Dunyoga nainki zohir, balki botin ko‘zi bilan ham qaray boshlagan inson bu hayotda nega yashayotgani, o‘zidan nelar talab qilinishi-yu qay bir qilmish uning sha’niga dog‘ bo‘lib tushajagini jiddiy o‘ylamog‘i tabiiy. Binobarin, odamni odam qilib tutib turadigan qadriyatlar orasida o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt taqdiriga daxldorlik, uning yaqin va olis kelajagi o‘yida qayg‘urish, xalqining emin-erkin yashamog‘iga hissa qo‘shishdek insoniy vazifalar bor.
Guvohi bo‘layotganimizdek, insoniyat har qancha integratsiyalashmasin, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi chegaralar har qancha yuvilib bormasin, biror bir davlat yoki xalq o‘zga bir davlat yoki xalqqa butkul beg‘araz, ochiq yoxud pinhona shartlarsiz bir burda non ham bermaydi. Sirasini aytganda, har bir davlatning taqdiri faqat va faqat uning o‘z fuqarolari qo‘lida bo‘lib, ular ko‘rsatadigan jidd-u jahdga bog‘liqdir.
Afsuski, kundalik hayotda kuzatayotganimiz ijobiy o‘zgarishlar qatorida el-yurt taqdiriga loqaydlik, korrupsiya, milliy qadriyatlarga bepisandlik, yosh avlod tarbiyasiga mas’uliyatsizlik, urug‘-aymoqchilikdek xavfli illatlar ham bot-bot yuz ko‘rsatmoqda. Vaziyatni bilaturib, bu illatlarga barham berish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilmaslik aslo mumkin emas.
Mamlakatimizda yuz berayotgan voqeahodisalarga munosabat borasida ijtimoiy tarmoqlarda tomoshatalablik, “qancha yomon bo‘lsa, shuncha yaxshi” pozitsiyasida turib fikrlashdek xavfli tendensiya kuchayib borayotgani hammamizni sergak torttirmog‘i kerak. Savodli yozish, demakki, to‘g‘ri, xolis fikrlashdek oddiy insoniy xususiyatlar ko‘chasidan o‘tmagan kimsalarning O‘zbekiston, bu yerda yashayotgan ko‘p millionli xalq va uning imkoniyatlari xususidagi bepisand chiqishlari odamni xavotirga soladi. Ularning iddaosicha, “O‘zbeklar baribir odam bo‘lmaydi”, “Bu xalqqa – kofir bo‘lsin, g‘ayridin bo‘lsin – boshqa millatlar boshchilik qilmasa, o‘zi hech baloni eplolmaydi”, “Surish kerak, bu yurtda hech qachon odamday yashab bo‘lmaydi...” va hokazo.
Bu da’volarning egalari – milliy nigilizm illatiga mubtalo bo‘lganlarga achinish ortiqcha yumush. Chunki ularning qilmish-qidirmishi – hamma narsani yoppasiga inkor etish; har bir harakat va o‘zgarishdan, avvalo, illat axtarish; millatning kuchi va imkoniyatlarini iloji boricha pastga urish; odamlarda, birinchi galda yoshlarda ayni millat vakili ekanidan o‘kinish hissini uyg‘otish va uni qadam-baqadam kuchaytirish... bu kabi harakatlar uncha-muncha tashqi yov tajovuzidan-da xavfliroqdir.
Eng yomoni, ularning bu xil chiqishlarini katta umidlar ila hayotga kirib kelayotgan qanchadan-qancha yoshlar ham o‘qiyapti, ko‘ryapti, ulardan kuchligina ta’sirlanyapti. Shunday ekan, boyagi kimsalarning chin ismi va makonini ham, asl maqsadini ham bilish imkonidan mahrum yoshlarimizning dunyoqarashi salbiy ta’sirlar ostida shakllanishi ertaga ne oqibatlarni keltirib chiqarishini o‘ylashimiz kerakmi-yo‘qmi?
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari va bir guruh ma’rifat targ‘ibotchilarining O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatining ham tagzaminida shu kabi jiddiy muammolar va ular yechimiga qaratilgan bedor o‘ylar mujassam. Xususan, quyidagi fikrlar qalbi qotib ketmagan har bir millatdoshimiz, eldoshimizni bezovta qilayotgan tashvishlar ifodasidir: “Afsuski, ekstremizm, radikalizm, axloqsizlik, korrupsiya, jinoyatchilik kabi jirkanch illatlar hali suyagi qotmagan, hayot yo‘lini aniq belgilab olmagan, zararli ta’sirlarga beriluvchan, ma’naviy-mafkuraviy immuniteti bo‘sh yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itmoqda. El-yurtimiz ravnaqi va farovonligini ta’minlash uchun amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarni atayin obro‘sizlantirishga, ularning maqsadi va mohiyatini noto‘g‘ri talqin etishga, oilaviy qadriyatlarni oyoqosti qilgan holda, jaholat, ma’naviy tubanlik, yovuzlik, johillik ko‘rinishlarini keng targ‘ib etib, mo‘may daromad olishga intilayotgan kimsalar ham oramizda yo‘q emas”.
Agar tarixga nazar tashlasak, chor istibdodi va sho‘ro zamonida ham hukmdor doiralar to‘qson ikki o‘zbek urug‘idan bino bo‘lgan xalqimizni parokanda qilish, “chopadigan sopini o‘zidan chiqarish”, bir-biriga yovlashtirish uchun loqaydlik, beparvolik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, xalq dardiga yotlikni zimdan rag‘batlantirgan. Eng kichik vazifadorlikdan tortib respublikaga rahbar tayinlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda asosiy e’tibor kadrlarning ibratli shaxsiy fazilatlariga emas, balki labbaygo‘yligi, haybarakallachiligi, qayerdan-“kimlar”dan ekaniga qaratilgan. Mana shu yo‘l bilan kursini egallagan kishilarning o‘z atrofiga urug‘-aymog‘ini yig‘ishi, aksar ishlar tanish-bilishchilik asosida hal qilinishi, poraxo‘rlikning avj olishi singari holatlarga atay yo‘l qo‘yib berilgan. Tili qisiq holga kelgan boyagi katta-kichik rahbarlar endi Markaz tomonidan beriladigan, mamlakat, millat taqdiriga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi har qanday topshiriqni so‘zsiz, itoatkorona bajarar edi. Cho‘lponning “Kecha va kunduz”idagi Mingboshi, Murod Muhammad Do‘stning “Lolazor”idagi Oshno, Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar”idagi Klara Xodjayevnalarni eslaylik.
Bugun-chi? Urug‘-aymoqchilik, davlat byudjeti, demakki, xalq rizqidan botmonlab o‘marish, poraxo‘rlik kabi illatlarga jafokash xalq nega befarq qarashi, chidab turishi kerak? Ayni illatlarga kim qayerda duch kelsa, qonuniy chora ko‘rilishiga erishish, bu yo‘lda shaxsiy huzur-halovatdan voz kechish – fuqarolik burchi, insonlikning oddiy talabi emasmi?
Axir, bu illatlar xususida soatlab besamar bahs-munozara olib borishdan ko‘ra ularning har bir ko‘rinishiga o‘sha joyning o‘zida barham berish ko‘proq foyda bermaydimi? O‘sha qusurlar begona yerlarda, ko‘z ilg‘amas manzillarda emas, siz-u bizning shundoq yonimizda – ishxonamizda, mahallamizda, eng yomoni, O‘Z ICHIMIZDA yuz bermoqda-ku! Ularni kimdir bir vallamat kelib to‘g‘rilab ketmog‘i, chorasini ko‘rib, jazosini bermog‘iga ishonib o‘tirish fuqarolik jamiyatining qaysi talab-mezonlariga to‘g‘ri keladi?! Shoir aytmoqchi, “Men yonmasam, sen yonmasang, biz yonmasak – kim olib chiqadi zulmatni yorug‘likka?!”
Mutaraqqiy davlatlarning beistisno hammasida amal qiladigan hayotiy qoida va talab – keng jamoatchilikning qing‘irliklarga toqatsizligi, qat’iy qarshi turishidek kundalik amalni o‘zlashtirish shunchalar qiyinmi? Qay bir o‘quvchimizning ichidan o‘tayotgan bu mazmundagi e’tirozni ham qalb qulog‘imiz bilan ilg‘ab turibmiz, albatta: “Siz aytayotgan “keng jamoatchilik”ning ichida qanchasining bu ishga ma’naviy haqqi bor ekan, o‘zlari shunchalar tozamikan?” Axir, boshqa – bizni millat sifatida yemiruvchi ming bir tur ajnabiy illatlarni o‘zlashtirish poygasida hammani changimizda qoldirib ketayotirmiz-ku!
Afsuski, oramizda ota-onalikni faqat bola tug‘ib-tug‘dirish-u ularning qornini to‘yg‘azish deb tushunadigan odamlar ham ko‘plab topiladi. Ular bola tarbiyasi butun bir ilm ekani, rivojlangan mamlakatlarning taraqqiyoti zamirida aynan mana shu ilmga qat’iy amal qilingani yotishini xayollariga ham keltirmaydi.
Shu ma’noda, Abdurauf Fitrat bundan bir asr oldin “Oila” risolasida nadomat ila bitgan, bizning fuqarolar bolasining taqdiriga qo‘rasidagi qo‘yi va sigiri parvarishicha ham e’tibor, ixlos ko‘rsatmasligidan chekkan hasrati hali-hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.
Holbuki, Murojaatda uqtirilganidek, “Bugun farzandlarimizga ajratgan vaqtimiz, mehrimiz va e’tiborimiz ertaga oilamiz va jamiyatimizga hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan insoniy resurs va kapital bo‘lib qaytadi”.
Poytaxt Toshkentdami, viloyatlarda yoxud yaqin xorijdami, turli qurilishlarda ishlayotgan yigitlarning ko‘pchiligi faqat qora mehnat qilayotgani, yaxshi daromad keltiradigan boshqa kasb-hunar qo‘lidan kelmasligi qanchalar achinarli?! Holbuki, ayni shu qurilishlarda elektrik, payvandchilik, slesarlik, pardozchilikning turfa xillari bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar jismi-joni ortiqcha qiynalmay, asabi zo‘riqmay ulardan bir necha barobar ko‘proq pul topmoqda.
Nahotki, bolamiz 18–20 yoshga kirguniga qadar zamonning eng talabgir hunarlarining hechqursa bittasini yaxshilab o‘zlashtirishiga erishish shunchalar qiyin? Axir, respublikaning jami hududlarida shu kasb-hunarlarni o‘rgatadigan kollej va texnikumlar, hunar markazlari, hech bo‘lmaganda, ularni shogirdlikka oladigan ustalar, hunarmandlar sulolalari bor-ku. Bu yo‘lda ikki-uch yil astoydil qilingan harakat, ko‘rsatilgan e’tibor va qunt farzandimizning nonini bir umr butun qiladi-ku!
Ma’naviyat va ma’rifat ahli Murojaatida “Demokratiya, fikr erkinligi, ochiqlik tamoyillarini niqob qilib, xalqimiz ming yillar davomida ko‘z qorachig‘idek asrab kelgan qadriyatlarimizni buzishga, hayotimizni ichidan qo‘porishga aslo yo‘l qo‘ymaylik!” deya butun afkor ommaga xitob qilingan.
O‘z umrini shunchaki tirikchilik qilib emas, iloji boricha YASHAB o‘tkazishga, unga mazmun-mohiyat baxsh etishga uringan adib Abdulla Qahhorning “Qo‘shchinor chiroqlari” romanidan olingan quyidagi parcha, bizningcha, butun millat uchun ibrat bo‘larlidir: “...Turmush – yashash degan so‘z. Yashash uchun yerdan tortib quyoshgacha, muhabbatdan tortib g‘azabgacha – hammasi kerak, hammasi zarur. Umrini yashab o‘tkazgan kishining rohati ham, azobi ham, xafachiligi va xursandchiligi ham bir mazmun kasb etadi, bularning hammasi birbutun anorning alohida donalariday chiroyli, lazzatli bo‘ladi.
Tirikchilik – o‘lmasdan, tuproqdan tashqarida yurish degan so‘z. Tirikchilik uchun bitta ustara bilan bitta qayroq ham kifoya qiladi...”
Diqqat qilsak, insoniyat tarixida kechgan jamiki bosqinlardan maqsad – istilo qilingan elni yashashni unutib, tirikchilik qilibgina kun o‘tkazishga ko‘ndirish, bu ikki tushunchaning o‘rnini almashtirib yuborish bo‘lgan. Hozir ham dunyoning ko‘plab nuqtalarida ana shu bosqin bor ko‘lami bilan davom etmoqda. Uni bir bosqinchi qo‘polroq, ibtidoiyroq usullarda amalga oshirayotgan bo‘lsa, boshqasi juda ustalik bilan, nafsiy-madaniy yo‘l bilan tatbiq etmoqda. Xalqning katta qismi uchun yashashni bor-yo‘g‘i tirikchilik o‘tkazmoq deb anglash odatiy hol bo‘lib qolsa, u xalqning zavoli haqida, millat sifatida qiyofasini yo‘qota boshlagani to‘g‘risida bemalol bahs ochmoq mumkin...
Boya eslaganimiz ijtimoiy tarmoqlarda o‘sha tirikchilik instinkti bosh ko‘targan kimsalarning sobiq sho‘ro davrini alqab yozayotgani, “Qaram bo‘lsak ham arzonchilik edi: yigirma tiyinga bir buxanka non, bir tiyinga gugurt berardi. Odamga boshqa nima kerak – qorni to‘q, usti but bo‘lsa bas” qabilidagi gaplari quloqqa chalinadi. Aslida, ayni shu qarash, kayfiyat mutelikning, qul bo‘lishga ichki tayyorlikning dastlabki unsuridir.
Bu qo‘msov sohiblarining ko‘ziga tik qarab quyidagi savollarni berish mumkin: siz aytayotgan non sho‘ro davlati hukmronlik qilgan yetmish yil davomida necha yil 20 tiyin bo‘lib turdi? O‘tgan asrning 20–30-yillaridagi ocharchilik payti ham, urush va undan keyingi qahatchilik yillari ham shu narxdamidi? Hatto o‘sha – bir buxanka non 20 tiyin bo‘lgan qisqa davrda (70–80-yillar) ham bor-yo‘g‘i 110 so‘m maosh olgan oliy ma’lumotli injener, o‘qituvchi, shifokor oilasiga bir oyda necha kilogramm go‘sht yoki sariyog‘ sotib olar edi? Umuman, odam bolasining hayot qadri faqat yigirma tiyinli buxanka-yu uch tiyinli gazlangan suv bilan o‘lchanadimi?!
Sho‘ro hukumati kishilar ongida pulga nisbatan befarqlik, hatto nafrat ruhini shakllantirishga o‘la solib urinar, “Pul – qo‘lning kiri” degan aqida har qadamda miyaga quyilar edi. Hatto “Kommunizmda pul bo‘lmaydi, hamma narsa tekinga taqsimlanadi!” degan cho‘pchak ham bor ediki, bularning bari omma nigohini reallikdan uzishga, uni befarq, karaxt va hardamxayol ushlab turishga qaratilgan edi. Buni aslo nafsga qullikka qarshi yo‘naltirilgan muborak e’tiqod bilan qorishtirib bo‘lmaydi.
Aslida, pulga nisbatan befarq munosabatni tarbiyalash insonning o‘ziga, qilayotgan mehnatiga, qadr-u qimmatiga nisbatan befarqlikni paydo qilish bilan barobar edi. Sharof Boshbekovning “Temir xotin” pyesasidagi Qo‘chqorvoy, uning ayoli Qumri sajiyasini eslaylik.
Holbuki, pulda mehnatkash insonning peshona teri, sarf bo‘lgan kuch-u aqli, oxir-oqibatda, o‘tayotgan umrining qiymati aks etadi. Puldan, halol ishlash evaziga olinishi lozim bo‘lgan haqdan nafratlanish, unga qiziqmaslik insonning o‘zligiga, mehnatiga nisbatan bepisandlik, befarqlik bilan tengdir...
Biz so‘laqmonday gavdasi bilan bozorda angishvona sotib o‘tirgan, shuni o‘ziga ep ko‘rayotgan yigitlarni, “pul topishning aybi yo‘q” deya o‘zini bozorga solayotgan qiz-juvonlarni emas, dunyoning turli tillari, kompyuter texnikasi, ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy hunarlarni o‘rganib, jismoniy va aqliy mehnatiga yarasha mo‘may daromad topayotgan, ishbilarmonlikning turli shakllaridan unumli foydalangani holda ham o‘ziga, ham yurtiga boylik orttirayotgan zamonamiz yoshlarini nazarda tutmoqdamiz. Shunday yoshlar ham O‘zbekiston bag‘rida, uning non-suvini totib voyaga yetayotganidan ko‘z yumish adolatdan bo‘ladimi?
Agar aniq misollarga to‘xtalish kerak bo‘lsa, shaxmat bo‘yicha jahonning o‘n yettinchi chempioni bo‘lishdek bemisl sharafga erishgan Rustam Qosimjonov amalga oshirgan ishning ko‘lami va ahamiyatini bir tasavvur qilaylik. Osiyo qit’asida demaymiz, chunki bu qit’adan undan oldin hindistonlik Vishvanatan Anand bu rutbaga erishgan edi. Biroq Rustamjon Osiyodan kengroq geografik ko‘lamda – yuzlab millat va elat vakillarini jamlagan qariyb 1,3 milliardli musulmon ahli orasida birinchi va hozircha yagona Jahon chempionidir! Bo‘lib ham, quruq jismoniy kuchning emas, aqliy va ruhoniy quvvatning jamuljamini talab qiladigan, eng qadimgi aqliy bellashuv – shaxmat cho‘qqisi uzra Vatanimiz bayrog‘ini o‘rnatdi!
Kamina Toshkent xalqaro aeroportida karnay-surnay ila kutib olingan Rustamjon usti ochiq avtomobilda, ko‘chalardagi o‘n minglab yurtdoshlari olqishi aro O‘qchi ko‘chasidagi, bor-yo‘g‘i ikki sotix yerdagi uch xonali ota hovlisiga kuzatib kelingan lahzalarni yaxshi eslayman. Aminmanki, bugun Ovruponing eng qimmat mehmonxonalarida, Toshkentdagi keng hovlilarda yashayotgan Rustamjon va uning oilasi tushlariga o‘sha ota uy tez-tez kirib turadi. Chunki bu yigit va uni elga qo‘shgan zahmatkash ota-onasi hayotini tirikchilik qilishga emas, insondek yashashga, INSONNI TARBIYALASHGA baxsh etganlar!
Millatimizning kuch-qudrati, imkoniyatlariga shubha bilan qarayotgan, aslida na uzoq va na yaqin tarixdan durustroq xabari bo‘lgan kishilarga javoban yana bir-ikki dalilni keltirish bilan cheklanamiz.
Bilasizki, dunyoda “Ginnesning rekordlar kitobi”ni yuritadigan alohida tashkilot bor. Kaminaning ojiz fikricha, agar shu muassasa mutasaddilarida ozgina insof va adolat bo‘lsa, o‘zbek xalqi faqatgina XX asrda erishgan kamida ikki beqiyos natijani shu kitobga, kechroq bo‘lsa ham muhrlashlari lozim. Qaysi voqealarni nazarda tutyapsiz dersiz?
Birinchisi: 1939-yilning yozida vodiy hududida 45 kun ichida qazib bitkazilgan Katta Farg‘ona kanali qurilishi!
Qariyb 350 kilometr uzunlikdagi bu inshootning haqiqiy ko‘lamini tasavvur qilmoq uchun, masalan, Andijon viloyatining Kuyganyor maskaniga borish, kanalning o‘zi, uning ustiga qurilgan avtomobil va temiryo‘l ko‘priklarining mahobatini ko‘rish kerak. Va dunyo tarixida shu muddat ichida bu qadar katta natija boshqa qayd etilganmi, degan savol ustida jiddiy o‘ylasa bo‘ladi. Keyin esa o‘zbek xalqining aksar qo‘l kuchi, ketmon, kirka va belkurak bilan amalga oshirgan mehnati mahsulini dunyoga dong‘i taralgan Suvaysh, Panama kanallari ko‘lamiga solishtirib ko‘rish, oxir-pirovardida shu qiyoslardan adolatli xulosa chiqarish kerak. Kaminaning sof shaxsiy bir xulosasi mavjudki, mavridi kelibdi, u bilan ham o‘rtoqlashay: bugungi dunyoning manaman degan to‘rt-beshta davlati bosh qo‘shib, zamonaviy texnika, mutaxassislar, ishchi kuchi va milliardlab mablag‘ tashlab ham qirq besh kunda buncha uzunlik va ko‘lamdagi kanalni qazishi amrimaholdir.
Ikkinchi misol. O‘tgan asrning 80-yillarida o‘zbek xalqi uch-to‘rt oy davomida eng og‘iri besh-olti gramm bo‘lgan milliardlab chanoqlardan asosan qo‘l kuchi bilan qariyb 6 million tonna paxtani yig‘ib oldi. Bu hodisa bir necha yillar davomida takrorlandi. Tasavvur qilyapsizmi, “million egatlarga sochilgan” (Abdulla Oripov) xalq grammlab yig‘ib, umumiy xirmonni millionlab tonnaga yetkazardi!
Aytishingiz mumkin: AQSh ham bir yilda 7-8 million tonna paxta yetishtiradi-ku, deb. To‘g‘ri, yetishtiradi. Biroq u yurtning fermerlari chigit ekishdan tortib yaganagacha, o‘toqdan tortib chekankagacha, g‘o‘zani dorilashdan tortib hosilni yig‘ib olishgacha – barcha ishni mashina-texnika kuchi bilan bajaradi. O‘zbek esa o‘sha millionlab tonnaning deyarli hammasini tilinib, qontalash bo‘lib ketgan qo‘llari bilan yiqqan!
Ushbu natija dunyoning boshqa biror yerida uchraydimi? Bu xalqning mehnati va matonati, chidami va bardoshi yana qay bir xalqda bor? Biz moziy hodisalarini maqtamayotganimiz, aksincha, ushbu jonfidoliklar aynan ona xalqimiz tomonidan amalga oshirilganini ta’kidlayotganimizni alohida uqtirib o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak.
Endi ayting, shunday xalqning aqliy, ruhiy, intellektual, jismoniy hamda iymoniy kuchi va imkoniyatlariga qo‘l siltash, bu xususda shubha-gumon urchitish, xalqni o‘zidan sovitish, hafsalasiga darz yetkazishdek harakatlarning eng yengil nomi kirdikor – g‘arazli va marazli yumushdir desak, kimningdir nozik ko‘nglini og‘ritgan bo‘lamizmi?!
Holbuki, biz esga olgan natijalar xalqdagi imkoniyatlarning bir qisminigina ishga solish evaziga qo‘lga kiritilgan. Imkoniyatlarning esa, shukrki, cheki-chegarasi yo‘q. Hali ongimizda, dunyoqarash va kayfiyatimizda isloh qilinishi, o‘zgartirilishi lozim bo‘lgan nuqtalar qancha! Hali o‘zbekning ma’naviyati yuksalishi, o‘zini tanishi va anglashi uchun talab naqadar ulkan! Hali tirikchilik o‘tkazish uchungina yashayotgan, Olloh ato etgan omonat umrni bitta ustara-yu bitta qayroqqa bog‘lab qo‘ygan, haqiqiy YASHASH amalini egallamagan kishilar kammi?
Holbuki, bugungi hayot bizga YASHASH IMKONIYATIni berib, undan qanday foydalanish huquqini ham o‘zimizga havola etmoqda. Bas, bu imkoniyat behuda ketmasin, “aziz umrimizning aziz onlari” o‘z qadriga, ma’no-mazmuniga ega bo‘lsin. Zero, “Bir onning bahosin o‘lchamoq uchun / Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz”.
Biz kimgadir aql o‘rgatish fikridan yiroqmiz, albatta. Asl maqsadimiz – maqola boshida aytganimiz: bu dunyoga kelgan har bir inson qatori zimmamizda bo‘lgan burch va majburiyatlarni, bizni issiq bag‘rida o‘stirib voyaga yetkazgan yurt, nomini ko‘tarib yurganimiz ulug‘ xalq oldidagi mas’uliyatni yana bir karra eslatmoq, xolos.
Rahmon QO‘CHQOR
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 4-son.
“Oltindan tarozi, olmosdan tosh” maqolasi
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q