Ikki stulda oʻtirishga harakat qilish kulgili oqibatlarga olib keladi – Eldor Asanov


Saqlash
11:01 / 30.01.2024 655 0

Sovet ittifoqi qulabdiki, uning merosxoʻrlari boʻlmish yangi davlatlarning ziyolilari bir-biriga “senlarni sovetlar yaratgan, boʻlmasa yoʻq edinglar” deb taʼna qilib keladi. Oʻzbek, tojik, qozoq, qirgʻiz oʻrtasidagi bahslar harqalay real toʻqnashuvlar darajasiga yetib bormadi; bir-birining oʻtmishini tan olmaydigan armanilar va ozarboyjonlar, ruslar va ukrainlar oqibatda urush qilishgacha borganini koʻrib turibmiz.


Bir sirni ochay. Bugungi barcha millatlar qachondir (uzoq oʻtmishda emas) yaratilgan. Fransuz millati Fransuz inqilobi mevasidir; nemislarni Temir kansler, italyanlarni Kamillo Benso Kavur va Juzeppe Garibaldi yaratgan. Bu maʼnoda ruslarning otasi Pyotr I dir. “Tabiiy”, osmondan tushgan, yerdan unib chiqqan, yoʻqdan bor boʻlgan, ming yillardan buyon oʻzgarishsiz mavjud boʻlgan millat yoʻq. Millat – ijtimoiy munosabatlar jarayonida vujudga keladigan jamiyat qurilishining bir koʻrinishi, shunday ekan, millatni uni tashkil qiluvchi odamlar yaratadi. Qolaversa, millat – jamiyat qurilishining nisbatan yangi shakli, tarix biladigan eng eski millatlar – fransuzlar va amerikaliklar hali 250 yosh atrofida.

Tarixning bu haqiqatlarini bugun biz konstruktivizm nazariyasi orqali anglayapmiz, bu haqda yozyapmiz, gapiryapmiz. Konstruktivizm – zamonaviy etnologiya va ijtimoiy antropologiyada keng tarqalgan qarash, Gʻarb akademiyalarida hukmron mavqega ega desa ham boʻladi. Yevropa millatlari oʻz tarixini bu nuqtayi nazardan qayta koʻrib chiqib, oʻz xulosalarini qilgan va tarixini qabul qilishni oʻrgangan. Ammo 30 yilcha oldin SSSR xarobalarida yuzaga kelgan yangi davlatlarning ziyolilari, olimlari, siyosiy elitasi haligacha tarixga eskirgan ilmiy qarashlar linzalari orqali qaramoqda. Buning oqibatida Smolin singari millatchilar millatchilik haqidagi eskirgan tasavvurlarni zamonaviy konstruktivizmga qorishtirib, mana shunday palapartish bayonotlarni berib yuribdi.

 

Muammo shundaki, bugungi millatlar ming yillardan buyon mavjud boʻlgan deb taʼkidlovchi sovet primordializmining chirigan ustunlariga takya qilgan postsovet olimlari na eski qarashdan toʻliq voz kecha oladi, na konstruktivizmni toʻla qabul qila oladi: ularga koʻra, qoʻshni xalqlarni kimdir yaqinda “yaratgan” (buni Gʻarb olimlarining kitoblari tasdiqlab turibdi), ammo uning xalqi uch ming yildan buyon mavjud (bu oʻrinda Gʻarb olimlariga, tabiiyki, koʻz yumiladi). Ikki stulda oʻtirishga harakat ana shunday kulgili oqibatlarga olib keladi.

Xullas, Smolinning ritorikasi menga juda yaxshi tanish, zero u postsovet oʻlkalarida juda keng tarqalgan. Markaziy Osiyo, Kavkaz xalqlari, oxirgi yillarda esa Rossiya va Ukraina ziyolilari bu kabi gaplarni bir-biriga qarshi ishlatib yuribdi. Afsuski, bunday gaplarga javob berayotgan “himoyachi” tomon ham qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqaradi: u, bir tarafdan, oʻz xalqi ming yillardan buyon mavjudligini isbotlashga urinadi, boshqa tarafdan, yuqoridagi bayonotni bergan odamga javoban “aslida sening xalqingni sovetlar yaratgan” deydi, yaʼni opponentining xatosini takrorlaydi.

Bunday oʻta nosogʻlom bahs bir qarashda jamiyatning gullari boʻlgan ziyoli va olimlar orasida keng tarqalgani yaxshi hol emas albatta. Ammo Smolin millatlarni yaratib berdi deb maqtayotgan Sovet Ittifoqi bu millatlarni notoʻgʻri yaratgani, jiddiy xatolarga yoʻl qoʻyib, bugungi konfliktlarga sababchi boʻlib qolganini bilmasa ham kerak. Etnik guruhlarni millatga aylantirishga intilib, har biriga maʼlum hududni ajratib, bu hududda boshqa etnik millatlar ham yashashiga koʻz yumgan “yaratuvchi” judayam uquvsiz yaratuvchidir.

Bundan tashqari, bu bahslar yana bir muammoni yuzaga olib chiqmoqda: oʻtgan 30 yil ichida oʻzbek, ozarboyjon va boshqa postsovet millatlari oʻz tarixchiligini va oʻzligini zamonaviy nazariyalar asosida qayta koʻrib chiqmagan, oʻtmishini qabul qilmagan. Aksincha, sovet davrida yaratilgan tarixiy konstruktga yopishib, uni ushlab qolishga harakat qilmoqda. Ammo boshidan qiyshiq yasalgan omonat binoni saqlab qolish oson emas – Smolin kabilarning hujumlaridan doimiy himoyalanib, “qamal” holatida yashashga toʻgʻri keladi. Buning oʻrniga eski omonat binoni buzib, chiroyli, zamonaviy, muhimi, toʻgʻri rejalashtirilgan, obtarozisi tekis olingan uy qurgan maʼqul.

 

Eldor ASANOV,

PhD, turkolog

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Vatandosh

15:06 / 19.06.2024 0 741
Nobel qoʻmitasidan xat olgan oʻzbek olimi

Jarayon

20:06 / 14.06.2024 0 2413
Hamster Kombat oʻynaganni pul kutadimi yoki qamoq?

Adabiyot

17:06 / 14.06.2024 0 264
Taraqqiyot uchun nimalarni o‘zgartirishimiz kerak?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19769
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17321
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//