Urushda kuylangan, taqiqlangan va voz kechilgan gimnlar. Jahon va Oʻzbekiston madhiyalari tarixi


Saqlash
17:07 / 06.12.2023 1276 0

 Davlat madhiyasi – nafaqat tarix va qadriyatlar, balki milliy gʻurur va vatanparvarlik ramzi hamdir. Bugungi kunda barcha suveren davlatlar oʻzlarining milliy madhiyalariga ega. Ularning aksariyati juda qadimiy boʻlib, uzoq tarixiy yoʻlni bosib oʻtgan. Mamlakat madhiyalarini yaratish va davlat gimni sifatida qabul qilishda xalqning tarixi, qadriyatlari, oʻziga xosligini qanchalik aks ettirilishi, jarangdorligi kabi jihatlarga eʼtibor qaratiladi. Shu bois aksar davlatlar oʻlka kechmishida muhim oʻrin tutgan tarixiy qoʻshiqlarni madhiya sifatida tanlagan.

 

Eng qadimiy, eng qisqa va soʻzsiz madhiyalar

 

Dunyodagi eng qadimiy madhiya Niderlandiyaning milliy gimni boʻlib, u “Vilgelm qoʻshigʻi” deb nomlanadi. Madhiya 1572-yil Niderlandiya ozodlik urushi (inqilobi) yetakchisi Oranlik Vilgelm I sharafiga yozilgan boʻlib, asrlar davomida mamlakatning mashhur qoʻshiqlaridan biri edi. Unga 1932-yil rasman davlat madhiyasi maqomi berilgan. Biroq baʼzi tarixchilar Yaponiya madhiyasi “Kimigayo”ni jahondagi eng qadimiy gimn deya taʼkidlaydi. Bunga sabab “Kimigayo” (yaʼni “Imperator hukmronligi”)ning matni VIII-XII asrlardagi eski yapon poeziyasidan olinganidir. Ammo 1880-yilga kelibgina ushbu sheʼrga kuy bastalangan va u qoʻshiqqa aylangan. Shu boisdan ham aksariyat olimlar uni dunyodagi ilk madhiya deya hisoblamaydi. Biroq, Yaponiya gimni boshqa yoʻnalishda oʻzgachilikka ega – “Kimigayo” dunyodagi eng qisqa madhiyadir (eng uzun madhiya esa Gretsiyaga tegishli).

 

Oranlik Vilgelm I

 

Baʼzi madhiyalar mamlakatda turli tilda soʻzlashuvchi xalqlar yashashi hisobiga bir necha tilda kuylanadi. Masalan, Finlyandiya davlat madhiyasi “Maamme” avvaliga shved tilida yozilgan, keyinroq fin tiliga oʻgirilgan. Bunga sabab madhiya yozilgan vaqtda (1848-yil) Finlyandiyada juda koʻp shvedlar yashagan va ular mamlakatda alohida mavqega ega boʻlgan. Ammo vaqt oʻtishi bilan shvedlar taʼsiri va adadi kamaygan (hozir butun aholining atigi 5 foizini tashkil qiladi) hamda finlarda madhiyani oʻzgartirish fikri paydo boʻlgan. Lekin bu tashabbus katta qoʻllovga ega boʻlmagan va hozirda gimnning shved va fin versiyalari bir xil ishlatiladi. Bugungi kunda “Maamme”dan xalqaro va milliy tadbirlarda Finlyandiya madhiyasi sifatida foydalanilsa ham u rasmiy maqomga ega emas. Bunday holatni Yangi Zelandiya, Kanada (ikki tilda), Janubiy Afrika respublikasi (besh tilda), Hindiston (bengal tilida), Pokiston (rasmiy til urdu, madhiya esa fors tilida), Belgiya (uch tilda: fransuz, niderland, nemis), Shotlandiya (shotland, ingliz, gel tillarida) va Shveysariya madhiyalarida ham koʻrish mumkin. Baʼzi davlatlar esa til muammosini juda oson hal qilgan, yaʼni hech qanday soʻzlarsiz madhiya tanlangan. Bosniya va Gersogovina, San-Marino va Ispaniya aynan shu usuldan foydalangan davlatlar.

 

Tarixan qaralganda koʻplab milliy kuylar ildizi harbiy marshlarga borib taqaladi va ularni ilk madhiyalar deyish mumkin. Hozirgi aksar mamlakatlarning madhiyalari dastlab harbiy marsh sifatida ishlatilgan. Xususan, Fransiyaning mashhur “Merselyeza” madhiyasining birinchi nomi “Reyn armiyasi uchun harbiy qoʻshiq” boʻlib, fransuz inqilobi himoyachilari tomonidan janglarda kuylangan. Turkiya milliy gimni – “Istiqlol marshi” esa armiya saflarida sinovdan oʻtkazilgandan soʻng parlament muhokamasi qoʻyilgan.

 

 “Marselyeza” muallifi Ruje de Lill madhiyani ilk bor o‘qimoqda

 

Oʻzbek madhiyachiligi ildizlari

 

Ilk oʻrta asrlarda davlatlarda rasmiy madhiyalar boʻlmagan, ammo yuqorida aytilganidek, yurishlar paytida kuylanuvchi harbiy marshlar koʻp boʻlgan. Misol uchun, Buyuk Turk xoqonligi askarlari qoʻbiz, doʻmbira va boshqa zarbdor cholgʻu asboblarini chalib, janglarga kirgan. Professor Abdurauf Fitrat XI asrda yashagan Mahmud Qoshgʻariyning “Devoni lugʻoti-turk” asari tarkibidagi jangnoma sheʼrlar, shiddatli hujumlar, alplar toʻqnashuvi sahnalarini tahlil qilgan va jangovar madhiyalardan misollar keltirgan:

 

Oʻpkam kalib oʻgʻradim,

Arislayu koʻkradim.

Alblar bashin toʻgʻradim,

Amdi mani kim tutar?

 

Maʼnosi: “Mening gʻazabim keldi, Arslonlar kabi naʼra tortdim, Boturlarning boshlarini toʻgʻradim. “Endi meni kim tuta olur, kim saqlay olur” deb qichqirdim”.

 

Amir Temur qoʻshinlarida ham turli harbiy kuylar – “Sarbozcha”, “Askariy” va “Usmoniya”lardan foydalanilgan. Jangdan oldin nogʻora, doʻmbira, karnay, surnay hamohangligida maxsus marshlar ijro etilgan. O‘zbek xonliklari davrida ham harbiy kuy-qo‘shiqlar yaratish va ularni ijro qilish urf bo‘lgan. Qo‘shinga harbiy orkestrlar hamrohlik qilgan.

 

Buxoro amirligi harbiy orkestri

 

Markaziy Osiyo xalqlari koʻplab harbiy marshlar, milliy vatanparvarlik qoʻshiqlariga ega boʻlgan, biroq afsuski bu yoʻnalishda tadqiqotlar hali kam (deyarli yoʻq) boʻlib, tarixiy maʼlumotlarning katta qismi ochiqlanishini kutib turibdi. Oʻzbek madhiyachiligi tarixi jiddiy oʻrganishlarga muhtoj.

 

Zamonaviy oʻzbek madhiyalari

 

Oʻzbekiston tarixidagi birinchi rasmiy davlat madhiyasi – bu Choʻlponning 1917-yil noyabrida Turkiston muxtoriyati uchun yozgan “Ozod turk bayrami” gimni deb hisoblanadi (uni baʼzida “Turkiston milliy marshi” deb ham atashadi). Ushbu qoʻshiq shunchaki madhiya boʻlmay, oʻzbek xalqining millat sifatida ilk bor oʻzligini anglashi, milliy ruhni koʻtarish, mustaqil davlatni barpo etish yoʻlidagi harakatlari ramzi hamdir.

 

Choʻlpon Turkiston muxtoriyati uchun ajoyib, tantanavor qoʻshiq yozib bergan edi:

 

Koʻz oching, boqing har yon!

Qardoshlar, qanday zamon!

Shodlikka toʻldi jahon!

Fido bu kunlarga jon!

Turkistonlik — shonimiz, Turonlik — unvonimiz,

Vatan — bizning jonimiz, fido oʻlsun qonimiz!

 

Ushbu madhiya oʻsha davrdagi qator jadid gazeta va jurnallarida chop etilgan, varaqalarga yozilib, aholiga tarqatilgan (shunday varaqalardan baʼzilari hozirgi kungacha yetib kelgan). Qoʻshiq uchun musiqa ham bastalanishi rejalashtirilgan, ammo Turkiston muxtoriyatining tugatilishi bunga imkon bermagan. Muxtoriyat qulatilib, oʻlkada bolsheviklar nazorati oʻrnatilgach, “Ozod turk bayrami” aksilinqilobiy, millatchi, panturkist sheʼr tamgʼasi bilan taqiqlangan. Uni ijro etgan odamlarni qamoqqa olish, surgun qilish va hatto otib tashlash holatlari ham yuz bergan.

 

“Ozod turk bayrami” she’ri

 

Turkiston muxtoriyati madhiyasidan keyin oʻzbek xalqi Ikkinchi jahon urushi yakuniga qadar rasmiy milliy madhiyaga ega boʻlmagan. Faqatgina SSSRda 1935-yil boshlanib, 1940-yillar jadallashgan davlat madhiyalarini yaratish kampaniyasi doirasida Oʻzbekiston SSRda ham milliy madhiya qabul qilish ishlari boshlangan. 1935-yil Oʻzbekiston yoshlar qoʻmitasining Markaziy byurosi va Oʻzbekiston Xalq Komissarlari Soveti huzuridagi Radiolashtirish va radioeshittirish qoʻmitasining qaroriga binoan, yoshlar tashkilotining VII qurultoyiga bagʻishlab vatanparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan ommabop qoʻshiqlar, madhiyalar yaratish uchun tanlov eʼlon qilinadi. Ushbu tanlovda Usmon Nosir, Mirtemir kabi yozuvchilar ham qatnashgan.

 

Biroq rasmiy madhiya uchun haqiqiy tanlov 1946-yil eʼlon qilinadi va u yopiq tarzda oʻtkaziladi. Yaʼni, matn muallifi ism-sharifini sir saqlagan holda oʻz sheʼrini konvertga solib, uning ustiga shartli nom qoʻyib komissiyaga joʻnatishi lozim edi. Hakamlar ovoz berishi natijalariga koʻra, shoir Temur Fattoh yozgan sheʼr eng koʻp ovoz toʻplaydi. Shundan soʻng mazkur sheʼrga musiqa yozish uchun bastakorlar oʻrtasida ham yopiq tanlov tashkil etiladi. Hakamlar hayʼati tarkibiga endigina 30 yoshni qoralagan Mutal Burhonov ham kiritiladi. Mutal Burhonovning aytishicha, u avval istihola qilib, tanlovda qatnashishni lozim topmaydi. Ammo doʻsti, professor Sulton Umarov: “Tanlovda ishtirok eting”, deb turib oladi. Qator taniqli, tajribali, mahoratli bastakorlar oʻz ijod namunalari bilan qatnashgan tanlovda Mutal Burhonov hayʼat aʼzosi sifatida oʻz asariga qarshi ovoz beradi. Ammo muhokamalar yakunida aynan uning musiqasi davlat madhiyasi kuyi sifatida tanlanadi. Ushbu madhiya 1956-yilga qadar xizmat qiladi. Stalin vafot etib, Xrushchyov “Stalin shaxsiga sigʻinish va uning oqibatlari”ni qoralagandan soʻng, madhiya soʻzlarini oʻzgartirishga toʻgʻri keladi, chunki madhiyada Stalin nomi bir necha bor qayd qilinib, alqangandi. Yangi madhiya uchun matnni shoir Turob Toʻla yozadi, musiqa esa oʻzgarishsiz qoladi. Sheʼrdagi Stalin soʻzlari Lenin bilan almashtiriladi.

 

Mustaqillik madhiyasi

 

Oʻzgartirilgan madhiyadan 1992-yilning dekabrigacha foydalaniladi. 1992-yil 10-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy kengashi deputatlari va mamlakat rahbariyati avvalroq eʼlon qilingan madhiyalar tanlovining finalgacha yetib kelgan uch nomzodini eshitadi. Davlat madhiyasini tanlashda uning milliy tarixni, oʻzlikni qanchalik aks ettirishi, qaysi cholgʻu asboblari yordamida ijro qilinishiga (chet elda ijro etilganda cholgʻu asboblari topilishi muammo boʻlmasligi uchun milliy asboblardan foydalanmaslik tavsiya etilgan) eʼtibor qaratiladi. Deputatlar shoir Abdulla Oripovning Mutal Burhonov musiqasiga bastalangan sheʼrini juda iliq qarshi oladi va uni Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi sifatida qabul qiladi.

 

(Chapdan o‘ngga) Mutal Burhonov, Abdulla Oripov va Mirpo‘lat Mirzo Oliy Kengash yig‘ilishida

 

Ikkinchi oʻrinni bastakor Rustam Abdullayev va shoir Mirpoʻlat Mirzo yaratgan “Uygʻonar choʻqqilar ustida oftob” qoʻshigʻi egallaydi. Uchinchi oʻringa esa Abdulla Oripov va Baxtiyor Aliyevning “Ming yillar qaʼridan kelar karvoning” kompozitsiyasi loyiq koʻriladi. Shu tariqa bugungi kunda oʻzbek xalqi faxr bilan tinglovchi milliy madhiya maydonga kelgan. Oxirgi yillarda milliy gimnimiz borasida koʻplab fikrlar bildirilmoqda. Aksariyat faollar hozirgi madhiya kuyi sobiq OʻzSSR madhiyasining musiqasi ekaniga eʼtibor qaratib, u oʻzbek xalqining boshiga ogʻir kunlarni solgan sovet davrini eslatishini taʼkidlaydi. Biroq, rasman olganda, sobiq SSSR davlatlaridan faqatgina Rossiya va Tojikiston sovet davridagi madhiya kuylaridan foydalanadi. Qolgan barcha respublikalar yoki tarixiy merosga murojaat qilgan yoxud yangi madhiya yaratgan.

 

Muhammadqodir Sobirov,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 123
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22033
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//