Amir Temur saltanatini tiklashga uringan hukmdor – Abu Said Mirzoning ayanchli oʻlimi


Saqlash
17:12 / 06.01.2024 1101 0

1449-yil Mirzo Ulugʻbekning fojiali vafotidan soʻng, qisqa vaqt ichida Movarounnahr taxtini egallagan yana bir temuriy hukmdor, Mironshoh Mirzoning nabirasi – Abu Said Mirzo (1421-1469) mamlakatda qator islohotlar amalga oshirish barobarida, ilm-fan va madaniyat, xususan, turkiy til rivojiga katta eʼtibor qaratgan. Vosifiyning yozishicha, Abu Said Mirzo fors tilidan yetarlicha xabardor boʻlmagan. Shu bois shoirlar unga imkon qadar turkiy tilda qasidalar bitishga harakat qilishgan. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, 1468-yil fevral oyining oxirlarida sulton Abusaid mirzo bir paytlar Amir Temur saltanatiga tobe boʻlgan, endilikda Uzun Hasan (1423-1478) boshchiligidagi Ozarbayjonga qarab yurish boshlaydi. Miyona muzofotiga yetgach, u Oqqoʻyunlilar sultoni Uzun Hasanga maktub yoʻllaydi. Bu maktub Sulton Abusaidning nainki siyosiy, balki axloqiy, diniy-siyosiy qarashlarini bilish jihatidan ham alohida ahamiyatga ega. 

 

Mazkur maktub 1473-yil 12-avgust kuni Uzun Hasan usmoniylar hukmdori Sulton Mehmetdan yengilgandan soʻng, Istanbulga olib kelinadi. Maktub eski oʻzbek tilida, uygʻur alifbosida bitilgan boʻlib, ayni paytda Turkiya Respublikasining Istanbul shahridagi Toʻpqopi saroyi muzeyi arxivida NE 17302-raqami ostida saqlanib kelmoqda. Maktubdan olingan quyidagi satrlar Abusaid mirzoning oʻz kuch-qudratiga ortiqcha bino qoʻygani, raqibiga mensimaslik bilan qaraganini koʻrsatadi:

 

“Sulton Abusaid Koʻragon soʻzim. Hasanbekka salom tegach, soʻz ulkim, Tengri inoyati boʻlub, Sohibqiron Temurbek tamom mamolikni musaxxar qilib yuruganda, ulugʻ otang Usmonbek chin koʻngli bila bek davlatiga panoh kelturub, ixlosini bildurgan uchun, bek dagʻi inoyatlar qilib, barcha ulusdin ortuqsi koʻrub, Diyorbakir viloyatini bildurub, xossatan oʻgʻul-ushoqining tinchligi uchun Hamidtek (?) yerni dogʻi suyurgʻab yurt bergan turur. Usmonbek dogʻi bekning ul inoyat shafqatini unutmayin, bekdin soʻngra oʻgʻlonlarigʻa chin ixlos bila kuch berib, burun bek chogʻinda qilgʻan xizmatlarini hargiz oʻzga qilmadi. Tengri inoyat qilib, Sohibqiron bek otamning taxtini menga roʻziy qildi ersa, sen dogʻi otang yurtini bilib, el-ulusingni boshlagʻoningdin beri yaxshiligʻing, chin eʼtiqodingni bildurub erding. Tengri inoyati bilan eranlar himmatidin bu uchurlarda burungi kechgan ota ogʻalaringdin ortuqsi koʻngul tilagandek shoyiista xizmatlar qilding, ini-oʻgʻullik, doʻstlik qarindoshluqni bildurub, sening bu xizmatlaringdin oshiri rozi boʻlduk. Endi sen dogʻi bilursenki, ulus egasi Temurbek tamom mamolikni zabt qilib ulashgonda, Tabriz taxtini mening otam Mironshoh Mirzoga bergondurur. Senga dogʻi maʼlumdurki, ota yurti oʻz yurt boʻlur. Tengri inoyatigʻa sigʻinib, bu fursatlarda Ozarbayjon viloyatlarini zabt qilib, ota yurtini butungʻi yoʻsin bila zabt qilayin deb keloduruman. Agar Temurbek otang Usmonbekka Diyorbakir viloyatini bergan boʻlsa, umidim uldururkim, man senga Tengri inoyati bilan Misr va Rum viloyatlarini olib bergaymen”.

 

Mazkur maktubdan koʻrinib turibdiki, Abusaid mirzo Uzun Hasanni oʻziga boʻysunishini, otalari xuddi Amir Temurga xizmat qilgandek, uni oʻziga tobe qilishni istaydi. Maktub tili sodda va ravonligi, eski oʻzbek tili xususiyatlarini oʻzida toʻliq mujassam qilgani bilan ham ajralib turadi. Tarixchi Mirxondning “Ravzat us-safo” asarida yozilishicha, ushbu maktubni olganidan soʻng Uzun Hasan Abusaidga inisi Yusufbekni elchi qilib yuborib, sulh tuzishni taklif qiladi. U oʻz maktubida Abusaid mirzodan uzr soʻrab, yuz yildan beri ota-bobolari Amir Temur va uning avlodlariga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgani, bundan buyon ham shunday boʻlib qolishini, faqat Ozarbayjondan chiqib ketish uchun bahorgacha ruxsat berishini soʻraydi.

 

Aslida bu Uzun Hasanning oʻziga xos hiylasi edi. Shu tariqa u Abusaidni qopqonga tushirmoqchi edi va bunga muvaffaq ham boʻladi. Sulh taklifiga quloq osmagan Abusaid mirzo Qorabogʻ tomon ilgarilab boraveradi. Ammo haddan tashqari sovuq va oziq-ovqat tanqisligi temuriy sultonning katta qoʻshinini holdan toydiradi. Amirlar va beklar Abusaid mirzodan yuz oʻgirib, yarim yoʻlda tashlab ketadilar. Hukmdorning 50 mingga yaqin qoʻshinning katta qismi har yoqqa tarqalib ketadi. Endi Abusaidning oʻzi Uzun Hasan bilan sulh tuzishni taklif etib, hatto uning huzuriga onasi – Poyanda sultonbegimni yoʻllaydi. Uzun Hasan xuddi shu fursatni kutib turgan edi. U Abusaidning oz sonli qoʻshinini osonlik bilan magʻlub etib, uning oʻzini asir oladi.

 

Xuddi shu paytda Abusaidning ashaddiy raqiblaridan biri – Shohrux Mirzoning chevarasi Yodgor Muhammad mirzo (1451-1470) Uzun Hasanning saroyida edi. U Abusaidning taqdirini hal etishni Yodgor mirzoga topshiradi. Yodgor mirzo esa oradan bir necha kun oʻtib, buvisi Gavharshodbegimning xuni evaziga Abusaidni qatl etadi. Maʼlum muddat Movarounnahr va Xurosonni birlashtirib, Amir Temur saltanatini tiklashga uringan hukmdorning hayoti ana shunday fojiali yakun topadi.

 

Rustam JABBOROV

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//