Adabiyot
1908-yil buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy maqolanavisligining eng sermahsul davridir. Bir yil avval uning uchun sayohat fursati bo‘lganligi, xususan, Rossiyaning Sankt-Peterburg, Qozon shaharlariga borganligi, shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi ahvol bilan tanishib, taraqqiyparvar, yurt ozodligi uchun kurash istagida yongan insonlar bilan fikr almashganligi bu ijodga zamin yaratadi. Ushbu sayohatlar ta’siri va Turkiya davlatida sodir bo‘lgan ichki inqilob uning kelajakka bo‘lgan ishonchini bir qadar kuchaytiradi. “Muhoraba musulmonlarga yoqarmu?” (1908-yil, 15-son), “Bayoni ma’zurat” (1-son), “Bayoni hol” (19-son), “Bir afsuslik xabar” (30-son), “Majlisi imtihon” (33-son), “Mutolaaxona” (48-son), “Qabristoni muslimin” (51-son), “Qonun” (63–65-sonlar), “Ta’rix va jug‘rofiya” (90-son), “Tavzeh” (94-son) kabi yigirmaga yaqin maqolasi “Turkiston viloyatining gazeti”da bosilib chiqadi. Mahalliy tilni yaxshi bilgan ayyor missioner, gazeta muharriri Nikolay Ostroumov shu yili taraqqiyparvarlar bilan qadimchilar o‘rtasida nifoq uchun maydon ochadi. Bunda muharrir ikki tomonning ham fikrini ochiq beradi. Masalan, Rahmatullo Rahim jadid maktablariga qarshi “Buzuq maktab bolasi usuli jadida” sarlavhali maqolasi bilan chiqadi.
Gazetada fikrini aytishga imkoniyat yaratib berganligi uchun muharrir sha’niga iliq so‘zlar aytish mumkindek ko‘rinadi. Lekin uning bu “hurfikrliligi” zamirida taraqqiyotga intilayotgan mahalliy ziyolilarni bir-biriga zid qo‘yib, ular orasiga ixtilof solish niyati borligini ham sezish qiyin emas. Ikkinchi tomondan, u gazetasini musulmon ziyolilariga ochib berishga majbur edi. Chunki 1906-1907-yillari chiqqan “Taraqqiy” gazetasi va izdoshlarining yopilishiga N.Ostroumovning shaxsiy mulohazalari asos bo‘lgandi.
Bahslar shu darajaga yetadiki, muharrir ayrim maqolalarga so‘zboshi yozib, muallif yoki uning maqolasining “popugini pasaytirib” o‘quvchi muhokamasiga qo‘yishga majbur bo‘ladi. Ulardan biri Behbudiyning “Ta’rix va jug‘rofiya”[1] maqolasi bo‘lib, u katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. Mazkur publitsistik asar tezlikda “Охранка” tomonidan tarjima qilingan. Tarjima va izoh O‘zbekiston Markaziy davlat arxivida saqlanmoqda.
To‘g‘ri, Behbudiy maqolani juda murakkab tilda yozgan. Unda arab, fors so‘zlari ko‘p ishlatilgan, ustiga-ustak jumlalar ham juda uzun. Behbudiy publitsistikasida atay murakkab tilda yozilgan bunday maqolalar, oz bo‘lsa-da, uchrab turadi. Masalan, “Samarqand” gazetasining oxirgi sonlaridan birida bosilgan “Millatning boshchisi talab kiromg‘a”[2] maqolasi ham yuqoridagilar sirasiga kiradi. Ya’ni, ular millatning ilmli kishilariga qaratilgan murojaatdir. Xo‘sh, Behbudiyning “Ta’rix va jug‘rofiya” maqolasida nimalar yozilgan? Nega uni “Охранка” tezlik bilan tarjima qildirdi?
Bunga bois jadid maktablariga qarshi yozayotgan, gapirayotganlar fikridan, aniqrog‘i, jadidlarni nodonga chiqarishganidan ta’sirlanganidir. Shuncha yil xalqni uyg‘otish uchun o‘z mablag‘iga kitob va maqolalar yozib, mehnat qilib, pul sarflab maktablar ochishsa-yu, ishning mohiyatini qadimchilar, ta’bir joiz bo‘lsa, xalqqa so‘zi o‘tadigan ziyolilar tushunmagach, u rus zug‘umidan ham qo‘rqmay jug‘rofiya fanining zarurati soyasida masalaning mohiyatini ochib beradi.
Maqolaning salmoqli bo‘lishida faktlar katta ahamiyatga ega. Bu faktlarga publitsistning dardli so‘zlari yo‘g‘rilsa, u toshni ham eritib yuboradi. Behbudiy qanchadan-qancha sharq mamlakatlari qo‘ldan ketganligini qayg‘u bilan tasvirlaydi. Maqolaning kompozitsiyasini belgilagan jolis – suhbatdoshga murojaat qiladi: “Ey birodar, ta’rixi islomni qoralaydurgon sahifalari xulosasini natijasindan sizg‘a arz qilarmanki, yer olami ketdi, ketadur”[3].
Muallif Ovruponing janubi-g‘arbidagi va Sibir tomondagi qo‘ldan ketgan mamlakatlarni birma-bir sanaydi.
Publitsist zora ahvolni ko‘rar degan umidda suhbatdoshini xaritaga nazar tashlashga chorlaydi. Bardosh bera olmaydi, yig‘laydi.
Bu maqoladan so‘ng “tashkil qilingan” janjal rasman yuqoridagi ko‘chirmaning ayrim fikrlariga tayangan. Bundagi asosiy fikrda esa ikki mamlakat – Turkiya va Erongina hech kimga tobe emasligi va bu “ahli islomg‘a ibrat” bo‘lishi ta’kidlanadi. Maqola hadisdan olingan ibratli fikr bilan yakunlanadi: “Jolisimiz deyur: Ore, xudo qildi, man dedim: “Olgan barcha yaxshi narsalaring xudodan, boshqalari o‘zingdandur”1. Ya’ni, “Hammasi xudodan” deydigan kishilarga nisbatan Behbudiy ishonchli manbalardan ko‘chirma keltirish bilan javob beradi. Behbudiyning bunday mahorati maqolaga zalvar bag‘ishlagan. Arab tilida, Qur’ondagidek ko‘chirilgan bu ko‘chirma ham “Охранка” uchun tarjima qilib berilgan. Bunda biz yuqorida maqola “ziyolilar uchun yozilgan” degan fikrimizga yana bir dalilni ko‘ramiz. Chunki Qur’onni har bir musulmon ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilib, tushunib ketavermagan. Behbudiy bu fikri bilan islom mutaassiblariga katta zarba beradi. Mutaassiblar “Bizning g‘ayridinga mute bo‘lishimiz ham xudodan”, degan aqidani bayroq qilgancha, o‘zlarini himoya qilib, xalqni tinchlantirib yurishgan. Behbudiy esa bu mutelikning yomon hol ekanligini dalillab, yomonning esa xudodan bo‘lmasligini manbalardan isbot keltirib javob qiladi.
Lekin Ostroumov yozgan sharhning maqolaga bir qadar ta’sirini aytib o‘tish joiz. Ostroumov mahalliy tilni yaxshi o‘zlashtirgani bois har bir jumlani sinchiklab o‘qigan, maqolaning mohiyatidagi fikrni tushunib yetgan. Ammo maqolani bosmaslikka imkon bo‘lmagan. Balki fitna uyushtirish uchun ham berilgan bo‘lishi mumkin. Muallif maqolasining boshida “muharriri muhtaram”ning ayrim fikrlari “ustodona va pirona” ekanligini madaniyat nuqtai nazaridan “kelishtirib” yozgan. Bunday maqtovlardan so‘ng, Ostroumov maqolani berishga qaror qilgandir. Biroq har ehtimolga qarshi mustamlakachi nuqtai nazaridan Behbudiyning maqolasi, jumladan, jadid maktablarida jug‘rofiya va tarixni joriy qilish dasturidagi kamchilik va nuqsonlarni “ko‘rsatib” bergan. Behbudiyning maqsadi – bolalarga bobolarining naqadar qudratli bo‘lganligini eslatish, keyinchalik yo‘l qo‘yilgan xatolarni ko‘rsatish, taraqqiy etish uchun yo‘nalish berish edi. Ostroumov yozgan so‘zboshida aynan o‘sha joylariga zarba bergan:
“Ovrupo va Russiya madrasalarida doimo mazkur ilmlar o‘qulsa kerak, ya’ni birgina toifaga taalluq ta’rix va jug‘rofiya o‘qumoq durust emas va ul ilm foyda bermas va balki ul toifag‘a takabburlik kuchayib va bo‘lak toifalarni ahvolotini nodurust ko‘rsatib, bul xususda shog‘irdlarg‘a manfaat bo‘lmasa kerak. Tarbiyatning asl tartibi shuldirkim, hech vaqt va hech nima xususida nodurustlik xayol va andishalarni talabalarga aloqa qilmoq durust emas”4.
Ostroumov “nodurust” xayol kelib chiqadigan har qanday darsliklar o‘quvchilarga “yomon” ta’sir qilishini sezadi va bir mamlakatga tobe bo‘lgach, uning qonunlariga bo‘ysunib, uning tarixini o‘qish g‘oyasini ilgari suradi.
Ostroumov jadidlar harakatining nozik jihatlarini sezgan va ularga nisbatan barcha fikrlarini gazetada berib borib, mahalliy xalq orasiga nifoq solib turgan. Shuningdek, u bu ma’rifiy ishda zimdan davlatga qarshi ish olib borish mumkin emasligini ta’kidlaydi: “Albatta, bu tariqa tartib aslo nodurust va hukumatdorlar ul tartibni joriy qilmoqg‘a ruxsat bermasalar kerak va har qayular bilsalar kerakkim, mamlakat ichida hech bir maxfiy ishlar bo‘lmasa kerak...”[4].
“Bo‘lmasa kerak” degan gap shartlilik alomati hisoblanadi. Ostroumov haqiqatan ham o‘z familiyasi mazmuniga mos mustamlakachi davlat fuqarosi edi, desak adashmagan bo‘lamiz. Lekin u naqadar “sozlab”, qo‘rqitib so‘zboshi yozgan bo‘lsa, maqola shunchalik qimmatli tarzda ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi, ya’ni u o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shundan bo‘lsa kerak, chor “Охранка”si uni darhol tarjima qildi va Behbudiy negadir o‘zining izoh talab qilmaydigan maqolasiga “Tavzeh”1, ya’ni izoh yozdi. Har holda, mazkur “Ta’rix va jug‘rofiya” maqolasida bitgan “istasangiz boshqa zamon so‘ylashurmiz”, degan va’dasiga binoan yozmadi, balki... o‘sha vaqtda bo‘lib o‘tgan voqealar tafsiloti sirligicha qolib ketgan bo‘lsa-da, Behbudiyning “Tavzeh” nomli maqolasida uning “izohi” talab qilib olinganiga ishora bor. Avvalo, ushbu maqola izoh deya nomlansa-da, negadir izohga izoh tariqasida muharrirning so‘zboshisi ham yozilgan. Savol tug‘iladi: izohga izohning nima keragi bor? Muharrir so‘zlaridan iqtibos keltirsak hammasi ayon bo‘ladi:
“Mundin muqaddam 90-inchi raqamlik gazetamizda hurmatlik Mahmudxo‘ja muftiyning felyetunig‘a andak javob tarzida yozgan eduk. Ul yozgan maqolasi asbobi fasod yoki yomon muddao deb o‘ylamaduk. Lekin maqolani gazetga darj qilganimizda Xiva hukumat sohiblari va Xiva, alarg‘a tobe’ odamlar oni o‘qub yamon muddaoga ta’bir bermasliklari uchun biz javob savol muqaddardek daf’i istihola aylab, ba’zi mulohazalarni yozib, o‘ylag‘on edukkim, bizni ul yozgan javobimizga hurmatlik Mahmudxo‘ja mufti o‘zi albatta javob yozsalar kerak deb. Ondin kelgan javobni ko‘rduk.
Ko‘rduk, yozganingiz to‘g‘ri, durust javob yozibsiz. Xursandlik ilan bul yozgan javobingizni ushbu gazetga solmoqni munosib ko‘rub, gazet sahifasidan joy berduk”[5].
Go‘yoki Behbudiy ushbu “Tavzeh”ni “Ta’rix va jug‘rofiya” maqolasi bilan berilgan muharrir fikriga javob yozgan-u, muharrir unga chin dildan gazetadan joy ajratgandek tuyuladi kishiga. Biroq “Охранка”ning maxfiy papkalarida saqlangan Behbudiy maqolasining tarjima-izohini topganimiz bu tuyg‘uning asossizligini ko‘rsatdi. San’atning, publitsistikaning shunday usullari borki, voqealarni bemalol ular orqali aniqlasa bo‘ladi. Deylik, agar Behbudiyga birov “siyosatga aralashmaysan, so‘zingni qaytib ol” demaganida, u “Tavzeh” nomli maqolasida quyidagi fikrlarni bayon qilmagan bo‘lardi:
“Russiyani kim va qandayligini bilmaydurg‘on nodonlardan emasmiz va ammo “Ta’rix va jug‘rofiya” unvonlik maqolamiz ta’rix va jug‘rofiya o‘qumoqni diniy jilva etdirmoq va yoinki sarf ilmiy va voqeiy bir maqola edi. Siyosiy va taassubiy emas edi...”[6].
Bunday paytda muallifning “qanday” yozishi publitsistika bilan shug‘ullanib yuruvchilarga ma’lum. Muallif o‘ta hushyor holda, hissiyotga berilmay, bir qadar dardini yashirib yozadi. Shunday bo‘lsa-da, “Ta’rix va jug‘rofiya” maqolasida Behbudiy anchagina fikrlarini, jumladan, Ostroumovning “Russiyaning tarixini o‘rganishlari shart”, degan gaplariga qarata “Muntaxabi jug‘rofiyai Russiya” kitobini ham yozganligini ta’kidlab, “siyosat uchun” ko‘p fikrlarni aytadi.
Xulosa shuki, publitsist “Ta’rix va jug‘rofiya” maqolasida o‘z oldiga qo‘ygan vazifani bajargan, ya’ni o‘quvchini uyg‘otish uchun so‘zlar, dalillar topa olgan. Maqolaning dard bilan yozilgani uning yurakka yetib boradigan ta’sirga ega bo‘lganligini anglatadi. “Tavzeh”da muallif mustabid hukumatga “salom” bergan bo‘lsa-da, uning hamma gapi aytib bo‘lingan edi. Bu maqolalarning ikkisini ham siyosiy mavzudagi maqola sifatida tasniflash mumkin. Biroq bunda baribir ma’rifat yuqori o‘ringa qo‘yiladi. Behbudiyning 1917-yilgacha yozganlari orasida mazkur maqola jadidchilik harakatining maqsadlarini ochiq bayon qiladi. “Ta’rix va jug‘rofiya” mohiyati shu paytgacha behbudiyshunoslar nazaridan chetda qolgandi. Chunki bu maqoladan keyin ziyolilar orasida Behbudiyga nisbatan hurmat oshadi. “Охранка”da esa unga xavfsirab qaray boshlaydilar.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori
Oyina.uz: Mazkur maqola 1908-yil 18-dekabrda “Turkiston viloyatining gazeti”da eski o‘zbek yozuvida bosilgan bo‘lib, lotin alifbosida birinchi marta e’lon qilinyapti.
Feletun
TA’RIX VA JUG‘ROFIYA
“Turkiston” gazetig‘a bir nafar tolibi ilmni(ng) matbuoti jadida va jarida o‘quganig‘a ba’zi soddadilon tarafidan ta’na va hujumg‘a qolgani ko‘ruldi. Va alarg‘a raddiya va tanbeh to‘g‘risida “Bir musulmon” imzosila bizim “Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy” nom kitobimizni muqaddimasidin 64 ham 67 raqamlik jaridalar feletunig‘a muharriri muhtaramni taraflaridin biroz sharh va izoh, jumlalarig‘a muqobala va alarni irshod aytganlari nazari xirmandona(?) ko‘ruldi. Muharriri muhtaramni doimo talaba, ilmg‘a shuyla darsi ibrat berib, tavse’ ma’lumotlarig‘a nazari basiratlarini durbin va purbin bo‘lushig‘a ustodona va pirona himmat buyurmoqlari umum talabini intibohig‘a va oyandag‘a minnatdorliklarig‘a sabab bo‘lur.
Bizda talabi kiromni ilm va fununi jadida va alsana’i lozima o‘qumoqlari to‘g‘rusinda ojizona arz va targ‘ib etamiz. Chunki bugungi talaba, ko‘ramiz, ertaga ilmli a’zomiz bo‘lurlar. “Kabirat bamuvt al-Kubarro”(?) hukmincha oyandadaki kiborimiz – bugungi guruh sag‘irimizdin (yosh bolalar, kichkinalar – tahr.) tashkil topilur kerakki, bunlar va asl zamonadin va asl zamonamizni bizim bobdaki afgorlaridan (yara, jarohat – tahr.) ogoh bo‘lsunlar. Ahli zamonamizni yahudiy, armani va o‘zga ajnabiy hammamlakatlarimizni taraqqiyi milliy va ilmiy va madaniyalaridin va biz musulmonlarga qayu yo‘l va sabab ila g‘alaba qilg‘onlaridan bexabar bo‘lub, alarga balki mag‘lub bo‘lmasligimiz yo‘llarini, lozimdurki, bilsunlar, bilib muqobala bo‘lmaslik qoidasincha harakat qilub, din va millatimizni soxlasunlar.
Zamoni sobiqda jismoniy va ruhoniy va ma’naviy qal’a va hudud va so‘rorimiz bor ediki, alar sababi-la millat va dinimiz muhofaza va barcha marosim malfuf (himoyalangan, o‘ralgan – tahr.) qolur edi. Hozirgi zamonga na had qoldi, na hudud, na qal’a qoldi. Va buruj zamon zamoni ilm va maorif bo‘ldi. Ilmsiz millat, ilmsiz qavm asir va zaif qolur. Ilmsiz davlatni foydasi yo‘q, ilmsiz dunyolarni hayoni yo‘q, agar bo‘lsa-da, sabotsiz, bu ilmlardan yolg‘uz sarf va nahv, mantiq, kalom va fiqh va usul emas, balki alar ustig‘a hikmat, siyosat, ta’rix, qadima va jadida ilm va ahvoli zamoni hozira va alsanai muhovara (suhbat – tahr.) ham prugrom ta’lim va tadrisimizg‘a kerak. Doxil bo‘lsun, toki dunyoi ko‘hnamiz va dini mubayyini (bayon – tahr.) islom va aning ta’rixi taraqqiysi va tarvij va niyati va butun girehi (keyinchilik – tahr.) arziga intishorini (yoyilish, tarqalish – tahr.) bilib va salafi kiromimizni ilm to‘g‘risindaki g‘ayrat va sarfi himmatlaridin ibrat hosil qilayluk. So‘ngra uch-to‘rt asrdan beri butun olami islomg‘a voqe’ bo‘lgan tanazzul va intihot (tushkunlik, sustlik– tahr.) va idborga (baxtsizlik, ishi olding‘a bormaslik – tahr.) voqif bo‘layluk va aning davo va chorasig‘a justijo‘ (qidirish – tahr.) etayluk. Biz bu masudani yozar ekan, jolisimizdan biri so‘radiki, matlabni oshkora so‘ylang. Biz alan qanday tanazzuldamiz va ilgari na kayfiyatda eduk?
Man dedim: bu qissa dur va darozdur, balki sizning husuli (hosil – tahr.) fikriya va maydoni ilmiyangiz hududidan xorijdur. Bu qissai purg‘ussadin ma’lumot olmoq va voquf hosil etmoq uchun jug‘rofiya va ta’rixdan xabardor bo‘lmoq lozim. Kelur hol buni alar sizning nazdingizda ashuyoladin va harza (bekor, behuda – tahr.) kuylik din ham dunroq (razil, past – tahr.) ratbag‘adur. Xulosa ta’rixiy va vuquoti moziyani muxtasar suratda bayon qilayin. Shoyadki, bir fikri ajmali (go‘zal – tahr.) hosil etsangiz va, shoyadki, sizcha bid’at va kufr va zalolat va bizcha ham shariatcha farz va zarurat darajasidaki jug‘rofiya va ilmi siyosati zamoniyya va jaroid naf’iyyag‘a muhabbat ko‘zi ila boqib, andin dunyo va oxiratingizg‘a foydalik nimarsalarni axtarmoq va ibrat hosil etmak uchun bir olti oy doimo o‘qub ko‘rsangiz.
Jolisimiz dedi: so‘ylang, qulog‘im sizga? Dedim: ta’rix derki, musulmonlar 500 sana muqaddam zamong‘acha o‘z Qur’on va podsholariga, o‘z shariat va amirlariga tamoman tobe’ edilar. Yahudiy, nasroniy, majusiy toifalaridan yuz miliyunlari ila zam (qo‘shilgan, qo‘shish – tahr.) fuqarolari, tobe’lari bor ediki, ul zamongi bani odamni, ya’ni yer yuzidaki xalqi Ollohni uchdan birini amali Qur’on ila va tabiati musulmon umarolari qaydig‘a yer yuzig‘a bir ming besh yuz miliyun odam taxmin qilingan va ani 300 miliyundan fazlasi (ortig‘i – tahr.) islom ila mutaddayyindur (dindor – tahr.). Demak, to‘rt-besh asr muqaddam bir qadar ajnabiy tab’i islomiyyamizda (islomiy didimizda – tahr.) bor ekan va ahli iymon, balki havzai avomiz imorati islomiyyag‘a tobe’ ekanlar ilmi ta’rix buni ila sokit (jim – tahr.) bo‘lmaydur. Yana bu salot bani odamni kayfiyati iymon va taslimi va tab’iyati va alarning sababini ham sharh va bast (yoymoq – tahr.) etar. Jug‘rofiya o‘qug‘on ta’rixiyaning zarifidurki, 500 sana muqaddam hudud doirai muqaddasi islom va oni yer yuzida hoyiz bo‘lgan tul (uzunlik) va arz va masohat (yer o‘lchash) sathiyya va hay’ati tabiiyasini, xaritalarini hul va quruqlarini mubmamoroya(?) etar, musulmonlarni asirat imroniya va madaniyalarini mavzuho bayon etarlarki, ta’rix va jug‘rofiya qorilari va mutafunnunlarini habib hayrat va hamiyatlari bo‘lur. Xulosa, vuquot (voqealar – tahr.) va hududoti islomiyaning bu sahifalari qur’otidin (donolik – tahr.) ko‘ngullar inshiroh topar. Inson o‘zini bir lazzati ruhoniyya ichida mustazih his etarki, ahli undanda ming karra musallamdur (inkor qilinmagan, ma’qullangan – tahr.). Ey jolisi muhtaramim, siz hanuz ta’rixi umumiy yoinki ta’rixi islomg‘a mubtadi’ darajasinda ham emassiz va janobing‘izni azmoni sobiqa, azmoni mutavassata (o‘rta – tahr.), zamoni oxira yoinki qirvan (ko‘p – tahr.) qadima va jadida ta’birlari ila sargardon etmayin, balki xulosatal xulosa ta’rixiyyani muxtasar natijasidan aytmoqchiman.
Ta’rix deyurki, bir zamon keldiki, ulamo va umaroi islom jubun va tanbal aysh (turmush – tahr.) beparvo, digar tarafdin bir-birlari ila muxolif bo‘ldilar. Ta’lim va tadrisidin shakar va naxjirni ulamoi din kaniza va lodonlar majlisini tarjih (ustun – tahr.) etdilar. Umaro va salotini (podsholar, sultonlar – tahr.) islom nohaq yerg‘a yuz minglar ahli islom qonini to‘kub, taraf-taraf bo‘ldilar. Ulamo bo‘lsa umaro nonig‘a va maoshig‘a ko‘z tikib muqobillarini takfir va toleinlarig‘a qadar ilgari ketdilar. Xusumati mas’habiyya va ta’sibi irqiyyag‘a ahamiyat berdilarki, qurvan avvalg‘i nasroniyat olamidaki va papaliq zamonindaki ixtiloflarg‘a monand nizolar olami islomni parchalanmoqig‘a sababiyat berdi. Ey birodar, ta’rixi islomni ko‘ngil poralaydurgon sahifalarini xulosasini natijasidin sizg‘a arz qilarmanki, yer olami ketdi, ketadur. Bir sahifag‘a boqarsiz deyur. Andalus ketdi, g‘arbda Ahmar Masxali kabir ketdi. Jabal toriq ketdi. Motrid ketdi. Qurtaba ketdi. Balad al valid ketdi.
Xulosa, Ovruponi janubi-g‘arbidagi va al Sibiriyo shaba jazirasidagi mamoliki islomiya mahv va nopadid (ko‘rinmas, ta’sirsiz – tahr.) bo‘ldi. Ahli islomiyasini ba’zisi haydaldi. Ba’zan asir, ba’zan tahriq qildurildi va bu kun ulardan na nom bor va na nishon. Ovrupo vasattiga qarasangiz, Serb, Bulg‘or, Qirim, Kurid, Qibris, Yunon, Rum ila xittalari (o‘lka, yer yuzi – tahr.) ketdi, holo ketmakdadur. Bir karra Afriqo xaritasiga nazar qilayluk. Tanja ketdi, Taroblis, Tunis, Zanjibar, Sudan, Madag‘asqar baladi islomiyalari qisman ketdi va qisman ketmakdadur. Misr ila Fara mamlakati va Siy’a islomiyasida bugun Fransiya va Angliya va o‘zga naxjirgilarida(?) va dam sidlarig‘a asir va arolaridaki nizolari bir taraf bo‘lush ila taqsim va tomliklari tabiidur.
Emdi mahdi (beshik – tahr.) qadim insoniyat, va mazhari kul odiyon, va maydoni taraqqiyi islomiyat bo‘lgan Osiyo qit’asi xaritasig‘a tavajjuh qilarmizki, 3 asr oxiri zarifinda na holatg‘a kelmish. Oh, munda qalam titrayur, qalb yig‘layur. Bir bag‘ri yoniq derdi: “Oh, nodon muri shud, oh nodong‘a o‘lat kelsun”. Osiyo qit’asig‘a kini (dushman – tahr.) balad (shaharlar, mamlakatlar – tahr.) islomiyadan ulamoi islom tasarrufidin ovrupoliklar tasarrufig‘a o‘tkan amsor va amloki islomiyani man tavsi’ (kengayish, yoyilish – tahr.) va ti’dod (sanash, hisoblash – tahr.) etmayin-da, sizda yolg‘uz ikki-uch asrdan beri umum nasroniyya tasarrufig‘a kirgon musulmonlar adadini ko‘rsatguvchi raqamlarni yozmoq ila bu karra iktifo (kifoyalanish – tahr.) qilurman. Istasangiz boshqa zamon suylashurmiz. Shahar va xittalardin ma’lumot berarmiz... Aziz jolisim, sizg‘a so‘ylab turibman, fahmlaysizmu? Hayhot, hayhot, umumiy Osiyo qit’asig‘a 600 miliyun qadar musulmon borki, andin 10 miliyun Osiyoi safro va jaziratul-Arabg‘a sokin va Usmonli hukumatig‘a tobe’, 9 miliyun Erong‘a, 6 miliyuni Afg‘ong‘a, 2 miliyuni Buxoro, miliyuni Xiva, 1 miliyuni Bulujiston, 12 miliyuni Haydarobod deg‘an, 1 miliyuni Ummon va miliyundan kami Jumhur hukumati islomiyasig‘a tobe’ bulub, baqya 50 miliyuni Xitoy va 50 miliyuni inglisg‘a va 50 miliyun qadari, yana 40 miliyuni Jazoir, Bahri muhiti kabir musulmonlari ila barobar Inglis, Fransuz, Kalandiya, Ispaniya, Russiya va o‘zga davli (davlatlar – tahr.) nasroniyasig‘a tobe’. Va alarni qismi azmi yana inglisg‘a va oz anjala 14 milliyun ahli islomg‘a ibrat bo‘lsun. Biz Osiyoi vasatiy (o‘rta) va shimoliy sokinlaridan Russiya davlatig‘a tug‘ridan-tug‘ri tobe’. Buxoro ila Xiva hukumatlari davlatimizni himoyatig‘adur. Yuqorida bayon bo‘lg‘an hukumati islomiyadan faqat Usmonli ila Eron davlatlari doxiliy va xorijiy ishlarig‘a mustaqil va qalamasi davla nuqtadora (bo‘yinsunilgan – tahr.) nasroniyaning barisini hamiyat va nufo‘zig‘a tobe’ va erkak-xotun kabidur.
Jolisimiz deyur: “ore, xudo qildi”. Man dedim: “olgan barcha yaxshi narsalaring xudodan, boshqalari o‘zingdandur”.
“Turkiston viloyatining gazeti”,
1908-yil, 18-dekabr.
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q