Toshkent qozilari


Saqlash
12:10 / 19.10.2021 1120 0

O‘rta Osiyoda huquqiy masalalar ko‘p asrlar davomida islom shariati ahkomlariga ko‘ra qozilar tomonidan hal etilgan.

XIX asrning ikkinchi yarmida xonliklardagi zaif siyosiy boshqaruvdan foydalanib Rusiya imperiyasi o‘lkani bosib oldi va Turkistonda o‘z qonunchiligini qaror toptirishga kirishdi. Huquqiy islohotlar imperiya tarkibida yangi tashkil etilgan Turkiston general-gubernatorligi markazi Toshkent shahridan boshlandi. Aytish joizki, chor hukumati mustahkam mahalliy huquq tizimi qarshiligiga duch keldi.

Rusiya davlati o‘z qonunchilik tizimini o‘rnatish uchun xalq ishonchini qozongan qozilik mahkamalarini zaiflashtirishga qaror qildi. Shu maqsadda ba’zi chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, qozilik sudlari aksar huquqiy masalalarni ko‘rish huquqidan mahrum etildi. Qolaversa, qozilar hukmidan norozi bo‘lgan fuqarolarga imperiya sudlariga murojaat qilish huquqi berildi.  Imperiya bosqinidan oldin qozilar shahar begi tomonidan tayinlangan (Добросмыслов А. Ташкент в прошлом и настоящем. Тошкент, 1912. Стр. 107). Chor hukumati esa qozilarni saylash tartibini joriy etdi. Manbalarga ko‘ra, Toshkent shahrining har bir dahasiga qozilar ellikboshilar tomonidan uch yil muddatga saylanar, nomzodlar esa Sirdaryo viloyati harbiy gubernatori tasdig‘idan o‘tar edi (MDA, 36-fond, 1-ro‘yxat, 2707-ish, 17-varaq). Bundan ko‘zlangan maqsad qozilarni mustamlakachi hukumat siyosatiga tobe etish edi. Harbiy gubernator tasdig‘idan o‘tgan qozigina o‘z faoliyatiga kirishgan. Toshkent shahar hokimining buyrug‘ida ko‘rsatilishicha, agar harbiy gubernator ko‘p ovoz olgan qozi nomzodini tasdiqlamasa, qaytadan saylov o‘tkazilgan (MDA, 36-fond, 1-ro‘yxat, 3106-ish, 6-varaq).

Qozilik “mansabig‘a xalq ichida xizmat va e’tibori bor va... 7 kundin ziyod hibs jazosig‘a va yo 30 so‘mdin ziyod ta’zir bo‘lmog‘on, ya’ni jarimaga giriftor bo‘lmog‘on, tergov va yo hukm ustida turmog‘on va yoshi 25 yoshdin” kichik bo‘lmagan fuqarolar saylangan (MDA, 36-fond, 1-ro‘yxat, 2707-ish, 17-varaq).

Qozilik saylovi sandiqqa soqqa tashlash asosida o‘tkazilgan. Soqqalar qora va oq rangda bo‘lib, oq rang nomzodni yoqlash, qora esa unga qarshi ovoz berish alomati edi. Har bir dahadan shariat ahkomlarini puxta bilgan, el-yurt hurmatini qozongan nomzodlar saylovda qatnashgan. Masalan, 1887-yilgi saylovda Shayxontohur dahasidan 7 nafar, Beshyog‘och dahasidan 6 nafar, Ko‘kchadan 5 nafar, Sebzor dahasidan esa 4 nafar vakil nomzodini qo‘ygan. 97 ellikboshidan 77 tasi ovozini olgan Sharif hoji qozi Shayxontohur qoziligiga, 68 ellikboshidan 49 tasi ovozini olgan Odil hoji Beshyog‘och qoziligiga saylangan (MDA, 36-fond, 1-ro‘yxat, 3106-ish, 38-41-48, 54-varaqlar).

Daha qozixonalarida yig‘ilgan muhim masalalarni qozilar kengashi ko‘rib chiqqan. Kengash avvalida qozilar orasidan sodirnishin (rais) saylab olingan va bu haqda Toshkent shahar hokimiga bildirgi yuborilgan. Masalan, “Tarix 1306-yil 12-safar oyinda, ya’ni 1888-yil 6-oktabrda Beshyog‘och dahasi qozisi Odilxo‘ja eshon Ofoqxo‘ja eshon o‘g‘lini sodirnishinlikka xohlab siz hurmatli hokimimizga ma’lum bo‘lsin deb rapurt yozib rostlig‘iga muhrlarimiz bosduk” (MDA, 36-fond, 1-ro‘yxat, 3005-ish, 7-varaq), deyiladi xabarnomalardan birida.

Umuman, mustamlaka tuzum o‘z hokimiyati barqarorligini o‘ylab mahalliy sud tizimini qattiq nazorat qilgan. Shu bois har bir katta-kichik jarayon haqida shahar hokimiga ma’lum qilib turish talab etilgan.

Qozixonalarda “murofa’”, ya’ni tergov ishlari milodiy taqvim bo‘yicha har oyning birinchi sanasidan 10-sanasigacha olib borilgan (Turkiston viloyatining gazeti, 1908, № 57). Oyning qolgan kunlarida hukmlar e’lon qilingan.

1878-yili Toshkent Eski shahar ulamolarining bilittifoq qaroriga muvofiq qozilarning o‘zi, yaqin qarindoshlari va farzandlari manfaatiga daxldor masalalarda hukm qilish man etilgan. Shuningdek, qozilar g‘azabnok holda, ochlik, tashnalik yoki kasallik xuruj qilgan paytda, ot ustida yoki yurib borayotgan vaqtda hukm chiqarishdan qaytarilgan (MDA, 36-fond, 1-ro‘yxat, 1656-ish, 14-varaq).

Qozixonada qozi va uning noibi, ikki muftiy hamda shariat ilmidan xabardor bo‘lgan bir necha ilmli kishi faoliyat yuritgan. Muftiylar kichik jinoyatlarni ko‘rib chiqqan, tergov va surishtiruv ishlarini olib borgan. Shuningdek, xalq ichida yurib, oila-nikoh, yer-suv, savdo masalalariga doir ishlarni hal etgan. Qozixonaga murojaatlar ko‘payib ketgan kezlarda qozilar muftiylar sonini oshirishni so‘rab shahar hokimlariga murojaat qilgan (MDA, 36-fond, 1-ro‘yxat, 2707-ish, 89-varaq).

A’lam va muftiylar tayinlagan qozi bu haqda shahar hokimiga ma’lum qilgan. Agar ulardan birortasi vafot etsa, qozi shahar rahbariga boshqa nomzodni taqdim etgan. O‘sha davr muhiti hamda idoraviy yozishmalar xususida kengroq ma’lumot berish maqsadida Toshkent qozilaridan biri yozgan quyidagi nomani to‘liq keltirishga qaror qildik:

Hurmatli shahar hokimi xizmatlarig‘a Shayxontohur dahasining qozisidan rapurt.

Ushbuning barobarinda ma’lum qilamankim, 1890-yil 16-yanvarda Shayxontohur dahasiga a’lamlik mansabiga tayin bo‘lg‘on Rahmatxo‘ja eshon A’zamxo‘ja eshon o‘g‘li a’lamlikni xohlamas ekan. Mazkur a’lam o‘ziga tegishli a’lamlik lavozimatini ado qilolmag‘ani sababli mazkur Rahmatxo‘ja eshon A’zamxo‘ja eshon o‘g‘lini a’lamlikdin bekor qilib, aning o‘rnig‘a a’lamlik lavozimatini ado qilmoqqa mullo Zayniddin maxdum domullo Miriso oxund o‘g‘lini tayin qildim. Uldan a’lamlik ishig‘a xabar bo‘lib ta’mal qilib yurgani sababli, mazkur mullo Zayniddin maxzumni a’lamlikka mustahkam qilmoqqa tartib joriy qilsangiz ekan deb janobingizdan iltimos qilib rostlig‘ig‘a Shayxontohur qozisi muhrim bosdim (MDA, 36-fond, 3-ro‘yxat, 3180-ish, 4-varaq).

Qozilar a’lam va muftiylarni qarindoshlari orasidan tayinlagan. Ammo chor ma’muriyati qozining qarindoshlari ishlashini man etadi. Shundan so‘ng qozilar qozixona tarkibini o‘zgartishga majbur bo‘ladi.

Hukm daftarlari qozilarning asosiy faoliyatini aks ettiruvchi manbadir. Yer-suv, oilaviy nizolar, oldi-sotdi, qarz kabi maishiy masalalardan tortib muhim ijtimoiy-siyosiy masalalarga qadar – bari hukm daftarida aks etgan.

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida chor ma’muriyati imperiya sudlarining “odilligi”, mahalliy sudlar esa “qoloq” ekanini namoyish qilishga zo‘r berib harakat qilsa-da, xalq uchun qozilik sudlari adolat maskani bo‘lib qolaverdi. O‘tgan asrning birinchi choragida Turkistonda sovet hukumati o‘rnatilgach, qozilik sudlari butunlay tugatildi.

 

Obid TANGIROV,

O‘zbekiston davlat San’at muzeyi

bo‘lim mudiri

 

“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 1-son

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 201
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19178
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 16007
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi