Yurtimizda Mustaqillik tantanalari davom etayotgan bir pallada islohotlar, erishgan va erishayotgan yutuqlarimiz hamda kelajak umidlari asosiy mavzuga aylanayotgani hech kimga sir emas. Oyina.uz mana shu ruhiyatga mos ravishda e’tirofga munosib ko‘rilgan yurtdoshlarimizdan biri O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, kosonsoylik muallim, tumandagi 9-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internat direktori Ma’murajon Sultonovaning hayotiy hikoyasiga quloq tutdi.
Bilamizki, dunyodagi kasblar ichida eng ulug‘i o‘qituvchilikdir. Zero, har bir kasb egasi muallim qo‘lida o‘z yo‘lini topadi. Shu bois o‘qituvchi-pedagoglarni qadrlash va ko‘klarga ko‘tarish hammamizning burchimizdir. Bugungi qahramonimiz zimmasidagi vazifani ado etishga nafaqat bilimi, salohiyati, balki qalb qo‘ri, mehrini baxshida etgan. Kasbiga bo‘lgan sadoqati, fidoyiligi tufayli el-yurt orasida hurmat va e’tibor topgan.
Gap shundaki, Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan Maktablarda ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi Ma’murajon Sultonova hayotida yangi sahifa ochdi. U Namangan viloyati studiyasi orqali yig‘ilishda qatnashib, davlat rahbari bilan samimiy suhbatlashdi. Qahramonimiz ming bir hayajon bilan bu haqida so‘zlab berdi:
– O‘zim direktorlik qilayotgan maktab o‘quvchi va o‘qituvchilari erishgan yutuqlar, xususan, bitiruvchilarimiz ketma-ket uch yildan beri yuz foizlik natija bilan oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinayotgani haqida aytdim. Eng muhimi, bu yutuqlarga qanday erishayotganimiz omillari, jamoamizdagi tashabbuskorlik Prezidentimizga ma’qul keldi. Shunda davlatimiz rahbari zaldan turib: “Sizga bugunoq davlat mukofoti beraman, yig‘ilishdan chiqib farmonga imzo chekaman”, – dedi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi. Quvonchli xabardan ko‘zlarimga yosh keldi. Prezidentimiz meni “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” yuksak unvoni bilan taqdirladilar. Oddiy qishloq o‘qituvchisiga ko‘rsatilgan bunday e’tibor, ehtirom, e’zozdan ko‘nglim tog‘dek yuksaldi.
Ma’lumot uchun, Ma’murajon Sultonova ushbu maktabga 2008-yildan beri rahbarlik qiladi. Oradan o‘tgan 15 yil davomida ta’lim muassasasi faoliyatini yanada yaxshilash, o‘qituvchi va o‘quvchilarga munosib sharoitlar yaratib berish yo‘lida tinimsiz izlandi, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi, yangiliklarni amaliyotga tatbiq etishdan hayiqmadi. Biz ulardan o‘z tajribalarini bo‘lishishni so‘radik:
– Avvalo, jamoamiz bilan o‘quvchilarning qiziqishi, qobiliyati va orzu-maqsadini o‘rganib, tegishli yo‘nalish hamda maxsus tayyorlov sinflariga ajratib oldik. Bu yil bitiruvchilarning 11 nafari 150 dan yuqori ball to‘plab, grant asosida talabalikka qabul qilindi. O‘quvchilarimiz respublika miqyosidagi va xalqaro tanlovlarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Masalan, 2020-yili o‘quvchimiz – iste’dodli yosh xonanda Olimaxon Tojiboyeva Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Yana bir shogirdimiz Muhammadzohir Abdumutalov matematika bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada g‘olibi bo‘ldi. Mamlakat miqyosidagi turli fan olimpiadalarida 12 o‘quvchimiz faxrli o‘rinlarni oldi.
Yuqorida ta’kidlaganimdek, erishgan yutuqlarimiz bir tomon bo‘lsa, unga olib boruvchi yo‘limiz ham o‘rganishga arziydi. Ya’ni, har bir muvaffaqiyat zamirida uzoq yillik izlanish, mashaqqatli mehnat, tashabbus yotibdi.
Misol uchun, bundan 4-5 yil oldin 10-11-sinf o‘quvchilarini bo‘lib o‘qitish tajribasini yo‘lga qo‘yganmiz. Ya’ni, ular bilan bittama-bitta suhbatlashib, qiziqishini o‘rganganmiz. Shu asosda, ularni guruhlarga bo‘lib chiqqanmiz. Masalan, kim kelajakda shifokor bo‘lishni aytsa, uni kimyo-biologiya guruhiga, iqtisodchiliki tanlaganlarni matematika chuqurlashtirib o‘qitiladigan guruhga biriktirganmiz. Eng muhimi, bu guruhlar bilan mashg‘ulotlarni malakali o‘qituvchilar olib borishi ham e’tibor markazimizda.
Shu o‘rinda, bir masalaga oydinlik kiritib ketishim kerak. Yuqoridagi chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan guruhlar mashg‘uloti DTS talablaridagi dars mashg‘ulotidan alohida o‘tiladi. Ya’ni, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtida qiziqishi bo‘yicha bilimlari yanada mustahkamlanadi. Biriktirilgan o‘qituvchilar o‘quvchilarni to oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lgunicha zarur yordamini ayamaydi. Maqtanish bo‘lmasin, bu tashabbuslarni amalga oshirishda kadrlar bilimiga ham katta e’tibor berdik. Eng yaxshi, eng kuchli, eng malakali, eng tashabbuskor, eng jonkuyarlarni saralab olganmiz. Masalan, avval oliy va 1-toifali o‘qituvchilarimiz sanoqli bo‘lgan edi. Bugun esa jamoamizning 86 foiz ustozlari shu darajadagi muallimlardir. Bundan tashqari barcha chet tili o‘qituvchilarimiz sertifikatga ega.
Yana bir e’tiborli tomoni, o‘quvchilarni xorijiy tillarga xususan, ingliz tiliga o‘qitish ham yo‘lga qo‘yilgan. Barcha bitiruvchilar xalqaro darajadagi til sertifikati uchun tayyorlanadi. Joriy yil noyabr oyida nasib qilsa, 14 nafar o‘quvchiimiz IELTS sertifikatiga imtihon topshiradi. Nasib qilsa, bu sinovda ham 100 foizlik natija ko‘rsatishimiz kutilyapti. Hatto, ta’til davrida ham yuqoridagi guruhlar bo‘yicha haftada bir kun 11-sinf o‘quvchilari bilan bepul mashg‘ulotlar tashkil etamiz. IELTSga tayyorlov kursi ham tekinga o‘tiladi. Shuning uchun ham, bitiruvchilarimiz nafaqat o‘zimizdagi OTMlarga, balki xorijiy TOP universitetlarga ham o‘qishga qabul qilinmoqda. Bilasiz, xorijiy universitetlarga xujjat topshirish, sinovlaridan o‘tish bizdagidan tubdan farq qiladi. Buning uchun malakali mutaxassislarni jalb qilib, o‘quvchilarga xorijiy universitetlarga xujjat topshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil qilamiz.
Shuningdek, bitiruvchi sinf yigit-qizlarimizni har 3 oyda bilimini baholab borish va xatolarni aniqlab olish maqsadida Bilim va malakalarni baholash agertligining Namagan viloyati vakillari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Belgilangan muddatda o‘tkazilgan test sinovlari natijasiga ko‘ra, har bir o‘quvchi bilimidagi bo‘shliqlarni aniqlab boramiz.
Eng muhimi, jamoamizda sof ta’lim muhiti yaratilgan. Erta tongdan o‘qituvchilarimiz uylaridan bugun darsda qanday yangiliklar bilan shogirdlarimni e’tiborini tortsam ekan, deb chiqsa, o‘quvchilar ham bugun maktabdan nimadir olishim kerak, degan niyatda ta’lim dargohimizga shoshadi.
Qahramonimiz tajribasi bilan tanishar ekanmiz, xayolimizga vaziyat yoki sharoitni bahona qiladigan ayrim mutaxassislar keldi. Guvohi bo‘lganingizdek, yoshlar uchun imkoniyatlar yaratish va samarali natijalarga erishish birgina rahbarning tashabbusi va mehnatiga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin ekan. Haqli ravishda davlatimiz rahbarining e’tirofiga munosib ko‘rilgan Ma’murajon Sultonova kabi yurtdoshlarimiz bilan faxrlanamiz.
Xayrullo ABDURAHMONOV.
Oyina.uz
Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q