Erkin nafas olayotgan xalq yoxud munosib yashash baxti


Saqlash
17:11 / 02.11.2023 413 0

Ona tilimizda “yashamoq” so‘zining ma’nodoshlari ko‘p. Chunonchi, “hayot kechirmoq”, “tirikchilik qilmoq”, “turmush kechirmoq”, “ro‘zg‘or tebratmoq”, “kun ko‘rmoq”, “istiqomat qilmoq” kabi so‘z birikmalari shu yoki shunga yaqin ma’noni ifoda etadi. Lekin inson yashayotgan sharoit, uni o‘rab turgan ijtimoiy muhit yoki vaziyatga qarab, ushbu so‘z va iboralar o‘zgacha semantik urg‘uga, ya’ni ma’no qatlamlariga ham ega bo‘lishi mumkin. Masalan, bundan 8–10 yil oldin o‘zimiz yashayotgan mahalla yoki qishlog‘imiz aholisi bilan kundalik hayot tashvishlari haqida suhbatlashsak, “Ha, endi amal-taqal qilib kun ko‘rib yuribmiz-da, ilojimiz qancha”, deguvchilar ko‘p bo‘lardi. O‘zbekona andisha pardasi bilan haqiqiy holat biroz yumshatib aytilgan bu so‘zlar zamirida turmushning nochorligi, yetishmovchilik va muammolar har qadamda uchrab turishi bilan bog‘liq dard-u hasrat mujassam edi.

 

Bugungi kunda-chi?

Endi ana shu odamlarning aksariyati “E, mana, insondek yashay boshladik, bo‘lar ekan-ku, bechoraning ham yelkasiga oftob tegarkan-ku!” degan fikrni minnatdor bo‘lib aytmoqda. Chindan ham o‘tgan g‘oyat qisqa davrda oddiy yurtdoshlarimiz hayotida keskin ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Ilgari yo‘limizdagi hech qanday kuch bilan tebratib, qo‘porib bo‘lmaydigandek tuyulgan qoyadek zil va og‘ir g‘ovlar ulkan jasorat bilan dast ko‘tarilib, uzoq-uzoqlarga uloqtirib tashlandi. Mamlakatimizda bundan yetti yil oldin boshlangan o‘zgarishlar shamoli xalqimiz hayoti va taraqqiyotiga xalaqit berib turgan barcha to‘siqlarni yo‘limizdan supurib tashlamoqda. Islohotlar har bir inson, oila va mahalla hayotiga jadal kirib bormoqda.

 

Holbuki, ilgari ham Konstitutsiyamiz, qonunlarimiz bor edi. Ularda har bir yurtdoshimizning fuqarolik huquqlari belgilab qo‘yilgan. Ana shu huquqlarni amalda ta’minlashi shart bo‘lgan davlat va hokimiyat organlari ham mavjud edi. Lekin, afsuski, odamlarning oddiy fuqarolik huquqlari ta’minlanmasdi. Chunki xalqning tiynatidagi yangilikka intilish va tashabbus tuyg‘usini ezib, majaqlab, odamlarni og‘zini ochishga ham qo‘rqadigan qilib qo‘ygan edik. Ko‘pchiligimiz “Ha, endi mustaqil davlat qurish shunday bo‘lar ekan-da”, deb bunday adolatsizliklarga ko‘nikib ketgandik.

 

Nimasini aytasiz, olis shahar yoki qishloqdan poytaxtga kelgan o‘zbek farzandi o‘z yurtida erkin yurolmas, har qadamda “pasport nazorati” degan ta’qibga uchrar edi. Minglab odamlar yurtimizda tug‘ilib va yashab, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lolmay armonda dunyodan o‘tib ketgani ham ayni haqiqat. Toshkent shahrida “propiska”dan o‘tish, uy-joy yoki mol-mulk sotib olishdan ko‘ra biror-bir xorijiy mamlakatga borib, odamdek yashash osonroq edi. Shuning uchun o‘z qadrini bilgan qancha mardum lash-lushini yig‘ishtirib, muhojirlikni afzal bilgani ham hech kimga sir emas.

 

Davlat o‘z fuqarolariga ishonmas, tadbirkorlik va boshqa qonuniy faoliyatlar uchun imkoniyat yaratib berish u yoqda tursin, hatto qonuniy ishlab topgan pulini bankda chet el valyutasiga almashtirib olishiga yo‘l bermas edi.

Toshkent shahriga kirib kelishdagi nazorat postlarini ayting!

Bolalar bog‘chasi va uy-joy sohasidagi muammolarni ayting!

Bechora ota-onalarning o‘g‘il-qizlarini to‘qqizinchi sinfdan so‘ng qaysi litsey va kollejga bersam ekan deb, dardini kimga aytishni bilmasdan, bosh changallab, izillab yurganlarini ayting!

Ishsizlik, xorijga mehnat migranti sifatida borish yo‘lidagi to‘siqlar, davlat xizmati ko‘rsatishdagi sansolarliklar, oliy o‘quv yurtiga kirishdagi har yili to yanvar oyiga qadar cho‘ziladigan boshi-keti yo‘q mashmashalar!..

E, qaysi birini aytasiz! Sanayversangiz, adog‘i ko‘rinmaydi bu yaqin tarixning...

Qisqasi, har qadamda adolatsizlik, har eshikda inson sha’nini kamsitib, yerga uradigan muhit hukmron edi.

Nahotki, shuncha muammolar bir necha yilga qolmasdan hal bo‘lib ketgan bo‘lsa!

Nahotki, yillar davomida haqiqat izlab ovora bo‘lgan odamlarning ko‘ksiga shamol tegib, orzu-armonlari ushalayotgan bo‘lsa!

 

To‘g‘risi, odam daf’atan ishongisi kelmaydi. Bo‘layotgan islohot va yangiliklar bamisoli tushda kechayotgandek. Lekin bularning barchasi haqiqat, bugungi kunimizning real voqeligi, tush emas, aziz vatandosh, xotirjam bo‘ling!

 

Yaratganning o‘zi xalqimiz boshiga baxt qushini qo‘ndirdi. Yillar davomida chigallashib ketgan qancha-qancha og‘ir muammolar hech qanday ijtimoiy larzalarsiz, janjal-to‘polonlarsiz qisqa muddatda shu qadar muvaffaqiyatli hal etilgani chindan ham Allohning bizga ko‘rsatgan cheksiz marhamati emasmi? Esingizdadir, yaqin-yaqingacha yuragimizda agar chuqur islohotlarni boshlasak, odamlarga demokratiya va erkinlik bersak, jamiyatda talato‘p boshlanib ketmasmikan, degan qo‘rquv va hadik bor edi. Qo‘rquv esa yangilik va islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq. Xato qilishdan qo‘rqqan odam hech qachon oldinga qarab borolmaydi, biron-bir natijaga ham erisholmaydi. Xalqimiz juda topib aytganidek, “Toqqa chiqmasang, do‘lona qayda, jon chekmasang, jonona qayda?”

 

Keyingi yillardagi ulkan islohotlarimiz tajribasi bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: el-yurt bilan muloqot va maslahat qilib, har bir ish chuqur o‘ylab, odamlar manfaatini ko‘zlab amalga oshirilsa, demokratik islohotlar janjal va talato‘plarga emas, aksincha, tinch hayotimizni, jamiyatdagi o‘zaro hurmat va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilar ekan. Ezgu maqsadlar bilan dadil oldinga borganni xalq ham, Yaratgan ham qo‘llab-quvvatlab, mardligi va jasoratiga yarasha yutuq va natijalar ato etar ekan. Biz bugun yangi O‘zbekiston va Prezidentimiz misolida yurtimizda amalga oshirilayotgan olamshumul o‘zgarishlar hamda ularning hayotbaxsh samarasi asosida bu fikrga to‘la ishonch hosil qilib turibmiz.

 

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar g‘oyat serqirra va keng ko‘lamli bo‘lib, ular haqida batafsil fikr yuritish, tub mohiyatini ochib berish uchun albatta o‘ta zalvarli ilmiy kuzatish va tadqiqotlar olib borish lozim bo‘ladi. Lekin ularning asosiy maqsad va yo‘nalishlari bugungi kunda oddiy odamlarga ham ma’lum. Bular inson va uning qadrini yuksak darajaga ko‘tarish, barcha sohalarda milliy manfaatlarimizni ta’minlash, shu asosda millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir inson erkin va farovon yashaydigan yangi O‘zbekistonni barpo etishdan iborat.

 

Bunday olijanob maqsadlarga erishish mexanizmlari ham ko‘pchilikka ayon: demokratiya va erkinlik siyosatini, dunyoga ochiqlik yo‘lini izchil davom ettirish, barcha sohalar rivojida ilm, ilm va yana bir bor ilm, yangilik va innovatsiyalarga tayanish, ta’lim sifatini oshirish, islohotlarni mahalla darajasiga tushirib, xalqqa yanada yaqinlashtirish va hokazo.

 

Biz keyingi yillarda turli sohalarda erishgan yutuq va natijalarimizni faqat statistik tahlil asosida qayd etishga o‘rganib qolganmiz. Aslida, har bir raqam ortida inson va uning hayoti, xalqning turmush darajasi mujassam ekaniga ko‘p ham e’tibor bermaymiz. Keling, ba’zi ko‘rsatkichlarni aynan shu nuqtai nazardan yana bir bor tahlil chig‘irig‘idan o‘tkazib ko‘raylik.

 

Agar 2016-yilda bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish darajasi 27 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu raqam 72 foizga yetdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bog‘chaga qatnagan bola bilan bog‘chaga qatnamagan bola o‘rtasida, ularning jismoniy va aqliy rivojlanishi o‘rtasida katta farq bor. Xuddi shunday, ularning ota-onalari o‘rtasida ham hayotga, farzandlar tarbiyasiga qarashda, istiqbolini belgilashda sezilarli farq bo‘ladi. Chunki bog‘cha ilmiy asosda, aniq metodika bo‘yicha tarbiya beradigan, bolaning jamiyatga, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga tayyor holda – ongli fuqaro va kerakli mutaxassis sifatida integratsiya bo‘lishini ta’minlaydigan ta’lim-tarbiya tizimining boshlang‘ich va eng muhim bo‘g‘ini. Bu tarbiya maktab tizimida yanada rivojlantiriladi va oliy ta’lim tizimida takomillashtirilib, mantiqiy yakuniga yetkaziladi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimi tarmoqlari keskin kengaygani va ulardagi qamrov bir necha barobar ortgani tufayli yuqorida zikr etilgan farq bolalar o‘rtasida ham, ota-onalar o‘rtasida ham tobora kamayib boradi. Binobarin, jamiyatga, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar jarayoniga integratsiya bo‘ladiganlar soni ko‘payadi, xalqning umumiy maqsadlar atrofidagi birligi, jipsligi kuchayadi.

 

Mana ko‘ryapsizmi, birgina maktabgacha ta’lim tizimidagi islohotlarning ijtimoiy ahamiyati qanchalik beqiyos. “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan shior asosida yurtimizda maktab ta’limi ham tubdan yangilanmoqda. Ushbu tizimda qisqa muddatda qo‘shimcha ravishda 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratilgani, butunlay yangi namunadagi 200 ga yaqin Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda 400 ta xususiy maktab faoliyati yo‘lga qo‘yilgani farzandlarimiz uchun o‘quvchilik yillaridan boshlab ta’lim-tarbiya olishda o‘ziga xos tanlash imkoniyatlari yaratib berilayotganidan dalolatdir. Bunday rang-baranglik, bir nechta variantlar mavjudligi sohada sog‘lom raqobat bo‘lishi, ta’lim sifatining oshishida muhim ahamiyatga ega.

 

Yoshlarimiz kamolotida alohida o‘rin tutadigan oliy ta’lim tizimidagi holatni ham kechagi kun bilan mutlaqo solishtirib bo‘lmaydi. O‘rtadagi farq osmon bilan yercha desak, to‘g‘ri bo‘ladi. So‘nggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan bugun 38 foizga yetdi. Oliygohlar soni esa 77 tadan 210 taga, nodavlat institut va universitetlar esa 65 taga yetdi.

 

Ayniqsa, oliy ta’lim olish bo‘yicha qizlarga alohida sharoitlar yaratib berilayotgani xalqimiz orzularining yana bir ro‘yobidir. Chunki qizning bilimli va ma’rifatli bo‘lishi u unib-o‘sgan, ertaga kelin bo‘lib boradigan oilaning baxti. Bu – butun jamiyatning baxti. Nega deganda, ilm-ma’rifatli ona o‘z farzandlarini, albatta, jismoniy va ma’naviy barkamol qilib, zamon talablari asosida tarbiyalaydi, ro‘zg‘orini pok, fayzli va barakali saqlaydi, hayotda bo‘lib turadigan qiyinchiliklar paytida ham umidsizlikka tushmasdan, har qanday masalaning huquqiy, moddiy va ma’naviy yechimini topa oladi. Moliyaviy tomondan ham, ma’naviy-ruhiy jihatdan ham mustaqil bo‘lib, ayollik sha’ni va g‘ururini asrab yashaydi.

 

Yana bir tomoni shundaki, qizlarning bilim va kasb-hunarlarni, chet tillarni o‘rganishiga bunday keng yo‘l ochayotganimiz biz barpo etayotgan jamiyatning ma’rifiy darajasi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shuning o‘zi Uchinchi Renessans poydevoriga qo‘yilgan eng muhim va mustahkam g‘isht desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Bugungi kunda “obod mahalla”, “obod qishloq”, “mahallabay”, “xonadonbay”, “kambag‘allikni qisqartirish”, “mahalladagi yettilik” kabi tushunchalar xalqimizning qalbi va ongiga chuqur singib, yangi davr qadriyatlariga aylanib bormoqda. Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-ma’naviy qiyofasi, uning g‘oyaviy asoslari ana shunday qadriyatlarga tayanadi. Hech shubhasiz, hayotimizning turli soha va tarmoqlarida keyingi yillarda erishgan yutuqlarni mustahkamlab, keng ko‘lamli islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish – zamon talabi. Shu bois, mamlakatimizda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilinib, uning doirasida ulkan amaliy ishlar boshlab yuborildi.

 

Strategiyada 2030-yilga borib, yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga hisoblaganda esa 4 ming dollarga yetkazishdek yuksak marralar belgilandi. Albatta, turli tahdid va xatarlar, global muammolar ortib borayotgan hozirgi g‘oyat murakkab davrda o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishish oson bo‘lmaydi. Buning uchun har bir yurtdoshimiz Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz kelajagi yo‘lida o‘z burchi va mas’uliyatini yanada chuqur anglab, zamon talablarini tushunib, avvalgidan bir necha hissa ko‘p va samarali mehnat qilishi lozim.

 

Eng muhimi, bugungi tarixiy burilish pallasida milliy birlikni, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz”, degan so‘zlarida ham chuqur hikmat, ham barchamizga qaratilgan o‘tli da’vat, murojaat mujassamdir. Demak, xalqimizning baxti, kelajagi va farovonligi, Vatanimiz mustaqilligi, uning dunyo maydonida mustahkam qo‘rg‘ondek turishi va shon-shuhrati, avvalo, bizning birligimiz, hamjihatligimizga bog‘liq.

 

Birlik – bu eng katta imkoniyat, boylik va yutuq. Chunki aynan birlik tufayli tarqoq kuchlar, fikrlar, resurslar yagona maqsad sari safarbar etiladi. Aynan birlik tufayli kichik imkoniyatlar katta imkoniyatga, kichik natijalar katta natijalarga aylanadi. Aynan birlik tufayli har birimizning ishimiz va faoliyatimizdagi ayrim xato va kamchiliklar barham topadi. Xatoni tuzatish bu – behuda sarflanayotgan kuch va imkoniyatni foydali ishga yo‘naltirib, hayotbaxsh resursga aylantirish, degani.

 

Albatta, hayotimizda hali kamchilik va muammolar ko‘p. Eng tashvishli jihati – bugungi erkin va obod hayotni, uning bag‘ridagi ulkan imkoniyatni hamma ham birdek qadrlayotgani yo‘q. Oramizda noshukurchilik qilib, boqimandalik kayfiyatiga berilgan, faqat davlatning qo‘liga qarab “Oy chiqsa ham, kun chiqsa ham menga bo‘lsin”, deb o‘zining tor shaxsiy manfaati bilan yashaydiganlar ham, afsuski, kam emas. Milliy birlik va jipslikning buyuk qudrati shundaki, u ana shunday insof-u diyonat manzilidan uzoqlashgan odamlarni ham tarbiyalab, sog‘lom safga qaytaradi.

 

So‘zimiz boshida alohida ta’kidlangan insondek munosib yashash masalasiga qaytaylik. Biz keyingi yillar davomida ana shunday hayotga o‘rgandik.

Endi tashvish va muammolarimizni davlat idoralarida kunlab, oylab navbatda turib, ming azobda bitirishdek achinarli holatlar yo‘q.

Endi maktab o‘quvchilari va talabalarni o‘qishdan qoldirib, paxta dalalariga majburan haydash yo‘q.

Endi tadbirkorlik yo‘lida, pok orzu-niyatlar yo‘lida ming xil hiyla-nayranglar yo‘q.

Bu yilning o‘zida mamlakatimizda yuzlab yangi uylar qurilmoqda. Demak, yurtdoshlarimiz uchun Vatanda “vatansizlik” muammosi yo‘q va endi hech qachon bo‘lmaydi ham.

 

Umuman, qaysi jabhani olmang, dunyoda ozod va erkin yashayotgan mutaraqqiy xalqlarga xos hayot tarzi, talab va mezonlari bizning turmushimizga ham kirib kelayotganini ko‘ramiz. Barchamizning ko‘ksimizni tog‘dek ko‘taradigan, g‘ururimizga g‘urur qo‘shadigan ana shunday umidbaxsh jarayonlar bardavom bo‘lishi, yanada kuchayib borishini, albatta, har birimiz istaymiz. Demak, hech qachon ortga qaytmasdan, shu yo‘ldan qat’iy olg‘a borishga barchamiz tayyormiz.

 

Shunday ekan, aziz vatandosh, keling, jonajon yurtimiz ravnaqi, buyuk maqsadlar ijrosi yo‘lida qo‘lni qo‘lga berib, birlashaylik! Birlashgan xalq va jamiyat o‘zining bunyodkorlik qudrati bilan qanday ulug‘ ishlarga qodir ekanini amalda yaqqol namoyon etib, har birimiz kelajak avlodlarga ezgu nom, ibratli hayot va maktab qoldiraylik.

 

Hech qachon unutmaylik: tog‘ jilg‘alaridek birlashsak, ulug‘ daryo, ulug‘ dengiz bo‘lamiz!

Birlashsak, yutug‘imizga yutuq, imkoniyatimizga imkoniyat, qudratimizga qudrat qo‘shiladi!

Birlashsak, milliy irodamiz, kuch va salohiyatimizni to‘la namoyon etamiz!

Birlashsak, ezgu maqsadlarimizga albatta yetamiz!

 

Aziz vatandosh, keling, jonajon yurtimiz ravnaqi, buyuk maqsadlar ijrosi yo‘lida qo‘lni qo‘lga berib, birlashaylik! Birlashgan xalq va jamiyat o‘zining bunyodkorlik qudrati bilan qanday ulug‘ ishlarga qodir ekanini amalda yaqqol namoyon etib, har birimiz kelajak avlodlarga ezgu nom, ibratli hayot va maktab qoldiraylik.

 

“Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan shior asosida yurtimizda maktab ta’limi ham tubdan yangilanmoqda. Ushbu tizimda qisqa muddatda qo‘shimcha ravishda 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratilgani, butunlay yangi namunadagi 200 ga yaqin Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda 400 ta xususiy maktab faoliyati yo‘lga qo‘yilgani farzandlarimiz uchun o‘quvchilik yillaridan boshlab ta’lim-tarbiya olishda o‘ziga xos tanlash imkoniyatlari yaratib berilayotganidan dalolatdir.

 

Furqat JO‘RAQULOV,

Respublika Ma’naviyat va

ma’rifat markazi

rahbarining

birinchi o‘rinbosari

 

Yangi O‘zbekiston” gazetasi,

2023 yil 12 oktabrm, 211-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19353
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16484
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi