Bashoratlarni puchga chiqargan, mashhur boʻlmay turib Nobel olgan Yun Fosse kim?


Saqlash
18:37 / 09.10.2023 3647 5

Shvetsiya akademiyasi 2023-yilgi adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti sohibi norvegiyalik dramaturg va yozuvchi Yun Fosse ekanini eʼlon qilarkan, koʻpchilikning taxmini puchga chiqqani rost. Hatto aksariyat oʻzbek kitobxonlarida “Yun Fosse kim oʻzi?”, “Qaysi karomati uchun Nobel mukofoti berildi?” kabi savollar paydo boʻldi. Oyina.uz ayni savollarga javob topish maqsadida Yun Fosse hayoti va ijodi haqidagi maqolani eʼtiboringizga havola etadi.

 

Mukofotoldi bahs-munozaralar

 

Aslida Nobel nomzodlarining ismi sir saqlanib, oradan ellik yil oʻtibgina ochiqlanadi. Biroq har yili adabiyot yoʻnalishida mukofot topshirilishi oldidan koʻplab nufuzli manbalar, soha ekspertlari va kitobxonlar gʻolib boʻlish ehtimoli bor yozuvchilar haqidagi taxminlarini oʻrtaga tashlashadi. Bu yil ham ana shunday boʻldi. Ammo to mukofot topshirilgan lahzaga qadar Yun Fosse nomi unchalik eʼtibor markazida emasdi. Nufuzli nashrlarga koʻra, 2023-yilgi mukofot uchun asosiy daʼvogar sifatida xitoylik adiba Tsan Syue (8/1 nisbat bilan), dunyoga mashhur yapon yozuvchisi Haruki Murakami (12/1 nisbat bilan), keyingi oʻrinlarda esa Salmon Rushdiy, Jerald Murneyn, Margaret Etvud kabi taniqli ijodkorlardan biri uloqni olib ketishi mumkin deb qaralayotgan edi. Nomzodlar roʻyxatida oʻzbek yozuvchisi Hamid Ismoilovning ham nomi borligi haqida uzunquloq gaplar tarqalgan edi.

 

Bashoratlar oʻzini oqlamadi

 

Taxmin oʻz nomi bilan – taxmin, bashorat ham oʻz nomi bilan – bashorat, xolos. Nobel qoʻmitasi esa eng munosib nomzodni tanlash uchun rosa bir yil vaqt sarflaydi. Avvaliga adabiyotshunos va tilshunos professorlar, ilgari mukofotga loyiq koʻrilgan ijodkorlar va adabiy uyushmalar prezidentlariga nomzodlarni tavsiya etish soʻrab taklifnoma yuboriladi. Kelgan takliflar jamlanib, tavsiya qilingan yozuvchilarning ijodi sinchiklab oʻrganiladi, avvaliga 15–20 nafarlik katta roʻyxat (longlist), keyin esa 5 nafar eng yaxshi nomzodning kichik roʻyxati (shortlist) tuziladi. Ana shu beshlikning asarlari obdan tadqiq etilib, yakunda ulardan biriga gʻoliblik nasib qiladi. Asarlari yuqorida tasvirlangan chigʻiriqlardan oʻtgan Yun Fosse Nobel qoʻmitasi xulosasiga koʻra “soʻz bilan ifodalab boʻlmaydigan narsalarga ham ovoz baxsh etgan oʻzgacha pyesalari va nasriy asarlari uchun” 2023-yilgi mukofot sohibiga aylandi.

 

 

Taʼkidlash joizki, Yun Fosse nomzodini qoʻllab-quvvatlaganlar, favoritlar qatorida koʻrganlar yoʻq emasdi. Jumladan, oʻzbek kitob blogeri, “Panda Books” blogi muallifi Jasurbek Bozorboyev bu yilgi adabiyot boʻyicha Nobel mukofotini kim olishi haqidagi taxminlarini yozar ekan, Yun Fosseni eng birinchi boʻlib zikr etgandi. Mukofotni topshirish marosimi YouTube orqali jonli efirga uzatilganida ham bir qator kuzatuvchilar Fosse nomzodini qoʻllab izohlar qoldirganini koʻrish mumkin edi. Demakki, janob Fosse shohsupani favqulodda zabt etgan oddiy skandinav yozuvchi emas, jahon adabiy muhitida oʻz mavqeyi va muxlislariga ega adib, deyish mumkin.

 

Fosse kim oʻzi?

 

Yun Olav Fosse 1959-yili Norvegiyaning janubiy qismidagi Rugalann guberniyasida dunyoga kelgan. Bergenn universitetida qiyosiy adabiyotshunoslik boʻyicha tahsil olgan. Fosse dunyoga asosan dramaturg, yozuvchi sifatida tanilgan, uning qalamiga mansub pyesalar Yevropa va AQShdagi yuzlab teatrlarning sahnalaridan tushmay kelayotir. Shuningdek, ijodkorning sheʼr va esselari, bolalar uchun yozgan kitoblari hamda tarjimalari ham ahamiyatga molik. 70 dan ortiq kitobi nashr qilingan Fossening asarlari qariyb 50 tilga tarjima qilingan. Yaqin kunlarda Fosse asarlarining geografiyasi yanada keng tarqalsa, ijodi yangi tillarga tarjima qilinsa, ajab emas. Kitoblari milliardlab kishilar tushunadigan tillarga oʻgirilgan boʻlishiga qaramay, Fossening oʻzi norveg tilining ikki asosiy adabiy shaklidan biri boʻlmish nyunorsk (“yangi norvegcha”) lahjasida ijod qiladi. Qiziqarli jihati, bu tildan salkam besh yarim millionlik norveglarning atigi 10 foizi foydalanadi, xolos. Bundan chiqdiki, yarim million odam ishlatadigan tilda asarlar yozib ham adabiyot olamidagi eng nufuzli mukofotni qoʻlga kiritish mumkin ekan!

 

 

Fossening dastlabki asarlari Bergenn universitetida tahsil olib yurgan vaqtlarida chop etilgan. 1983-yili esa uning debyut romani – “Qizil, qora” (“Raudt, svart”) nashrdan chiqadi va mashhur norveg yozuvchisi Taryey Vesos tomonidan iliq kutib olinadi. Romanda oʻsha davr norveg adabiyotida yetakchilik qilayotgan sotsrealistik janrning mutlaq teskarisi oʻlaroq, syujetdan koʻra koʻproq lingvistik ifoda usuliga urgʻu berilgan edi. Oradan koʻp oʻtmay, 1985-yilш yozuvchi “Yopiq gitara” (“Stengd gitar”) degan ikkinchi romanini, 1987-yili esa “Koʻzlari yoshli farishta” (“Engel med vatn i augene”) sheʼriy toʻplamini taqdim etdi. Qistirma gap oʻrnida aytadigan boʻlsak, Yun Fosse uch bor uylangan. Qaysidir maʼnoda uchala turmushining ham adib ijodiga taʼsiri bor, deyish mumkin. Birinchi xotinidan ayrilgach, yozuvchi yangi romani va ilk bor esselar toʻplamini nashr ettiradi (1989). Toʻqsoninchi yillarning boshida esa roman va hikoyalar yozish bilan birga, ikkinchi ayoli Greta Fotima Sayed koʻmagida oʻzini badiiy tarjimon sifatida ham sinab koʻrishga, bir qancha kitoblar tarjima qilishga muvaffaq boʻldi. Keyinroq Fosse tarjimon sifatida davlat koʻlamida amalga oshirilgan Injilni norvegchaga oʻgirish loyihasida ham faol qatnashgan.

 

Pyesalari minglab teatrlarda sahnalashtirilgan dramaturg

 

Yun Fosse sahna asarlari yozishni bundan oʻttiz yilcha oldin boshlagan. Uning birinchi pyesasi “Endi sira ayrilmaymiz” (“Og aldri skal vi skiljast”) 1994-yili sahnalashtirilgan. Shundan buyon ijodkorning qirqqa yaqin pyesalari jahonning nufuzli teatrlarida oʻynaldi. Masalan, Nyu-Yorkda “Men – shamol” va “Oʻlim variatsiyalari” pyesalari sevib koʻriladi. “Ona va bola”, “Gitarachi”, “Kuzgi tushlar”, “Yoz kuni”, “Uxla, bolam, uxla”, “Oʻlik itlar” kabi dramalari ham koʻplab tillarga tarjima qilinib, sahnalashtirilgan. Pyesalari oʻynalgan teatrlar soni mingdan oshib ketgan Fosse butun dunyoda asarlari sahnalashtirilishi boʻyicha yetakchi Genrik Ibsendan keyingi oʻrinda turuvchi mashhur norveg dramaturgiga aylandi. Uning pyesalari oʻn toʻqqizinchi asrda Ibsen tomonidan asos solingan anʼananing zamonaviy davomi sifatida talqin etiladi. Ammo ijodkorning oʻzi mutaassir boʻlgan ustozlari sifatida absurd teatrining yirik namoyandasi Samuel Bekketni, avstriyalik shoir Jorj Traklni hamda yana bir avstriyalik yozuvchi va dramaturg Tomas Bernhardni koʻp bor tilga olgan. Hayoti va ijodiga ijobiy taʼsir oʻtkazgan mualliflar va kitoblar qatorida Olav Hauge, Frans Kafka, Uilyam Folkner, Virjiniya Vulf va Injilni sanab oʻtgan.

 

Fosse xos yozuvchimi yoki shunchaki mashhur emasmi?

 

Tabiiyki, yuksak unvonni qoʻlga kiritgan adib ijodiga qiziqish birdaniga oshib ketadi. Badiiy adabiyot muhiblari yozuvchining ijodi bilan yaqindan tanishishni istab qoladi. Ayniqsa, Yun Fosse misolida bunday qiziquvchilar soni yanada yuqori boʻlishi mumkin. Boisi, Fossening asarlari ellik tilga tarjima qilingan boʻlsa-da, u asosan kichik nashriyotlar bilan ishlashni xush koʻradi. Fossening Buyuk Britaniya va Amerikadagi noshirlarini ham koʻpchilik bilmaydi. Masalan, uning bir necha asarlarini inglizchada chop etgan Buyuk Britaniyaning “Fitzcarraldo editions” nashriyoti bundan avval ham Nobel laureatlari ijodini chop etganini hisobga olmasak, u qadar katta mavqega ega emas. Amerikadagi “Transit books” nashriyoti jamoasi esa kaliforniyalik er-xotin Adam va Eshli Levilardan iborat, xolos. Bundan xulosa qilish mumkinki, Fossening asarlari Murakami va Rushdiy kabi raqobatchilariga oʻxshab millionlab oʻquvchilar qoʻliga yetib bormagan. “Publishers Weekly” jurnali bergan maʼlumotga koʻra, adibning eng mashhur asari “Septologiya” (“Yettilik”) Amerika bozorida jami boʻlib 6 500 nusxadan koʻproq sotilgan. Shunga qaramay, yozuvchining asarlari Nobeldan tashqari ham bir qancha milliy va nufuzli xalqaro mukofotlarga nomzod boʻlgan. Uning “Qizil, qora”, “Melanxoliya”, “Tong va shom”, “Eliss yongʻin ichida”, “Uygʻoqlik”, “Septologiya” kabi asarlari esa xos oʻquvchilari tomonidan sevib oʻqilgan.

 

Fosseni oʻqishni qayerdan boshlash kerak?

 

Gʻolib nomi eʼlon qilinganidan soʻng jurnalistlar Nobel qoʻmitasi raisi, shved yozuvchisi va shoiri Anders Olssonga kitobxonlar yangi sovrindorning ijodi mutolaasini qaysi asaridan boshlagani yaxshiligi haqidagi savol bilan yuzlandi. Qoʻmita raisi quyidagicha javob qildi:

 

– Yun Fosse har tomonlama aql bovar qilmas yozuvchi. Yozish uslubi judayam gʻalati, asarlarini oʻqirkansiz, xuddiki ich-ichingizdagi tuygʻularga teginib oʻtayotgandek tuyulaveradi. Uning bitta kitobini oʻqidingizmi, tamom – qolganlarini ham xatm qilmaguncha koʻnglingiz joyiga tushmaydi. Yozganlarida hayot va mamot haqidagi azaliy savollar, qoʻrquv va hayajon, ojizlik hissi, har bir inson bolasi azal-azaldan duch keladigan shunday ogʻriqlarni tasvirlaydiki, ijodi umrboqiy boʻlishiga, umumjahoniy miqyosda oʻqilishiga shubha qolmaydi. U xoh drama, xoh sheʼr, xoh roman boʻlsin, nimaiki yozmasin, insoniyatga daxldorlik mavjud.

 

 

Fosse asosan teatr uchun yozadi. Dramaturgiyasini ham oʻqish, ham tomosha qilish mumkin. Menimcha, pyesalariga qiziqqanlar istalgan biridan boshlashlari mumkin. Biroq nasriga keladigan boʻlsak, dastlab mutolaa uchun “Tong va shom” romanini tavsiya qilardim. Moʻjazgina bu asar juda ham chiroyli yozilgan. Adashmasam, bu romanni muallif ikki minginchi yillar boshida bitgan edi. Va albatta, Fosse ijodi bilan kengroq tanishishni istovchilarga “Septologiya”no o‘qishni maslahat beraman. Yaqin yillarda chop etilgan bu asarni har qancha taʼriflasang arziydi, menga qolsa Fossening shohasari shu degan boʻlar edim.

 

"New York Times" nashri esa Yun Fosse mutolaasiga shoʻngʻimoqchi boʻlganlar uchun boshqa eshikni koʻrsatgan. Unga koʻra, oktabr oyining soʻngida adibning “Yogʻdu” degan yangi romani ingliz tilida chop etilishi rejalashtirilgan. Eʼtiborli jihati, mazkur asar nomiga yarasha bor-yoʻgʻi 75 betdan iborat va qisqa-qisqa, soddagina tuzilgan jumlalardan tashkil topgan.

 

Hayot, sanʼat va Xudo yoxud yozuvchining shoh asari haqida

 

Fossesevarlar bir ovozdan “Septologiya” asarini adib ijodining gultoji sifatida talqin etishadi. Umuman olganda, bu fikrda jon bor. Ayni mana shu asari sabab Yun Fosse ingliz tiliga tarjima qilingan kitoblar uchun taqdim etiladigan dunyodagi eng nufuzli adabiy mukofotlardan biri – “The Man Booker Prize”ga 2020–2022-yillarda ikki marta tavsiya etilgan.

 

Yettita romandan iborat “Septologiya” uchta tom tarzida nashr etilgan. Birinchi kitob – “Oʻzga ism: Septologiya I-II” 2019-yili dunyo yuzini koʻrgan boʻlsa, ikkinchi kitob – “Men boshqaman: Septologiya III-V” (2020) va uchinchi kitob – “Yangi ism: Septologiya VI-VII” (2021) ham tez orada ham norveg, ham ingliz tillarida chop etildi.

 

 

Asar diniy-mistik ruhda yozilgan boʻlib, voqealar rivoji bir necha kunni qamrab oladi. Unda yoshi oʻtib borayotgan rassom Asle oʻzi istagan suratni to koʻngli toʻlmaguncha qayta-qayta chizar va shu asnoda mamlakatning boshqa qismida yashovchi rassom adashi bilan suhbatlashar edi. Asar syujeti oʻta sust, ammo uning tosh bosadigan qismi ayni mana shu dialoglar hisoblanadi. Asle suhbatdoshiga turli mavzularda, jumladan, Xudo, borliq, eʼtiqod, hayot, mamot haqida gap sotadi.

 

Aslida ushbu holat Aslening maʼlum asar ustida shunchaki ishlashi emas, balki Xudoga yaqinlashishini tasvirlaydi. Asar boshdan oyoq umuminsoniy mavzularni qamrab oluvchi dialoglardan iborat. Ikkala suhbatdosh, yaʼni ikkala Asle ham ayni sanʼat maktabida tahsil olgan, biroq bosh qahramongina rassom sifatida shuhrat qozongan edi. U sanʼatining omad tumori sifatida eʼtiqodini koʻradi. Ijod bilan birgalikda muttasil tarzda Yaratganga ibodat qiladi.

 

Fosse va Nobel

 

Sirasini aytganda, Yun Fosse Nobelni qoʻlga kiritgan toʻrtinchi norveg yozuvchisiga aylandi. Bu mukofotni undan salkam bir asr avval norveg adibasi Sigrid Undset olgan edi. Busiz ham mamlakatda ulkan obroʻga ega yozuvchining shuhrati yana-da oshdi, millat qahramoniga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore oʻzining “X” (sobiq Twitter) sahifasida quyidagicha xabar qoldirdi: “Bugun butun Norvegiya ahli bunday yuksak mukofotdan sarmast, barchamiz faxr hissini tuyyapmiz!”

 

 

Fossening oʻzi esa, aftidan, Nobel mukofotiga loyiq koʻrilgani va 11 million kronali boʻlganidan unchalik ham boshi osmonga yetmagan koʻrinadi. Unga Nobel qoʻmitasidan qoʻngʻiroq qilishganida gʻolib boʻlganidan mamnunligini, ammo u qadar hayratga tushmaganini bildiradi. “Rostini aytganda, xursandman, kutilmagan xabar boʻldi. Ammo ancha yillardan buyon menga Nobel berishlari ehtimoli haqida eshitaverganim sabab juda hayratga tushganim yoʻq. Qachondir shu kun kelishini bilgan edim”, deb javob beradi u taassurotlari bilan boʻlishar ekan va suhbat soʻngida mashina haydab ketayotganini aytib, uyiga sogʻ-salomat yetib olishga vaʼda beradi.

Yun Fosse nafaqat ijodda, balki hayotda ham minimalist ekani yuqoridagi suhbatdan anglashilgan boʻlsa kerak. Yaqin yillarda adibning asarlari oʻzbekchaga tarjima qilinib, oʻzbek kitobxonlari javonidan joy oladi, degan umiddamiz.

 

Shohrux USMONOV.

Oyina.uz

 

Oyina.uz'ni telegramda kuzating!

5 Izohlar

Umida

00:10 / 14.10.2023

Maqola uchun rahmat. Foydali bilimlar ulashishdan charchamang

Munavvar Mahmudova

04:10 / 13.10.2023

Juda ham havas qilsa arzigulik meros qoldiribdilar. Bu ilm har kimga ham nasib qilavermaydi, u kishining kitoblarini o`qish nasib qilsin. Bu maqola orqali yozuvchining o`z ishiga bo`lgan muhabbati va katta ishtiyoqining guvohi bo`ldim ancha shijoatni talab qiladi.

Nazokat

00:10 / 11.10.2023

Maqola juda ajoyib chiqqan. Yana shunday qiziqarli maqolalar kutib qilamiz Shohruh Usmonovdan.

Madina

20:10 / 10.10.2023

Baraka toping, Yun Fosse bilan tanishganimizdan mamnunmiz. Tanitgan maqola egasiga alohida raxmat! Ishingizga omad! Yashang!

Shahnoza

13:10 / 10.10.2023

Raxmat Endi yana bir adib paydo bo'ldi hayotimda .

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23740
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//