Mahmud Sa’diy oshiq edi


Saqlash
17:11 / 15.01.2024 763 0

Ustoz mangu makoningiz nurlarga to‘lsin, ilohim! Siz kutgan romanning birinchisini yozdim. Toza milliy – “O‘zbek o‘tovi”, deya siz yaxshi ko‘radigan sarlavha qo‘ydim. Afsuski, siz yo‘qsiz. Ha, ustozim-a, qadringiz bilindi. Bilinganda ham, juda yomon bilindi...

 

Qo‘liga qalam ushlagan ijodkor-u jurnalist borki, barchasi birdek ustoz Mahmud Sa’diy domlani tanir edi. Hech bo‘lmaganda birovlardan eshitgan chiqar. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Mahmud Sa’diy domla Ahmad Otaboyev bilan bir xonada o‘tirib ishlardi. Tahririyatga ishga kelib, ular bilan qadrdonlashib ketdim. Ayniqsa, hikoyalarimni o‘qigach, ustoz mehribonchilik ko‘rsata boshladi.

 

Bir kuni hikoyalaringni to‘plab kel-chi, Ahmad ustidan bir ko‘rib bersin, deb qoldi. Xursand bo‘lib o‘ntacha hikoyani olib bordim. Ahmad aka obdon tahrir qilib chiqdi. Keyin ikkalasi birga muhokamaga o‘tirishdi.

 

– Yozganlaringdan umid bor. Lekin biz boshqa bir narsani o‘yladik. Xarakteringdagi o‘jarlik hozircha sening zararingga ishlayapti, agar shuni foydangga ishlataman desang, qattiq mehnat qilishingga to‘g‘ri keladi, – dedi.

 

Hikoyalarimni kitob qilib chiqardim. Oradan ancha vaqtlar kechdi. Men boshqa gazetaga ishga o‘tib ketgandim. Bir kuni ustozlarning oldiga borsam, yana yozyapsanmi, deyishdi. Yozmayotganimni aytdim. Arzimaydigan narsa uchun qog‘oz qoralash shartmas, deb hisoblagandim. Chunki hikoyalarimga hech bir adabiyotshunos fikr bildirmadi. Albatta, Bahodir Karimni hisobga olmaganda. U kishi menga dars bergan, shunga ko‘ngil uchun aytgandir, balki. Demak, qalamni pishitish kerak edi. Maslahat so‘rab keldim, deya jiddiy turib oldim.

 

Ahmad akaning aytishicha, menda adabiyot haqida tushuncha bor-u, yo‘l yo‘q ekan. Shu gap sababidan, xasga uchqun sachragandek, suhbatimiz jonlanib ketdi. Xullas, boshlovchi qalamkash sifatida modern uslubda yozish ijodkor bo‘lishni belgilamas ekan. Men birdan sustlashib qoldim. Ijodkor bo‘lish uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilmaydi, lekin yaxshi yozish uchun maslahatni tinglash va izlanish shartligini tushuntirishdi. Jahon adabiyotida modern yo‘ldagi ijodiy asarlarni yaxshi tahlil qilgan mutaxassis Ahmad aka suhbatimizni xulosaladi: 

 

– Bu shakldan voz kechib, klassik uslubda ijod qilishga o‘t, milliy adabiyotimiz ehtiyoj sezgan yo‘l – shu. Xalqimiz realistik asarlarni yaxshi qabul qiladi, – deya gapning lo‘ndasini aytdi.

 

Ustozlar bilan suhbatimiz mana shunday qizg‘in tus olardi. Mahmud akani faqat kechki paytgina ishxonasidan topish mumkin edi. Ishdan qaytayotib u kishini savollarga ko‘mib tashlardim. Goho metro bekati ustida soatlab gurunglashib qolardik. Shunday kunlarning birida kutilmaganda menga savol berdi:

 

– Shukurni ustozim deb maqola yozib yuribsanmi? Qani, chindan ustozing bo‘lsa, hozir buni aniqlaymiz, – deya kuldi. – Shukurdan ilgan gaplaringni bir jumla bilan menga anglat-chi, nimalarni eshitgan ekansan?

 

O‘ylanib qoldim. Savol o‘ta qaltis. Ochig‘i, bir necha yildan buyon nimalarnidir tushunib yetarmikan, deya men uchun jon kuydirib yurgan odamning ixlosini qaytarib qo‘yishdan qo‘rqib ketdim.

 

– Biz adabiyotdan haqiqatni topamiz, deb adashib ketdik. Yurt mustaqil bo‘ldi, iymonimiz o‘zimizga qaytdi. Endigi avlod avval haqiqatni topib, keyin adabiyotga kirib kelyapti. Sizlarga havasim keladi, degandi sal o‘kinch bilan bir gal Shukur aka.

 

Bu gapni eshitgan Mahmud akaning ko‘zlari chaqnab ketdi.

 

– Shukur bilan adabiyot to‘g‘risida ko‘p sirlashganmiz, – deya gap boshladi ustoz. – U katta iste’dod edi. Milliy adabiyotimizga zo‘r xizmat qildi. Lekin hammasini tushunganida ancha kech bo‘lgandi. Aslida jahon adabiyotiga chiqadigan qalami bor edi. Buni o‘zi bilardi.

 

Iqrori shunday ediki, Xudoyim bu dunyo hayotining mohiyatini din orqali bandalariga bayon qilib bergan ekan. Umrimizning katta qismini mag‘iz emas, po‘choq bilan mashg‘ul bo‘lib o‘tkazibmiz. Po‘choqni mag‘iz, degan tasavvurda shakllanib ijodkor bo‘libmiz. Endi qiyin, mag‘izga tish o‘tmayapti. Hayot yo‘limiz haqiqat yo‘lidan uzoqlarda qolib ketgan ekan, deya chin dildan achinib ketardi. Ana shunday aqlli odam edi. Shu iqrorini sengaki aytgan ekan, senda nimanidir ko‘rgan. U oddiy odam emasdi.

 

Shundan keyin ustoz qalbini ochib suhbat quradigan bo‘ldi. “Ahmaddan ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi. Ilmning koni. Lekin undan sug‘urib olmasang, shunchaki beradigan xilidan emas”, derdi.

 

– Ko‘nglida kiri yo‘q odamni izlab qolsang, u yoningda har doim ko‘rib yuradiganing Bekqul Egamqul bo‘ladi. Ko‘ngli toza odam, tafakkuri keng, qo‘lidan yomonlik kelmaydi. Faqat bir sharti shuki, sening ta’sirchan, to‘g‘riso‘z fe’ling bor, o‘ziga yaqin olsa ham, ko‘p muloqot qilaverma. Chunki uning beg‘uborligiga ishonib qolsang, hayotda adashasan. Hamma odamlar shunday deb o‘ylab qolasan-da. Eh, bunday beg‘uborlik hammada ham bo‘lavermaydi. Nafsiga do‘st bo‘lganlar hiylakor keladi, shunchaki kayfiyat uchun aytilgan hazil-mutoyibadan ham katta fojea yasab olib, qasdlashishga kirishadi. Bundan yomoni yo‘q. Faqat hayotdan siqilib ketganingda bu odamni topib kelib suhbatlash, ruhan yengil tortasan, g‘uborlaring tarqaydi. Bir sirni aytib qo‘yay, u sening dashtlardek jilovlanmagan jo‘shqin tuyg‘ularingga shinavanda, shuni ham unutma!

 

Bekqul aka ham ko‘p yillar shu tahririyatda ishlagan, qadrdonlashib ketganmiz.

 

Oradan ikki-uch yil o‘tib, suhbatlarimiz mahsuli bo‘lgan beshta hikoya olib keldim. Mahmud aka indamay sumkasiga solib qo‘ydi. Gurunglar odatdagidek davom etdi. Hikoyalar haqida men ham so‘z ochmadim. Ustoz ham ishora qilmadi. Keyinroq ko‘rishganimizda birdan gap boshlab qoldi:

 

– Shu kuni metroda ketayotib hikoyalaringga ko‘z yugurtdim, qiziqib qolib, uyga borib o‘qidim. Hay-hay, uddalaydigan ko‘rinasan. Zo‘r! Juda zo‘r! Hali ham o‘sha eski o‘zaningga tortish hollari bor. Muhimi, yangi yo‘lga tushib olibsan. Ochig‘i, biz o‘ylagandan ham yaxshiroq. Endi ko‘proq izlanishing kerak. Umid qilamanki, ustozing Shukurning armonini ham topasan. Qizig‘i, birorta hikoyangda o‘ldim-kuydim uchramaydi. Bilsang agar, shu mavzu yozilaverib siyqasi chiqib ketgandi. Birorta yangi gap yo‘q, takrorlar bezdirib yuborgandi-da, o‘ziyam.

 

– Ha, ustoz, tan olayki, bu tuyg‘ularning rang-tusini tushunmas ekanman, shu sababdan yozmadim, – dedim.

 

– Yo‘q! – dedi kulib ustoz. – Aslida, bu sahnani his etmasdan turib yozuvchi bo‘lish qiyin. Lekin senda aynan shu sahnaga boshqa tomondan qarash bor. Bu yaxshi-ku! Misol uchun, “Pechkan”ni olaylik. Hikoyadagi uch personaj – chol, kampir, yigitning qiyofasi, o‘y-fikrlari meni rostligiga ishontirdi. Oila muhiti, bu muhitning insoniyligi hikoyada yaxshi tasvirlangan. Ayniqsa, oiladagi mehr-muhabbat, bir-birini asrab-avaylash ruhi ibratli. Hikoyada o‘zbekning o‘z olami ta’sirli, tabiiy ifodalangan.

 

Ustoz so‘zboshi yozadigan bo‘ldi va hikoyalarni nashriyotga topshirdim. Oradan yillar o‘tdi. Yana shu savolni ko‘tardim:

 

– Sevgi-muhabbatni tarannum qilgan asar bo‘lmasa, odamlar qiziqmayapti. Mana, uchta kitob chiqarib ulgurdim. Natija yo‘q. Aynan, qiz va yigitning o‘ldim-kuydimi kerak, nazarimda?

 

Bu savolim aytilgan holicha javobsiz qolaverdi. Shoshib turgan ekan, boshqa biror paytga, degancha ketdi. Shundan keyin ham ko‘rishib qolgan paytlarimiz, bu haqda hech narsa demasdi. Bir kuni metrodan chiqib, ustozning ishxonasi tomon yurgandim, ro‘paramdan kelayotgan ekan. Ko‘rishganimdan shu mavzuni qo‘zg‘adim. Avvaliga gapirishni xohlamadi. Ish bilan bir joyga borishi kerak ekan. O‘ylab turib, o‘sha yerga ertalab o‘tadigan bo‘lib, gurungni boshladi. Uzoq suhbatlashdik. Anglaganim shu bo‘ldiki, oshiq ma’shuqasidagi nuqsonni yoki qusurni ko‘rmasligi shart ekan. Asar qahramoni ma’shuqasidan keladigan ozorlardan rohatlansa, huzur topsa, sarguzashtlari ishonchli bo‘larkan. Ishqiy jarayonlarni mukammal bayon qilishga qat’iy kirishilsa, qahramon sevgi so‘zini aytmasligi kerakligi, aksincha, holatlar manzarasi shu so‘zni ifodalashi bilan o‘quvchiga his ettirish asarning qimmatini oshirishini bildim. Agar tasvirlar zo‘r bo‘lsa, aytmasdan anglatiladi. Basharti, qahramon shu so‘zni aytishga majbur qolsa, umrida oxirgi kalom bo‘lib qolishigacha, bir-bir maydalab tushuntirib berdi.

 

Rosa lazzatlandim. “Xamsa” dostonlaridan boshlab, “O‘tkan kunlar”gacha bir boshdan misol keltirib chiqdi. Shu suhbatdan ilhomlanib, bir necha marta muhabbat mavzusiga qo‘l urdim ham. Eplolmadim. Hozircha kuchim yetmasligini bildim. Oradan oylar o‘tardi, bir gal ustozning ishxonasiga borsam, stolida kitob turgan ekan. Mahmud Sa’diy haqida shogirdlari yozgan maqolalar jamlanibdi. O‘qib ko‘rsam maylimi, deb so‘rab oldim.

 

Kitobni qo‘limga tutqazib, sen ham bir nima aytarsan, dedi. Shu kuni uyga borishim bilan o‘qib chiqdim, tun yarimlagan mahal qog‘oz-qalamni olib yozishni boshladim. Ha deganda, yozganlarim ma’qul bo‘lavermadi. Uzoq o‘ylanib o‘tirib, ravishini topgandek bo‘ldim: “Mahmud Sa’diy ustozimiz, – deya boshladim. – Millat ziyolilarining xizmatkori (mardikori) go‘yo. Qo‘liga tushgan yaroqli darajadagi maqolami, ijodiy asarmi, “suv”ini teradi. Jilo beradi. Mag‘zini ochadi. Agar yaroqsizligini bilsa, muallifning nomi qanchalik ulug‘ bo‘lmasin, shartta qizil chiziq tortadi. Imkoni boricha ziyolilarning ziyo nurini ravshanlashtirishga tirishadi. O‘zi tinimsiz o‘qiydi, o‘rganadi, talabalarga dars beradi, gazeta va jurnallarda ishlaydi. Piyoda yuradi. Bir oyog‘i cho‘loq, hassasi ham bor. Qo‘shimchasiga, menga o‘xshab ortidan ergashgan, boshog‘riq muxlisi kammi? Ularga ham vaqt topadi. Lekin hech qachon qator-qator asar yozib, o‘zini namoyon qilishga oshiqmaydi. Yozish qo‘lidan keladi. Yozganlari ko‘p emas. Kim o‘zi u – Mahmud Sa’diy?

 

Mening nazarimda Mahmud Sa’diy so‘zi va amali bilan millatning eng sevimli farzandlaridan biridir. Ustoz oshiq. Millatga oshiq. Qalbidagi ulug‘vor tuyg‘usini oshkor qilsa, uning so‘nggi kalomi shu bo‘lur!”

 

Ertasiga ustozni izlab borib topolmadim. Nihoyat hafta so‘ngida uchrashdik. Yana o‘sha metro bekati ustida gurunglasha turib qog‘ozni berdim, bir yarim betgina. Tik turgan joyida o‘qib chiqdi. Menga tikilib qaradi. Ko‘zlari nurlandi. Kipriklari namlandi. Sen yaxshi yigitsan, buguncha gaplashmaylik, deya ketdi.

 

Keyinchalik kam uchrashdik, telefonda gaplashib turardik. Qishlog‘imga ketgandim. Yetti yil yurib qaytdim. 2018-yili yigirmata hikoyam kitob bo‘lib chiqdi. Ustozga olib bordim. Universitetda taqdimoti bo‘ladi, borib bir xursand qiling, deya taklif etdim. O‘zini ancha oldirib qo‘ygan bo‘lsa ham, vaqtida yetib keldi. Juda xursand bo‘ldim.

 

Bir kuni telefon qilsam, kel ko‘rishaylik, deb qoldi. Uchrashib ko‘rishdik. Ko‘p gurunglashdik.

 

– Ey qalamkash, hikoya yozishni bas qil, chinakam roman yoz, – dedi.

 

Ancha yillardan buyon mashqini olish uchun xomaki roman yozaver, deya tavsiya berib kelgan emasmi, birdan maqsadga ko‘chdi. Ichim muzladi.

 

– Aytganingizdek mashqini olib yuribman, hali chog‘im kelmayapti, – deya kuldim.

 

Bir dam ma’yus tortdi. Xayolga berildi. Ko‘zimga tik boqdi.

 

– Men-ku qarib qoldim, sen ham yosh emassan, – dedi hafsalasizgina va gapni boshqa tomonga burdi.

 

Xolmuhammad KARIMIY

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23698
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//