2021-yilning 12-oktabr kuni Qozog‘iston Respublikasi hukumati “Milliy ma’naviy tiklanish” (“Ұлттық рухани жаңғыру”) loyihasiga start berdi. Bu loyiha keng ko‘lamliligi, amalga oshirish mexanizmining soddaligi bilan barchaning, jumladan, qo‘shni davlatlardagi mutaxassislarning ham e’tiborini tortdi. Ayniqsa, loyihaga ajratilgan mablag‘ miqdori ko‘plab savollarni keltirib chiqara boshladi. Chunki Qozog‘iston milliy ma’naviy tiklanish uchun oz emas, ko‘p emas, 119,4 milliard tanga sarflashni rejalashtirgan. Xo‘sh, buncha pul nimalarga ishlatiladi?
Milliy tiklanish uchun kurash qachon boshlangan?
Qozog‘istonda milliy ma’naviy tiklanish ishlari 2021-yildan boshlandi, deganlar adashadi. Qozog‘iston xalqining milliy tiklanish uchun kurashlari 90-yillarning boshidan boshlangan.
Sobiq sovet tuzumi qulagandan so‘ng totalitar tuzumni dastaklab kelgan mafkura mashinasining “sovet xalqi” degan mavhum millatni yaratishga qaratilgan intilishlari ham barham topdi. Ammo uning asorati yana uzoq muddat, to 2000-yillarga qadar saqlanib qoldi. Chunki milliy o‘zlikni anglashga bo‘lgan intilish qanchalik kuchli bo‘lmasin, mustaqillikka erishgan milliy respublikalar sovet tuzumidan faqat katta miqdordagi qarzlarni, inflyatsiyani, ishsizlik va ijtimoiy boshboshdoqlikni meros qilib olgan edi. Qolaversa, bu davr balandparvoz gaplarning mavridi emasdi, hukumat tepasida hali ham kommunistlar va konvervativ fikrlovchilarning soni ko‘p edi. O‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy holatni anglash uchun N.Nazarboyevning “O‘nglar va so‘llarsiz” nomli kitobiga e’tibor qaratamiz. Unda Nursultan Abishevich “...hammamiz shuni anglab yetishimiz kerakki, bugungi asosiy vazifa iqtisodiy krizisdan chiqish va odamlarga ertangi kunga ishonch bera olishdir” degan edi[1].
Shuning uchun boshqa respublikalar qatori Qozog‘iston ham 90-yillarda butun e’tiborini bozor iqtisodini yo‘lga qo‘yishga qaratdi. Shu bilan birga, imkon qadar sovet davrida shakllangan ilmiy-madaniy merosni saqlagan holda milliy tiklanish ishlarini amalga oshirish uchun ham harakatlar boshlandi. Ilm-fan, san’at va adabiyot sohalarini milliy o‘zanga burish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Ammo bu urinishlarning natijaviyligi qoniqarli bo‘lgan emas. Aynan shu yillarda yuzaga kelgan destruktiv jarayonlar bu mamlakatni ham chetlab o‘tmadi. Hukumatga ishonchsizlik sabab turli oqimlar, jumladan, konservatorlar jamiyatga o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi. Mamlakatda uyushgan jinoiy to‘dalar keng quloch yoyib, reket, tovlamachilik, poraxo‘rlik avj oldi. Bu esa o‘z-o‘zidan turli ijtimoiy muammolarni va eng asosiysi, etikologik muammolarni keltirib chiqardi[2].
Qozog‘istonning 90-yillardagi eng katta muammolaridan yana biri demografik muammo edi. Agar 1990-yildagi statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratsak, bu muammo aniqroq ko‘zga tashlanadi. 1989-yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish hisobotida Qozog‘istonning jami aholisi 16 464 464 kishini tashkil qilgani, ulardan atiga 6 434 616 tasi qozoqlar ekani qayd etilgan. Ruslarning soni qozoqlardan salgina kam, 6 227 549 kishi. Ukrainlar 896 240 tani, beloruslar 182 601 tani tashkil qilgan[3]. Shuning uchun Qozog‘iston boshqa mamlakatlarda yashayotgan etnik qozoqlarni yurtga qaytarish uchun “Oralman”[4] loyihasini amalga oshirdi. Unga ko‘ra butun dunyo bo‘ylab tarqab ketgan etnik qozoqlarning yurtga qaytishi, uy-joy bilan ta’minlanishi, ishga joylashishi uchun maqbul sharoitlar yaratildi. Natijada 1999-yilga kelib qozoqlarning soni 7 985 039 kishiga yetdi va umumiy aholining 53,4% ni tashkil qildi[5]. 2022-yilda esa aholi soni 19 082 467 taga yetgan va ularning 13 497 891 tasini (70,4 %) qozoqlar tashkil qilgan.
Qozog‘iston hukumatining ochiqlik siyosati, pragmatik boshqaruvni yo‘lga qo‘yishi hamda qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik aloqalarining mustahkamlanishi sabab iqtisodiy krizis yengib o‘tildi. Izchil olib borilgan islohotlar 2000-yillardan keyin o‘z samarasini bera boshladi.
Hukumatning olib borgan oqilona siyosati sabab 2000-yilga kelib Qozog‘istonda YIM 9,8 foizga o‘sdi. Bu o‘sha davrdagi sobiq sovet respublikalari orasida eng yuqori ko‘rsatkich edi[6]. Natijada, 10 yil davom etgan inflyatsiyaga barham berildi. Shu yili Qozog‘iston Respublikasi birinchi prezidentining qozoq xalqiga murojaati e’lon qilindi. “Erkin, samarali va xavfsiz jamiyat sari” deb nomlangan murojaatda N.Nazarboyev jamiyatni nigilizm botqog‘idan olib chiqish va demokratik islohotlarni rivojlantirishning asosiy tamoyillarini belgilab berdi[7]. 2000-yilning avgust oyida Qozog‘iston Milliy fondi tashkil qilindi va fond mablag‘larining dastavval byudjet loyihalariga, jumladan, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy sohaga sarflanishi belgilab berildi.
2000-yilda Qozog‘istonda eng orqada qolgan soha – ijtimoiy soha edi. Sohada faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar, vrachlar va pensionerlarning maoshi va nafaqalari kam, ularning ish sifati ham shunga yarasha edi. Yoshlarning intellektual qobiliyatini rivojlantirishga bo‘lgan intilish darajasi past, aksariyat yoshlarda biznesga, sportga va hatto, jinoiy yo‘llar bilan pul topishga intilish kuchli edi. Bu hozir Qozog‘istonda “90-yillar asorati” nomi bilan tilga olinadi. Shuning uchun tez orada etikologik muammolarni bartaraf etish va ijtimoiy-ma’naviy sohani rivojlantirish uchun ham ishlar boshlandi.
“Madaniy meros” loyihasidan nimalar maqsad qilingan?
2003-yilda hukumat tomonidan 2004–2011-yillarga mo‘ljallangan “Madaniy meros” loyihasining dasturi ishlab chiqildi. Loyihaning joriylanishidan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqning boy madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish orqali tarixiy xotirani tiklashga qaratilgan. Tarixiy xotirani tiklash orqali esa milliy o‘zlikni anglash, milliy ruh va g‘ururni shakllantirish maqsad qilingan.
Madaniy merosni o‘rganishda nafaqat Qozog‘iston, balki boshqa mamlakatlarda yashayotgan etnik qozoqlarning ham turmush tarzini, madaniyatini o‘rganish, ularni va ular yaratgan madaniyat namunalarini ham otamakonga qaytarish nazarda tutilgan.
Loyihaning ahamiyatli tomoni shunda ediki, unda quruq gaplar yoki shiorbozliklarga yo‘l qo‘yilmagan va aniq ilmiy-ma’rifiy yondashuv bilan to‘rt yo‘nalishda ish olib borilgan:
1. Milliy madaniyat uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy, madaniy va me’moriy yodgorliklarni tiklash;
2. Arxeologik tadqiqotlar;
3. Qozoq xalqining madaniy merosi sohasidagi ilmiy ishlar;
4. Milliy adabiy va ilmiy adabiyotning ko‘p asrlik tajribasini umumlashtirish, keng ko‘lamli badiiy va ilmiy turkum adabiyotlarni yaratish.
Merosni o‘rganish, qayta tiklash va ommalashtirish uchun 2004–2011-yillar davomida 11,7 mlrd tanga sarflangan.
Natijada esa qozoqlarning milliy birligini ta’minlaydigan, etnosning genezisi bilan bog‘liq bo‘lgan yuzlab ilmiy manbalar tadqiq qilingan. Arxeologik manzilgohlar aniqlanib, qazishma ishlari olib borilgan, tarixiy yodgorliklar qayta tiklangan. Qozoq xonliklarining tarixini o‘rganishga alohida e’tibor qaratila boshlangan. Tarixiy, falsafiy, etnografik mazmundagi va qozoq tili bilan bog‘liq ilmiy-ommabop kitoblar yaratilgan. Millatning ruhini ko‘tarish uchun xizmat qiladigan adabiy asarlar chop etilgan, kinofilmlar, kliplar suratga olingan, qo‘shiqlar va tasviriy san’at asarlari yaratilgan.
Bu borada bajarilgan ishlar orasida eng ko‘zga ko‘rinarlisi Damashqdagi Sulton Beybars va Al-Farobiy madaniy majmualarining qurilishi bo‘ldi. Bundan tashqari yuz jildli “Babalar so‘zi”, 200 jildli “Yuzta qozoq romanlari”, 10 jildli Qozog‘iston ensiklopediyasi, 5 jildli rus va ingliz tillaridagi ma’lumotnoma, 20 jildli Qozoq mutafakkirlari merosi, Dunyo faylasuflari merosi, 10 jildli Al-Forobiy asarlari to‘plamining nashr etilishi ham alohida e’tiborga molik.
Zamonaviy tarix fani oldida turgan eng muhim vazifa
2014–2016-yillarga mo‘ljallangan “Tarix to‘lqinidagi xalq” dasturi ma’naviy yuksalish harakatining tadrijiy davomi bo‘lib, unda qozoq etnosi, qadimdan hozirgi kunga qadar davom etib kelayotgan milliy evrilish jarayonlari, davlatchiligi, ko‘pmillatli Qozog‘iston xalqlarining tarixi, madaniyatini o‘rganish maqsad qilingan.
“Tarix to‘lqinidagi xalq” dasturi doirasida qozoq etnosi bilan bog‘liq ilmiy manbalarning yangi korpusini joriy etish, milliy xarakterdagi tadqiqotlar orqali tarix ufqlarini kengroq tadqiq qilish nazarda tutilgan. Natijalar qo‘lga kiritilgandan so‘ng esa milliy tarixni keng targ‘ib qilish, yangi avlod darsliklari va qo‘llanmalarini tayyorlash orqali millatning yangi tarixiy dunyoqarashini shakllantirish yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumki, shu paytgacha Qozog‘istonning, xususan qozoq millatining tarixi sovet tarixshunosligi qolipida o‘rganilgan, aksar holatlarda qozoqlarning qadimgi va o‘rta asrlarda shakllangan tarixini buzib talqin qilish ko‘zga tashlanar edi. Loyiha doirasida Qozog‘istonning zamonaviy tarix fani oldida turgan eng muhim vazifa – jahon tarixshunosligi tajribasini qo‘llagan holda qozoq xalqi tarixini o‘rganishning yangi nazariy va uslubiy asoslari ishlab chiqish amalga oshirildi. Qozog‘istondagi tarixiy jarayonlarni o‘rganishda kompleks yondashuv orqali hamma jabhalarni parallel tadqiq qilish yo‘lga qo‘yildi. Unda millatning tarixiy shakllanish davrlari va sivilizatsiyalarni mavhum xronologik ko‘rinishda emas, balki tarixiy jarayonlarning barcha murakkabliklarini inobatga olgan holda, aniq faktlarga asoslangan haqiqiy tarixni yaratish, shu bilan birga qadriyatlarni, an’analarni va nomadik madaniyatning axloqiy-estetik tamoyillarini o‘z ichiga olgan odat qonunlarini[8] tadqiq qilishga ham e’tibor qaratildi.
Bu dasturning amalga oshirilishidagi tizimlilik alohida e’tiborni tortadi. Misol uchun, “Qozoq xonliklari: aholisi, hududlari va chegaralari” mavzusidagi loyihada arxeologlar turli manzilgohlarda qazishma ishlarini olib borishgan. Ularning topilmalaridan foydalanib, tarixchilar, etnologlar xonliklarning tarixini yozishgan. Shu asosda tarix darsliklariga o‘zgartirishlar kiritilgan. Ayni shu ma’lumotlar asosida ssenariynavislar ssenariy yozishgan. Shu asosda ham hujjatli, ham badiiy filmlar suratga olingan. Bularning hammasi “Tarix to‘lqinidagi xalq” dasturi orqali moliyalashtirib borilgan. Mana, nega Qozog‘iston filmlari jahon kinoprokatida muvaffaqiyat qozongan!
“Рухани жаңғыру” – мa’naviy tiklanishning amaliy bosqichi
2017-yilda Nursultan Nazarboyevning “Kelajakka nazar: jamoatchilik fikrini modernizatsiya qilish” nomli maqolasi e’lon qilindi. Unda elboshi Qozog‘istonni modernizatsiya qilishning uchinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi. “Madaniy meros” va “Tarix to‘lqinidagi xalq” nomli ikkita milliy loyiha orqali ma’naviy yuksalishning asosiy poydevori qo‘yilgan edi. Yangi loyiha “Рухани жаңғыру” deb nomlandi va ularning tadrijiy davomi o‘laroq, mamlakatni modernizatsiya qilishning uchinchi bosqichini boshlab berdi.
Nursultan Nazarboyev o‘z maqolasida XXI asrda milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy yuksalishning asoslarini ko‘rsatib bergan. Jumladan, milliy madaniyatni va milliy kodni saqlashga e’tibor qaratgan.
“Рухани жаңғыру” loyihasi 6 ta yo‘nalishda amalga oshirildi:
1. Raqobatbardoshlik;
2. Pragmatizm;
3. Milliy o‘zlikni saqlash;
4. Ilmni muqaddas sanash (kult);
5. Revolyutsion emas evolyutsion rivojlanish;
6. Tafakkurning dunyoga ochiqligi.
Xo‘sh, bu yo‘nalishlar bo‘yicha nima ishlar amalga oshirildi?
Raqobatbardoshlik. “Рухани жаңғыру”ning maqsadi aniq, ya’ni rivojlangan davlatlarning kuchli o‘ttiztaligiga kirish edi. Qolaversa, Qozog‘istonning 30-o‘ringa ko‘tarilish uchun urunishi behuda yoki bejizga emas edi, mamlakat 2006-yildayoq jahonning global raqobatbardoshlik indeksida 50-o‘rinni egallagan, ammo iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi boshboshdoqliklar sabab bu o‘rinda barqaror qolishning imkoni yo‘q edi. Shuning uchun har sohada raqobatbardoshlikni ta’minlashga kirishildi.
Institutsional rivojlanish, infrastruktura, makroiqtisodiy barqarorlik, sog‘liqni saqlash va boshlang‘ich ta’lim, oliy ta’lim va professional tayyorgarlik, tovar va xizmatlar bozorining samaradorligi, mehnat bozorining samaradorligi, moliyaviy bozorning rivojlanish darajasi, texnologik tayyorganlik, bozor hajmi, kompaniyalar raqobatbardoshligi va innovatsion salohiyat bo‘yicha xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallash uchun kurash boshlandi.
Pragmatizm. Ammo Qozog‘istonning xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallashi uchun monelik qiladigan sotsial muammolar juda ko‘p edi. Jumladan, total boshqaruv, korrupsiya, davlat xizmatchilari malakasining yo‘qligi, mehnat tartiblari me’yoriga rioya etilmasligi, byurokratiya, nopotizm, siyosiy beqarorlik, davlat organlariga ishonchsizlik, davlat boshqaruvida kreativ va innovatsion yondashuvlarning yo‘qligi kabi o‘nlab omillar xalqaro reytinglardagi darajalarni saqlashga imkon bermas edi.
Shuning uchun pragmatizmga raqobatbardoshlikning asosiy kaliti sifatida qarala boshlandi. Jamiyatni modernizatsiyalash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Boshqaruv va nazoratda davlat sektorining ta’sirini kamaytirish ustuvor vazifa qilib belgilandi.
Qozog‘istonda “Рухани жаңғыру” dasturi doirasida Milliy pragmatizm tushunchasi ham olg‘a surilgan. Unda fuqarolik jamiyatini qurish va pozitiv yondashilgan milliy birlikka alohida e’tibor qaratilgan.
Milliy o‘zlikni saqlash. Globallashuvning tezlashishi, fuqarolik jamiyatining rivojlanishi, ochiqlik siyosati va madaniyatlar almashinuvi kabi omillar, ularning salbiy ta’siri milliy o‘zlikni anglash va saqlash masalasini dolzarb vazifaga aylantirishi tayin. Shuning uchun etnik birlik, davlat tili, din, urf-odatlar, milliy an’analar va boshqa qadriyatlarni saqlash orqali zamonaviy anormal axloqiy tendensiyalarga qarshi turish davlat darajasida qo‘llab-quvvatlana boshlandi.
Ilmni muqaddas sanash (культ знаний). Har qanday taraqqiyotning kaliti ilm. Qozog‘istonda ilmni ulug‘lash uchun, avvalo, o‘qituvchilarning salohiyatini va moddiy imkoniyatlarini oshirishga e’tibor qaratilgan. 2010–2020-yillar davomida o‘qituvchilarning oylik maoshi 500–700 dollar atrofida bo‘lgan va bu barqaror saqlangan. 2023-yilda esa to‘liq yuklamani bajargan o‘qituvchining oyligi, ustama va rag‘batlantirishlardan tashqari 319 500 tangani tashkil qiladi. Ya’ni, 700 AQSh dollariga teng. Bundan tashqari o‘qituvchilarga staji, daftar tekshirishi, sinf rahbarligi va to‘garak ishlari, malaka toifasi, magistr yoki doktorlik darajasi, davlat mukofotlari olganligi, xorijiy tillarni o‘zlashtirishi, qishloq joylarda dars berishiga qarab yana qo‘shimcha haq to‘lanadi. Misol uchun, ingliz tilida dars bergani uchun 200%, jismoniy tarbiya o‘qituvchilariga qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tgani uchun 100% ustamalar belgilangan.
Qozog‘istonda oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini yaxshilash, ilmiy salohiyatini oshirish eng ustuvor vazifalardan sanaladi. Universitetlarning xalqaro reytingini ko‘tarish uchun doimiy tartibda islohotlar amalga oshiriladi. Natijada 2021-yilga kelib 10 ta universitet Times Higher Education, The Academic Ranking of World Universities, Quacquarelli Symonds World University Rankings va Times Higher Education kabi eng nufuzli reytinglarning 1000 taligidan o‘rin olgan edi. 2023-yilda ularning soni 14 taga yetdi.
Qozog‘istonda ilmiy-tadqiqot institutlarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Institutlar ilmiy-amaliy tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik faoliyati orqali mamlakatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan avangard sanaladi. Shuning uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy sohalarning barchasida davlat talablariga ko‘ra tadqiqot olib boradigan bunday institutlar davlat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanadi.
2019-yilda Qozog‘iston ijtimoiy rivojlanish institutining tashkil etilishida ham mamlakatni ma’naviy yuksaltirish bilan birga ayni sohadagi ilmiy loyihalarni to‘liq amalga oshirish maqsad qilingan edi. Institut bazasida 13 ta maxsus loyiha, jumladan “Qozog‘istondagi 100 ta yangi nom”, “Qozog‘istonning muqaddas oylari geografiyasi”, “Ona vatan”, “100 ta yangi o‘quv darsliklar”, “Qozog‘iston madaniyati zamonaviy dunyoda”, “Qozoq tilini lotin grafikasiga o‘tkazish” kabi yirik loyihalari ishga tushirildi. Shuningdek, “Mehnat – elning ko‘rki”, “Huquqiy madaniyat”, “Iqtisod – jamiyat quvvati”, “An’nalar va urf-odatlar” kabi informatsion dasturlar ham ishga tushirildi.
Ular orasida “Tug‘an jer” (“Ona vatan”) loyihasi alohida o‘rin tutadi. Chunki bu loyiha vatanparvarlik, milliy g‘urur, millatni sevish kab g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan.
“Рухани жаңғыру” loyihasining ishi to‘laqonli yakunlandi, deb bo‘lmaydi. Chunki uning yakuniy bosqichi COVID-19 sababli onlayn formatga ko‘chirildi. Shuning uchun bu bosqichning hisobotlarida ko‘proq nazariy xulosalar ko‘zga tashlanadi. Ammo bu davrda qozoq etnologlari katta yutuqlarni qo‘lga kiritishdi. Ular “milliy kod” deya nomlanayotgan etnik birliklar, ya’ni “urug‘”larning to‘liq tasniflari ishlab chiqildi. Ularning kelib chiqishi, tarixi tarqalish areallari ilmiy xulosalar bilan mustahkamlanib tarix kitoblaridan joy oldi.
“Ұлттық рухани жаңғыру” – milliy tiknishning yangi bosqichi
“Рухани жаңғыру” loyihasi muvaffaqiyatli yakunlangach, hukumat tomonidan uni mantiqan davom ettirish va keyingi bosqichga olib chiqish masalasi ko‘rib chiqildi. Natijada 2021 yilda “Ұлттық рухани жаңғыру” – Milliy ma’naviy tiklanish loyihasiga start berildi.
“Ұлттық рухани жаңғыру” loyihasining “Рухани жаңғыру”dan qanday farqi bor?
“Ұлттық рухани жаңғыру” loyihasi “Рухани жаңғыру” loyihasining tajribalaridan kelib chiqqan holda qabul qilingan bo‘lib, Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi 670-sonli farmoniga ko‘ra Davlat dasturlari qatoriga kiritilgan. Demak, dastur davlat mablag‘lari hisobidan, barcha vazirliklarning mas’ulligida amalga oshiriladi. Har bir bajarilgan ish uchun davlat sektoridan mas’ullar belgilangan.
“Ұлттық рухани жаңғыру” loyihasida maqsadlar ko‘lami yanada kengaytirildi va u Milliy yuksalishning avangardiga aylantirildi.
Milliy o‘zlikni anglash, yoshlarda ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarga nisbatan ijobiy tuyg‘ularni shakllantirish, rag‘batlantirish orqali har bir qozog‘istonlikning ijodiy potensialini rivojlantirish ustuvor vazifalar qilib belgilandi.
2021–2025-yillarga mo‘ljallangan “Ұлттық рухани жаңғыру” loyihasi uchun 119 375 266 ming tanga mablag‘ ajratilib, har bir yil uchun qo‘yidagi tartibda taqsimlandi:
1. 2021-yil – 27 797 417 000 tanga;
2. 2022-yil – 26 695 141 000 tanga;
3. 2023-yil – 23 416 984 000 tanga;
4. 2024-yil – 20 781 813 000 tanga;
5. 2025-yil – 20 683 911 000 tanga.
Bu mablag‘lar qaysi yo‘nalishlarga sarflanadi?
Dastur faoliyati qo‘yidagi yo‘nalishlarda olib boriladi:
1. Qozog‘istonliklarning o‘z madaniyatini va intellektual salohiyatini rivojlantirish – aholini “Рухани жаңғыру” dasturiga jalb qilish orqali vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish;
2. Madaniy obyektlarga tashriflar sonini ko‘paytirish;
3. Aholining madaniyat sohasidagi xizmatlar sifatidan qoniqish darajasini oshirish;
4. Yoshlarning hukumatdan olishi mumkin bo‘lgan yordamlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish;
5. Yoshlar orasida volontyorlik madaniyati darajasini oshirish;
6. NEET[9] kategorisiga mansub yoshlarning sotsializatsiyasini amalga oshirish orqali NEET yoshlarning sonini kamaytirish;
7. Yoshlarning uy-joy bilan ta’minlanishida jamg‘arish tizimida ishtirok etishi uchun sharoit yaratish.
2011–2022-yillar davomida har bir yo‘nalish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Yo‘nalishlardagi olib borilgan ishlar sifat va miqdor jihatidan baholanib, shunga ko‘ra keyingi yillarning chora-tadbirlarini ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi. Ularning bajarilishini aniqlash uchun klassifikatorlar ishlab chiqilib, sotsiologik va analitik xulosalar berib borildi.
Axborotlashtirish va ijtimoiy rivojlantirish vazirligining hisobotiga ko‘ra, 2023-yilning mart oyi holatida rejadagi ishlar to‘liq bajrilgan. Misol uchun, Milliy o‘zlikni anglash va intellektual potensialni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar 100% bajarilgan[10]. Jumladan, rejaga ko‘ra qurilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy-madaniy obyektlar, xususan kutubxonalar, kinoteatrlar, madaniyat saroylari, intellektual markazlar to‘liq qurib bitkazilib foydalanishga topshirilgan.
Dastur doirasida joriylangan “Kitob o‘qiydigan millat” loyihasining natijasida umumiy kitobxonlik darajasi 40% ga oshgan. NEET yoshlarning ijtimoiylashuvi har yili 6.8% ga o‘zgarib borgan, ishga joylashtirishning ikki yillik ko‘rsatkichi 2 514 kishini tashkil qilgan.
“Ұлттық рухани жаңғыру” loyihasidan kutilayotgan natijalar, asosan, iqtisodiy va ijtimoiy sohani qamrab oladi. Iqtisodiy sohada “Tug‘an jer” loyihasi ishga tushirilgan va unga 7,2 mlrd tanga ajratilgan. Xo‘sh, bu loyiha qanday samara beradi? Izchil ishlangan loyihaning hamma bandlari amalga oshiradigan bo‘lsa, 7 036 kishiga ishchi o‘rni yaratiladi.
Ijtimoiy sohada esa davlat yoki metsenatlar mablag‘lari hisobidan har bir tashkilot bazasida ijtimoiy inshootlarning barpo etilishi va ularda mazmunan yangi davr talabiga javob beradigan madaniy-ma’rifiy muassasalarning tashkil qilinishiga e’tibor qaratilgan.
Til o‘rganishga e’tibor
Ma’lumki, Qozog‘iston mustaqillikka erishgandan keyin ham rus tilining nufuzini saqlab qolgan. Xususan, Qozog‘iston respublikasining tillar to‘g‘risidagi Qonuni 5-moddasida davlat tashkilotlari va mahalliy boshqaruv organlarining hujjatlari qozoq va rus tillarida olib borilishi qayd qilingan. Shuningdek, ayni qonunda barcha qurolli kuchlar tizimlarida, fan va ta’limda, shartnomalarni rasmiylashtirishda, rekvizitlar va vizual axborotlarni uzatishda davlat tili bilan birga rus tilidan foydalanish alohida moddalar bilan qat’iy belgilab qo‘yilgan[11].
Natijada mamlakatda bilingvizm yuzaga kelib, mustaqillik davrida ham ikki tilda bemalol gaplashadigan kadrlarning soni ortib bordi. Bu yaxshimidi yoki yomonmi? Ana shu masala ko‘pincha bahslarga sabab bo‘lib keldi.
Millatning ayrim ziyolilari rus tilidan voz kechilmasa qozoq tilining nufuzi tiklanmasligini aytishsa, ko‘pchilik rahbarlar, olimlar rus tilini o‘zlashtirish qozoq xalqining ijtimoyi hayotida progressiv ahamiyatga ega bo‘lganligini qayd etishgan.
Bilingvizmdan trilingvizm sari
Qozog‘istonda bilingvizm bilan bog‘liq bahslar yil o‘tishi bilan trilingvizm soyasida asta-sekin so‘na boshladi. Chunki hukumat doirasi maktablarda ingliz tilini o‘rganishga e’tibor kuchaytirildi. Uchta tilni o‘rganish zamonaviy ta’limning ustuvor vazifasi etib belgilandi[12]. Rus tilining saqlanishi Qozog‘istonda o‘tgan asrdagi ilmiy-fundamental bazaning rivojlanishiga olib kelgan bo‘lsa, ingliz tilini o‘zlashtirish kelajakdagi ilmiy yutuqlar sifatida baholangan.
Nursulton Nazarboyev “tafakkurining dunyoga ochiqligi”ni sharhlar ekan, buni amalga oshirishning yagona yo‘li ingliz tilini hamma, jadal tarzda o‘rganishi lozimligini urg‘ulagan[13]. Hozirgi kunda Qozog‘istonlik ingliz tili o‘qituvchilarining Kembrij universitetida malaka oshirishi muntazam yo‘lga qo‘yilgan.
Keyingi yillarda Qozog‘istonda xitoy tilini o‘rganishga e’tibor kuchaygan. Intellektual maktablarda xitoy tili ikkinchi horijiy til sifatida o‘qitilmoqda. Buning sababi, birinchidan, Qozog‘istonning Xitoy bilan savdo aloqalari 20% ni tashkil etishi va uning tadrijiy ravishda o‘sib borayotgani bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, Qozog‘iston hukumatining Xitoyni kelajadagi global sivilizatsiyaning o‘chog‘i sifatida ko‘rayotgani bilan bog‘liq.
Diniy islohotlar
Qozog‘istonda diniy islohotlarlarning adolatli olib borilgani ham ma’naviy sohadagi yutuqlarning muhim omili deb qaraladi.
Qozog‘iston dunyoviy davlat va bu mamlakatning konstitutsiyasida qayd etilgan. Shu bilan birga, konstitutsiyaning 14-moddasida fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi va dinidan qat’i nazar qonun oldida teng ekani ham belgilab berilgan.
Qozog‘istonning 30 yillik tarixida hech bir din yoki konfessiya ta’qibga olinmagan. Ammo hech bir diniy uyushma yoki uning a’zolarining boshqalarni o‘z diniga majburan o‘tkazishiga ham yo‘l qo‘yilmagan. Shu sababli, mamlakatning barcha hududlarida masjidlar, cherkovlar, sinagogalar va boshqa ibodatxonalar erkin faoliyat olib boradi.
Hozirgi kunda Qozog‘iston aholisining 69,31% ini musulmonlar tashkil qiladi[14]. Qozog‘iston musulmonlar idorasi 1990-yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasining qozilik idorasi bazasida tashkil etilgan. 90-yillarda respublikada bitta ham diniy ta’lim muassasasi bo‘lmagan. Shuning uchun birinchi prezident diniy ulamolar bilan maslahatlashgan holda 1993-yilda Olma-otada Misr islom madaniyati universitetining filialini ochish haqida qaror qabul qiladi. Universitetda hozirgi kunda bakalavriyat, magistratura va doktarantura ish olib boradi. Universitet o‘qituvchilarining 50% ni fan doktorlari tashkil qiladi. Universitet talabalarining Misrda va Saudiya Arabistonida ta’limni davom ettirishlari uchun ham barcha imkoniyatlar yaratilgan. E’tiborlisi shundaki, bugungi kunda ularning aksariyati qozoq, rus, ingliz va arab tillarini yetarli darajada o‘zlashtirishgan. Qozog‘istonning hamma markaziy shaharlarida madrasalar ochilgan. Madrasalarda bolalar uchun Qur’on kurslari ham faoliyat olib boradi. Diniy-ma’naviy targ‘ibotlarni olib borish uchun Qozog‘iston din ishlari qo‘mitasi va musulmonlari idorasi muassisligida “Asil arna” telekanali, islam.kz, muslim.kz, azan.kz axborot portallari faoliyat yurgizadi. Eng qizig‘i, bu kanallarning hammasi qozoq va rus tillarida ish olib boradi. Hech kim Qur’on o‘rgangani, namoz o‘qigani, diniy libos kiygani yoki boshqa diniy faoliyati uchun ta’qibga olinmaydi.
Boshqa dinlar uchun, jumladan, umumiy aholining 26,2% ini tashkil qiladigan nasroniylar uchun ham shunday sharoitlar yaratilgan. Bu esa o‘z o‘rnida mamlakatdagi diniy bag‘rikenglikning ta’minlanishiga olib kelgan.
Ko‘pmillatli davlatni boshqarishning Qozog‘iston modeli
Qozog‘istondagi ma’naviy yutuqlarning yana bir omili millatlararo hamjihatlikning saqlanishidir. Inchunin, Qozog‘iston 90-yillardagi millatlararo nizolarni chetlab o‘tgan sanoqli davlatlardan biridir.
Ko‘pchilik chetdan qaragan odamlarda Qozog‘istonda qozoq etnosini ortiqcha ulug‘lash, ularga ortiqcha imtiyozlar mavjudligi haqida taassurotlar bor. Nega?
Buning asosiy sababi Qozog‘istondagi milliy siyosatning asoslarini tushunmaslik bilan bog‘liq. Uni tushunish uchun esa ko‘pmillatli davlatni boshqarishning Qozog‘iston modeliga e’tibor qaratamiz.
Birinchidan, milliy siyosatning zamirida titul millat sanalgan qozoq etnosi va uning madaniyati o‘zak vazifasini o‘taydi. Va shu bilan boshqa barcha millatlarning milliy-madaniy rivojlanishi uchun ham teng sharoitlar yaratiladi. Qozoqlar o‘zlariga asrlar davomida yetkazilgan tahqirlar va zararlar uchun boshqa millatlarni ayblamaydi. Hamma millatlar bilan do‘stona munosabatni saqlaydi va hurmat ko‘rsatadi.
Ikkinchidan, hech bir millatning tili kamsitilmaydi.
Uchinchidan, hech bir millatning tarixan shakllangan diniy qarashlari kamsitilmaydi.
Har bir millat va diasporaga o‘zlarining tarixiy vatanlari bilan aloqalarni tiklashi, madaniy muqaddasotlarini saqlashi uchun sharoitlar yaratadi. Boshqa yurtlarda yashaydigan qozoqlar uchun ham Qozog‘istonda shunday sharoit yaratiladi.
Qozog‘istonda milliy masalalar bo‘yicha Qozog‘iston xalqlari assambleyasi ish olib boradi. Assambleyaga Qozog‘iston Prezidenti raislik qiladi.
Umuman olganda diniy bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlikning ta’minlanishi Qozog‘istondagi ijtimoiy birlikni yuzaga keltirgan. Aynan shu ijtimoiy birlik mamlakatdagi yuksalishlarning, ilmiy, madaniy-ma’rifiy, ma’naviy sohadagi yutuqlarning garovi bo‘lsa ajab emas.
Xulosa
Qozog‘istonda ijtimoiy sohada olib borilgan islohotlar o‘zining natijaviyligi bilan ajralib turadi. Qanday?
Boshqaruv sotsiologiyasida metodologiya tushunchasi ikki jihatdan ko‘rib chiqiladi: epistemologik va pragmatik. Epistemologik jihatdan yondashilganda ijtimoiy voqelik va boshqaruv muammolarini o‘rganishning asosiy tamoyillari majmui tushuniladi. Pragmatik boshqaruvda esa barcha uslublarning majmui o‘laroq, boshqaruv texnologiyalari amaliyotda qo‘llaniladi. Qozog‘iston pragmatik boshqaruvni tanlab, aniq maqsadlar sari olib boradigan texnologiyalardan foydalanish orqali eski tizimdan voz kecha oldi. Pragmatik boshqaruv o‘z-o‘zidan ma’muriy buyruqbozlik tizimidan voz kechishga olib keldi. Natijada esa har bir sohani isloh qilishda kreativ yondashish uchun imkoniyat tug‘ildi.
Muayyan davr uchun mo‘ljallab joriy etilgan har bir loyiha ilmiy asoslanib, unga yetarli mablag‘lar sarflandi, uning natijaviyligi esa mutasaddi rahbarlardan talab qilindi. Amaliy natijalarning ochiqlanishi ta’minlandi.
Ilmiy yondashuv har bir loyihaning asoslanishi va xulosalarining mantiqiy yechim topishi uchun zamin yaratdi. Oldin faqat so‘zda yoki matbuot orqali ma’lum bo‘lgan milliy qadriyatlar ilmiy asoslar bilan boyitilib, turli konferensiyalar va kongresslarda jahonning nufuzli olimlari muhokamasidan o‘tkazildi. Natijalar UNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlarning tegishli bazalariga kiritilib, himoyasi ta’minlandi.
Amaliy natijalarning ommaviy axborot vositalari, ilmiy va badiiy nashrlar, hujjatli va badiiy kinofilmlar orqali yoritilishi millatning yangiliklar bilan tanishib borishi va ularda milliy ruhning shakllanishiga olib keldi. Albatta, bunda mablag‘larning yetarli darajada ajratilishi va to‘g‘ri sarflanishi ham muhim o‘rin tutadi.
Qozog‘istonning ilmiy sohadagi yutuqlari ham bunga ta’sir ko‘rsatgan. Inchunin, sovet davridagi kutubxonalarning saqlab qolinishi, olimlar va o‘qituvchilarga ko‘rsatilgan e’tibor sababli Qozog‘istonda fan va ta’lim yildan yilga yuksalib borgan.
Hozirgi kunda Qozog‘istonni ma’naviy yuksak deb atash to‘g‘ri bo‘lmas. Chunki ijtimoiy hayotdagi ko‘zga tashlanayotgan kamchiliklar bu fikrning mubolag‘a ekanini ko‘rsatdi. Ammo Qozog‘istonda yakdil jamiyatning shakllangani, jahon hamjamiyatida ularning nufuzining ortib borayotgani mubolag‘a emas. Qozog‘iston ma’naviy yuksalish yo‘lidan borayotgani esa ayni haqiqatdir.
Anvar BO‘RONOV
[1] Назарбаев Н.А. Без правых и левых. М: Молодая гвардия,1991. 252-с.
[2] Семья и Общество – Организованная преступность в Казахстане: прошлое и настоящее. Архивная копия от 26 апреля 2017 на Wayback Machine.
[3] Национальный состав населения СССР (по данным Всесоюзной переписи населения 1989 г.), М., Финансы и статистика, 1991. С. 102.
[4] Oralman (turkiyda aylanib (o‘ralib) qaytish ma’nosini beradi) – repatriatsiya. Qozog‘istonda boshqa mamlakatlarda yashayotgan etnik qozoqlarni yurtga qaytarish uchun ishlab chiqilgan demografik siyosat. 2021-yildan Oralman Qandas (qondosh) deb o‘zgartirlgan.
[5] Агентство Республики Казахстан по статистике. Архив Архивировано 13 ноября 2013 года: Национальный состав населения Республики Казахстан и его областей (том 1).
[6] Хроника Независимости: 2000. https://liter.kz/129504-2/
[7] Послание президента страны народу казахстана «К свободному, эффективному и безопасному обществу» (Астана, 24 октября 2000 года). https://online.zakon.kz/Document/?doc_id=1020350&pos=0;205#pos=0;205
[8] Adat qonunlari – Kavkaz va Markaziy Osiyoda yashovchi xalqlar orasida majburiy deb tan olingan yozilmagan qonunlar, axloqiy tamoyillar, qoidalar majmui. Adat qonunlariga ko‘ra, uni o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritish, kimgadir jazo berish yoki oqlash urug‘ oqsoqollari tomonidan amalga oshirilgan. Adat qonunlariga ko‘proq ko‘chmanchi xalqlar amal qilib kelgan.
[9] NEET (Not in Education, Employment, or Training) – ma’lumotsiz, ishsiz va professional tayyorgarlikka ega bo‘lmagan yoshlar.
[10] Yeжегодный отчет Министерства информации и общественного развития Республики Казахстан по реализации национального проекта «Ұлттық рухани жаңғыру» на 2021–2025 годы (март 2023 года) https://online.zakon.kz/Document/?doc_id=39161154&pos=3;-104#pos=3;-104
[11] Закон Республики Казахстан от 11 июля 1997 года №151-I О языках в Республике Казахстан. https://online.zakon.kz/Document/?doc_id=1008034&pos=5;-106#pos=5;-106
[12] Трехъязычие как один из приоритетов современного образования Читайте льше: https://www.nur.kz/family/school/1618075-trekhyazychie-kak-propusk-v-bolshoy-mir/.
[13] Назарбаев Н. Взгляд в будущее: модернизация общественного сознания. https://www.akorda.kz/ru/events/akorda_news/press_conferences/statya-glavy-gosudarstva-vzglyad-v-budushchee-modernizaciya-obshchestvennogo-soznaniya
[14] Итоги Национальной переписи населения 2021 года в Республике Казахстан. stat.gov.kz. Дата обращения: 2 сентября 2022.
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q