“Kelajak koʻzlari”. “Koinot Odisseyi: 2001” qanday qilib barcha davrlarning eng yaxshi ilmiy-fantastik filmiga aylandi?


Saqlash
17:44 / 18.10.2023 1797 0

Ekranlashtirilgandan 50 yillik oʻtib ham uni birinchi marta koʻrayotgan tomoshabinni hayajonga soluvchi, hayratlantiruvchi filmlar juda kam. Bunday filmlar ortida oʻz ishining haqiqiy ustalari va ulkan mehnat turadi. 1968-yilda premyera qilingan “Koinot Odisseyi: 2001” filmi ana shunday kartinalardan biri. Ushbu film oʻz davri uchun haqiqiy inqilobiy hodisa boʻldi. Rejissyor va ssenarist bu filmda kelajakka boqdi va ularning kelajak haqidagi tasavvurlari keyinchalik hatto reallikka ham aylandi. Film shu qadar murakkab, nisbatan zerikarli, ajoyib va betakrorki, uni koʻrgan inson nega bu kino durdona kartina hisoblanishini tushunmasligi mumkin.

 

Rejissura va ilmiy-fantastika “daholari” ishi

 

“Koinot Odisseyi: 2001” filmi butunjahon kino tarixidagi eng muvaffaqiyatli, mashhur, kult filmlardan biri hisoblanadi. Amerika kino instituti “Koinot Odisseyi”ni Hollivud tarixidagi eng yaxshi ilmiy-fantastik film deb topgan. Koʻplab kinotaqrizchilar va kinomuxlislar esa uni kino tarixidagi eng yaxshi kartina deb hisoblaydi.

 

NASA Mars sayyorasini oʻrganuvchi oʻz qurilmasini ushbu film sharafiga “Mars Odisseyi” deya nomlagan. Kino “Eng yaxshi maxsus vizual effektlar” nominatsiyasi boʻyicha Oscar mukofotiga sazovor boʻlgan.

 

Ushbu filmdan soʻng yaratilgan koʻplab mashhur kinolar, multfilmlar va musiqalarda kartinaning kulminatsion sahnalari va, albatta, saundtrekidan foydalanilgan (masalan “Charli va shokolad fabrikasi”, “Simpsonlar”, “Zoolander” hamda yaqinda premyerasi boʻlib oʻtgan “Barbi” filmi).

 

Film “rejissura dahosi” deb aytiluvchi rejissyor Stenli Kubrik tomonidan suratga olingan. Kubrik ushbu asari ustida bir necha yil ishlagan va u orqali rejissura sohasida yangi davrni boshlab bergan. Rejissyorning yana bir nechta kult filmlari boʻlsa-da, “Koinot Odisseyi: 2001”ni Kubrik faoliyatining choʻqqisi deyish mumkin. Chunki rejissyor bu filmda nafaqat betakror sahnalarni yaratdi, balki insonning tasavvur olami qanchalik kengligini koʻrsatdi va kelajakni tasvirladi.

 

Juda injiq rejissyor hisoblanuvchi Kubrik filmdagi har bir detalga eʼtibor qaratgan. 1960-yillarda kompyuter texnikasi hali endigina rivojlana boshlagani uchun vizual sahnalar minglab varaqlarga qoʻlda chizilgan. Kubrik Oy yuzasini shu qadar mukammal tasvirlagandiki, oradan bir yil oʻtib, Oyga qoʻngan “Apollon-11” jamoasi filmdagi tasvirlar reallikdagi Oy manzarasidan deyarli farq qilmasligini koʻrsatdi (Oy fitnasi, yaʼni Oyga odam oyogʻi yetganiga ishonmaydigan insonlar aynan shu filmdagi epizodlarga tayanib, AQSH kosmonavtlarining Oy qoʻnishi Kubrik tomonidan sahnalashtirilgan deb daʼvo qiladi).

 

Rejissyor Stenli Kubrik

 

“Koinot Odisseyasi: 2001” filmi muvaffaqiyati faqatgina buyuk rejissyorga bogʻliq emas edi. Filmning ssenariysi uchun asos boʻlgan asarlar mashhur yozuvchi, injener, ixtirochi Artur Klark qalamiga mansub boʻlgan. Koʻpchilik “Koinot Odisseyi” Klarkning “Abadiylik qoʻriqchisi” asari asosida olingan deb hisoblasa-da, yozuvchining oʻzi buni rad etib, film ssenariysi bir necha asar syujetini oʻz ichiga olgani va Kubrik bilan birgalikda yozilganini taʼkidlagan.

 

Artur Klark nafaqat yozuvchi, balki buyuk ixtirochi ham edi. U hozirgi vaqtda insoniyat kundalik turmushida muhim oʻrin egallagan sunʼiy yoʻldosh aloqa tizimi gʻoyasi muallifidir. Yaʼni, sunʼiy yoʻldoshlarning Yerdan toʻlqinlarni qabul qilishi va ularni butun dunyo boʻylab Yerdagi boshqa antennalarga uzatishi Klarkning tafakkuri mahsuli edi. Bu gʻoya mobil aloqa, televizion toʻlqinlar, internetning paydo boʻlishiga sabab boʻldi.

 

Qolaversa, u sunʼiy yoʻldoshlardan ob-havo bashoratida foydalanish mumkinligini taʼkidlagan va hozirda bu amaliyotda qoʻllanilmoqda.

 

Klarkning ilm-fan oldidagi ulkan xizmatlari evaziga Yerning geostatsionar orbitasi “Klark orbitasi” deb nomlangan. Plutonning Haron tabiiy yoʻldoshidagi togʻlardan biriga Artur Klark nomi berilgan. Britaniya sayyoralararo jamiyatidagi uzoq yillik faoliyati uchun Klark Britaniya imperiyasi ordeni komandori va ritsar-bakalavr unvonlari bilan taqdirlangan.

 

Artur Klark

 

Film ssenariysi mana shunday mahoratli olim ishtirokida yozilgandi. Garchi Kubrik ham baʼzi qoʻshimchalar kiritgan boʻlsa-da, syujet Klark gʻoyalariga asoslangandi. Va bu filmning ham rejissura jihatdan, ham syujet jihatdan mukammal boʻlishini taʼminlagan.

 

Albatta, shedevr filmda ham kamchiliklar bor. Masalan, kinoda kosmonavtlar Oyning Klaviy krateriga qoʻnganda, ufqda Yer sayyorasi koʻrinadi. Biroq Klaviy krateri (Oydagi eng sirli krateri) Oyning ekvator qismiga yaqin joylashgan va u yerda turgan odamga Yer ufqda emas, tepada koʻrinadi. Yer gorizontda koʻrinishi uchun inson Oyning qutblaridan birida turishi kerak.

 

Yana bir ilmiy xato film qahramonlaridan biri, doktor Floyd qizi bilan video aloqa orqali suhbatlashganda yuz beradi. Ular xuddi Yerdagi kabi gaplashadi, yaʼni, Yerdagi insonning ovozi kosmik kemadagi odamga pauzalarsiz eshitiladi, aslida esa Yer va Oy oʻrtasidagi toʻrt ming kilometrlik masofa sabab signallar almashinuvi uchun 2-3 soniya vaqt talab etiladi.

 

Klavey krateri. Ushbu krater undagi kichik kraterlar matematik jihatdan aniq o‘lchamlarda bir-biridan farq qilishi bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortadi

 

Qolgan kamchiliklar, asosan hozirgi kunda, ilm-fan ancha rivojlangach paydo boʻlgan.

 

Kichik kamchiliklardan qaramasdan, kartina baribir katta shuhratga erishdi. Xususan, unda juda zamonaviy kelajak moslamalari namoyish qilingani film qiymatini yanada oshirdi. Misol uchun, koʻpchilik (jumladan Samsung kompaniyasi) Apple oʻz IʼPadlari dizaynini “Koinot Odisseyi” filmidagi qurilmadan olgan deb hisoblaydi.

 

Film oʻzi nima haqda?

 

“Koinot Odisseyi: 2001” filmi ikki qismdan iborat. Birinchisi qismda (The dawn of man) ilk insonlarning ajdodi hisoblanuvchi avstralopiteklar hayoti va ularning sivilizatsiya tomon qadam tashlashi tasvirlanadi.

 

Ikkinchi qismda esa voqealar XX asrga koʻchadi va yulduzlararo fazo kemalari ekranda koʻrinadi. Shundan soʻng qahramonlar avval Oyga, keyinchalik Yupiterga otlanadi.

 

Film soʻngida qahramonlardan biri yuqori insonga (overman, сверхчеловек) aylanadi va Yerga qaytadi (yaʼni, qadimgi yunon yozuvchisi Gomer dostonidagi Odissey kabi uzoq sayohatdan soʻng uyiga qaytib keladi). Shu tariqa filmda insoniyat sivilizatsiyasining uch bosqichi: avstralopitek (maymun), odam va yuqori odam gavdalantiriladi.

 

Filmdan sahna

 

Yuqori inson — faylasuf Fridrix Nitsshening “Zardusht tavallosi” asarida qayd etilgan tushuncha boʻlib, inson qudrat (sivilizatsiya) jihatdan maymundan qanchalik ustunlik qilsa, yuqori inson ham odamdan shunchalik yuqoriroq turadi. Nitsshening fikricha, inson eng mukammal jonzot emas va kelajakda insondan ham aqlliroq, kuchliroq, qobiliyatliroq jonzot — yuqori inson paydo boʻladi.

 

Filmning afsonaviy saundtreki ham Nitsshe ijodi bilan bogʻliq. Kubrik kartinadagi hayajonli sahnalar uchun ideal kompozitsiya tanlagan — Rixard Shtrausning “Zardusht tavallosi” musiqasi. Buyuk rejissyor film gʻoyasi va saundtrekini ajoyib tarzda uygʻunlashtirgandi.

 

Kinodagi voqealar juda sekin, bosiqlik bilan sodir boʻladi va bu tomoshabinda zerikishni paydo qilishi mumkin. Ammo filmdagi har bir detal qandaydir ilmiy yoxud falsafiy bilimga ishora qiladi va uni payqash uchun koʻruvchi eʼtibor va katta bilimga ega boʻlishi kerak. Har safar yangi bilimlarga ega boʻlgach, film qaytadan koʻrilganda undan yangi ishoralarni topish mumkin. Zero, uning ssenaristi Artur Klark “agar tomoshabin filmdagi barcha narsani osonlik bilan tushunsa, unda kartinani ikkilanmasdan axlatga tashlash mumkin” degan edi. Klark va Kubrik filmni nafaqat maftunkor, balki murakkab qilishni uddalagan.

 

Oradan 50 yil oʻtib ham “Koinot Odisseyi: 2001” filmi koʻplab tortishuvlar va muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Ayniqsa, qanday maʼno anglatishi tomoshabinning oʻzining ixtiyoriga qoldirilgan film yakuni haligacha bahslar markazida.

 

Film qahramonlari Oy yuzasida. Ufqda Yer sayyorasi

 

Kartina soʻngidagi sahnani qanday tushunish mumkin?

 

Ehtiyot boʻling, spoyler!

 

Film soʻngida qahramonlar biri (Boumen) Yupiter sayyorasi oldidagi qora monolit tomon uchadi va shundan soʻng bir necha daqiqalik tushunarsiz effekt paydo boʻladi.

 

Koʻz va vizual effekt tasvirlaridan soʻng Boumen fransuz uslubidagi xonada paydo boʻladi va bir necha epizoddan soʻng, xona oʻrtasida paydo boʻladi. Bir necha daqiqa ichida Boumenning qarigan va oʻlim toʻshagida yotgan kadrlari koʻrsatiladi. Va nihoyat yana qora monolit koʻrinish beradi va Boumen yotgan divanda shaffof sferali embrion paydo boʻladi. Kamera qora monolitga yaqinlashadi va ekranda oldinroq shunday monolit topilgan Oy koʻrinadi. Oy yonida esa Yer hamda unga qarab turgan embrion namoyish qilinadi. Shu bilan film tugaydi.

 

Ushbu kadrlar qanday maʼno anglatishi uzoq vaqt davomida muxlislar bahsiga sabab boʻlgan. 1980-yilda yaponiyalik kinematograf Yan Ichi Yaoy oʻzining maxsus dasturi uchun Kubrik bilan telefon orqali suhbatlashadi va “Koinot Odisseyi: 2001” yakunini muhokama qiladi. Ushbu suhbat videosi Yan Ichining loyihasi amalga oshmagani uchun arxivda qolib ketadi va 2016-yilda eBay videokassetani eʼlon qiladi.

 

Filmdan sahna

 

Kubrikning aytishicha, Boumen Yupiter sayyorasi oldidagi qora monolit orqali boshqa olamga oʻtgan. Uni makon va zamondan tashqaridagi, hech qanday shaklga ega boʻlmagan, aql va sof energiyadan tashkil topgan mavjudotlar, yaʼni oʻzga sivilizatsiya vakillari olib ketgan.

 

“Ular Boumenni oʻrganish uchun, insonlar jonzotlarni hayvonot bogʻiga joylashtirgani kabi bir xonaga joylashtiradi. Uning butun hayoti shu yerda oʻtadi, ammo u vaqt oʻtishini sezmaydi, uning uchun barchasi xuddi tomoshabin koʻrganidek, bir lahzada kechadi.

 

Ular Boumen oʻzini uydagidek his qilishi uchun fransuz arxitekturasidagi xonani qurgan, ammo unchalik oʻxshatisha olmagan. Men buni ataylab, ular inson nimani maʼqul koʻrishini toʻliq bilmaydi degan fikrda shunday qildim. Chunki, biz ham hayvonlar qanday sharoitda oʻzini bexavotir his qilishini aniq bilmaymiz.

 

Filmni suratga olish jarayoni

 

Qahramon, nihoyat, bizning madaniyatlardagi koʻplab afsonalaridagidek super mavjudotga aylanadi va Yerga qaytadi. Aytish mumkinki, u yuqori insonga aylangandi. Biz unga nima boʻlganini faqat taxmin qilishimiz mumkin. Bu har qanday mifologiyadagi muhim lahzadir va biz aynan shunga ishora qilgandik”, degan Kubrik film yakuniga izoh berib.

 

Yaʼni, kartina yakunida Boumen makon va zamondan mustaqil, sof energiyadan iborat yuqori insonga aylanadi. Koinot Odisseyi missiyasi bajariladi, qahramon uyiga qaytadi. Ammo bu shunchaki sayohat emas, uzoq, mashaqqatli, abadiylik yoʻli bosib oʻtilgan samoviy sayohat edi.

         

Muhammadqodir Sobirov

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 129
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//