Qoʻrquv – borliqqa moslashishimiz uchun koʻmak beruvchi eng katta va kerakli instinktlarimizdan biri. Chunki u har qanday tahdidga tabiiy hissiy reaksiyadir. Misol uchun, kishi tajovuzkor itlar toʻdasiga duch kelganida, hayvonlarni yaxshi koʻrishiga qaramay qoʻrquvni boshdan kechiradi. Bu his tabiiy boʻlib, insonning oʻzini-oʻzi asrash refleksi hisoblanadi. Ammo baʼzilarning jonivorlardan, narsalardan, voqeliklardan asossiz qoʻrquvi boʻlib, fanda bu fobiya deb ataladi. Deyarli har bir kishida oʻtmishdagi ogʻriq yoki yoqimsiz xotira tufayli yuzaga keluvchi qoʻrquvlar boʻlishi mumkin. Masalan, har xil oʻrgimchaklardan (araxnafobiya) yoki tish shifokori qabuliga borishdagi qoʻrquv (dentofobiya). Ammo u aksar balogʻatga yetgan odamlarning hayotiga xalal bermaydi va tezda oʻtib ketadi. Biroq ayrimlardagi orttirilgan qoʻrquv shunchalik kuchli boʻladiki, normal hayotga xavf soladi. Shu bois ham ushbu maqolada fobiyalar tabiatini tushunish va ulardan qutulish choralari haqida fikr yuritamiz.
Fobiyalar – ruhiy buzilishning koʻp uchraydigan turlari boʻlib, odam boshdan kechiradigan haddan tashqari va mantiqsiz qoʻrquv sifatida tavsiflanadi. Fobiyaning paydo boʻlishi umumiy ruxiy buzilishdan farqli, oʻziga xos jarayon bilan bogʻliq. Yaʼni uni chuqur ruxiy kasalliklardan ajratib turuvchi asosiy jihati – bu inson fobiyasi manbai bilan toʻqnashmaguncha, organizm va ruhiyatda hech qanday alomat boʻlmaydi.
Agar sizda fobiya boʻlsa, albatta, qoʻrquvingiz mantiqsiz ekanini tushunasiz, lekin doim ham his-tuygʻularingizni nazorat qila olmaysiz. Qoʻrquv uygʻotgan narsa yoki vaziyat haqida oʻylash sizni tashvishga solishi mumkin. Qoʻrquv manbaiga duch kelganingizda esa tushuntirib boʻlmas dahshat avtomatik tarzda qalbingizni qoplab oladi va har doim ham oʻzingizni qoʻlga olishning uddasidan chiqolmaysiz. Bunday holatlar sizda yoqimsiz holatlarni paydo qilgani bois unga duch kelmaslik va undan qochish uchun harakat qila boshlaysiz beixtiyor. Bunday chekinishlar bilan oʻzingizga noqulaylik tugʻdirishingiz, hatto baʼzida turmush tarzingizni oʻzgartirishingiz ham sizni yoʻldan qaytara olmaydi. Misol uchun, siz klaustrofobik boʻlsangiz (klaustrofobiya – yopiq, tor xona va joylardan qoʻrqish), ishga borish uchun liftga chiqmaysiz, balki 15 qavat boʻlsa ham zinadan koʻtarilasiz. Yoki siz balandlikdan qoʻrqsangiz (akrafobiya), baland koʻprikdan oʻtmaslik uchun aylanma yoʻllardan 5–10 km yoʻl bosib oʻtishga ham tayyor boʻlasiz.
Bundan tashqari murakkab fobiyalar insonning kundalik hayotiga chuqur kirib borishi mumkin. Bu esa kishining normal faoliyat bilan shugʻullanish va ijtimoiy munosabatlarni saqlab qolish qobiliyatiga taʼsir qiladi. Masalan, uchishdan qoʻrqqan (aerofobiya) odam sayohat qilishdan qochadi, natijada bu shaxsiy va professional oʻsish uchun imkoniyatni boy berishiga olib keladi. Xuddi shunday, ijtimoiy fobiya (sotsiofobiya) bilan ogʻriganlar atrofdagilar bilan munosabat oʻrnatish va saqlab qolish uchun fobiyasi bilan doimo kurash olib borishi kerak. Yomon tomoni, koʻpincha bu holat bora-bora kishini holdan toydiradi va yolgʻizlikka olib keladi.
Fobiyalar qanday paydo boʻladi?
Oʻtmishdagi psixotravmali holat. Fobiya odatda bolalikda olingan ruxiy shikast va oʻta yoqimsiz tajribalar natijasida paydo boʻladi. Masalan, ehtiyotsizlik sabab yoshligida bir marta suvga choʻkkan yoki shu hodisaga guvoh boʻlgan odamda suvdan juda qoʻrqish – gidrofobiya paydo boʻladi. Shuningdek, yosh bolalar nima boʻlayotganini tushuna olmaganida ham notoʻgʻri qoʻrquv uygʻonadi. Shuning bois siz hatto zararsiz holat, deb biladigan voqeliklar ham bola ruhiyatining shikastlanishga olib kelishi mumkin. Aytaylik, mushuk tasodifan uch yoshli bolaning ustiga sakrab tushdi va uni ozroq tirnadi. Sizningcha, bu arzimas narsa, toʻgʻrimi? Ammo agar holatga bolaning koʻzi bilan qarasangiz boshqa narsani koʻrasiz – ulkan bir mavjudot unga hujum qildi va u ogʻriqni boshdan kechirdi. Ruhiyat buni mavjudlik uchun haqiqiy tahdid sifatida qabul qiladi hamda uni ongsiz darajada xotirada mustahkamlaydi. Bu yerda fobiya rivojlanishi mudofaa reaksiyasidan kelib chiqmoqda va u shu kabi vaziyatlarda kuchli qoʻrquv – xavfdan himoya qilish uchun moʻljallangan.
Tarbiya va ota-ona munosabatlarining oʻziga xos xususiyatlari. Kattalarning xatti-harakati orqali bola tashqi olam bilan munosabatda boʻlishni, ijtimoiy normalarni oʻrganadi va dunyoqarashini rivojlantiradi. Muammo shundaki, agar harakatlar mantiqsiz boʻlsa, bola uni tushunolmaydi, chunki u hali yetarli darajada tanqidiy fikrlash qobiliyatiga ega emas. U hamma narsani katta ishonch bilan qabul qiladi. Agar bolaning maʼlum bir fobiyaga genetik moyilligi boʻlmasa ham, buni shunchaki kattalarning xatti-harakatlarini kuzatish orqali “oʻrganishi” mumkin. Masalan: buvisi doimo qoʻllarini yuvadi, koʻchada muzqaymoq yeyishiga ruxsat bermaydi, mikroblar va ular qanday kasalliklarga olib kelishi haqida doimo gapiradi. Bunday muhitda oʻsayotgan bolada Mizofobiya (kirlanish va infeksiyalardan qoʻrqish) rivojlanishi mumkin. Yoki ona doimiy ravishda itlardan uzoq yuradi, bolani ular bilan oʻynashiga ruxsat bermaydi, qoʻshnining iti unga yaqinlashganida qichqiradi, qoʻshni bilan janjallashib, jonivorni uzoq tutishni talab qiladi – kinofobiya (itlardan qoʻrquv). Ota bolaligida ilonlar chaqqani va oʻlayozganini rang-barang hamda qoʻrqinchli tarzda aytadi. Bu voqeani qayta-qayta takrorlaydi, natijada bolada gerpetofobiya – ilonlardan qoʻrqish yuzaga keladi.
Genetik moyillik. Fobiya genetik, atrof-muhit va nevrologik omillarning kombinatsiyasi tufayli ham rivojlanishi mumkin. Baʼzi odamlarda hattoki genetik moyillik boʻlib, u qoʻzgʻatuvchi manbaga duch kelinganda fobiya namoyon boʻlishini tezlashtiradi. Nevrologik tadqiqotlar natijasi miyaning baʼzi joylari, xususan, miya asosidagi bodomsimon tana qoʻrquvni qayta ishlash va fobik reaksiyalarni shakllantirishda muhim rol oʻynashini koʻrsatdi. Agar odam oʻtmishda biror tahdiddan haddan tashqari qoʻrqib ketgan boʻlsa, uning avlodlari ayni shu qoʻrquv bilan tugʻilishi mumkin. Va bu moyillik tarzida nasldan naslga oʻtib boradi.
Fobiya turlari
Fobiyaning hozirgi kunda yuzlab turi mavjud va ularning xar biri alohida psixologik mavzu hisoblanadi. Ammo fobiyalarni umumiy tarzda ikki nisbiy turga boʻlish mumkin:
1. Oddiy yaʼni maxsus fobiyalar;
2. Murakkab yoki ijtimoiy fobiyalar.
Murakkab turdagi fobiyalar
Murakkab turdagi fobiyalarga ijtimoiy ruxiy buzilishlar va agarafobiya misol boʻla oladi. Ijtimoiy fobiya – bu jamiyatga aralashuvdan va ijtimoiy vaziyatlardan haddan tashqari qoʻrqish degani. Bu fobiya kattalarning taxminan 7% ida uchraydi. Ijtimoiy fobiya bilan ogʻrigan insonlar koʻpincha xijolatli yoki noqulaylik tugʻdirishi mumkin boʻlgan ommaviy yigʻilishlar, tadbirlardan qochish maqsadida xattoki ishdan ham boʻshashgacha borishadi. Ushbu fobiyaga yoʻliqqan odamlar qaysi vaziyatda yoqimsiz qoʻrquv va noqulaylikni his qilishlariga qarab, tanishishdan, ziyofatlardan, ish tadbirlaridan, omma oldida nutq soʻzlashdan yoki notanish odamlar bilan suhbatlashishdan qochishlari mumkin. Baʼzilar hatto restoranlarda ovqatlanish yoki jamoat joylarida xarid qilishni xam istashmaydi.
Agorafobiya
Qoʻshma Shtatlardagi oʻsmirlar va kattalarning taxminan 1% idan 2,9% igacha agorafobiya bor. Agorafobiya – notanish yoki ochiq joylarda boʻlishdan kuchli qoʻrqishni anglatadi. Agorafobiya bilan ogʻrigan odamlar, ayniqsa, jamoat transportlaridan, odamlar gavjum joylar yoki qochib chiqish qiyin boʻlgan vaziyatlardan qoʻrqishadi. Fobiyaning ogʻir holatlarida bu fobiya bilan kasallangan odamlar uydan butunlay chiqmay qoʻyishadi va jamiyatdan butkul uzilishadi.
Oddiy yoki maxsus fobiyalar
Oʻziga xos yoki oddiy fobiya – sababi koʻpincha aniq boʻlgan muayyan narsa, hayvon, odam yoki vaziyatdan doimiy qoʻrqish hisoblanadi. Dunyo aholisining taxminan 8% idan 12% igacha oʻziga xos fobiya bor. Maxsus fobiyalarning beshta kichik turi mavjud, jumladan:
1. Hayvon turi
2. Tabiiy muhit turi
3. Qonli jarohatlar – shikastlanish turi
4. Vaziyat turi
5. Boshqa turlar
1. Hayvonlardan fobiya hayvonlar va hasharotlardan kuchli qoʻrqishni oʻz ichiga oladi. Keng tarqalgan hayvon fobiyalariga quyidagilar kiradi:
Araxnofobiya – oʻrgimchaklardan qoʻrqish;
Ailurofobiya – mushuklardan qoʻrqish;
Musofobiya – sichqon, kalamushlardan qoʻrqish;
Ornitofobiya – qushlardan qoʻrqish;
Ixtilofobiya – baliqlardan qoʻrqish.
2. Tabiiy muhitdan fobiyasi boʻlgan odamlar tabiatning oʻziga xos jihatlaridan, masalan, tabiiy ofatlardan qoʻrqishadi. Tabiiy muhit fobiyalariga misollar:
Akrofobiya – balandlikdan qoʻrqish;
Aquafobiya – suvdan qoʻrqish;
Astrafobiya – momaqaldiroq va chaqmoqdan qoʻrqish;
Talassofobiya – okean va chuqur suv havzalaridan qoʻrqish.
3. Qon jaroxat-shikastlanish fobiyalari tibbiy muammolar yoki muolajalarga guvoh boʻlish qoʻrquvini anglatadi. Misollar:
Gemofobiya – qondan qoʻrqish;
Nozokomefobiya – kasalxona, poliklinkalardan qoʻrqish;
Tomofobiya – jarrohlik, operatsiyalardan qoʻrqish;
Tripanofobi – igna va ukollardan qoʻrqish.
4. Vaziyatli fobiyalar – maʼlum joylardan va sharoitlardan qoʻrqishni degani. Umumiy vaziyat tipidagi fobiyalarga quyidagilar kiradi:
Aerofobiya – uchishdan qoʻrqish;
Amaksofobiya – avtomobil haydash va avtomobilda yurishdan qoʻrqish;
Klaustrofobiya – cheklangan joylardan qoʻrqish;
Eskalafobiya – eskalatorlardan qoʻrqish.
5. “Boshqa” toifasiga kiradigan fobiyalar yuqoridagi toifalarning hech biriga toʻgʻri kelmaydi. Masalan:
Koulrofobiya – masxarabozlardan qoʻrqish;
Chorofobiya – raqsga tushishdan qoʻrqish;
Fonofobiya – baland tovushlardan qoʻrqish.
Bu fobiyalarning toʻliq roʻyxati emas. Sababi bugungi kunda fobiyalarning oʻnlab yangi turlari qayd etilmoqda va ularning har birini yozish uchun maqolamiz kichiklik qiladi.
Sizda fobiya bor-yoʻqligini qanday bilsa boʻladi?
Fobiya paytida turli belgilar namoyon boʻlishi mumkin. Qoʻrquv tufayli kishida kasallik holati kabi kuchli tarzda ham jismoniy, ham ruxiy belgilar koʻrinadi. Siz duch kelishingiz mumkin boʻlgan jismoniy alomatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- beqarorlik, bosh aylanishi yoki hushidan ketish;
- juda yoqimsiz tuygʻuni his qilish;
- yurak urishi tezlashishi;
- koʻkrak qafasidagi ogʻriq yoki siqilish;
- terlash;
- isib ketish yoki sovuq qotish;
- nafas qisilishi yoki boʻgʻilish hissi;
- koʻngil aynishi, qusish yoki diareya;
- uyqusizlik yoki uyquchanlik;
- titroq yoki qaltiroq.
Psixologik alomatlarga misollar:
- xushni yoʻqotishdan qoʻrqish;
- aqliy nazoratni yoʻqotish qoʻrquvi;
- oʻlim qoʻrquvi.
Fobiyani davolash imkoniyatlari
Fobiyangizni tushunish uni yengish uchun birinchi qadamdir. Shuni yodda tutingki, sizda fobiya borligi aqldan ozganingizni anglatmaydi! Va yana fobiyalarni oson davolash mumkinligini bilishingizni ham istardim. Terapevtik aralashuvlar, yaqinlar yordami va oʻz-oʻzini parvarish qilish strategiyalarining toʻgʻri kombinatsiyasi bilan odamlar fobiyalarini samarali boshqarishlari va yengishlari mumkin.
Hozir qoʻrquvingiz qarshisida oʻzingizni qanchalik nazoratsiz his qilsangiz ham, uni yoʻqotib, oʻzingiz xohlagan hayotni boshlasangiz boʻladi. Ammo fobiyalardan qochish va berkitishga urinish aksincha, ularni yanada yomonlashtirishi mumkin. Shunday ekan, qochmang, yashirinmang va qoʻrquvni yengishga harakat qiling. Ammo, agar alomatlar juda kuchli boʻlsa, vahima hujumi tez-tez qoʻzgʻalsa, albatta, malakali psixolog yoki psixiatr yordamini tavsiya etiladi.
Abdulazizxon Akramov,
psixolog
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Azizemm
02:05 / 07.05.2024
Bir yomon vaziyat sabab ich ichimdan kuchli qoʻrquvim bor qoʻrquvdan bezovtalidan qutulomayaman hamma joyimda ogʻriq, madorsiz kuchsiz bir ahvoldaman, qoʻrquvimi xch qanaqasiga yengomayaman, iltimos yordam berin🥺