”, “Kunsuluvning sirli xatlari” kabi asarlari o‘rin olgan kitoblari guvoh. O‘zi tug‘ilib-o‘sgan maskanlarining ajoyib havosini, kishilar fe’l-xo‘yini ushbu asarlariga muhrladi. Sobir O‘nar tufayli butun yurt Quvkalla degan olis bir qishloqda umr kechirayotgan kishilarning dali-g‘uli, tanti-to‘pori fe’l-atvorini, shu bilan birga, O‘nar boboning avlod-ajdodlarini ham tanib oldi.

 

 

Dunyo charxpalagi birday aylanadi, kimgadir ko‘proq, kimgadir ozroq umr ato etiladi. Parvardigor bergan umri shu ekan, makoni nurga to‘lsin, borar joyi jannat bo‘lsin, farzandlariga uzoq umr, ulug‘ rizqlar nasib qilsin, deymiz.

 

Isajon SULTON,

O‘zbekiston xalq yozuvchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19345
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16456
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi