“2-sinf o‘quvchilari ikki oydirki darsliksiz o‘qiyapti”. Darsliklar ta’minotidagi kechikish va vazirlik munosabati


Saqlash
10:10 / 20.10.2021 1772 0

 

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda 2-sinf darsliklarining yetishmasligi haqida ko‘plab muhokamalar ko‘zga tashlanmoqda. Maktablarda birinchi chorak yakunlanay deb qolganiga qaramay, hali ham yangi kitoblarning o‘quvchilarga yetib bormagani ota-onalarda turli savollar keltirib chiqarmoqda. Nega o‘quvchilar haligacha darsliklar bilan ta’minlanmadi, 1–2-sinflar uchun zamonaviy darsliklar ishlab chiqish rejasi qanday edi, tenderda qaysi nashriyot yutib chiqqan va Xalq ta’limi vaziri birinchi o‘rinbosarining ota-onalarga murojaati haqida to‘xtalib o‘tamiz.

 

Yangi oʻquv yilidan 1-2-sinf darsliklari toʻliq yangilanishi reja qilingan

1–2-sinf darsliklarini yaratish ishlari Respublika taʼlim markaziga yuklatilgani e’lon qilingan edi. Bundan maqsad zamonaviy darsliklarni yoza oladigan mualliflar maktabini shakllantirish va 1-sinfdan 11-sinfgacha boʻlgan darsliklar oʻrtasida uzviylikni taʼminlash etib belgilab olindi. Mazkur jarayonlarga 107 nafar muallif, 6 nafar dizayner, 5 nafar rassom hamda 9 nafar fan metodisti jalb etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil mart oyidagi Nurafshon shahriga tashrifi davomida yangi darsliklar namunalari bilan tanishdi. Ko‘rib turganingizdek, yangi o‘quv yili uchun zamonaviy darsliklarni yaratish ishlari yil boshidanoq boshlab yuborilgan. Shunga qaramay, negadir 2-sinf o‘quvchilari o‘quv yilini yangi darsliklar bilan boshlay olmadi…

 

Zamonaviy darsliklarni kim nashr qilyapti?

Xalq ta’limi vazirligi 1–2-sinf darsliklarini nashr qilish uchun tender e’lon qilgan edi. Ammo tenderda qaysi nashriyot g‘olib bo‘lgani haqidagi ma’lumot ko‘pchilikka ma’lum emas. Beixtiyor o‘tgan yilgi “Tarbiya” darsligini nashr etish “Kolorpak” nashriyotiga topshirilganini eslaymiz.  Millionlab nusxadagi “Tarbiya” darsliklarini tayyorlash o‘quv yili boshlanishiga 2,5 oy qolganida davlat nashriyotidan xususiy korxonaga o‘tkazilgan edi. Bunga sabab sifatida ishlar sust tashkil etilib, yaratilayotgan darsliklarni nashrga tayyorlash va chop etishda eskicha usul saqlanib qolayotgani ko‘rsatilgan. (Kompaniyaning ta’sischilari – Shuxrat Yoqubjonovich Axmedov, Ismoil Irkinovich Isroilov. Ular ZO‘R TV teleradiokompaniyasiga ham egalik qilishadi).

Bu yilgi tenderda ham e’lon etilmaganiga qaraganda “Kolorpak” nashriyoti ustunlik qilgan. 1-sinf darsliklarining yangi nashriga ushbu nashriyot yozilganini ko‘rishimiz mumkin.

 

         

 

 

Eslatib o‘tamiz, Toshkent hokimiyati 2020-yil “Kolorpak” nashriyoti bilan shartnoma asosida 1 mlrd so‘mga 4965 dona Prezident portreti sotib olgan edi. Demak, nashriyotning sifatli faoliyati siyosiy jarayonlarga taalluqli buyurtmalar orqali ham ko‘zga ko‘ringan.

Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxoʻjayevning kun.uz nashriga ma’lum qilishicha, darsliklar chop etilish jarayonida va bu jarayon 23 oktabrda yakuniga yetadi. Shundan keyin uzog‘i 10 kunda barcha maktablarga yetib boradi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda nima gap?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ham aynan darsliklarning o‘quvchilarga yetib bormagani haqida turli fikrlar, savollar paydo bo‘lmoqda. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishamiz.

 

         

Ba’zi maktablarda o‘quvchilar kitoblarni rangli printerda chiqarib foydalanishayotgani, darsliklar hammaga to‘liq yetmagani haqida aytilmoqda.

 

        

 

Ushbu murojaatda ham birinchi chorak tugash arafasida bo‘lganiga qaramay, o‘quvchilar kitobsiz o‘qiyotgani, 30 yil davomida bunday sharmandalik holat uchramagani haqida aytib o‘tilgan.

 

         

 

Ko‘rinib turibdiki, o‘qituvchilar ham yangi o‘quv qo‘llanmalar qachon yetib kelishi haqida ogohlantirilmagan. Agar vazirlikning rejasi o‘quv yilinining ikkinchi choragidan kitoblarni yetkazish, ungacha eski darsliklardan foydalanib turish bo‘lsa, nega bu xabar oldinroq aytilmadi?..

 

Rasmiy munosabat

13-oktabr kuni Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev kun.uz nashriga bergan intervyusida darsliklar kechikishining qator sabablari va ota-onalarni qiziqtirgan savollarga javoblarini aytib o‘tdi.

“1- va 2-sinflar uchun darslik yetishmovchiligi degan tushuncha unchalik to‘g‘ri emas. Chunki maktablarda ayni paytda darsliklar bor. O‘quvchilar 2018 yilda chiqarilgan darsliklardan ijara huquqi asosida foydalanmoqda”, deydi vazir o‘rinbosari.

Aytilishicha, darsliklar bo‘yicha bosqichma-bosqich milliy dasturga o‘tilayotgani sababli bu jarayon birdaniga amalga oshirilmaydi. Jarayonga shaffof tenderlar va darsliklar sifati borasida maslahatlashuvlar uchun xalqaro ekspertlar jalb qilingan va kitoblar iyul oyida tayyor bo‘lgach, xalqaro ekspertlarga ko‘rib chiqish uchun topshirilgan.

“Milliy dastur bo‘yicha 2-sinflar ikkinchi chorakdan to‘liq yangi darsliklarda o‘qishi kerak”, deb aytib o‘tdi Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev. Birinchi chorakda o‘quvchilar avvalgi yillardagi darsliklardan foydalanib turishi belgilangan va bu bo‘yicha maktablarga tavsiya berilgan.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 222
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 62
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar

Vatandosh

11:03 / 27.03.2024 0 720
Azizaning qora va oq tuflilari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15388
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi