“Armon” – istiqlolchilar haqidagi filmmi yoki SSSRni oqlashga urinishmi? Jadidlar tarixi aks etgan film haqida faollar fikri


Saqlash
20:43 / 28.11.2023 1329 0

 

 

Rejissor Ruslan Soliyevning jadidlar tarixidan so‘zlovchi “Armon” filmi premyerasidan so’ng Oyina.uzda uning muvaffaqiyatlari, kamchiliklari va mujdalari borasida faollar hamda soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

 

Moderator: Farrux Jabborov, mehmonlar: tarixchi Bahrom Irzayev, bloger Shahnoza Soatova va kinoshunos Shohida Eshonboboyeva.

 

Farrux Jabborov: Assalomu alaykum Oyina.uz mushtariylari, chatga xush kelibsiz. Bugungi kunda, jadidchilik zamonaviy tilda aytganda, “trend” mavzulardan biriga aylanmoqda. Bu mavzuda maqolalar yozilyapti, kitoblar bosilyapti va mana endi filmlar ham suratga olinmoqda. Yaqinda rejissor Ruslan Soliyevning shu yo‘nalishdagi filmi ekran yuzini ko‘rdi va tarmoqlarda faol muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu boisdan Oyina portali ushbu kino bo‘yicha maxsus chat-suhbat o‘tkazishga qaror qildi. Ushbu suhbatimizda tarixchi Bahrom Irzayev, bloger, jadidshunos Shahnoza Soatova va kinomutaxassis Shohida Eshonboboyeva mehmon sifatida qatnashadi.

Dastlabki so‘zni mavzuga eng yaqin insonga — Shohida Eshonboboyevga beramiz.

 

Shohida Eshonboboyeva: Assalomu alaykum, hammaga.

Har bir xalq tarixida bot-bot eslanuvchi, o‘rganiluvchi davrlar bor. Jadidlar davrini shunday davrlardan biri deyish mumkin. 1996-2000 yillarda ham jadidlar merosiga keng miqyosda murojaat qilingan, ushbu mavzuda ko‘plab filmlar suratga olingandi. O‘sha yillarda “Armon” hujjatli filmida eslab o‘tilgan jadidlarimizning deyarli yarmi haqida alohida kinolar tomoshabinlarga namoyish qilingan. 2017-yildan boshlab jadidlar yana sahnaga qaytdi. Ularning merosi va tarixi tez-tez tilga olina boshlandi. Bu jihatdan “Armon” filmini to‘liq zamonamizga mos film deb ayta olaman.

 

Farrux Jabborov: Shohida opa, “Armon” filmiga munosabatlarda “bu qanday kino o’zi, badiiy filmmi yoki hujjatli” degan savollar bo‘lyapti. Haqiqatdan ham film an’anaviy hujjatli filmlardan farq qiladi, siz bunga nima deysiz?

 

Shohida Eshonboyeva: Hujjatli filmlari turli xil maktablarga ega, ularda o‘ziga yarasha farqlar mavjud. Biz muhokama qilayotgan filmda badiiy usullardan keng foydalanilgan, aktyorlar yordamida voqealik tiklangan, bu jihatdan kino biz o‘rganib qolgan televizion hujjatli filmlardan ajralib turadi. Umuman filmda yangi yondashuvlardan foydalanilgan va bu yaxshi, chunki kino sohasi bir joyda qotib qolmaydi, u yangiliklar bilan to‘lib boradi.

 

Farrux Jabborov: Rahmat Shohida opa. Rostdan ham so‘nggi vaqtlarda tariximiz va yuz yil oldingi tariximizni o‘rganish kuchaydi. Bu borada juda ko‘p ishlar qilinmoqda. “Armon” filmi namoyish qilingach ijtimoiy tarmoqlarda unga turli xil munosabat bildirilyapti va munozaralar paydo bo‘lmoqda. Shu boisdan hozir so‘zni ijtimoiy tarmoqlar faoli Shahnoza Soatovaga beramiz. Shahnoza opa siz jamoatchilik munosabatida qanday tendensiyalarni kuzatdingiz?

 

Shahnoza Soatova: Assalomu alaykum.

To‘g‘risi filmni ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarni o‘qib, keyin ko‘rdim. Kinoni ushbu qarashlar ta’siriga tushmay ko‘rishga harakat qildim, ammo xulosalarim baribir ijtimoiy tarmoqlardagi bilan uyg‘un bo‘lib qoldi. Film oddiy tomoshabin uchun juda yaxshi, sifatli kontent bo‘lgan. Asar shoshma-shosharliksiz, ikki yil davomida tayyorlangan va bu uning qiymatini oshiradi.

Biroq, menda bir-ikki e’tirozlar bor. Masalan, o‘tmishning yumshoq qilib ko‘rsatilishi. Buni o‘sha qonli, dramatik voqealar: oq podshoning o‘ldirilishi, Turkiston muxtoriyatining qulatilishi mavzusi aylanib o‘tilganda ko‘rish mumkin.

 

Shuningdek, Anbar Otin va Muqimiy g‘azallari aslida emas, tarjimada berildi. Ayniqsa, Anbar Otin g‘azali o‘sha davrdagi o‘zbek ayolining haqiqiy ahvolini yoritar edi va uni asliyatdagidek berish to‘g‘ri bo‘lardi, menimcha.

Qolaversa, film ma’lum bir nuqtagacha juda yaxshi ketdi, ya’ni qardosh xalqlar jadidchilik harakati, Alosh O‘rda, shaxsiy fojialar namoyish qilindi. Keyin birdan film boshqa kanalga o‘tib qolgandek bo‘ldi. SSSR davri muvaffaqiyatlari eslana boshlandi, “To‘g‘ri shunday qurbonlar bo‘lgan, lekin bunday yutuqlar ham bo‘lgan” degan ma’no chiqa boshladi. Bunday ritmni biz rus-sovet propagandasida ko‘rganmiz. Men filmning topilmalari, ustunliklarini bilan birga mana shu jihatlarini ham aytib o‘tgan bo‘lardim va bu menda xavotir uyg‘otdi.

 

Farrux Jabborov: Rahmat Shahnoza opa. Chindan ham filmning oxirgi 15 daqiqasida sovet propagandasining yorqin kadrlaridan foydalanilgan. Bu tarixiy neytrallikni saqlash uchun berilganmi yoki boshqa ma’lum bir maqsad yo‘lida qilinganmi? Bu savolga javobni tarixchi Bahrom Irzayevdan olamiz.

 

Bahrom Irzayev: Film haqida gapiradigan bo‘lsak, birinchi navbatda uning nomiga to‘xtalish kerak. Nega “Armon”? Shuni yaxshiroq yoritish kerak. Ikkinchidan film kim haqda? Agar jadidlar haqida bo‘lsa u yerda Nalivkin, Mandelshtam va shunga o‘xshash insonlar nima qilyapti? Ularning jadidlarga nima aloqasi bor?

 

Albatta, filmda yutuqlar bor. Adib Xolid, Temurxo‘ja va katta-katta olimlarning loyihaga jalb qilingani quvonarli hol. Faqat meni o‘ylantirgani filmda jadidchilik Ismoil G‘aspiralibeydan boshlangandek ko‘rsatilyapti. Aslida esa yangi ruhdagi fikrlar ildizi Furqat, Muqimiy, Qursaviy, Marjoniy, Ahmad Donish kabi olimlarga borib taqaladi. Kinoda ushbu insonlar ham eslab o‘tilishi lozim edi.

 

Bundan tashqari, Turkiston va Buxoro jadidchilari aytib o‘tildi, lekin negadir Xorazm millatparvarlari, “yosh xorazmliklar” tilga olinmadi. Qatag‘on davrini tasvirlashda ham emotsiyalar, to‘lqinlik yetishmadi.

 

Men Shahnoza opaning fikrlariga qo‘shilaman. Filmda ikkita tomonni ham oqlashga harakat qilingan, hech kimni aybdor qilmaslikka urinilgan va oqibatda qorishiq kino paydo bo‘lgan. Ikkita qarama-qarshi g‘oyani birdaniga alqashning iloji yo‘q.

 

Bu yerda barcha mas’uliyat rejissor zimmasida emas, ssenariyni yozishda tarixchi olimlar va manbalar bilan ko‘proq ishlanishi lozim edi.

 

Farrux Jabborov: To‘g‘ri ta’rif berdingiz Bahrom aka. Usmon Nosir borasida men ham ikkilanib qoldim, chunki u jadid emas, jadidlar shogirdi edi. Film ijodkorlari tarixiy voqealikni tizimlashtira olmagan.

 

Xo‘sh, navbatdagi savolga o‘tsak – ushbu film bugungi jamiyatimizga qanday mujda, signallar beradi?

 

Shohida Eshonboyeva: Film hozirgi yoshlarga keng ma’lumotlar beradi ammo chuqur emas. Oldinroq aytganimdek, filmda tilgan olingan jadidlarning 50 foizi haqida 1990-yillarda alohida filmlar suratga olingan.

 

To‘g‘ri, kino yangi jihatlarga ega, masalan Temurxo‘ja, Fayzulla Xo‘jayev nevarasining chaqirilishi, tarjimonlar ishtiroki, qozoq va qirg‘iz jadidlari eslanishi kabi. Biroq mavzuga chuqur kirilmagan, asosiy axborotlar shunchaki qayta aytilgan, ochilmagan sirlar olib chiqilmagan. Jadidlarni yanada yaxshiroq tanish, ommalashtirish uchun ularning har biri haqida alohida filmlar yaratish kerak.

 

Film tarix bilan yaxshi tanish bo‘lmagan yoshlarga foydali bo‘lishi mumkin, ammo XX asr Turkiston tarixidan xabardor bo‘lgan insonlarga bu film katta ma’lumot bermaydi.

 

Shahnoza Soatova: Filmda “Jadidlar bizning qahramonlarimiz” degan g‘oya borligi yaxshi. Faqat aytganimdek, o‘sha qaysidir nuqtada “tarixga qaytadan, o‘sha davr ko‘zi bilan qarab ko‘r, sovetlarning yutuqlariyam bo‘lgan” degan fikr chiqib keladigan sahnalar bo‘ldi. Bu menimcha ikki tarafni teng ushlashga urinish natijasi, lekin birdaniga ikki stulda o‘tirib bo‘lmaydi, ayniqsa, jadidlar masalasida.

 

Farrux Jabborov: Chindan ham film so‘ngidagi lavhalardan sovetlar ishlari farovonlikka olib kelgan degan ma’no chiqadi.

 

Endi tinglovchilardan bu boradagi savollar va fikrlarni eshitsak.

 

Dilorom Karimova: Assalomu alaykum. Bu film menga juda yoqdi, ham hujjatli, ham badiiy jihatlar aralashgan omixta film sifatida juda tomoshabop bo‘lgan. Mana olimlarimiz filmning kamchiliklarini sanadi, lekin menimcha ikki yil bunday katta ko‘lamli kinoni suratga olish juda kam vaqt. Filmni alohida, qismlarga bo‘lib davom ettirish kerak edi.

 

Latofat Abdirimova: Birinchi aytadigan gapim – kinodan maqsad yo‘q. Bu film nima uchun olingan? Jadidlarni hayotini hikoya qilish uchunmi yoki tarixning ochilmagan sahifalarini ochish uchunmi? Uzr-ku, lekin kino natija uchun qilingan ishga o‘xshaydi.

 

Yoshlar bu filmni ko‘rib, shunchaki “tarixda shunaqa bo‘lgan ekan” degan deb ketadi. Ular o‘sha davrdagi muammolar hozir ham aktualligi, jadidlar qahramonligini his qilmaydi. Bu jihatdan film maqsadsiz va yoshlar hech qanday chuqur ma’lumot bera olmaydi.

 

Jontemir: Ssenariyni o‘zbek yozmagan, chetdan qaralganda ingliz yoki rus millati vakili yozgani sezilib turadi. Masalan, biz uchun allaqachon yod bo‘lgan ma’lumotlar ular uchun yangilik bo‘lgan va filmga olib chiqilgan. Kartinada umuman milliy ruh yo‘q. Xuddi Moskvadan buyurtma qilingandek.

 

Yangi tuzumdagi maktablar ochishga oq podsho buyruq bergan, degan lavha o‘sha eski “bizni ruslar kelib madaniyatli qildi, ungacha yovvoyi edik” iborasining qayta takrorlanishi bo‘libdi. Menimcha, rejissor juda bilimsiz, o‘z tarixini, ota-bobolarini bilmaydi, bilganda bunday ssenariy asosida film olinishiga yo‘l qo‘ymasdi.

 

Davra suhbatining toligini ushbu havola orqali eshitishingiz mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 86
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 274
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//