An’anaviy qonuniyatlar buzilganda


Saqlash
13:11 / 08.11.2021 1926 0

Har qanday san’at asari keng ommaga mo‘ljallangani, badiiy tafakkur va estetik dunyoqarashni shakllantirishi, chin insoniy fazilatlarni tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

San’at tarixida inson ruhiy olamini boyitishda muhim o‘rin tutgan juda ko‘p tasviriy san’at asarlari yaratilgan. Ular hamma zamonda ham o‘zining kompozitsion yechimi, badiiy saviyasining yuksakligi bilan tomoshabinni jalb etib kelgan, hayotiy voqea-hodisalarni aks ettirgani, tushunarli bo‘lgani bilan shuhrat qozongan. Chunki bunday san’at namunalarida kompozitsiyaning muhim qonuniyatlaridan biri bo‘lgan o‘xshatish qonuni yetakchi mazmun-mohiyat kasb etadi.

Davrlar o‘zgaradi, inson va uning tafakkuri, qiziqishlari, dunyoqarashida ham yangilanishlar bo‘ladi. Kechagi tasviriy usullar bugun o‘z mavqeini, ehtimol, to‘liq saqlab qola olmas. Shu bois musavvirlarning san’at sohasida yangi-yangi usullarni o‘ylab topishi, o‘zgacha tasviriy vositalardan foydalanishi, eksperimentlarga qo‘l urishi tabiiydir. Ayni hayotiy jarayon tufayli XIX asr oxiri va XX asr boshlarida san’atdagi tahliliy qarashlar va o‘zgarishlar natijasida ko‘pgina oqim va yo‘nalishlar – fovizm, kubizm, futurizm, ekspressionizm, abstraksionizm, syurrealizm va boshqalar paydo bo‘ldi (Сокольникова Н. История изобразительного искусства. Том 1. Москва, 2007). Ularda tasviriy ijoddagi mavjud qarashlar, ideallar va an’analar inkor qilinib, yangicha kompozitsion yechimlar izlash, o‘zgacha tendensiyalarga intilish ustuvorlik qilar edi.

Modernistik san’at tarafdori bo‘lgan ijodkorlar bugungi kunda ham ko‘pchilikni tashkil qiladi va, tabiiyki, ular yaratayotgan asarlarda tasviriy san’at kompozitsiyasidagi ayrim qonuniyatlar, deylik, o‘xshatish qonuni to‘laligicha o‘z ifodasini topmaydi.

Ko‘pincha shunday savollarga javob topishga to‘g‘ri keladi: san’atda har doim ham barcha tasvirlar tushunarli bo‘lmasligi, u haqdagi asl tasavvurlarimizga sig‘masligi mumkinmi?

Abstraksionizm tarafdorlari asarda tasvirlangan narsalarni to‘liq ta’riflab o‘tirmaslik kerakligini, uni ko‘rgan tomoshabin o‘zi nimani xohlasa, o‘shani tushunib olaverishi lozimligini ta’kidlaydi. Modernistik oqimning boshqa yo‘nalishlariga mansub ba’zi ijodkorlar asarlarida esa narsalar yoki bizni qurshab turgan olam nihoyatda bo‘rttirib tasvirlanadi. Pablo Pikasso, Salvador Dali asarlari bunga misol. Ularning kompozitsion yechimi ham kishini o‘ylantirib qo‘yadi.

San’atda “Agarda shu vaqtgacha bu narsa qilinmagan bo‘lsa, o‘sha narsani qilish kerak” degan formula paydo bo‘lishi ayrim san’at asarlarining ajralib chiqishiga olib keldi (o‘sha manba, 121-bet). Shu yo‘sinda bu aqida tarafdorlari asarlarni sifatiga qarab emas, boshqa mezonlarga ko‘ra baholashni taklif qiladi. Lekin ma’lum baholash mezonlarini qo‘llamasdan turib, “yaxshi” asarni “yomon”idan ajratish mumkinmi? Aynan ana shu asarning yuzaga kelish chegarasi qayerda? Chunki har xil bo‘yoqlarni sepish yoki qora kvadrat chizish hammaning qo‘lidan keladi. “Buni men ham qila olaman!” deydi o‘jarlik bilan avangardizmga qarshi bo‘lganlar. Shunday ekan, avangard yo‘nalishdagi ba’zi asarlar bahoning aniq mezonlari bo‘lmagani uchun barchaga ochiq hisoblanadi.

Avangard uslubidagi asarni qanday qilib baholash mumkin, degan savol ko‘ndalang turaveradi. Bunga javoban, eng avvalo, mazkur asar g‘oyasini tomoshabin baholashi kerak, deb aytgan bo‘lardik.

Badiiy asarda tasvirlanayotgan voqelik an’anaviy yo‘nalishdagi san’at asarlariga xos kompozitsiya qonuniyatlariga to‘liq mos kelmasligi mumkin. Ammo u qanday san’at asari bo‘lmasin, hayotning biror-bir jabhasini aks ettirishi, qaysidir qonuniyatga asoslanishi kerak.

Boisi, “Kompozitsiya qandaydir qotib qolgan, dogmatik tushuncha emas. Fanda aniq qonunlar bor. San’atda esa har qanday aniq qonun ham oxirigacha to‘liq tatbiq qilina olmasligi mumkin: har doim erkin ijod uchun unda ozgina joy qoladi”, deb aytgan edi rassom-pedagog A.Burov. Haqiqatan ham, biz bilgan ayrim san’at namunalarida tasviriy san’atga taalluqli ba’zi qonuniyatlar buziladi, ularga zid holda tasvirlar, o‘ziga xos kompozitsiyalar yaratiladi. Sababi oddiy: bu kabi san’at asarlari ham o‘z muxlisiga ega...

Nurmon BERDIYEV,

Toshkent Arxitektura va qurilish

instituti katta o‘qituvchisi 

“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 2-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 252
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19231
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16081
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi