1-partaga muhabbat, eshik oldida yechilgan oyoq kiyim, 5 yoshli o‘quvchilar – faol va mashhurlarning 1-sinf xotiralari


Saqlash
23:38 / 04.09.2023 10943 2

Bugun 4-sentabr… 2023-2024-o‘quv yiliga start berildi. O‘quvchilar va talabalar bilan to‘lgan ko‘chalar, bayramona qiyofalar va yoqimli kuz fasli hammaga maktab davrini eslatayotgani aniq. 1-sinfga borgan davringizni eslay olasizmi? Aynan mana shu savol bilan bir qancha taniqli va faol yurtdoshlarimizga yuzlandik. O‘ziga xos xotiralarga tobingiz qalay?

 

Xosiyat Rustamova,

shoira, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, xalqaro tanlovlar g‘olibi, “Kitob dunyosi” gazetasi bosh muharriri:

 



1-sinf… Bu kun bilan bog‘liq xotiralarim va hissiyotlarimni boricha aks ettirishga harakat qilaman.

 

Tonglar otmagan. Kunlar ham o‘tib qo‘ya qolmagan. Xullas shu kunga juda-juda olisdan kelgan edim. Hayajonlarim meni tor ko‘chalarda necha marta yiqitgan edi. Aynan maktab uchun olingan kiyimlarim hammadan yashirinib, necha bor kiyib ko‘rilgan… sochlar har kuni har xil taralgan. Xayollar maktabni necha bor tasavvurlarimga chizgan va o‘chirgan. Ismim yerlarda doira ichiga olinib, necha bor qiyshiq harflar bilan yozilgan. To‘g‘rida, o‘qituvchim to‘satdan, “qani ismingni yozchi” desalar, yer chizib qolishdan qo‘rqishlar… Men maktabga borguncha ham o‘zim xayolimda yaratgan maktabga har kuni borib qaytardim. Faqat u yerda ozgina boshqacha edi… Aniq eslayman, sinfxona juda katta va osmonga o‘xshagan doska havoda chayqalib turardi. Men sinfga katta-kichik harflar bilan yashin tezligida kirib kelardim. Qizig‘i, men bilan taniganimdan beri jim yashagan harflar birdan harakatga kelib, o‘yinga tusha boshlardi… Men ularni tutmoqchi bo‘lib chopardim va kichik harflarnigina ushlay olardim. Katta harflarga esa kuchim yetmasdi. Men ulardan qo‘rqardim. Va bulutlar ichidan chiqib kelayotgan muallimimga jovdirab qarardim. Negadir muallimim sariq kiyimlarda ertak qahramonlariga o‘xshab ko‘rinardi… men faqat maktab haqida o‘ylardim. Va uydagilarga faqat maktab haqida gapirardim. Uydagilar mening savollarimdan bezor bo‘lishgan edi. Xullas, mening tushlarim ham maktab edi… Men o‘sha kuni hali tong otmasdan kiyinib, Onamni ko‘chada kutib turdim. Hech kim meni ichkariga olib kirolmadi. Hech yo‘q nonushta qilib ol, hali maktab qorovuli ham kelmagan, dedilar Dadam. Shunday paytda choy o‘tarmidi!.. Indamay o‘tiraverdim. Oxiri Oyim chiqdilar. Tor ko‘chadan maktabga yaqin edi. Men o‘sha ko‘chaga qarab yurdim. Ammo Onam qo‘limni ushladilar va katta ko‘chadan keta boshladik. Men hozirgacha ham bundan uzoqroq yo‘lni bilmayman. Maktabgacha to‘qqiz yoki o‘n daqiqalik yo‘l mening bola tasavvurimda, bir asrlik yo‘l bo‘lib qoldi. Kimdir aytganda eslab qolgandim, birinchi partada a’lochi bolalar o‘tiradi. Sinfga kirish ruxsat berilganda, men chopib borib birinchi partani tanladim va maktabni bitirgunimcha ham shu joyda qoldim.

 

Bizning muallimamiz chiroyli edi… Menga hamisha sirli tuyulgan mualimam bilan men hamisha faxrlanardim. Men unuta olmaydigan voqealardan birini aytaman. Bir kuni maktab boshlanganiga hali bir hafta ham bo‘lmagan, ammo meni harflarni tanishim va qisqa so‘zlarni qo‘shib o‘qishim haqida maktabga gap tarqalgan bo‘lib, boshqa sinf o‘qituvchilari meni ko‘rib qolishsa, savolga tutishardi. O‘sha kuni maktab maydonchasida bo‘r bilan yerga nimalarnidir o‘rtoqlarim bilan yozib, chizib turgandik… 1-“v” sinfining o‘qituvchisi Ulkanoy opa kelib, “Qani, “bobo”, deb yoz-chi”, dedilar… “Bo”, deb yozdim. “Yozuving chiroyli ekan”, dedilar. Men yerga qarab turaverdim. “Bobo”ni yozolmadim. Bu voqeani o‘qituvchi o‘sha zahoti unutib yubordilar, ammo men haligacha unutganim yo‘q. Chunki, men ularga bir necha marotaba aytdim, “bobo” so‘zini yozolmaganman, eslaysizmi, deb. Ammo ular eslolmaganlar. Men esa shu so‘zni yoza olmaganim uchun o‘qituvchidan shu qadar hijolat chekkanmanki, hozir ham ularning oldida o‘zimni hech narsa bilmaydigandek his qilaman va uyalaman…

 

Fozil Farhod,

shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi matbuot kotibi:

 

 

Men bolalar bog‘chasiga bormaganman. 6 yoshimda maktabga tayyorlovchi ноловой sinfga qatnaganman. Lekin o‘qituvchimiz juda talabchan bo‘lganlar, shu sababdan ulardan qo‘rqqanman. Xullas, o‘qituvchi bahona bo‘lib, shu yili o‘qishga chiqmadim. Keyingi yil, 7 yoshimda 1-sinfga bordim. Soddagina qishloq maktabida Ro‘zixol muallim bizga dars o‘tardilar. Yo‘qotilgan bir yil o‘z ustimda qattiq ishlagan bo‘lsam kerak, 1-sinfga borganimda savodim chiqqan edi, o‘qishni ham qoyil qilardim.

 

Nazarimda, maktabda namunali o‘quvchi bo‘lganim uchun alohida qiziq voqealar sodir bo‘lmagan yoki men eslay olmadim.

 

Arevat Grigoryan,

suxandon, “Sevimli” telekanali boshlovchisi:

 

 

Millatim o‘zbek bo‘lmasa-da, ota-onam meni o‘zbek tilidagi bog‘chaga berishgan. Tabiiyki, yoshim yetgandan keyin o‘zbek maktabiga bordim. Maktabdagilar qabul qilishdan oldin menga alifbe kitobidan rasmlar ko‘rsatib, o‘zbek tilidagi og‘zaki nutqimni tekshirishgan. Men avvaliga oson bo‘ladi, deb o‘ylaganman. Lekin o‘qish boshlanganidan keyin juda qiynalganman. O‘zbek tilini yaxshi bilmasligim rosa ko‘p pand bergan. Odatda, rusiy zabondagi o‘quvchilar o‘zbek sinflarida ta’lim olishmagan. Shu sababdan, sinfdoshlarim ham menga hayrat ko‘zi bilan qarashardi. Ular o‘zaro suhbatlashishsa, men tushunmay o‘tirardim. Yig‘lagan kunlarim ko‘p bo‘lgan. Lekin o‘ylaymanki, mana shu qiyinchiliklardan munosib o‘ta oldim va o‘zbek tilini mukammal o‘rgandim. Hozir umuman afsuslanmayman. O‘zbek suxandoni Arevat Grigoryan nomiga ega bo‘lganimdan baxtiyorman.

 

Rasulxon Qodirxonov,

teatr va kino aktyori, teleboshlovchi:

 

 

Maktabga 6 yoshda borganman. Sinfimizda hatto 5 yoshli o‘quvchilar bor edi. Demak, u vaqtlari yosh emas, xohish muhimroq bo‘lgan ekan. Maktabimiz ham kamtarona, bir qavatli bo‘lgan… Rahmatli Xonigul muallim opamizni juda yaxshi eslayman. Qalbi go‘zal ayol edilar. Qo‘limdan ushlab yozdirganlari ko‘z oldimda qolib ketgan.

 

1-sinfda men avvalo ota-onamni xursand qilishni juda xohlaganman. Shu bois a’lo bahoga o‘qishga harakat qilganman. Tabelimga imzo qo‘yishgan vaqtda men o‘zimdan g‘ururlanardim. Muallim opamiz (biz shunday chaqirardik) menga deyarli dakki bermasdilar. O‘zim bunga hojat qoldirmasdim. Faqat bir safar tanaffus vaqtida futbol o‘ynashga berilib ketib, darsga kech qolganman. “Sendan kutmagandim”, deganlar o‘sha vaqtda… Bu gap men uchun juda og‘ir jazo bo‘lgan. Bunday xatoni qayta takrorlamaganman.

 

6-7 yoshimda ham juda san’atga qiziqishim baland bo‘lgan. She’r yodlardim, sahnaga chiqardim… Hatto “Mustahzod” qo‘shig‘ini ijro etishni ham o‘rgangan edim…

 

Butun maktab davrida tartib va mas’uliyat bilan tahsil oldim. Bu hozirgi faoliyatimda ham o‘z aksini topgan deb o‘ylayman.

 

Nargiza Odinayeva,

shoira, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi:

 

 

Qishlog‘imizning masjidi bor edi. Hayit bayrami va umuman, mavsumiy hasharlarda katta yoshdagi qo‘shni qizlarga qo‘shilib, mana shu masjid hovlisini supurardik. Kattalar ko‘rsatmasi bilan masjid hududiga oyoqyalang kirganmiz. Ana shu vaqtlarda men maktabga 1-sinfga chiqqanman. Buni qarangki, maktabni ham masjid qatorida bilib, eshigidan oyoq kiyimimni yechib kirganman. Bu voqeani tez-tez eslab turaman…

 

Mendan uch yosh katta akam sinfxonadagi birinchi partaga joylashtirib ketgan. Bir muddat o‘tib, o‘rnimni boshqa bir o‘qituvchining farzandi egalladi. Meni ikkinchi partaga o‘tkazishdi. Keyin nimadir bo‘ldi-yu, yana joyimga qaytdim va 7 yil o‘sha maktabda, o‘sha sinfda sinf sardori bo‘lib tahsil oldim.

 

Maktabimiz va undagi qoidalar menga qiziq tuyulardi. Ochig‘i, katta qiziqish va ishtiyoq bilan o‘qiganman. Bugungi shaxsiyatim shakllanishida maktabimning roli yuqori deb o‘ylayman.

 

Jahongir To‘rayev,

matematik, xalqaro olimpiadalar g‘olibi:

 

 

6 yoshimda kirill va lotin alifbosida savodim chiqqan, hisob-kitobni ham juda yaxshi bilardim. Ko‘rsatkichlarim sabab sinfdan sinfga ham sakraganman. Bora-bora o‘zimdan ikki yosh kattalar bilan o‘qiganimni eslayman.

 

Faqat maktabga borganimda sinfdoshlarimga qo‘shilib ketishga biroz qiynalganman. Bu balki tabiatim bilan bog‘liqdir… Chunki hozir ham vazmin xarakterdaman.

 

Men uchun maktab chin ma’noda bilim beruvchi maskan bo‘lgan, shu sababdan e’tiborimni faqat intellektimga qaratganman. Bundan afsuslanmayman… Chunki aynan mana shu qarash sabab o‘z soham bilan bog‘liq ko‘plab yutuqlarga erishganman.

 

E’tibor qaratadigan bo‘lsak, aynan 1-sinfdagi xarakter, odatlar va hissiyotlar qahramonlarimizning butun hayot tarziga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Demak, aynan 1-sinf, aynan maktabda o‘tayotgan dastlabki yillar kelajagimiz bilan uzviy bog‘liq. Shu asosda, eslatamiz: maktab ostonasiga qadam qo‘ygan bolalarimizga e’tiborli bo‘laylik.

 

Ha, aytgancha, siz ham 1-sinf xotiralaringiz bilan bo‘lishsangiz xursand bo‘lamiz.

 

 

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz

 

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

2 Izohlar

Sevinch

01:10 / 10.10.2023

Ha albatta yoshlik juda ham zoʻr va begʻuborlik davri shoyirlarning aytishadi -ku yoshlik davri kelmas 100 kelsa bahor ....bar bir yoshlik davri makatb onglar oʻzgacha

Aziza

13:09 / 11.09.2023

Menga juda yoqdi. Yana shunday maktab xotirasi bilan bogʻliq voqealar boʻlsa yoʻq demasdim. Chunki oʻzim hali ham oʻquvchi boʻlib qolishni xohlardim.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 133
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22039
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//