Oyina.uz portali e’lon qilgan “Ilmiy ishlardagi yolg‘onlar: 90 foiz plagiat dissertatsiya, 100 dan oshiq ilmiy ishga rahbarlik qilayotgan fan doktorlari va egizak tadqiqotlar tahlili” maqolasi keng jamoatchilikda, ayniqsa, soha ahli orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu esa muallif ko‘targan muammolar bugun jamiyatimizda o‘ta dolzarb ahamiyatga egaligini yana bir bor isbotladi. Mavzu yuzasidan filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev bilan suhbatni e’tiboringizga havola qilmoqdamiz.
– Bugungi bozor munosabatlari sharoitida ijtimoiy fanlar, xususan, tilshunoslik tabiatida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda, bozorga qanday moslashish kerak?
– O‘zbek tilshunosligi bo‘yicha hozirga qadar ko‘p hollarda amaliy ahamiyatsiz, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy samaradan xoli, faqat “til o‘zida”, “ilmiy darajalar uchun” tamoyillari asosida ish ko‘rildi. Bu aksariyat tadqiqotlarning allaqachonlar eskirib ketgan andaza va o‘tmishda qolgan talablar asosida amalga oshirilayotganidan ham ma’lum.
Muammo alomatlari quyidagilarda ko‘zga tashlanadi: a) tilshunoslik doirasida davlat ilmiy tadqiqot grantlariga da’vogar har qanday an’anaviy mavzudagi loyihani dolzarbligidan qat’i nazar, o‘zaro shaxsiy yoki boshqa munosabatlar asosida to‘la ma’qullash yoki osongina rad etish mumkin; b) aniq, tabiiy, iqtisodiy fanlar bo‘yicha yangi talablar asosida dissertatsiya himoyalariga keng yo‘l bo‘lgani holda, tilshunoslik sohasida ko‘plab sun’iy cheklov va ularni “aylanib o‘tish” imkoniyati mavjudligi; s) lingvistik yo‘nalishda tayyorlangan va himoyaga qo‘yilgan har qanday dissertatsiyani subyektiv asosda, sifati va ahamiyatidan qat’i nazar, istagancha yuqori baholash yoki xohlagancha chippakka chiqarish mumkin. Bu – achchiq haqiqat.
Muammo sababi shundaki, sobiq tuzum davrida tilshunoslik bo‘yicha ilmiy ishlar davlat buyurtmasi asosida emas, balki faqat tadqiqotchilar tashabbusi bilan, asosan ilmiy daraja olish maqsadida olib borilgani, fan xarajatlari ham aslida aniq va tabiiy fanlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplangani sir emas. Bugungi kunda maqsadli talab va taklif munosabatiga e’tibor qaratmaydigan sotsialistik tilshunoslik fani to‘la-to‘kis inqirozga yuz tutdi deyish mumkin. Almisoqdan qolgan maqsad va foydasiz vazifalar asosida ish ko‘rayotgan, natijalarini iste’molchilar so‘ramayotgan “jonsiz” va amaliy tatbiqsiz mazmundagi tilshunoslik fani to‘liq boqimanda sohaga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuning uchun ham himoyaga qo‘yilgan dissertatsiyalarga OAK bildirayotgan asosiy va haqli e’tiroz – ilmiy natijalarning, yumshoqroq aytganda, amaliyotga tatbiq etilmagani (aslida tatbiq etib bo‘lmasligi)dir. Hatto yangi yo‘nalishlar sifatida qaraluvchi, aslida Gʻarbga taqlid ruhidagi kognitiv tilshunoslik, lingvokulturologiya kabi sohalar ham jamiyat taraqqiyoti uchun qanday foyda berishi haqida o‘ylab ko‘rish ularning mohiyatini anglashga yetarli.
Har qanday tadqiqot bevosita yoki bilvosita yo o‘rganish obyektini, yo undan foydalanishni takomillashtirish bilan shug‘ullanadi. Shu ma’noda tilshunoslikdagi an’anaviy lug‘atshunoslik sohasi bilan bog‘liq ishlar, garchi sanoqli bo‘lsa-da, tahsinga loyiq, albatta.
Tilshunoslik o‘tgan asrda shaxs savodxonligi uchun lingvistik baza tayyorlash maqsadida ta’limiy yo‘nalishda rivojlangan bo‘lsa, XXI asrda uning kompyuter “savodxonligi”, ya’ni kompyuterning tabiiy tilni “egallashi” uchun matematik modellashtirishga, shaxs ma’naviyati va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan zamin hozirlashi juda zarur. Shu ma’noda o‘zbek tilshunosligi (matematik) modellashtiruvchilar, giperleksikografiya mutaxassislari, ma’naviy-ma’rifiy tuzilmalar tomonidan beriladigan tizimli buyurtmalarni kutib qolmoqda.
Mamlakatimizda shiddat bilan rivojlanayotgan bozor munosabatlari tilshunoslikning maqsadli yo‘naltirilgan, iste’molchi talabi asosida bajariladigan iqtisodiy va ijtimoiy samarador sohalari rivojlanishini kuchli taqozo qilayotir.
– Xo‘sh, muammo shunday ekan, uning yechimiga doir qanday takliflaringiz bor?
– Muammo yechimi quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
1) tegishli soha vazirlik va qo‘mitalari, korxona va tashkilotlar lingvistik tadqiqot yo‘li bilan hal qilinadigan masalalarni aniqlab, muammolar bankini yaratish, ularni fan yo‘nalishlari bo‘yicha tasniflash, ilmiy ish bajaruvchi tashkilot va korxonalarga yuborishi lozim;
2) tilshunoslik bo‘yicha faoliyat yuritadigan ilmiy va o‘quv-ilmiy muassasalar tegishli sohalardagi tadqiqot yo‘li bilan hal qilinadigan masalalarni aniqlash, muammolar bankini yaratish va tasniflashda ularga ko‘maklashishi zarur;
3) til muammolari bo‘yicha faoliyat yuritadigan ilmiy va o‘quv-ilmiy muassasalar ichki imkoniyatidan kelib chiqib, ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha fundamental, innovasion va amaliy tadqiqotlarni ichiga oladigan xizmat tizimi va strukturasini ishlab chiqishi kerak;
4) tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritadigan ilmiy va o‘quv-ilmiy muassasalar ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha fundamental, innovasion va amaliy tadqiqotlarni ichiga oladigan xizmatlarini taklif etishi lozim;
5) yuridik shaxslarning ushbu fan yo‘nalishlariga homiylik xizmatini joriy qilish va buning uchun ularga imtiyoz va qulayliklar yaratilishi kerak.
Tilshunoslik fan va ishlab chiqarish uzviyligi tizimida bunday yo‘sinda ish yuritishga hali o‘tgani yo‘q. Masalan, informatsion texnologiyalar uchun o‘zbek tilining lingvistik bazasini yaratish yoki til va ma’naviyat yaxlitligi haqida gap ketar ekan, ma’naviy-ma’rifiy faoliyat samaradorligi uchun zarur tilshunoslik tadqiqotlariga tegishli muassasalardan hanuz birorta ham buyurtma berilgani yo‘q, desak xato bo‘lmaydi. Holbuki, yangi asrda faqat amaliy tatbiqqa ega, natijalarini iste’molchilar so‘raydigan va ularga ijtimoiy-iqtisodiy samara taklif etadigan tilshunoslik o‘z kuchi bilan yashashga haqli.
– Olimning salohiyati ilmiy maktab yaratishda namoyon bo‘ladi. Siz ilmiy maktab tushunchasini qanday izohlaysiz? O‘zingizning ham ilmiy maktabingiz bormi, uning ijtimoiy e’tirofi qanday?
– Ilmiy maktab ilmiy qarashlar yaxlitligi va betakrorligiga asoslangan ilmiy jamoa bo‘lib, kafedra, institut, mamlakat doirasida olimlarning ma’lum bir ilmiy g‘oya atrofida birlashuvi asosida shakllanadi. Ilmiy maktab zakovati, qiziqishlar doirasi hamda ish uslubi yangi-yangi iste’dodlarni kashf qilish va jalb etishda katta ahamiyat kasb etadigan fan darg‘asi ta’sirida tashkil topadi. Bu ilmiy jamoa ichidagi munosabatlar tadqiqotlarning natijalari emas, balki ijodiy ilmiy ishlar samaradorligini sezilarli darajada oshiradigan asil g‘oyalar haqidagi axborot almashuvlari ko‘rinishida bo‘ladi.
Bir ilmiy g‘oya muayyan maktab doirasida turli ko‘rinishga ega bo‘lishi ham mumkin. Bu ijobiy hodisa bo‘lib, yangidan-yangi maktablar shakllanishi va taraqqiy etishiga turtki beradigan firqa va taraflar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
“Ilmiy maktab” atamasi ikki holatda qo‘llanadi:
1) umumiy qarash, g‘oya va qiziqishlar olimlarni birlashtiradi, uzviy hamkorlikka olib keladi. Bu yosh talantlarni jalb qilib, yangi fan sohalarining ko‘p yillik taraqqiyot darajasi va yo‘llarini belgilab beradi. Bunday maktab “baxtli vaziyat mahsuli” o‘laroq tashqi qo‘llab-quvvatlashni taqozo etadi;
2) ilmiy avlodlar almashsa ham, saqlanib qoladigan va rivojlanib boradigan aniq mavzu, umumiy qarash, qiziqish va an’analar sistemasi asosida tashkiliy ravishda birlashtirilgan ilmiy jamoa.
Ilmiy maktab belgilari:
· ilmiy qiziqishlar uyg‘unligi va tadqiqotlar mohiyatining umumiyligi;
· asillik va betakrorlik;
· ilmiy natijalarning yuqori darajasi va maktabning ijtimoiy tan olinishi;
· yetakchining rolini va maktabning istiqbollarini ta’minlaydigan vorisiylik.
O‘zbek tilshunosligida yangi ilmiy maktab shakllanmoqda, deyishimiz mumkin. Men yuqoridagi belgilarni o‘zbek milliy amaliy tilshunosligida ko‘ryapman. U “o‘zbek tili imkoniyatlaridan amaliy foydalanish samaradorligi” umumiy g‘oyasi ostida rivojlanmoqda. Ilmiy maktab – original g‘oya asosida tizimli va jamoaviy ishlash degani. Shu ma’noda o‘zida substansial-pragmatik tilshunoslik, o‘quv lug‘atchiligi, korpus tilshunosligi, lingvoma’naviyatshunoslik, lingvistik ekspertologiya, kognitiv-pragmatik ta’lim, gradual leksikografiya kabi o‘zbek tilshunosligida (ayrimlari jahon tilshunosligida) amaliy samarador bo‘lgan mutlaqo yangi sohalar bo‘yicha qo‘lga kiritgan natijalarimiz jamoani ilmiy maktab deyishga asos bo‘la oladi, deb o‘ylayman. Ilmiy maktabning asosiy zohiriy belgilaridan biri shundaki, tadqiqotlar tizimli bo‘lganligi sababli jamoaviy monografiyalar chop qilish mumkin.
– Ilmiy jamoangizni juda katta deyishadi. Shogird ustoz bilan shogird, ustoz shogird bilan ustoz. Ko‘p eshitamiz, ko‘pchilik yosh tilshunoslikka talabgorlar Sizga talpinadi...
– Gapning ochig‘i, aksariyat yosh tadqiqotchilar tilshunoslik bo‘yicha mendan mavzu olishni istaydilar. Buni nokamtarlik desangiz ham aytaman. Nafaqat Toshkentda, viloyatlarda ham. Yosh iste’dodlar yukinib, yalinib-yolvorib kelishadi. Qanday yo‘q deyman? Ularning ko‘kragidan itarish uchun Alloh menga bu missiyani yuklamagan. Ularga mening shogirdlarimga yomon munosabatda bo‘lishlarini, himoyalari qiyin kechishini ham ko‘p aytaman. Axir, yetarli darajada “do‘stlarim” ham bor. Ular men haqimda har xil gaplar tarqatib yurishadi. Albatta, shogirdlarimizning saviyasi ham har xil. Shogirdingiz ko‘p bo‘lsa, kammahsul olimlar dissertatsiya yozib beradi, deyishadi. Kulgili tomoni shundaki, ishlarning saviyasi biroz past bo‘lsa, ustozi aybdor, juda yaxshi chiqqan bo‘lsa, yozib bergan, deydilar. Xullas, baribir gap topishadi. Lekin bizning jamoada qobiliyatsizlar yo‘q.
Shuningdek, men mansabdor ham, kengash yoki seminar raisi ham, aksariyat shogirdlarim himoya qilayotgan kengashlarning a’zosi ham emasman. Biror shogirdim kengash raisi emas, OAKda hech kimni tanimayman ham, u yerda tanish-bilishlik bilan ish bitishini tasavvur ham qilolmayman. Xullas, shogirdlarni ko‘paytirish va himoyasini tashkil etish uchun hech qanday ma’muriy richagga ega emasman. Faqat shogirdlar bilan ishlayman, xolos. Muammoni to‘g‘ri qo‘yish, yechish mexanizmini tavsiya etish va aniq ilmiy-amaliy natijalarni ko‘rsatish – mana, nima muvaffaqiyat garovi.
Bilasiz, zamonaviy pedtexnologiyalarda “Nilufar guli” degan grafik organayzer bor. Bu tadqiqotni rejalashtirishda juda qo‘l keladi. Hali bu metodni ilmiy tadqiqotda bizdan boshqa biror kim qo‘llaganini bilmayman. Balki qo‘llaganlar bordir. Lekin kim xohlasa, kelsin, o‘rgataman. Keyin bizda ish tugaganda tadqiqotning ilmiy yangiligini bir jumlada aytib berish sinovi bor. Shu vazifani uddalasa, himoyaga tayyor deb hisoblaymiz. Masalan, “o‘zgalovchi o‘zbek tilida mustaqil grammatik kategoriyadir” degan hukm mutlaqo yangilik va buni oldin hech qim aytmagan. Bu bir dissertatsiya ilmiy yangiligining jumladagi ifodasi.
Yoshlar mening oldimga jamiyatga foydasi tegadigan, amaliy ahamiyatga molik tadqiqot qilmoqchimiz, Siz shunday mavzular berasiz, chiqishlaringizni o‘qiymiz, an’anaviy yo‘sindagi tadqiqotlar ustida ishlash niyatimiz yo‘q, deb kelishadi. Bu menga Allohning inoyati va ne’mati, bu ishonchni oyoqosti qilishdan qo‘rqaman. Gaplarim nosamimiy bo‘lsa, ana, marhamat, istagan shogirdim bilan gaplashishingiz mumkin.
– Siz shogirdlarga qanday munosabatda bo‘lasiz? Samarali ilmiy rahbarlik faoliyatingiz siri nimada?
– Yosh iste’dodlar menga intilishlarining yana bir sababi – men ularni tinglay olaman, savollariga javob ola bilishadi, ularni qoniqtiradigan g‘oyalar bera olaman. Eng muhimi, ularga INSON deya qarayman, o‘zim bilan teng ko‘rib munosabatda bo‘laman (boshqalarni kamsitmayapman, men o‘zimni bilaman), dissertatsiyasidan boshqa topshiriq bermayman.
Dissertantlar bilan maxsus “Tarmoqli jadval” asosida ishlayman. Buni nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoda miqyosida ham ko‘rmagansiz. Qolaversa, yana bir narsani aytaman. Boshqa ustozlarning ko‘plab shogirdlari ham ishlarining rejasini tuzish, ilmiy yangiliklarini shakllantirish uchun menga kelishadi. Ularga beminnat yordam beraman. Axir, buni zimmamga Haq tomonidan yuklangan vazifa deb bilaman.
– Umuman olganda, bir paytning o‘zida qancha shogird bilan ishlash mumkin. Buning me’yorlari bormi?
– Agar menga o‘zim ishlayotgan muassasada oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti (doktorantura, mustaqil izlanuvchilik) talabgorlari uchun ular soni qancha bo‘lsa, hammasi uchun haq to‘lanadigan bo‘lsa, yillik o‘quv yuklamam faqat rahbarlikning o‘zi bilan to‘lib ketadi. Shu nuqtai nazardan me’yor belgilab qo‘yilishi mantiqan to‘g‘ri.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-mayda chiqarilgan 304-son qarori oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari (doktorant va mustaqil izlanuvchilar) uchun chiqarilgan. Qarorning 8-bandida fan doktori bir vaqtning o‘zida oliy ta’limdan keyingi institutda tahsil olayotgan 6 nafargacha izlanuvchiga rahbarlik qilishi mumkinligi aytilgan. Lekin bu me’yor bitta ta’lim tashkilotidami yoki barcha ta’lim tashkiloti uchun umumiymi? Yoki bir ta’lim tashkilotining kollegial organi boshqa ta’lim tashkilotining kollegial organi uchun ham xulosa beradimi? Bir tahlil qilib ko‘ring. Ushbu Nizom bilan tartibga solinmaydigan, ya’ni oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida o‘qimaydigan, ilmiy rahbar uchun pul to‘lanmaydigan erkin tadqiqotchilarga rahbarlik qilish ham 6 nafargacha belgilab qo‘yilganmi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2017-yil 16-fevraldagi PF-4958-son Farmoni 4-bandining a) va b) qismlarida erkin himoya qilishga ruxsat berilgan. Ularga rahbarlik qilishga chegara qo‘yilmagan. Demak, doktorantura va mustaqil izlanuvchilikdagi shogirdlar soni bir OTMda 6 tadan oshmasligi kerak. Lekin erkin tadqiqotchilarga cheklov qo‘yilmagan. Chunki bundan davlatga hech qanday ziyon yo‘q. Kecha “Lisonut tayr” o‘qiyotib ko‘zim tushdi. Shayx San’onning 400 nafar muridi bo‘lgan ekan. Ustozni ihotalab bo‘lmaydi, bu uning salohiyatiga bog‘liq.
– Fan va amaliyot uyg‘unligi haqida gapirdingiz. Bajarilayotgan tadqiqotlarning lingvistik mahsulotlar yaratishdagi roli qanday?
– Lingvistik mahsulotlar juda ko‘p. Ularning eng an’anaviy va ma’lumi, lug‘atlar, me’yoriy grammatikalar. Masalan, “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”, “O‘zbek tilining talaffuz lug‘ati”, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” va milliy grammatikalarimiz – madaniyatimizning ajralmas qismi. Ular qanchalik mukammal bo‘lsa, tilimiz va nutqimiz shunchalik rivojlanadi. A.M.Peshkovskiy “grammatika tilni boshqaradi” deganda tilning tabiatini to‘laqonli aks ettiradigan shunday mukammal grammatikani nazarda tutadi.
Arab tilining mukammal grammatikasini yaratgani uchun ham yurtdoshimiz Zamaxshariy bizdan ko‘ra arab xalqlarida ko‘proq mashhur. Shu ma’noda “O‘zbek tili izohli lug‘at”larining yangi-yangi nashrlari bo‘layotgani – hammamizning yutug‘imiz va quvonchimiz. Juda katta o‘zgarishlar kiritilmoqda. Shu bilan birga, uning sifati uchun hammamiz burchlimiz ham. O‘zbek tilining izohli lug‘atlari bo‘yicha yuzlab maqsadli yo‘naltirilgan tadqiqotlar yaratilishi kerak. Axir, bu jahon tajribasida bor.
Mening rahbarligimda E’zoza Sobirova tomonidan yozilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da huquqiy terminlarning berilishi” mavzusidagi dissertatsiyasi himoyasida qarshi fikrdagi ayrim olimlarning e’tirozlariga nisbatan ustozimiz professor Nizomiddin Mahmudovning bildirgan fikrlari biz uchun qimmatli metodologik ahamiyatga ega: “Mavzu to‘g‘ri tanlangan. Bu tipdagi dissertatsiyalarda, masalan, boshqa fan sohalariga oid terminlar ham xuddi shu tarzda tadqiq qilinishi kerak. Bunga o‘xshagan ishlar faqat lug‘atning yana ham boyishiga, yana ham takomillashishiga va muayyan noqisliklar bo‘lsa, bartaraf qilishga imkon beradigan ham nazariy, ham amaliy ish sifatida diqqatga molik”.
Bugun barcha sohalar terminologiyasi bo‘yicha (ma’nosi davr o‘tishi bilan o‘zgargan, lug‘atga kiritilishi zarur bo‘lgan terminlarni aniqlash, ularni izohli lug‘atda berishga doir, ya’ni izohlash, dalillovchi misollarni tanlash va hokazo) qator tadqiqotlar yaratilishi kerak va ular faqat va faqat lug‘atlarni takomillashtirishga xizmat qiladi. Axir, bu davlatimiz va hukumat hujjatlarida o‘z aksini topgan. Ilmiy tadqiqotlarsiz lingvistik mahsulot yaratib bo‘lmaydi. Shunday ekan, hozirgi izohli lug‘atimizni zarracha ham kamsitmagan holda ta’kidlaymanki, uni yanada takomillashtirish va zamonaviylashtirish uchun ko‘plab fundamental, innovatsion tadqiqotlar bajarilib, yechimlar tavsiya etilmoqda.
O‘zbek milliy semasiologiyasining ulkan yutug‘i bo‘lgan gradual semasiologiya bo‘yicha natijalarni lug‘atga tatbiq etish yuzasidan fundamental va innovatsion leksikografik tadqiqotlar bajarilishi lozim. Yoki o‘zbek tilida omonimiya va polisemiya qatorida oraliq vaziyatni egallaydigan polifunksional so‘zlar analizatorining lingvistik ta’minoti bo‘yicha fan doktori va dasturiy ta’minoti bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyalaridan lug‘at tuzish jarayonida unumli foydalanish mumkin. Ana bular fan va amaliyot mushtarakligiga yaqqol misol bo‘la oladi.
– Sog‘lom ilmiy muhit tadqiqot uchun juda muhim. Siz tilshunoslikdagi bugungi ilmiy muhitdan qoniqasizmi?
– Savolingiz o‘rinli. Tilshunoslikning o‘tgan davrida ko‘p hollarda fanga begona ayrim “olim”larning xizmatlari o‘laroq ayirmachilik kayfiyati ham ba’zi-ba’zida bo‘y ko‘rsatib turardi. Ammo men tilshunoslikning bugungi iqlimidan juda ham mamnunman. Bunda fanimiz donishmand darg‘alarining roli katta va ulardan behad minnatdorman. O‘zbek tilshunosligi bu borada Nizomiddin Mahmudov, Samixon Ashirboyev, Ra’no Sayfullayeva, Hamidulla Dadaboyev, Ibodulla Mirzayev, Suyun Karimov kabi ulug‘ ustozlarimiz oldida hamisha qarzdordir. Qarzdorlik hissi esa zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Buni unutmasligimiz kerak.
Oyina.uz
Ma’naviyat
Adabiyot
Mafkura
Tarix
Mafkura
Ta’lim-tarbiya
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
5 Izohlar
Fotima
12:01 / 10.01.2024
Ustoz suhbatlaridan ilmiy, maʼnaviy quvvat olamiz. Umringiz uzoq bólsin, Ustoz.
Alibek Anvariy
22:01 / 09.01.2024
Men, professor Baxtiyor domla Mengliyevning ilm-fanga va ijtimoiy hayotga oid OAVdagi chiqishlarini muntazam kuzataman. Mohiyat oqibatiga va oqibat mohiyatiga yo‘g‘rilgan, dolzarb umummuammolarning yechimiga xizmat qiladigan mutlaqo original, yangi va yaqin kelajak tatbiq doirasini qamraydigan fikrlarini tahlil qilaroq ongli va savqi tabiiy ravishda baayni qarashlarning hayotiyligiga bot-bot amin bo‘laman. Biz, bu kun tabiiy ehtiyoj o‘laroq paypaslayotgan, chin ma'noda, topolmayotgan JADIDlar, aslida, shundoqqina yon-verimizda! Jadid ruhi, ma'naviy-ijtimoiy qavli, fikriy-tadrijiy takomili orqali turli sohalarda yangi qo‘riq ochayotgan fidoyilar – biz bilan bir osmon ostida! Ular safida men ta'zim qilgan bir guruh ustoz adiblar (Usmon Azim, Erkin A'zam, Murod Muhammad Do‘st, Xurshid Davron, Mirzo Kenjabek, Eshqobil Shukur), ustoz adabiyotshunos olimlar (Hamidulla Boltaboyev, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Bahodir Karimov, Uzoq Jo‘raqulov, Dilmurod Quronov, Olim Toshboyev, Olim Davlatov) barobarida tilshunos olimlar (ushbu suhbat adog‘ida Mengliyev domla atoqli tilshunoslar nomlarini keltirgan; Uning davomi sifatida haqli ravishda amaliy tilshunoslik bo‘yicha fundamental tadqiqotlarni va shunday ishlarning yaralishini ta'min etayotgan yirik olim Baxtiyor Mengliyev nomini alohida e'tirof etish lozim) bisyor. Ana shunday fidoyi zotlar – bugunning jadidlari! O‘z sohasining yirik namoyandalari, ustalari! Ularga bilan oraliqda yastangan muqaddas masofalarni (Sh.Salom iborasi) saqlash lozim.
Zilola Nuraliyeva
20:01 / 09.01.2024
Ustozning fikrlari juda o'rinli. Kuchli tilshunos olim, professor ustoz umrlari uzoq bo'lsin.
Nazim
13:01 / 09.01.2024
Yaxshi fikrlar… Ammo, hurmatli tahririyat jamoasi daryoni bo’ylamay chuqurlik haqida hadeb yozish baliqning koinot haqiqatlaridan so’zlashi kabi matiqsiz tuyuladi… Maqolalarni o’qiyapman ko’tarilgan mavzu juda dolzarb ammo, yetarlicha asoslanmagan va o’rganilmagan!
Kozim
10:01 / 09.01.2024
Yaxshi maqola, dolzarb