Badriddin Sharipov 1896-yil Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahrida dunyoga kelgan. Otasi Latif Sharipov Turkiston istilosidan keyin shaharda chor hukumati tomonidan tashkil etgan cherkov qoshidagi bilim yurtida o‘qib, rus tilini o‘rgangan. Shundan so‘ng uyezd boshqarmasiga ishga kirib 6-7 yil davomida tilmoch bo‘lib ishlaydi. 1899-yil Kattaqo‘rg‘onning Juyi Shahr volostiga bo‘lislikka saylanib, 1908-yilgacha mahalliy ma’mur sifatida xizmat qiladi. Latif Sharipov zamonasining ilg‘or fikrli kishilaridan bo‘lib, jadid maktablari tarafdori edi. Shu tufayli chor ma’murlari tazyiqiga uchrab, xizmatdan ketishga majbur bo‘ladi. O‘zining 3-4 tanoblik bog‘i va 10–12 tanoblik haydaladigan yerida dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Badriddin Sharipov avval eski usuldagi maktabda ilm olishni boshlab, keyinroq rus-tuzem maktabida tahsilni davom ettiradi. 1909-yil Latif Sharipov to‘ng‘ich o‘g‘li Badriddinni Samarqandga olib borib shahardagi real bilim yurtiga o‘qishga topshiradi. Badriddin 1915-yil real bilim yurtini muvaffaqiyatli bitiradi. 1915-yil iyulda Payshanba bo‘lim pristaviga tilmoch bo‘lib ishga kiradi va 1917-yil fevral inqilobiga qadar shu vazifada ishlaydi. Shundan so‘ng bir muddat otasining do‘sti Karmana begiga hamda 3 oycha Panjikent pristaviga ham tilmochlik qiladi.
Badriddin Sharipov 1917-yil aprelda Kattaqo‘rg‘onga keldi. Ammo bu gal jadid taraqqiyparvarlarining “Sho‘roi Islom” jamiyati hududiy bo‘limi rahbari vazifasi bilan qaytgan edi. U shaharda yangi ochilgan uyezd ozuqa kengashiga tarjimon bo‘lib ishga kiradi. Bir oy o‘tib ozuqa kengashlari qurultoyida hay’at a’zoligiga saylanib, 1917-yil noyabrgacha shu ishda qoladi. 1917-yil noyabr-dekabr oylarida sovetlarning 1-qurultoyiga delegat sifatida chaqiriladi va ijroqo‘m a’zoligiga olinib, tuman militsiyasi boshliqligiga saylanadi. 1918-yil iyunda boshqa jadid taraqqiyparvarlari qatorida so‘l eserlar partiyasiga a’zo bo‘lib, bolsheviklarning talonchilik va qonxo‘rliklariga qarshi so‘l eserlar partiyasi g‘oyalarini targ‘ib etishga kirishadi. Biroq Osipov isyoni bahonasida kommunistlar o‘zining kechagi hamkori bo‘lgan so‘l eserlarga qarshi ham qirg‘in qatag‘onni boshlab yuboradi.
Badriddin Sharipov 1919-yil 4-fevralda kompartiyaga kirib, 1923-yilgacha Kattaqo‘rg‘on uyezd-shahar ChK (Favqulodda komissiya)ning kollegiya a’zosi, raisi, uyezd yustitsiya bo‘limi mudiri, inqilobiy tribunal qoshidagi jamoatchi ayblovchi, uyezd militsiya boshlig‘i, ijroqo‘m kotibidan uyezd boshqarma boshlig‘igacha bo‘lgan mas’ul lavozimlarda ish olib boradi. 1923-yil Samarqand viloyat partiya qo‘mitasi tomonidan chaqirilib, avval Samarqand viloyat ChK raisi, undan GPU (Davlat siyosiy boshqarmasi) bo‘lim mudiri lavozimiga qo‘yiladi. Bu vazifada ham ko‘p qoldirilmay Samarqand shahar militsiya boshlig‘i lavozimiga tayinlanadi. Oradan bir oy o‘tib esa Samarqand uyezd xalq maorifi mudirligiga qo‘yiladi.
Badriddin Sharipov Turkiston MIK tomonidan Buxoroga istiqlol (bosmachi)chilikka qarshi kurashda siyosiy yo‘riqchi ishiga jalb etiladi. Yetti oyda Karmana va Nurota viloyatlarida bo‘lib, BXSR Qizil bayroq ordeni bilan taqdirlangan holda Toshkentga qaytadi. Vaholanki, bu vaqtda allaqachon Samarqand viloyat partiya qo‘mitasida bo‘htonlar asosida uning ishi ko‘rilib nohaq partiyadan haydashgan edi. Badriddin Sharipov Turkiston KP(b) MQning Markaziy nazorat komissiyasiga shikoyat qilib, o‘zining aybsizligini isbotlab Toshkentda partiyaga qayta tiklanadi.
1924-yil iyunda Badriddin Sharipov nomzodi Turkiston KP(b) MQ tavsiyasi bilan Adliya xalq komissarligi Kollegiyasi a’zoligiga yuboriladi. U 1924-yil iyul-dekabr oylarida O‘zSSR Adliya xalq komissarligi kollegiyasi a’zosi, 1924-yil dekabrdan 1925-yil 23-dekabrgacha kassatsion kollegiya raisi va O‘zSSR Oliy sudi raisi o‘rinbosari vazifasida ish olib boradi. 1926-yil yanvardan Samarqand uyezdi Urgut tumanidagi yer islohotiga jalb qilinadi. 1926-yil 15-martdan 1927-yil 2-martgacha Toshkent viloyat sudi a’zosi, ayni paytda 1926-yil 1-sentabrdan 1927-yil maygacha Pomir ekspeditsiyasida inspeksiya a’zosi sifatida ishtirok etadi. Shundan so‘ng 1927-yil 1-avgustdan 1828-yil 16-iyulgacha Buxoro okrug sudi raisi, 1928-yil 16-iyuldan 9-dekabrgacha O‘zSSR Oliy sudi Prokurori lavozimida ish olib boradi.
Ammo uning Oliy sud Prokurori sifatida Oliy sud raisi Sa’dulla Qosimovga har jihatdan yordamchi bo‘lishi Markazga yoqmadi. Bu ish 1928-yil avgust-sentabr oylarida Moskvada bo‘lgan O‘zSSR Adliya xalq komissarligining muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Ginsburgga katta vakolatlar bilan topshiriladi. 1928-yil oktabr oyida “Pravda Vostoka” gazetasida “El-Registan”ning “Mahr bilan kelin” nomli maqolasi chop etilib, unda Buxoro okrug sudi raisi Said Ahror Said Ahmedov faoliyati tanqid qilinadi. Bu holatni tekshirish ishi Ginzburgga topshirildi. Dunyoni ichkilik va o‘yin-kulgiga almashgan bu kimsa 9-dekabr kuni maqoladagi aybdorlar qolib, unda nomi biror marta eslanmagan O‘zSSR Oliy sudi Prokurori B.Sharipovni to‘satdan hibsga olishga buyruq beradi va Buxoro turmasiga keltiradi. Shundan so‘ng B.Sharipov bilan birgalikda sobiq Samarqand okrug prokurori yordamchisi Ergash Hamidov, Buxoro okrug sudi sudyasi Ahmad Abdiyev, samarqandlik sudya A’loxo‘ja Mansurxo‘jayev, Buxoro okrug sud a’zosi O‘roq Saidov, sobiq Buxoro okrug sudi raisi Sayid Ahror Said Ahmedov, Buxoro okrug sudi kuryeri Ismoil Rajapovlar bilan birga Buxoroning Sultonobod qishloq sho‘rosi, Chuquraki qishlog‘idan qorako‘l savdogari Sharifboy Zokirboyev, uning o‘g‘li Muzaffar Sharipov, savdogar boylar Hojimurod Ro‘zimurodov, Abdurashid Abduraufov, Bahrixon Nazarovalarga O‘zSSR JKning 140, 146, 14-146, 268-moddalarini qo‘llab ayblov e’lon qiladi.
Voqea shundayki, 1927-yil may-avgust oylarida xususiy savdoni cheklash bahonasida juda ko‘plab do‘konlarning mollari davlat foydasiga musodara etilib, ayrim do‘kon egalarining ustidan jinoiy ish ochilgan edi. O‘zbeksavdoda qorako‘l savdosi bilan shug‘ullangan Sharifboy Zokirboyev ham jarayonda qamoqqa olinib, Buxoro okrug sudi tomonidan 5 yilga hukm qilingan edi. Ammo 1927-yil iyuldagi qayta sudda o‘zining aybsizligini isbotlaydi. 4-oktabrda esa musodara etilgan mulklari masalasini ochiq qoldirgan holda ozodlikka chiqishga muvaffaq bo‘ladi. 27-noyabr kuni appeliatsiya bilan musodara etilgan mulklarini ham qaytarish uchun qaror olishga erishadi. Biroq 1928-yil 24-yanvar, 4-fevral kunlari O‘zbeksavdo tashkilotida Sharifboy Zokirboyevga nisbatan katta miqdordagi pul zarari haqida da’vo paydo bo‘ladi. Mana shu asoslar bilan Ginsburg sobiq Buxoro okrug sudi raisi Badriddin Sharipov hamda prokuror Ergash Hamidovlarga nusbatan boylarni qo‘llab-quvvatlash va pora olganlik kabi ayblovlarni rivojlantirishga kirishadi. So‘roqqa tortilganlar kim bo‘lmasin, yagona narsa – Badriddin Sharipovga qarshi ko‘rsatma berish talab qilinadi. Ammo qanchalik harakat qilmasin B.Sharipovning aybini isbotlaydigan dalillar qo‘lga kiritilmadi. Shundan so‘ng sudni Buxoroda ko‘pning ko‘zidan uzoqda o‘tkazishga qaror qiladilar. Vaholanki, o‘zbek hukumati ham, xalq ham katta qiziqish bilan B.Sharipov ishi natijasini kutayotgan edi.
1929-yil 11-aprelda “Qizil O‘zbekiston” gazetasida “Buxoro sudchilari ustidan sud O‘zbekiston Oliy sudining sobiq prokurori Sharifuf qora kursiga” nomli xabar bosildi. Unda “O‘zbekiston Oliy Sudining muhim ishlarni ko‘radurg‘on tergovchisi o‘rtoq Ginzburg, sud ishchilari ustidan bo‘lg‘on ishni tergab bitirdi. Shu ish bo‘yincha sobiq Buxoro sudining raisi va keyingi vaqtda Oliy sudning prokurori bo‘lib turg‘on Sharifuf, Buxoro okrugi prokurori Xamiduf, Buxoro okrug sudining a’zosi Abdiyef, Mansurxo‘jayuf, Saiduf, Sayidahmaduf va Buxoro boylaridan bir guruhi ayblanadi. Bular sud qonunig‘a xilof bo‘lg‘on hukmlarni chiqorish bilan boy unsurlarni himoya qilishg‘a va shu “xizmatlari” uchun pora olishda ayblanadirlar. Oliy sud tomonidan yaqinda bularning ishi ko‘riladi. Sud namunaviy bo‘ladi. Mana shu munosabat bilan Buxoro mehnatkashlari ularning Buxoroda sud qilinishini talab etadirlar. Bu to‘g‘rida Buxoro okrug ijroqo‘mining fraksiyasi ham qaror chiqarib, sudning Buxoroda bo‘lishini yuqori idoralardan so‘radi” deyiladi. Shundan so‘ng 1929-yil 1–7-may kunlari Samarqandda Ginsburg katta ishni boshladi. Yuqorida nomlari aybdor sifatida keltirilgan shaxslarning barchasi hibsga olinib Buxoro turmasiga keltiriladi. Shuningdek, Nechayev Ivan Dimitriyevich, Devonbegi №5 uy; Mirbadalov Hojiyahyo – guzari G‘oziyon №9 uy kabi son-sanoqsiz guvohlar ro‘yxati shakllantiriladi. Ishning Ginsbur varianti 1929-yil 14-mayda Samarqand shahrida raisi Chudayev va a’zolari Kupsov, Mo‘minov, Oliy sud prokurori Mamin, kotib Saxarov tomonidan eshitildi. Sud Buxoro shahrida o‘tkazishga kelishildi.
O‘zSSR jinoyat sudi majlisi 1929-yil 14-iyun kuni Buxoro shahrida ish boshladi. Sud boshlanishi bilan unga rais etib belgilangan Kupsov bir qator ishonchli guvohlarni rad etib, o‘rniga o‘zlariga kerakli bo‘lgan odamlarnigina qoldiradi. Sud Kupsov raisligida 26-iyungacha davom etdi. Qandaydir chalg‘ituvchi kimsalarning aralashuvi bilan ko‘p o‘rinda Oliy sud prokurori Tog‘ayevga so‘z ham berilmadi. O‘ziga qanchalik tuhmatlar yog‘ilmasin, B.Sharipov har bir holatda o‘zining aybsiz ekanligini ishonchli dalillar asosida isbotlab boraverdi. Avvaliga boshqa ishtirokchilar ham o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi. Biroq guvohliklar aylanar ekan, vaziyat izdan chiqib ketdi: tuhmatlar, bo‘htonlar, ichkilikbozliklar, Baxrixon-u Yoqutxonlargacha aylandi. Ishga aloqasi bo‘lgan, bo‘lmagan yangi-yangi ayblovlar tiqishtirilaverdi. Badriddin Sharipovning bor yo‘q aybi O‘zSSR Oliy sudi raisi Sa’dulla Qosimov bilan yaxshi aloqada bo‘lgani va Zokirboyevga “ishiga ogoh bo‘linglar, baribir qari odam, xafa qilmanglar” degan gapi bo‘ldi. Shu tariqa sovet “adolati” qaror topdi. Sud so‘nggida B.Sharipovga 10 yil, E.Hamidovga 8 yil, A.Abdiyev, A.Mansurxo‘jaev, O‘.Saidovlarga 6 yildan, I.Rajapovga 4 yil, Sh.Zokirboyev, S.Saidahmedov, H.Ro‘zimurodov, A.Abduraufovlarga 3 yildan qamoq jazosi belgilandi. M.Sharipov va B.Nazarovalar sud zalidan ozodlikka chiqarildi.
Sud qaroridan hayratda qolgan O‘zSSR Oliy sudi prokurori Tog‘ayev 20-iyul kuniyoq unga nisbatan ayblovda ko‘rsatilgan moddalarning birortasi dalillanmagan, pora olgan bo‘lsa, uning miqdori, qay tartibda olgani aniqlanmagan, deb protest keltiradi.
Sudning qaroridan dahshatga tushgan B.Sharipov 1929-yil 22-iyulda O‘zSSR Oliy sudi raisi va prokuroriga o‘ziga nisbatan bo‘lgan haqsizlik va tuhmatlar haqida mufassal yozadi. 1929-yil 31-iyulda Buxoro axloq tuzatish uyi mahbusi B.Sharipovdan deb O‘zbekiston partiya va hukumat rahbarlariga ariza yozilar ekan, unda avvaliga o‘zining aybsizligiga ishongani uchun hech kimga murojaat etmagani, ammo odil sud deb ishonganlari unga mavjud qonunlarga mutloq zid holda tuhmat bilan 10 yil qamoq jazosini bergani ta’kidlanadi. Jumladan, sudda B.Sharipovga oid deyilgan hukmning 1927-yil 6-iyulda hali u Buxoroga ishga kelmasidan avval Said Ahmedov imzolaganini, 4-oktabrda ham ishni Said Ahmedov raisligida Yelina va Solnichenko ko‘rganini, bu vaqtda uning ichkilikbozlik va ziyofatlarda bo‘lgani haqida guvohliklar ham to‘la yolg‘onligini, o‘zining 20-sentabrdan 6-oktabrgacha Buxoroda emas, Toshkentda bo‘lganini hujjatlar asosida isbotlab beradi. 1929-yil 18-avgust sanasi bilan Samarqand axloq tuzatish uyi mahbusi Sharipov Badriddin O‘zSSR Oliy Sudi raisiga nusxasi O‘zSSR Oliy sudi Prokuroriga deb boshlanuvchi murojaatida o‘zining 1929-yil 22 va 29-iyul sanalaridagi shikoyatlariga qo‘shimcha keltirib, sud ishida inobatga olinmagan 1927-yil 2-oktabrdagi va 1927-yil 8-oktabrdagi 117-sonli Buxoro okrug sudining qarorlarini ilova qiladi. Shundan so‘ng O‘zSSR Oliy Sudi raisi Sh.Irmatov, a’zolari Sayfudinov, Mo‘minov va Kamilbayevlar O‘z SSR MIQ Prezidiumiga imzolari bilan o‘z munosabatlarini yozadilar. Unda sud ishini to‘liq tahlil qilgan holda B.Sharipovga nisbatan tuhmat bo‘lgani birma-bir isbotlab beriladi. Biroq hukumatning javobi juda qisqa va hech bir vaj ko‘rsatilmasdan “sud hukmi o‘z kuchida qoldirilsin” bo‘ldi. Bu O‘zSSR hukumatining emas, aslida, Kremlning qarori edi. Albatta, ko‘p o‘tmay bu teatrlashtirilgan sud hukmi o‘z kuchini yo‘qotdi. Hukm e’lon qilingan kishilar birin-ketin ozodlikka chiqib oldilar. Ammo Badriddin Sharipovni undan ham dahshatliroq sud kutayotgan edi. Endi uni aksilinqilobiy “Milliy ittihod” tashkilotining a’zosi sifatida Sa’dulla Qosimov ishiga asosiy shaxslardan biri sifatida kiritishadi.
Samarqandda ochilgan Sa’dulla Qosimov sud ishi 1930-yil 25-martda boshlanib, 21-iyungacha davom etdi. Mazkur sud davomida B.Sharipovni ashaddiy millatchi, aksilinqilobchi va “Milliy ittihod” a’zosi sifatida fosh etishga kirishdilar. Bu gal unga nisbatan qo‘yilgan ayblarning aksariyati sobiq xotinining ukasi Asqar Yakubov tomonidan to‘qib chiqarilgan edi. A.Yakubov sudda B.Sharipovning otasi Latif Sharipov chor hukumati davrida politsiyachi, turkiyalik mashhur harbiy sarkarda va siyosiy arbob Anvar Poshshoning tarafdori va qo‘llab-quvvatlovchisi bo‘lgani haqida va Anvar Poshsho vafot etganida “ideal darajadagi inson bo‘lgan”ligini aytgandi, deb ko‘rsatma beradi. Bunga javoban B.Sharipov otasi politsiyachi emas, tarjimon, volost boshqaruvchisi bo‘lganligini, 1914-yildan boshlab ko‘zi yaxshi ko‘rmay qolgani hamda 1925-yilda vafot etganini aytadi. Guvoh Yakubovning yolg‘on ko‘rsatmalariga nisbatan Sharipov “Men haqiqatdan ham guvoh Yakubovning opasiga 1921-yilning so‘nggida uylanganman. 1923-yilning boshlarida ajrashganman... Ajrashganimizdan so‘ng faqat guvoh Yakubov bilan emas, balki butun ularning oilasi bilan dushmanlik paydo bo‘ldi. Janjal ham bo‘lgan. Bu hozirgacha saqlanib kelmoqda va u endi bunday ko‘rinishga o‘tdi, sud darajasigacha chiqdi” deb guvohning noxolis ekaniga to‘xtaladi.
Sud davomida B.Sharipovga nisbatan milliy istiqlolchilarga (bosmachi) xayrixoh bo‘lganlik, ularni qurol-yaroq bilan ta’minlaganlik ayblari ham qo‘yiladi. Bunga qarshi B.Sharipov “Men hayronman, bu yerda men yuzlab odamlarni o‘ldirganligim, talaganligim, bosmachilarni qurol bilan ta’minlaganligim va boshqalar haqida gapirildi. Nima uchun shu vaqtgacha hech kim bu haqda gapirmagan. Yaxshi, faraz qilaylik, guvohlar 1923-yilgacha Kattaqo‘rg‘onda ishlaganimda mendan qo‘rqishgan, lekin men ketganimdan so‘ng, mening do‘stlarim deb hisoblangan Yarmuhamedov, Abduraimov kabilar Kattaqo‘rg‘ondan ketganidan keyin…, nima uchun ular bu haqda ilgariroq xabar berishni lozim ko‘rmadilar” degan savolni o‘rtaga qo‘yadi. Eng qizig‘i, B.Sharipov shimining cho‘ntagidan chiqqan arabiyda yozilgan tumor uchun ham javob berishiga to‘g‘ri keladi. Bu qog‘ozni nazarda tutib sud a’zolarining “siz Afg‘oniston yoki Eronga jo‘nashga harakat qilmaganmisiz?” degan savoliga B.Sharipov “haqiqatdan ham tumor shimimning cho‘ntagidan chiqqanligi rost, ammo bu narsaning mening Afg‘onistonga yoki boshqa davlatga o‘tib ketishimga ruxsatnoma bo‘lishi darajasida siyosiy baholanishi mutlaqo noto‘g‘ri” deb javob beradi. Sud davomida B.Sharipovning so‘l eserlar partiyasiga a’zo bo‘lgani, “Sho‘roi Islom” tashkilotining hududiy rahbari bo‘lgani, milliy istiqlolchilarning ko‘makchisi bo‘lgani keng muhokama qilindi. B.Sharipov barcha ayblovlarni dalillar bilan rad etdi va o‘z fikrini sud hay’ati a’zolariga mardona bayon etadi. Albatta, “Qosimovchilik” sudi jarayonidagi sudlanayotgan barcha gumonlanuvchilarning taqdiri oldindan belgilab qo‘yilgan edi. Sudning yakuniy xulosasiga ko‘ra soxta ayblov va soxta guvohlar bilan S.Qosimov, B.Sharipov, Olimov, Musabekov va Spiridonovlar otuvga, qolganlar esa 10 yildan qamoq jazosiga hukm qilindi. B.Sharipovga nisbatan e’lon qilingan otuv jazosi keyinroq 10 yilga Rossiyaning Vologda viloyatiga surgun bilan almashtirildi. Badriddin Sharipov 1943-yil 28-oktabrda 47 yoshda Vologda shahrida og‘ir mehnat va tahqirlar girdobida vafot etdi.
Xalqimizning ajoyib farzandi, haqiqat va adolat kurashchisi Badriddin Sharipov qisqa umri davomida shunday sharafli va tahlikali hayot yo‘lini bosib o‘tdi. Bir tomondan qaraganda 1920-yillarda Turkiston MIK a’zosi, O‘zSSR MIK a’zosi bo‘ldi, muttasil mas’ul lavozimlardan O‘zSSR Oliy sudi prokurorigacha yetib bordi. Faoliyati davomida ko‘plab faxriy yorliqlar, ordenlar bilan taqdirlangan. Va shu bilan birga, B.Sharipov 1919-yil pora olganlik, 1923-yil nashavandlik, 1924-yil esa kimnidir (?) zo‘rlaganlik kabi bo‘htonlar bilan hibsga olingan. Lekin har gal o‘ziga qilingan tuhmatlarni muvaffaqiyatli fosh etib, hibsdan qutilib chiqishga erishdi. Biroq keyingi yillarda O‘zbekiston Oliy sudi raisi Sa’dulla Qosimov, Adliya xalq komissari-prokuror Ahmadbek Mavlonbekovlar bilan birga O‘zbekistonda huquqiy madaniyatni oshirish, sud-huquq tizimini takomillashtirish, ayniqsa, iqtisodiy-ijtimoiy hayotda qonuniylikni ta’minlash maqsadida prokuror nazoratini ta’minlash sohasida keng ko‘lamli islohotlarni boshlab yuborgan edi. Bu esa tobora ma’muriy-buyruqbozlik sari ketayotgan Markazni jiddiy xavotirga soladi. Natijada bu insonlar qanchalik haq va yuksak lavozimlarda bo‘lmasin O‘rta Osiyo mamlakatlarining amaldagi hokimi Sredazbyuroning tashabbusi bilan barchasi mahv etildi. Bu qirg‘in qatag‘onlarning asl mohiyati haqida keyingi maqolada, aniqrog‘i O‘zbekiston Bosh Prokurori Ahmadbek Mavlonbekov qismati misolida hikoya qilamiz.
Bahrom IRZOYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q