O‘limidan ikki yil oldin otam menga qo‘lyozmalari, qaydnoma va daftarlari bilan to‘la kichik bir jomadon berdi. Har doimgidek hazilomuz va biroz istehzo aralash bularni o‘zi o‘tgandan so‘ng, ya’ni qazosidan keyin o‘qishimni aytdi. “Bir ko‘z tashlarsan, – dedi iymanibroq. – Orasida yaraydiganlari bo‘lsa, ehtimol, mendan keyin tanlab nashr qildirarsan.”
O‘shanda biz mening kitobga to‘la ijodxonamda edik. Otam yelkasidagi og‘ir yukdan qutulishni istagan kishidek jomadonini qayerga qo‘yishini bilmay, biroz u yoq bu yoqqa alanglab turdi-da, bir chetga sekingina qo‘ydi. Ikkalamizni ham xijolatga solgan bu oniy lahza o‘tishi bilan har doimgi rollarimizga qaytdik, ya’ni hazilkash, istehzoli shaxslarga aylanib, biroz yengil tortdik. Odatdagidek, suv, havo, hayot, Turkiyaning bitmas-tuganmas siyosiy dardlari-yu otamning ko‘pincha omadsiz yakunlanadigan ishlari haqida gurunglashdik.
Otam ketgach, jomadonga qo‘l urolmay, bir necha kun yoniga nari-beri borib kelganimni eslayman. Qora teridan yasalgan kichik jomadonning qulfi, doira shaklidagi burchaklari bolaligimdayoq ko‘zimga singib qolgandi. Otam uni qisqa muddatli sayohatlarga chiqqanda va ba’zan uydan ishxonasiga narsa tashiganda qo‘lga olardi. Bolaligimda bu kichik jomadonni ochib, sayohatdan qaytgan otamning narsalarini titar, ichidan chiqqan atir solingan idishni – chet el hidini yoqtirardim. Jomadon men uchun o‘tmishdan va bolalik chog‘larim bilan bog‘liq juda ko‘p narsa xotiralarni “tashigan” tanish va jozibali buyum edi, biroq hozir unga qo‘l tegizolmasdim. Nega? Tabiiyki, jomadonning ichidagi narsalarning og‘ir yuki bunga monelik qilardi.
Endi bu og‘irlik, ya’ni yukning mohiyati haqida gapirsam… Bu aslida bir xonaga bekinib olib, stolga engashib qog‘oz va qalam bilan o‘zni izlayotgan inson zahmatining, ya’ni adabiyotning mohiyatidir.
Otamning jomadoniga ancha vaqt qo‘l tegizolmay yurdim, lekin ichidagi daftarlarning ba’zilari menga tanish edi. Ilgarilari otam ularga nimalarnidir qoralayotganida ko‘zim tushgandi…
Otamning kattagina kutubxonasi bor edi. U yoshligida, 1940-yillari Istanbulda shoir bo‘lib tanilishni istagandi. Hatto Valerining she’rlarini turk tiliga tarjima qilgandi. Lekin o‘quvchisi kam, yo‘qsil bir o‘lkada she’r yozib, adabiy hayotning qiyinchiliklarini boshdan kechirishni xohlamasdi. Bobom – boy tijoratchi edi. Otamning bolalik va yoshlik davri rohat-farog‘atda o‘tgan, shu sababli adabiyot, ijod tufayli qiyinchilik chekishni xohlamasdi. U hayotni barcha go‘zalliklari bilan sevardi.
Meni otamning jomadonidagi narsalarga yaqinlashishdan tutib turadigan tuyg‘u – o‘qiganlarim yoqmay qoladimi, degan hadik edi. Otam ham buni bilardi, shekilli, jomadondagi yozuvlarga jiddiy ahamiyat bermasdi. Uning yigirma besh yillik yozuvchilik faoliyatini e’tirof eta olmasligim meni ranjitardi. Ammo adabiyotga yetarlicha jiddiy qaramagani uchun ham otamdan xafa bo‘lmasdim. Aslida bilishni istamaganim – otamning yaxshi yozuvchi ekanidan umidvorlik tuyg‘usi edi. Jomadonni ham ana shu umid va hadik bois ocholmayotgan edim. Chunki otamning jomadonidan chindan ham ulkan bir asar chiqsa, uning botinan butunlay boshqa bir inson ekanini qabul qilishim lozim bo‘lardi. Zero, men tobora ulg‘aygan, ildamlagan yoshda otamning faqat otam bo‘lib qolishini istardim, yozuvchi bo‘lishini emas.
Mening nazarimda yozuvchi bo‘lish inson botinidagi ikkinchi bir shaxsni hamda shu shaxsni yaratgan olamni yillar davomida sabr bilan kashf etishdir: yozuv deganda, ko‘z oldimda, avvalo, roman, she’r, adabiyot namunasi emas, balki xonada yolg‘iz qolib, o‘z botiniga sayr qilayotgan va buning soyasida so‘zlar bilan yangi olam yaratayotgan shaxs namoyon bo‘ladi. Ehtimol, u erkak yoki ayoldir, yozuv mashinkasida yoza olar, kompyuterning qulayliklaridan foydalana bilar va yoxud mendek o‘ttiz yildan beri siyohli ruchka bilan qog‘oz qoralar. Yozgan sari qahva, choy ichar, tamaki tutatar balki. Ba’zan o‘rnidan turib, derazadan tashqariga, ko‘chada o‘ynayotgan bolalarga, shuningdek, biror-bir manzara, deylik, qorong‘u devorga boqar. She’r, drama yoxud mendek roman yozar, ehtimol. Bunday tafovutlar asl faoliyatdan, o‘z botiniga sayr qilishdan yuzaga keladi. Ijod botinga yo‘naltirilgan nigohni so‘zlarga ko‘chirish, insonning o‘z ko‘nglida yaralgan yangi olamni sabr, jur’at va mamnuniyat bilan tadqiq etishdir. Men stoldagi toza qog‘ozga asta-sekin yangi so‘zlarni bitarkanman, kunlar, oylar, yillar o‘tgan sari o‘zim uchun yangi olam yaratayotganimni, botinimdagi boshqa bir insonni toshma-tosh ko‘prik yoki qubba tiklagan kimsadek o‘rtaga chiqarganimni his qilardim. Biz yozuvchilarning teradigan toshlari shu so‘zlardir. Ularga qo‘l uzatib, o‘zaro bog‘liqliklarini his qilib, yillar davomida jur’at, sabr va umid bilan yangi dunyolar yaratamiz.
Meningcha, yozuvchilikning siri ilhomda emas, sabr va jur’atdadir. Turk tilidagi “igna bilan quduq qazish” degan go‘zal ibora yozuvchilar uchun aytilgandek. Ertaklardagi sevgilisi uchun tog‘larni talqon qilgan Farhodning sabrini yoqtiraman. “Mening ismim qirmizi” romanimda yillar davomida chiza-chiza usta bo‘lib ketgan, hatto ko‘zini yumib ot rasmini juda nafis chiza olgan eronlik eski naqqoshlar haqida so‘z yuritganimda ham yozuvchilik kasbi, o‘z hayotim haqida so‘z ochganimni bilaman. Aslida yozuvchi o‘z hayotini boshqalarning hayoti haqidagi hikoyadek aks ettirarkan, ya’ni umrini badiiy adabiyotga bag‘ishlarkan, bu bilan u nekbinlikka erishmog‘i lozim.
Kimlarnidir siylagan ilhom parisi bu ishonch va nekbinlikni xush ko‘radi. Yozuvchi o‘zini yolg‘iz his qilgan, sa’y-harakatlari, xayollari va yozganlarining qimmatidan shubhaga borgan paytda, ya’ni hikoyasini faqat o‘zining hikoyasi deb bilgan damda unga qalbidan to‘kilgan dunyo bilan yaratmoqchi bo‘lgan olamini uyg‘unlashtirgan hikoyalar, rasmlar, o‘y-xayollar tuhfa etiladi. Butun hayotimni bag‘ishlagan yozuvchilik faoliyatimda meni xushnud etgan narsa tuyg‘u va jozibali jumlalarni menga boshqa bir tashqi kuch jo‘mardlarcha taqdim etadi, degan o‘ydir.
Otamning jomadonini ochib daftarlarini o‘qishdan cho‘chirdim. Chunki men zimmamga olgan qiyinchiliklarga uning aslo qo‘l urmasligini, u yolg‘izlikni emas, do‘stlarni, jamoani, davralarni, hazil-mutoyiba-yu izdihomga qo‘shilishni yaxshi ko‘rishini bilardim. Lekin keyinchalik boshqacha fikrga keldim: ushbu tushunchalar, yolg‘izlik va sabr mening hayot va yozuvchilik tajribamdan kelib chiqqan o‘z xulosalarim bo‘lishi mumkin. Jamoaning, oila hayotining qaynoq bag‘rida, bunday shodon gurunglardan ajralmay ijod qilgan juda ko‘p yetuk yozuvchilar ham bor. Qolaversa, otam bolaligimizda oila hayotining odatiy tarzidan zerikib, bizni tashlab Parijga ketgan va mehmonxonalarda turib boshqa yozuvchilar singari daftarlarni qoralagandi. O‘sha daftarlarning bir qismi jomadondaligini bilardim, chunki jomadonni mening xonamda qoldirmasidan oldin otam hayotining o‘sha davrlari haqida menga gapirib bergandi. Bolaligimda ham gapirib berardi, biroq u paytlar o‘zining alamzadaligi, shoir-yozuvchi bo‘lish istagi borligi, mehmonxonalarda kechirgan qiyinchiliklaridan so‘z ochmasdi. Parij ko‘chalarida bir necha bor Sartrni uchratganini aytar, o‘qigan kitoblari va ko‘rgan kinolari haqida juda muhim ma’lumotlarni to‘lqinlanib gapirib berardi.
Yozuvchi bo‘lishimda posho – bosh vazir yoki din peshvolaridan ko‘ra uyda, ko‘pincha, dunyo yozuvchilaridan gap ochgan otamning hissasi borligini aslo unutib bo‘lmaydi. Ehtimol, shuning uchun ham uning daftarini o‘qishim lozim edi. Otam biz bilan birga yasharkan, uning xuddi mendek bir xonada yolg‘iz qolib kitob-u o‘y-xayollarga g‘arq bo‘lishiga yoxud yozganlarining badiiy jihatiga e’tibor bermay, qadrlashim lozim edi. Ammo, ne ajabki, buning uddasidan chiqolmayotgandim. Otam ba’zan qo‘lidagi kitobni yoki jurnalni stol ustiga qo‘yib, divanga cho‘zilar va uzundan-uzoq xayollarga tolardi. Yuzida hazil-mutoyiba, xarxasha va mayda tashvishlar o‘z domiga tortgan oila hayoti asnosida ko‘rganimdan butunlay boshqa bir ifoda – botinga yo‘naltirilgan nigoh namoyon bo‘lardi. Bunday paytlarda, ayniqsa, bolalik va ilk yoshlik yillarimda otamning bezovta bo‘lganini eslab, chuqur o‘yga tolardim. Endi ancha yillar o‘tib bu bezovtalik oddiy odamni yozuvchiga aylantirgan asosiy turtkilardan biri bo‘lganini anglayapman. Yozuvchi bo‘lish uchun sabr va yolg‘izlikdan tashqari botinimizda ommadan, jamoadan, kundalik odatiy hayotdan, barcha o‘tkinchi narsalardan qochib, bir xonaga bekinish lozim. Aslida, yozish, ajoyib bir dunyo yaratish uchun sabrli va umidli bo‘lishni istaymiz. Ammo bir xonaga, kitoblar bilan to‘la bir xonaga bekinib olish istagi bizni harakatga keltirgan dastlabki omillardandir.
Kitoblarni xohishiga ko‘ra o‘qigan, faqat qalbiga quloq tutib, boshqalarning fikrlari bilan bahslashgan, kitoblar bilan tillasha-tillasha o‘z tushunchalari-yu olamini yaratgan hur yozuvchining ilk ulkan namunasi modern adabiyotning yetakchisi Montaigne hisoblanadi. U otam asarlarini qayta-qayta o‘qigan va menga ham bir necha bor o‘qishni tavsiya qilgan buyuk adibdir. Dunyoning qayerida, xoh Sharqda, xoh G‘arbda bo‘lmasin o‘zini adabiyotga bag‘ishlab ijod qilgan yozuvchilar an’anasining davomchisi sifatida ko‘rishni istayman o‘zimni. Meningcha, adabiyotning haqiqiy fidoyisi ijodxonaga “bekinib olgan” odamdir.
Bekinib olgan ijodxonamizda, ko‘pchilik o‘ylaganidek, yolg‘iz emasmiz. Bizga, avvalo, boshqalarning so‘zi, hikoyalari, kitoblari, ya’ni adabiyot namunalari hamrohlik qiladi. Zero, adabiyot insoniyat o‘zini anglash uchun yaratgan eng qadrli boylik ekaniga ishonchim komil. Jamiyatlar, millatlar o‘z adabiyotlariga e’tiborli bo‘lib, yozuvchilariga quloq tutganda zakovatga, ma’naviy yuksaklikka erishadi. Barchamiz bilganimizdek, kitob yoqish, yozuvchilarni kamsitish zulmat va ongsizlik davri belgilaridir. Biroq adabiyot birgina milliy mavzudan iborat emas. Kitob to‘la xonasiga bekinib, avvalo, o‘z botiniga sayr qilgan yozuvchi yillar davomida yaxshi adabiyotning muhim qoidasini kashf etajakdir: adabiyot o‘z hikoyamizda boshqalarning hikoyasidagidek va boshqalarning hikoyalarida o‘z hikoyamizdagidek bahs yurita olish hunaridir. Buni amalga oshirish uchun boshqalarning hikoyalaridan va kitoblaridan andoza olamiz.
Otamning bir yozuvchiga yetib ortadigan darajada bir ming besh yuz kitobdan iborat yaxshigina kutubxonasi bor edi. Yigirma ikki yoshimda, ehtimol, bu kutubxonadagi kitoblarning hammasini o‘qimagandirman, ammo ular menga yaxshi tanish: qaysi biri muhim, qaysi biri klassik, qaysisi milliy tarixning unutilajak va ko‘ngilxush namunasi, qaysi biri esa otam juda yoqtirgan farang yozuvchisining kitobi ekanini bilardim. Ba’zan kitoblarga uzoq qarab turib, o‘zimning ham alohida kutubxonam bo‘lishini, kitoblardan o‘zimga dunyo yaratishni o‘ylardim.
Uzoqdan boqqanimda otamning kutubxonasi ba’zan menga butun olamning mo‘jaz suvratidek tuyulardi. Ammo bu uyimizning bir chekkasidan, Istanbuldan turib qaralgan dunyo edi. Otam bu kutubxonani chet el sayohatlaridan, ayniqsa, Parijda, Amerikada sotib olgan kitoblar hamda yoshligida Istanbulda 1940–1950-yillarda chop etilgan milliy va chet tilidagi kitoblar bilan to‘ldirgandi. Mening bu dunyom milliy olam bilan G‘arb dunyosining qorishig‘idir. 1970-yillardan boshlab men ham jiddiy tarzda kutubxona tashkil etishga kirishdim. O‘shanda yozuvchi bo‘lishga hali qat’iy qaror qilmagandim. “Istanbul, xotiralar va shahar” nomli kitobimda ma’lum qilganimdek, u damlar rassom bo‘la olmasligimni payqagandim, ammo hayotimni qanday yo‘lga qo‘yishni aniq bilmasdim. Yuragim, bir tomondan, hamma narsaga cheksiz qiziqish va nihoyatda nekbin o‘rganish chanqoqligi bilan urar, boshqa tomondan esa, hayotim qay jihatdandir “biri kam” bo‘lishini, boshqalardek yashay olmasligimni his qilardim. Bu tuyg‘umning ma’lum qismi, xuddi otamning kutubxonasiga boqqanimda his qilganimdek, shahar tashqarisida yashayotganimiz tuyg‘usi bilan bog‘liq edi. “Bir kam” hayot qayg‘usi, tabiiyki, xoh musavvir bo‘lsin, xoh adabiyotchi bo‘lsin ijodkoriga e’tibor bermagan, hatto ularda umid uyg‘otmagan o‘lkada yashayotganimni chuqur his qilishim tufayli o‘rtaga chiqmoqda edi. 1970-yillarda go‘yo bu kamchiliklarni bartaraf qilishni istagandek kuchli havas bilan Istanbulning eski kitobfurushlaridan otam bergan pulga eski, chang bosgan kitoblarni sotib olarkanman kitob do‘konlarining chetlarida, jom’e masjidi hovlilarida, qulagan devorlar atrofida kitob sotib o‘tirgan yo‘qsul, yupun va hatto kishida umidsizlik uyg‘otadigan darajada parishon holdagi odamlarni ko‘rish menga o‘qiydigan kitoblarimdek ta’sir qilardi.
Dunyodagi o‘rnim masalasida gapiradigan bo‘lsam, adabiyotda ham “markazda bo‘lmaslik”, ya’ni barchaning ko‘z o‘ngida bo‘lmaslik asl istagim edi.
Zero, dunyo markazida bizdagidan ko‘ra yanada boy va jozibali hayot bor edi. Men barcha istanbulliklar, qolaversa, butun Turkiya bilan birga undan tashqarida edim. Bugun bu tuyg‘uni dunyodagi juda ko‘p insonlar bilan bo‘lishganimni bilaman.
Xuddi shuningdek, bu olamda jahon adabiyoti va uning mendan juda uzoqdagi markazi bor edi. Aslida o‘ylaganim dunyo adabiyoti emas, G‘arb adabiyoti edi va biz turklar bundan ham tashqarida edik. Otamning kutubxonasi ham buni tasdiqlardi: bir tomonda, bizning – o‘zim juda yaxshi ko‘rganim, voz kecha olmaganim – milliy dunyomiz, Istanbul kitoblari va adabiyoti bor edi. Ikkinchi tomonda, bunga hech o‘xshamagan, o‘xshashi bizda ham og‘riq, ham umid uyg‘otgan G‘arb dunyosi kitoblari bor edi. Yozish, o‘qish go‘yoki bir dunyodan chiqib boshqasining o‘zgacha, g‘alati va ajoyib jihatlaridan taskin topish edi. Otamning ham ba’zan, xuddi men keyinchalik kirishganimdek, o‘zi yashab turgan hayotdan G‘arbga qochish uchun roman o‘qiganini his qilardim. Men uchun u paytlar kitoblar madaniy kambag‘allik hissidan xalos bo‘lish uchun murojaat qilinadigan narsalardek tuyulardi. Faqat o‘qish emas, yozish ham Istanbuldagi hayotimizdan chiqib G‘arbga borib kelishdek bir hol edi.
Otam jomadonini daftarlarga to‘ldirish uchun Parijga ketar, u yerdagi mehmonxonalarga bekinib olib yozar, so‘ngra esa Turkiyaga qaytardi. Bular meni chuqur o‘yga toldirardi. Ya’ni, otamning jomadoniga boqarkanman, Turkiyada yigirma besh yil yozuvchi sifatida shakllanish uchun o‘zni bir xonaga “qamab” chin ko‘ngildan yozish jamiyatdan, xalqdan sir tutiladigan ish ekanligi bois, qalbimda norozilik tuyg‘ulari jo‘sh urardi. Qolaversa, yozuvchilikni men kabi bo‘yniga jiddiy olmagani uchun otamdan xafa bo‘lardim. Boshqacha aytganda, otam mendek yashamagani, biror qadriyat uchun kichik bir to‘qnashuvni ham nazariga ilmay, do‘stlari va yaqinlari bilan o‘ynab-kulib baxtiyor yashagani uchun undan xafa bo‘lardim. Ammo “xafa bo‘lardim” o‘rniga “qizg‘anardim” desam, balki to‘g‘riroq bo‘lar, degan o‘yga ham borardim. Shunda o‘ychan, g‘amgin ovozda o‘z-o‘zimga: “Baxt nima?”, deya savol berardim. Xonada yolg‘iz qolib, og‘ir hayotni boshdan kechirishmi baxt? Yoki barchadek bir xil narsalarga ishonib yoki o‘zni ishongandek ko‘rsatib rohatda yashashmi? Hamma qatori tartibli yashagandek ko‘rinib, aslida uzlatda yozuv yozish baxtiyorlikmi yoki baxtsizlikmi? Bular xiyla g‘amgin savollar edi. Aytgancha, baxtli hayot mezoni farovonlik ekanini qayerdan bila qoldim? Gazetalar, insonlar hayotning eng muhim mezoni go‘yo baxtiyor yashashda ekanini ta’kidlaydi. Biroq vaziyat buning aksi to‘g‘ri ekanini tasdiqlamayaptimikan?
Qolaversa, bizdan, oiladan qochgan otamni qanchalik tushunardim, uning behalovatligi sababini tushunarmidim?
Otamning jomadonini ochishimga ana shu turtkilar sabab bo‘ldi.
Uning hayotida ro‘y bergan, ammo men bilmagan omadsizliklar faqat qog‘ozga to‘kib taskin topilgan sirmidi?
Jomadonni ochishim bilanoq chet el hidini tuydim. Ichidagi ba’zi daftarlarni otam menga ancha yillar burun ko‘rsatgandi. Ularning aksariyati otam bizni tashlab Parijga ketgan navqiron yillarida tutilgan.
Chunonchi, o‘zim yaxshi ko‘rgan yozuvchilarning tarjimai holini qiziqib o‘qiganimdek, o‘shanda otam mening yoshimda nimalar yozganini, nimalarni o‘ylaganini bilishni istardim. Qisqa vaqt mobaynida bunga erishib bo‘lmasligini ham bilardim. Qolaversa, otamning daftarlarida aks etgan “yozuvchi ovozi”dan xavotirlanardim. Chunki bu “ovoz” unga taalluqli emas edi. Shu sababli otam yozuvchi bo‘lsa, demak, menga ota bo‘lolmaydi, degan xavotirli o‘y meni bezovta qilardi. Ya’ni uning boshqa yozuvchilar ta’sirida qolganini ko‘rish menga g‘alati tuyulardi. Roman yozishga kirishgan dastlabki yillarda bu xavotirni yanada chuqur his qilardim, xuddi rasm chizishdan voz kechganimdek, bir kun omadsizlikka uchrab roman yozishni ham tashlab yuborishdan cho‘chirdim.
Endi ushbu jomadon qisqa fursatda menda uyg‘otgan ikki turli tuyg‘u: shahar tashqarisida, ya’ni markazdan yiroqda bo‘lish hamda realist bo‘lish tuyg‘ulari haqida so‘z ochsam. Meni o‘yga toldirgan ushbu tuyg‘ularni ilk bor boshdan kechirmayotgandim, albatta.
Bu tuyg‘ularning mahobati-yu turli-tuman rang-tuslarini yillar davomida o‘qib, yozib, izlanib kashf qilgan va ta’rif-tavsiflandim. Albatta, bu kabi tuyg‘ularni ba’zan hayotdan va kitoblardan yuqqan parishonxotirlik tarzida, ayniqsa, yoshligimda bir necha bor boshimdan kechirgandim. Ammo shahardan chetda hamda realist bo‘lish tuyg‘ularini ular haqida romanlar, kitoblar yozib (masalan, shahar chetida yashagan kimsa uchun “Qor”, “Istanbul”; realist bo‘lish uchun “Mening ismim qirmizi” yoki “Qora kitob”) to‘la-to‘kis tuya olgandim. Men uchun yozuvchi bo‘lish qalbda kechgan dardli o‘y-fikrlarni sabr bilan qog‘ozga tushurish, shuningdek, ularni ongli ravishda yozuvimiz va shaxsiyatimizning bir bo‘lagidek tasvirlashdir.
Yozuvchilik odamlar bilganini bilmaganlari orqali bildirishdir. Buni amalda yanada kuchaytirib ko‘rsatish o‘quvchiga hayrat va zavq bag‘ishlaydi. Ijodxonaga bekinib, yillar davomida g‘aroyib olam yaratishga intilgan yozuvchi o‘zi bilgan yoki bilmagan holda insoniyatga chuqur xayrixohligini namoyon etadi. Boshqalarning ham shu kabi dardlari borligi qalamga olingan voqea-hodisalarning tushunilishiga, insonlarning taqdiri bir-biriga o‘xshashligiga bo‘lgan ishonchni yuzaga keltiradi. Zero, insonlar chinakam badiiy asarlar bir-biriga juda o‘xshash jihatlarga ega, degan nekbin qarashga tayanadi. Yolg‘izlikda yillar davomida qalam tebratgan ijodkor mana shunday ezgulikka va markazlashtirilmagan dunyoga o‘z so‘zini aytmoqchi bo‘ladi. Ammo otamning jomadonidan va, tabiiyki, Istanbuldagi hayotimizning fayzsiz muhitidan ayon bo‘lganidek, bizdan uzoqda dunyoning markazi mavjud. Bu asl haqiqatni boshdan kechirishga undagan chexovcha “shahar tashqarisi” tuyg‘usi hamda “haqiqiylik” xavotiri haqida asarlarimda ko‘p yozgandim. O‘zimdan kelib chiqib aytsam, dunyo ahlining aksariyati men kabi shu tuyg‘ular bilan yashaganini, hatto yanada og‘iri – ezilish, o‘ziga ishonchsizlik va kamsitilish tahlikasi bilan yashaganini yaxshi bilaman. Ha, hamon insoniyatning dardi-tashvishi mulksizlik, ochlik, boshpanasizlikdir. Televizor, gazetalar bizga bularni adabiyotdan ko‘ra tezroq va osonroq tushuntiradi. Biroq bugun adabiyot tushuntirishi va tadqiq etishi lozim bo‘lgan dolzarb mavzular: e’tibordan chetda qolish va o‘zini e’tiborsiz his qilish qo‘rquvi; bularga bog‘liq beqadrlik, olomon qatorida g‘ururning toptalishini boshdan kechirish, zadalik va kamsitilish oqibatidagi o‘y-xayollari va milliy maqtanchoqlik, behuda havolanishlardir. Ko‘pincha g‘ayrishuuriy va g‘oyat ehtirosli bir tarzda tilga olingan ushbu tuyg‘u-tushunchalarni botinimdagi bo‘shliqqa har gal nazar solganimda yanada teran anglay boshlayman.
G‘arb davlatlariga tegishli bo‘lmagan ba’zi ko‘psonli millat va xalqlarning kamsitilish xavotiri ostida hamda jizzakiliklari tufayli ba’zan qo‘rquvga tushganlariga guvoh bo‘lamiz. Buni o‘zim mansub bo‘lgan G‘arb dunyosida ham – Uyg‘onish, ilmda yangiliklar kashf etish va boylikka haddan ziyod ruju qo‘yish barobarida ayrim xalqlarning, davlatlarning vaqti-vaqti bilan o‘rinsiz manmanlikka berilganlarida ko‘ramiz.
Demak, faqat otam emas, barchamiz “dunyoning markazi” tushunchasiga nihoyatda katta ahamiyat beramiz. Holbuki, ijod qilish uchun bizni yillar davomida xonaga qamab qo‘ygan narsa buning butunlay aksi, ya’ni bir kun kelib bitganlarimizning o‘qib tushunilishiga bo‘lgan ishonchdir. Biroq bu o‘zimning va otamning yozganlaridan bilganimdek chetda bo‘lishning, tashqarida qolishning alami qorishgan nekbinlikdir. Dostoyevskiy butun umri davomida G‘arbga nisbatan qalbida his etgan sevgi va nafrat tuyg‘ularini men ham ko‘p bora ko‘nglimdan kechirdim. Lekin undan o‘rganganim asl nekbinlik manbayi – buyuk yozuvchining G‘arbga bo‘lgan sevgi va nafrati ta’sirida yaratgan asarlarim butunlay boshqa bir dunyo bo‘ldi.
Ijodga hayotini bag‘ishlagan yozuvchilar bir haqiqatni yaxshi bilishadi: yillar davomida umid bilan yozib-yaratgan asarlarimiz oxir-oqibat butunlay boshqa joylarda e’tibor topadi. Zahmat chekib ijod qilganlarimiz xonamizdan uzoqqa – butunlay boshqa mintaqalarga yetib boradi. Otam ham shunday bir joylarga yetishganmidi? Uzoq dengiz sayohatidan so‘ngra biz yetib borgan olam go‘yo tuman ortda qolgach, butun ranglari bilan ko‘z o‘ngimizda asta-sekin namoyon bo‘lgan oroldek ko‘nglimizda mo‘jiza tuyg‘usini uyg‘otadi. Yoki g‘arblik sayyohlar kemada janub tarafdan yaqinlashganlarida Istanbulni tonggi tuman pardasida ko‘rib tasavvur qilganga o‘xshaydi bu. Umid hamda qiziqish bilan bosib o‘tilgan uzundan-uzoq sayohatning yakunida bu shahar masjidlari, minoralari, uylari, ko‘chalari, ko‘priklari, tepaliklari – butun bir olam sifatida namoyon bo‘ladi. Ma’rifatli kitobxon go‘yo kitob sahifalariga singib ketganidek, kishi o‘zi duch kelgan bu yangi olamning ichiga kirib g‘oyib bo‘lgisi keladi. Shaharning bir chetidagi yolg‘izligimiz, aslida, chekkan dard va alamlarni unuttiradigan sevinch – yangi bir olam kashf etganimizdir.
Bolaligimda, yoshligimda his qilganlarimning butunlay aksi o‘laroq men uchun endi dunyoning markazi Istanbul edi. Bunday deyishimning sababi umrimni shu shaharda kechirganim uchungina emas, balki o‘ttiz uch yildan beri barcha ko‘cha-ko‘ylarini, ko‘priklarini, insonlarini, ko‘ppaklarini, uylarini, masjidlarini, chashmalarini, g‘alati qahramonlarini, do‘konlarini, tanish kishilarini, qorong‘u nuqtalarini, kechalarini va kunduzlarini qalbimga yaqin olib qog‘ozga tushirganim tufaylidir. Ma’lum bir vaqt o‘tib tasavvur qilganim ushbu dunyo xayolan o‘zim yashagan shahardan ayricha qiyofa kasb etadi. Shunda barcha insonlar, ko‘chalar, narsalar va binolar xayolimda yoki kitoblarimda emas, balki o‘z-o‘zlaricha yashay boshlaydi. Nina bilan quduq qazgandek sabr-bardosh bilan yaratganim ushbu olam menga u payt barcha bor narsalardan-da haqiqiydek ko‘rinadi.
Otam ham, ehtimol, umrini ijodga bag‘ishlagan yozuvchilarning bu kabi baxtiyorligini kashf qilgandir. Meni doim erkin qo‘yib, nihoyatda hurmat ko‘rsatgani uchun undan minnatdor edim. Bolalik va yoshlikdagi ko‘plab do‘stlarimdan farqli o‘laroq, ota tazyiqi nimaligini bilmay o‘sib-ulg‘aygandim. Qolaversa, otam yoshligida yozuvchi bo‘lishni istagani uchun yozuvchi bo‘la olganim haqida ham ko‘p o‘ylayman. Shu boisdan ham uning yozganlarini mamnun bo‘lib o‘qishim, mehmonxonalarda ijod qilganini tushunishim lozim edi.
Otam qoldirgan joyda necha kunlardan beri turgan jomadonni shu nekbin o‘ylar bilan ochdim, ba’zi daftar va sahifalarni kuchimni yig‘ib o‘qishga kirishdim.
Xo‘sh, otam nimalar haqida yozgandi? Parij mehmonxonalari, manzaralari haqida yozganlarini, shuningdek, ayrim bir she’rlar, paradokslar, turli qayd va fikrlarni eslayman. Bularni eslarkanman, xuddi avtohalokatga uchrab ko‘rgan-bilganlarini qiynalib xotirlaydigan, ayni damda bundan ortig‘ini eslashga qurbi yetmayotgan kishiga o‘xshayman. Bolaligimda ota-onam janjallashib shovqin solishar, so‘ngra uyga suv quygandek jimlik cho‘kkanda otam kayfiyatni o‘zgartirish uchun darhol radioni qo‘yardi. Chunki qo‘shiq ro‘y bergan noxushliklarni tez unuttirardi.
Men ham shunday yo‘l tutib qo‘shiqdek xush kayfiyat ulashadigan, ko‘ngillarga yoqadigan bir-ikki so‘z bilan mavzuni o‘zgartirsam. “Nega yozasiz?” Bilganingizdek, biz yozuvchilarga eng ko‘p beriladigan savol shu. Qalb amr etgani uchun yozaman! Hamma qatori boshqa bir ish qila olmaganim uchun yozaman. Men yozgandek kitoblar yozilsin, o‘qiy, deb yozaman. Hammadan qattiq arazlaganim uchun yozaman. Xonada yolg‘iz qolib, kun bo‘yi yozishni juda xohlaganim uchun yozaman.
Men, boshqalar – barchamiz Istanbulda, Turkiyada qanday hayot kechirganimizni, kechirayotganimizni butun dunyo bilsin, deb yozaman. Qog‘oz, qalam, siyoh hidini yaxshi ko‘rganim uchun yozaman. Adabiyotga, roman san’atiga hamma narsadan ortiq ishonganim uchun yozaman. Bu ishga ko‘nikkanim va ruju qo‘yganim uchun yozaman. Unutilishdan qo‘rqqanim uchun yozaman. Erishgan shuhrat va e’tibordan mamnunligim uchun yozaman. Yolg‘iz qolish uchun yozaman. Yozganlarimning o‘qilishini yoqtirganim uchun yozaman. Boshlab qo‘ygan romanni, maqolani va sahifani tugatib qo‘yaqolay, deb yozaman. Hamma mendan shuni kutayapti, deb yozaman. Kutubxonalarning yopilib ketmasligiga, kitoblarimning javonlarda terilib turishiga bolalarcha ishonganim uchun yozaman. Hayot, dunyo, barchasi g‘oyatda go‘zal va hayratlanarli bo‘lgani uchun yozaman. Hayotning bor go‘zalligi va boyligini so‘zlarga ko‘chirish zavqli bo‘lgani uchun yozaman. Hikoya bayon qilish uchun emas, yaratish uchun yozaman. Doimo boradigan joy bo‘la turib, u yer ro‘yodek – hech borolmayman, degan tuyg‘udan xalos bo‘lish uchun yozaman. Hech ham baxtli bo‘la olmaganim uchun yozaman. Baxtli bo‘lish uchun yozaman.
Yozuvxonamda jomadonini qoldirganidan bir hafta o‘tib otam har doimgidek qo‘lida bir quti shokolad bilan (qirq sakkiz yoshimdaligimni esidan chiqargandir, ehtimol) meni ko‘rishga keldi. Tag‘in hayot, siyosat va oila tashvishlaridan gapirib kulishdik. Bir payt otamning ko‘zi xonaning jomadonni qoldirgan burchagiga tushdi va jomadonni u yerdan olganimni bildi. Ko‘zlarimiz to‘qnashdi. Oraga noqulay jimlik cho‘kdi. Unga jomadonning ichidagilarni o‘qiyotganimni aytmadim, ko‘zimni olib qochdim. Lekin u tushundi. Men ham uning tushunganini payqadim.
Otam o‘ziga ishongan, erkin va baxtiyor inson edi: har galgidek kulib qo‘ydi va xonadan chiqib ketarkan menga har doimgidek taskin hamda jasorat bag‘ishlaydigan so‘zlarni aytdi. Otamning baxtiyorligi, g‘amsiz, tashvishsiz holatiga havas qilib ortidan qarab qoldim. Esimda, o‘sha kun qalbim andishaga qorishgan baxtiyorlik hislariga to‘lgandi. Ehtimol, otamdek xotirjam emasdim. U kabi tashvishsiz, baxtli yashash menga nasib etgani yo‘q. Ammo yozishni uddalay bildim, degan fikrda ekanimni anglagandirsiz.
Bu tuyg‘uni otamga nisbatan tuyayotganimdan iymanayotgandim. Holbuki, otam hech qachon menga zug‘um o‘tkazmagan, meni erkin qo‘ygandi. Bularning barchasi ijod, adabiyot bilan tubdan bog‘liq ekanini eslatib o‘tishim lozim. Biroq ushbu hikoyamning menga yanada ko‘proq aybdorlik hissini yuklagan boshqa jihati ham bor edi. Otam jomadonini menga qoldirganidan yigirma uch yil oldin, ya’ni yigirma ikki yoshimda hamma narsaga qo‘l siltab, yozuvchi bo‘lishga qaror qilib bir xonaga bekingan, to‘rt yil o‘tib ilk romanim “Javdat Bey va o‘g‘illari”ni yozib tugatib, hali nashr qilinmagan asarning qo‘lyozma nusxasini qo‘llarim titrab otamga bergandim. Yo‘q, faqat didiga, zakovatiga ishonganim uchun emas, aksincha, onamdan farqli o‘laroq, otam yozuvchi bo‘lishimga qarshi chiqmagani uchun uning e’tirofini eshitish men uchun juda muhim edi. Bu payt otam biz bilan birga yashamasdi. Qaytishini sabrsizlik bilan kutdim. Ikki hafta o‘tib kelgach, yugurib borib eshikni ochdim.
Otam hech nima demadi, ammo meni shunday quchdiki, asarim unga ma’qul bo‘lganini angladim. Hayajonlanganimizdan biroz sukutga toldik. So‘ngra, o‘zimizga kelib olgach, otam menga ilk asarimga ishonchini nihoyatda hayajonlanib, oshirib-toshirib tushuntira ketdi va bir kun kelib, bugun benihoya baxtiyorlik bilan qabul qilganim, ushbu mukofotni olishimni aytib qoldi.
Otam bu gapni o‘g‘liga ishonganidan yoxud mazkur mukofotni maqsad sifatida ko‘rsatishdan-da ziyoda bir maqsadda – zurriyodini dastaklash, unga dalda berish uchun “Bir kun posho bo‘lasan!”, degan turk otasidek aytgandi. Yillar davomida otam meni har ko‘rganida jasoratlantirish uchun ham bu so‘zni takrorlab turdi.
Otam 2002-yil dekabr oyida vafot etdi.
Shvetsiya Akademiyasining menga bu buyuk mukofotni, bu sharafni taqdim qilgan qadrli a’zolari, qadrli mehmonlar, men bugun oramizda otam ham bo‘lishini juda istardim.
Orxan PAMUK
Nobel ma’ruzasi, 2006-yil
turk tilidan Shermurod Subhon tarjimasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q