“Elga qahramon kerak” – “Kechikkan yo‘lovchi”ning ogohlik qo‘ng‘iroqlari


Saqlash
21:39 / 01.12.2023 1111 1

Kishilarning qiyofasi, tashqi ko‘rinishiga, gap-so‘ziga qarab ularning kasbini taxmin qilish mumkinmi? Albatta, agar u o‘ziga munosib kasb tanlagan bo‘lsa, qiyofasi ham ayni shunga mos bo‘ladi. Masalan, Dadaxon Muhammadiyni ko‘rgan odam uni klassik shoirlarning tipik vakili sifatida tasavvur qila boshlaydi. U bilan bir-ikki gurunglashgach esa bu ishonchi yanada mustahkamlanadi. Ijodiga qiziqib, she’rlari mutolaasiga kirishsa, ulardagi hayot falsafasi, o‘ziga xos qochirimlar, tashbeh-u inja badiiylikni his etib, Dadaxonning oddiy havaskor emas, yetilgan hassos shoir ekaniga iymon keltiradi.

 

Dadaxon Muhammadiy 1989-yil qishining birinchi kunida Paxtachi tumanida tug‘ilgan. Dastlab Navoiy davlat pedagogika institutida, undan so‘ng O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olgan. 2017-yilda Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi bo‘lgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Tirik tosh” nomli birinchi kitobi 2019-yilda nashr etilgan. Bir necha yillardan beri jurnalistika sohasida ishlab kelayotgan ijodkor ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida tayanch doktorant sifatida ilmiy tadqiqot olib bormoqda.

 

Dadaxon Muhammadiy hozirgi o‘zbek adabiyotining vakili sifatida she’rdan she’rga o‘sib, rivojlanib bordi. Uning dastlabki ijodida ayrim xato va kamchiliklar uchrasa-da, keyinchalik pishiq jumlalar ko‘payib, siqiq tashbehlar ortib bordi. Tahlilni uning birinchi kitobiga kiritilgan she’rlardan boshlasak.

 

“Tirik tosh” kitobiga shoirning 32 she’ri kiritilgan bo‘lib, negadir deyarli hammasining uslubi, shakli bir xil. She’rlarning umumiy mazmun-ruhiyati uzoq tariximiz va milliy o‘zligimizdan, xalq og‘zaki ijodimizdan yaxshigina xabardor, zamonaviy dunyo taraqqiyotiga hamohang yuksalayotgan, dunyo va davlat siyosatini yaxshi tushunadigan, kamchilig-u ijtimoiy muammolarga murosasiz bir insonning tafakkur prizmasidan o‘tgan aniq qoliplangan fikr va tuyg‘ular tavsifidan iborat. Bunday she’rlar odatda xalq orasida tez ommalashadi va ruhiyatiga ham oson singadi. Ayniqsa, “Alpomishning singlisiga”, “Kechikkan yo‘lovchi”, “Toshga urilmagan bosh haqida” kabi she’rlari o‘qigan odamning darrov yodida qoladi.

 

Tog‘lar yo‘lin tog‘ to‘sdi,

Mushtga aylandi quloch.

Ayvoningni qor bosdi,

Akang qani, Qaldirg‘och?

 

Bir munglig‘ ovoz o‘tdi,

Chalinmagan soz o‘tdi,

Bahor o‘tdi, yoz o‘tdi,

Akang qani, Qaldirg‘och?

 

Hammamiz biladigan “Alpomish” dostonida Hakimbekka dalda berib, orini qo‘zg‘ab, uni kurashga boshlagan, akasi chohga bandi bo‘lgach, uni eng ko‘p kutgan, kelishiga ishongan, eng ko‘p azobni-da chekkan qahramon Qaldirg‘och oyim bo‘ladi. Shoirning Alpomishni so‘rab unga murojaat qilishining asosiy sababi ham shu. Ayvonini qor bosgan, ya’ni uyini dushman egallagan va uni qo‘riqlashga kuchi yetmagan ojiza ayolning kutishdan boshqa, bir alp akasining qaytishiga inonishdan o‘zga iloji ham yo‘q. Ammo hozircha Bobotog‘dagi to‘qson botmonli kamon zanglab yotibdi, tog‘larda titroq yo‘q, alpdan darak yo‘q. She’r esa umiddan ko‘ra ko‘proq da’vat bilan yakun topadi:

 

Bu Vatanga shon kerak,

Jon berguvchi jon kerak.

Elga qahramon kerak,

Akang qani, Qaldirg‘och?!

 

Ha, bundan anglashiladiki, bu yurtning Qaldirg‘ochlari alplarning qaytishini kutib o‘tirmasdan ularni tarbiyalashi, o‘zlari voyaga yetkazishi kerak. Ana shundagina Vatan yana shon-sharafga burkanadi.

 

Dadaxon ijodida lirik qahramon holatini nozik mahorat bilan tasvirlashga intilish, ko‘ngil kechinmalarini tashbehlarga o‘rab bayon etish old o‘rinlarda turadi. “Kechikkan yo‘lovchi” she’rida ham aynan shunday bir ko‘ngilning tushunuksiz tuyg‘ulari, nomsiz hislari ifoda qilingan. Kishi jo‘nab ketishga qaror qilib, poyezdga chipta olsa-yu, unga ataydan kech qolishi mumkinmi? Chiptasi qo‘lida turgan holda poyezdning jo‘nab ketishini jimgina kuzatishichi? Bunday vaziyatda uning qalbida ne bir po‘rtanalar, hislar kechadi? Shoir esa yo‘lovchiga shunday tasalli beradi:

 

Kechikkan yo‘lovchi, kel, men bilan yur,

Ikkilanyapsanmi qaytishga, axir?

Bir shunga qo‘l siltab ketolmayapsan,

Poyezd taqdir emas, peshonang – taqdir.

 

Har bir narsada bir hikmat bor, deydi donishlarimiz. Hatto, qayergadir kechikishda ham, nimadandir voz kechishda ham. Ikkilanib ortga qaytish-u, tavakkaldan nelargadir bosh urishdan ham bir yaxshilik topish mumkin. Kechikkan yo‘lovchi dardini his qilgan lirik qahramon unga mehmoni bo‘lishni taklif etar ekan o‘zining ham chiptasi bo‘laturib, poyezdga chiqmaganini qistirib o‘tadi va yuqoridagi tasallini davom ettiradi:

 

Qayerga ketyapman – ismsiz manzil,

Chiptaga yozib ham bo‘lmaydigan joy.

Kechikkaning, balki, fojiamasdir,

Sen ham bebaxtmassan qolib, hoynahoy...

 

Bu she’rdagi ramzlarni anglamoq uchun shoir ko‘nglini tushunish kerak. Kimdandir osongina voz kechish qiyin emas. Ammo bundan nima naf yoki qanday fojiaga sabab bo‘ladi? Sening ketishing kimlargadir qiziqmi yoki hech kimning ishi yo‘qmi bu bilan? Seni kuzatgani hech kimning kelmasligi ketishingdan biror ma’ni yo‘qligidan dalolat. Demakki, ketolmay qolganing-da fojia emas. Hamma ham qayergadir ketish uchun chog‘lanarkan, ortidan kimlarningdir kuzatib qolishini, hattoki, og‘riqli bo‘lsa-da, biroz ko‘z yoshi to‘kilishini, intizor nigohlarning termulishini istaydi. Ammo bu hammaga ham nasib etavermaydi... 

 

* * *

Adabiyotimizda akalarga bag‘ishlangan she’rlar kam. Dadaxonning “Aka”si ana shunday kam sonli she’rlar orasida ham eng yaxshilaridan bo‘lgan. Ayniqsa, so‘nggi band butun she’r davomida rivojlanib kelgan badiiy g‘oyaga yakuniy nuqta qo‘ya olgan.

 

Dovdirab, tentirab ulg‘aydim, mana,

Ko‘nglim erkalikdan, mastlikdan to‘ygan!

Nimayam so‘rardim Xudodan yana –

Axir, AKA degan tog‘ berib qo‘ygan!

 

Dadaxon ijodida ustozi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimdan ta’sirlanishlar ko‘p. Bu tabiiy jarayon. Ammo shoir tinimsiz taqlidlar orasidan o‘zini, o‘z yo‘lini topa olsagina u adabiyot maydonida nom qozona oladi. “Yomg‘ir ostida” she’ri ham aynan ustozga ergashib yozilgan. Ammo tan olish kerak, unda usmonona badiiy va tugal yakun yetishmagandek. Usmon Azimning “Yomg‘ir haqidagi ballada”da “Tashqarida qordir, tashqarida qor” misrasi, “Qiynaladi oftobni kutib” she’ridagi so‘nggi “Meni qayga boshlaydi sahar” satrlari asosiy g‘oya tashiydigan va she’rga tub burilish yasaydigan alohida ahamiyatga ega. Bu she’rga ham ana shunday go‘zal yakun kerak, nazarimda...

 

* * *

Dadaxon Muhammadiy ijodi keyingi yillarda bir qadar yuksalib, g‘oyaviy va falsafiy, shakliy jihatdan takomiliga yetib bormoqda, desak xato bo‘lmaydi. Asosan o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida, turli gazeta va jurnallarda chop etilgan yangi she’rlarini o‘qib shunday xulosa qilish mumkin. Yangi she’rlardagi yangicha topilmalar, yuksak badiiy ifodalar o‘quvchiga ham tez yuqib, vujudiga titroq soladi. “Birgina ishq uchun yashamoq shart!”, “Sen maktublar yozasan har kech, / Yubormaysan ularni ammo”, “Baxsizlikni baxtdan ortiqroq sevding”, “Tog‘ bo‘ldim, sahroman, tuproqman, / Sen esa dengizni sevasan”, “Poyezdda haliyam bitta o‘rin bo‘sh”, “Hamma ta’na qilar, ammo taqdirga / Savol beray desam savolim ham yo‘q” kabi misralarni o‘qib, ulardagi ma’no tovlanishlaridan hayratga tushmay iloj yo‘q.

 

Dunyoda kitob o‘qish, ayniqsa, she’r o‘qish lazzatidan bebahra odam, eng baxtsiz odam bo‘lsa kerak. So‘zlar so‘zlarga ulanib, ohangdoshlikda ruhiyatingizni tarjima qilib tursa, boshingizdan kechayotgan savdolar haqida so‘zlab, yuragingizning puchmoqlariga berkinib olgan va hayot tashvishlari bir chetga itqitib yuborgan, necha yillardan beri arazlab qisinib o‘tirgan bola tuyg‘ularingizni uyg‘otib, yupanch-u dalda berib, qayta jonlantirsa va siz undagi ma’no va falsafani kashf eta borsangiz, so‘zlar karvoniga ergashib, olis-olis manzillar sari sayohat qilsangiz, na xush bir baxt bo‘lar bu... Ana shunday masrurlik tuyolmagan, so‘z san’atidan bahra ololmagan odamni dunyoning eng shirin totidan bebahra deb hisoblash mumkin. Kishi ruhiyatining mohirona tarjimasi bo‘lgan mana bu she’rni pichirlabgina bir o‘qib ko‘ring-a...

 

Yomg‘ir yog‘ayapti ko‘nglingga,

Qara!

Kutaman, ruhimda bir ilinj sarson.

Qushlar shom boshladi va so‘nggi chora –

To‘fonlar yubordi qoshingga osmon.

 

Yolg‘izlik istaysan, faqat yolg‘izlik,

Bulutlar boshingda to‘zg‘iydi bir dam.

Tun cho‘kib boradi, ko‘zingda hadik,

Uzoqlab boradi kulgularing ham.

 

To‘fonlar yubordi qoshingga osmon,

Yomg‘ir isin tuyar qaysidir sezgi.

Ana shu to‘fondan o‘tolsak omon,

Baxtiyor yashaymiz, baxtiyor sevgi.

 

Yomg‘irday to‘kilib kutyapti bir jon,

Tomchilar ko‘nglingga yetar tobora.

Endi qaytish kerak – kelishing gumon,

Yomg‘ir yog‘ayapti.

Ko‘nglingga qara!

 

Filologiya fanlari doktori, professor Uzoq Jo‘raqulov “Ming bir niqob” maqolasida “Nega ba’zi adabiy asarlarni o‘qiganda bir umr uning ta’siriga tushib qolamiz-u, boshqasini bugun o‘qisak ertasiga unutamiz?” savoliga javob izlarkan, shunday xulosaga keladi: “Menimcha, mavsumiy asarlarda eng avval chin iqror yetishmaydi. Buning uchun inson yuzida tinimsiz o‘rin almashib turuvchi niqoblar halal beradi. Toki yozuvchi oq qog‘oz qarshisida so‘nggi – ming birinchi niqobini yechib tashlamas ekan, boqiy asar dunyoga kelishidan umid yo‘q”. Dadaxon Muhammadiy ham o‘z she’rlarida ichki dunyosini boricha ochishga harakat qiladi. Uning “O‘zim haqimda”, “Yo‘l”, “O‘lmadim, taqdirga chap berdim chog‘i...”, “Meni qutqar” kabi she’rlarida bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘zidan qoniqmaslik, maqsadlarga erishish yo‘lida ojiz qolayotganini tan olish, umrining shiddat-la o‘tib borayotganidan xavotir kabi tuyg‘ularini ro‘y-rost ifoda etadi:

 

Maydalashar, jo‘nlashar

Har tuyg‘u – ko‘ngil ishi.

Ruhni yemirib borar

Bu dunyoning tashvishi.

 

Yoki yana bir she’rida:

 

Nelarga sha’ma qilar

Sochingdagi oq tola.

Katta bo‘lib-bo‘lmagan

O‘ttiz uch yoshli bola.

 

Deya qalbidan kechayotgan og‘riqlarini she’rga soladi. Hamma ham o‘z umrini sarhisob qilganda, yutuqlaridan ko‘ra kamchiliklarini, armonlarini ko‘proq ko‘radi, g‘ururlanishdan ko‘ra, afsuslari kattaroq tosh bosadi. Ammo bu nadomatlar kelgusi hayot uchun kuch bersa, kelajakdagi qoqilishlarining oldini olsa, foydali sanaladi. O‘tmish xatolari sabab hayoti qayta o‘nglanishiga umid qolmas ekan, hayotning mohiyati qolmaydi. Shoirning “Meni qutqar” she’rining xulosasi ham shunday:

 

Rad qilgin.

Bir zamon toptalgan imkonlar haqqi,

Oyoqosti bo‘lgan ishq haqqin to‘ldir.

Yo meni qutqargin baridan kechib

Yoki kel, poyingga bosh qo‘yay, o‘ldir.

 

* * *

Dadaxon Muhammadiy asosan ko‘ngil shoiri, tuyg‘ular musavviri bo‘lishiga qaramay, ijtimoiy muammolarga munosabatini ham she’rlariga singdira olgan. Ayniqsa, til, tabiat va inson munosabatlari, urush va tinchlik, erk, ozodlik, vatanparvarlik kabi mavzulardagi bitiklari e’tiborga molikdir. “O‘zbek tili” she’rida xalqimizning tilga munosabatini ochiq va achchiq ta’riflar ekan, “Bog‘langan, kesilgan, toptalgan, Yilda bir eslanar, eslansa...”, deya ta’rif etadi. She’r so‘ngida esa inson hayotda qanday yashamasin, uning borligini bildiruvchi, o‘zligini ko‘rsatuvchi, hayotda yashab qolishini ta’minlovchi vosita faqat va faqat ona tili ekanini badiiy ifoda bilan ta’riflab o‘tadi.

 

Shoir “Front” she’rida bugungi tahlikali zamonda kishini o‘yga toldiradigan, vujudiga titroq indiradigan savollarni o‘rtaga tashlaydi. Tabiat va inson munosabatlari o‘nglanmas ekan, mislsiz fojialarga sabab bo‘lishi haqida ogohlik qo‘ng‘irog‘ini chaladi:

 

Jimligingiz uchun,

Befarqlik uchun,

Tuproq o‘ch oladi navbatma-navbat.

Toshlar shivirlaydi siz yiqilgan kun,

Sovrilib ketadi eng so‘nggi fursat.

 

Xulosa qilib aytganda, Dadaxon Muhammadiy she’rlarini o‘qib, bugun adabiyotimizda katta bir chinor bo‘y cho‘zayotganini, uning tarovati o‘zbek she’riyati bog‘iga-da o‘ziga xos ko‘rk bag‘ishlayotganiga guvoh bo‘lamiz. Hali bu ijod katta-katta ilmiy tadqiqotlarga manba bo‘lishiga ishonamiz. Yangi o‘zbek adabiyoti shunday shoirlar bilan boyib borar ekan, xalqimiz ham kitobxonlikdan, she’r o‘qish lazzatidan hech qachon voz kechmaydi. Umrining o‘ttiz uchinchi dovonidan oshayotgan shoir ijodiga yangi-yangi parvozlar tilab qolamiz.

 

Bekzod IBRAGIMOV,

tadqiqotchi

1 Izoh

Kamola

23:12 / 01.12.2023

Maqola juda zo’r chiqibdi! Akang qani qaldirg’och?

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 117
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//