Ota-onangizga mehrli bo‘ling, o‘zingizdan jabrdiyda yasamang, odamlardan ajralmang va siyosatchilarga ishonmang – Brodskiyning Michigan universiteti bitiruvchilariga 6 o‘giti


Saqlash
05:30 / 26.08.2023 884 0

Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Iosif Brodskiy 1988-yil, 18-dekabrda Michigan universiteti bitiruvchilari qarshisida nutq so‘zlaydi. Sovet ittifoqida yashashga mahkum rus shoirining Amerikaga borib qolishining o‘zi alohida bir hikoya. Ammo amerikaliklar allaqachon uning sheʼriy to‘plamlaridan boxabar edi, ammo uni dunyoga va inglizzabonlarga tanitgan narsa – uning esselari. Darvoqe, Brodskiy ham o‘zini “rus shoiri, inglizzabon esseist va albatta, Amerika fuqarosi” deb ataydi. Quyidagi nutqida u Michigan universiteti bitiruvchilariga oq yo‘l tilab, o‘zining ayrim tavsiyalarini beradi. Dunyoviy, axloqiy va insoniy jihatdan muhim ahamiyat kasb etgan ushbu mulohazalarni biroz qisqartirilgan holda o‘zbek tilida havola etamiz.

 

 

Hayot – qoidalari ko‘p, ammo hakamsiz o‘yin. Unda o‘ynashni biror yo‘riqnoma, masalan, Muqaddas Kitobdan emas, balki uni kuzatish orqali o‘rganamiz. Shu sabab ko‘pchilik g‘irrom o‘ynashi, kamchilik g‘alaba qozonishi va aksar kishilar mag‘lub bo‘lishi ajablanarli emas.

 

Biroq men bu yerga aynan qaysidir eʼtiqod yoki falsafaning ijobiy jihatlarini sanash uchun kelmadim, bundan tashqari zamonaviy taʼlim tizimi hamda uning ehtimoliy qurbonlari sanalmish siz yoshlarni ham nishonga olishdan tiyilaman. Avvalo, men sizni qurbon deb hisoblamayman. Bundan tashqari, siz ayrim sohalarda mendan yoki tengqurlarim ichidagi istalgan bir kishidan ko‘ra benihoya bilimliroqsiz. Men sizni uzoq safar oldida turgan yosh, o‘ychan, o‘zbilarmon jonlar guruhi sifatida ko‘raman. Bu yo‘l naqadar uzoqligidan tanamda titroq turadi va o‘zimni savolga tutaman: xo‘sh, sizlarga qanday yordamim tegishi mumkin? Hayot haqida sizga qo‘l kelishi mumkin bo‘lgan yoki siz uchun biror ahamiyat kasb etgan nimadir bilamanmi, agar bilsam, bu maʼlumotni sizga yetkazish imkoni bormi?

 

Shu sabab hozir beradigan maslahatlarimni, agar shunday atash mumkin bo‘lsa, Sinay tog‘i sifatida emas, shunchaki bir nechta aysberg cho‘qqilari sifatida qabul qiling. Men Muso, siz esa Eski Ahd yahudiylari emassiz; sariq yondaftarga qoralangan bu tartibsiz qaydlar – olam qonuniyatlari yozilgan zarvaraq emas. Istasangiz, ularni rad eting; lozim topsangiz, ularga ishonmang; juda bo‘lmasa, unuting: ular sizga hech qanday majburiyat yuklamaydi. Agar ulardan biri sizga hozir yo kelajakda asqatsa, boshim osmonga yetadi. Aksi bo‘lsa, g‘azabim sizni quvib yetmaydi.

 

 

1. Hozir ham, kelajakda ham tilingiz aniqligiga eʼtibor qaratganingiz maʼqul, deb o‘ylayman

So‘z boyligingizni oshirishga, bankdagi hisobingizga qanday munosabatda bo‘lsangiz, shunday munosabatda bo‘lishga harakat qiling. Unga ko‘proq eʼtibor qaratib, kirimni ko‘paytirishga urining. Maqsad bu yerda sizning yotoqda yoki kasbiy faoliyatingizda so‘zamol bo‘lishingizga ko‘maklashish emas, garchi bu borada ham yordam berishi haqiqat, yoki sizni dunyoviy aql egalariga aylantirish ham emas. Maqsad o‘y-fikrlaringizni iloji boricha to‘laroq va aniqroq anglatishga imkon yaratish; bir so‘z bilan aytsak, maqsad – sizning muvozanatingiz. Zero, aytilmagan, to‘kib-sochilmagan sezimlar sizni muqarrar ravishda nevrozga duchor qilishi ehtimoli bor.

 

Har kuni odam ko‘nglida minglab o‘zgarishlar yuz beradi, ammo ularni ifoda etish usuli ko‘pincha bir xilligicha qolaveradi. Kechinmalar uni anglatish qobiliyatidan o‘zib ketadi. Bu ruhiyatingizga og‘ir taʼsir qiladi. Nomini topilmagan, gapirilmagan hislar, kichik tafovutlar, fikrlar, inʼikoslar taqribiy gap qurilishlaridan qoniqmaydi va odam ichida to‘planib, psixologik portlash yoki buzilishga olib kelishi mumkin.

 

Bundan qochish uchun kitob qurtiga aylanish shart emas. Lug‘at sotib olib, uni har kuni o‘qib turish kifoya, baʼzida sheʼrlar ham ortiqcha emas. Ammo lug‘at birinchi darajali ahamiyatga ega. Atrofimizda lug‘at ko‘p; ayrimlari uchun zarrabin kerak. Ular, hatto eng qimmatlari (zarrabin qo‘shib beriladiganlari) ham bir marta psixiatr qabulida bo‘lishdan ko‘ra ancha arzonga tushadi. Shunda ham, juda psixiatrga qatnagingiz kelsa, unda so‘zxo‘rlik alomatlari bilan tashrif buyuring.

 

2. Hozir ham, keyin ham ota-onangizga mehrli bo‘lishga intiling

 

Bu “Ota-onangni hurmat qil” degan o‘gitga juda o‘xshasa, na chora. Men faqat shuni aytmoqchiman: ularga qarshi bosh ko‘tarmaslikka urining, chunki katta ehtimol bilan, ular sizdan avvalroq vafot etadi, shunday ekan, o‘zingizni hech bo‘lmasa aybdorlik hissidan saqlab qolasiz.

 

Agar isyon qilishni istasangiz, ko‘ngliga olmaydigan boshqa birovni toping. Ota-onaday yaqinlaringizni nishonga olmang (shuningdek, aka-uka, opa-singil yoki turmush o‘rtog‘ingizni ham); masofa shu qadar yaqinki, mo‘ljalga urmaslikning iloji yo‘q. Ota-onaga qarshi isyon haddan ortiq burjualarga xos tutim, chunki bu isyonchiga yuksak darajada farog‘at beradi, ayni vaziyatda komil ishonch ortidan kelgan qalb qoniqishini. Siz bu yo‘lga qanchalik kech qadam qo‘ysangiz, shunchalik kech burjuaga aylanasiz; yaʼni badgumon, hadikchi, aqliy salohiyatidan qoniqmagan odam sifatida qancha uzoq qolsangiz, shuncha foydangizga. Boshqa tomondan, “bir tiyin ham olmayman” qabilidagi isyonning o‘ziga yarasha foydasi bor, chunki ota-onangiz, katta ehtimol bilan, o‘zining bor mol-mulkini sizga meros qoldiradi va omadi chopgan isyonchi oxir-oqibat u boylikka butunicha ega chiqadi; boshqacha aytganda, isyon – pul jamg‘arishning samarali usuli. Biroq foizi zararga ishlaydi; va aytgan bo‘lardimki, kasodga uchratadi.

 

3. Siyosatchilarga ko‘p ham ishonmang

 

Ko‘pincha o‘z ishiga no‘noq va adolatsiz bo‘lganlari uchungina emas, balki ular bajarayotgan ish qamrovi ularning ichida eng yaxshilari – qaysidir siyosiy partiya, doktrina, tizim yoki qaysidir loyiha – uchun ham haddan tashqari kattalik qilgani sabab. Ular ijtimoiy yovuzlikni nari borsa biroz yumshatishi mumkin, lekin butunlay bartaraf qilolmaydi. Bu islohotlar qanchalik sezilarli bo‘lmasin, axloqiy nuqtayi nazardan, baribir ahamiyatsizday ko‘rinaveradi, chunki, bir dona bo‘lsa ham, bu o‘zgarishdan foyda ko‘rmaydigan odam doim topiladi.

 

Dunyoning doim kami bor; oltin davr hech qachon kelmagan va kelmaydi ham. Dunyo faqat bir jihatdan o‘zgaradi: gavjumlashadi, yaʼni hajman kengaymagan holda odam soni ko‘payadi. O‘z pirogini siz bilan baham ko‘rishga vaʼda bergan odam qanchalik insofli bo‘lmasin, pirog kattalashib qolmaydi; ulushingiz albatta ozayadi.

 

Shuni anglash yoki, aniqrog‘i, anglamsizlik ortidan siz o‘z uyingizdagi pishir-kuydirga ishonishingiz, yaʼni dunyoni mustaqil boshqarishingiz lozim, hech bo‘lmasa, siz uchun ochiq bo‘lgan va qo‘l uzatsangiz, yetadigan qismini.

 

4. Ajralib turmaslikka, kamtar bo‘lishga harakat qiling

 

Quyosh ostidagi bu zamin uzra yuksakka tirmashish, albatta, pastdagilar hisobiga sodir bo‘ladi. Kimningdir oyog‘ini bosib olishga majburligingiz uning yelkasiga chiqib olishingiz kerakligini anglatmaydi.

 

Qolaversa, siz u nuqtadan odamlar dengizini va o‘zingiz kabi ko‘zga ko‘ringan, biroq juda qaltis joyga o‘rnashib olgan kishilarni, yaʼni boy va mashhur deb ataluvchilarni ko‘rasiz xolos.

 

Umuman, boshqalardan ko‘ra to‘kisroq yashash odamning ichiga xijillik soladi, ayniqsa, o‘sha boshqalar soni milliardlarga yetsa. Ustiga-ustak, boy va mashhurlar ham bugun ulkan to‘da hosil qilgani uchun tepa ham juda torayib ketgan. Shunday ekan, siz agar boylik va shon-shuhratga intilayotgan bo‘lsangiz, omad tilayman, ammo unga butun borlig‘ingiz bilan berilib ketmang.

 

O‘zga kishi egalik qilayotgan narsaga tashnalik shaxsiy qiyofangizni yo‘qotishni anglatadi; boshqa tomondan esa u ommaviy ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi. Bir marta yashashingizni hisobga olsak, eng ko‘zga ko‘ringan kelishelardan, shu jumladan, sovg‘abop kitoblardan qochishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Yodingizda bo‘lsin, o‘zingizni boshqalardan ayricha his qilish ham sizdagi o‘ziga xoslikka putur yetkazadi, haqiqat hissini shu vaqtgacha erishilgan qamrovgacha toraytirib yuborishini-ku aytmasa ham bo‘ladi. O‘zida cheksiz salohiyatni jam qilganlar orasida siqilishib yurish, ularning tashqi ko‘rinishi va daromadini hisobga olgan holda, har qanday klubga aʼzo bo‘lishdan ko‘ra yaxshiroq.

 

Ko‘proq o‘shalarga o‘xshashga harakat qiling, ulardan farqlanib turuvchilarga emas; kulrang kiyimga odatlaning. Mimikriya individuallikdan voz kechish emas, balki uni himoya qilish. Sizga pastroq ovozda gapirishni ham maslahat bergan bo‘lardim-u, juda oshirib yubordi deb o‘ylashingizdan hadiksirayapman.

 

 

5. O‘zingizdan jabrdiyda yasashdan qoching

 

Ko‘rsatkich barmog‘ingizga ehtiyot bo‘ling, chunki u birovni qoralashga tashna. Birovga barmoq o‘qtalish – jabrdiydalik alomati; ko‘rsatkich va o‘rta barmoq birgalikda g‘alabani anglatsa, bu mag‘lubiyatni anglatadi.

 

Ahvolingiz qanchalik rasvo bo‘lmasin, bunda tashqi kuchlarni ayblamaslikka tirishing: tarix, davlat, boshqarma, irq, ota-ona, oy fazasi, bolalik, tuvakka vaqtida o‘tqazishmagani. Xullas, bu ro‘yxat uzun va zerikarli; uning uzun va zerikarli ekanining o‘ziyoq undan foydalanmaslik ustida bosh qotirib o‘tirish siz uchun haqoratligini ko‘rsatadi. Siz aybni boshqa nimagadir yuklagan paytingizda nimanidir shaxsan o‘zgartirishga bo‘lgan ishtiyoqni yo‘qqa chiqarasiz; hatto aytish mumkinki, qoralashga tashna barmoq jazavada goh uni, goh buni ko‘rsatishi ham undagi qatʼiyat yetarli darajada emasligidan dalolat.

 

Jabrdiydalik maqomi ham odamga lazzat beradi. U rahm-shafqat uyg‘otadi, eʼtiborni tortadi, shu sabab butun mamlakat va qitʼalar jabrlanuvchi ongi sifatida talqin etiluvchi ruhoniy chegirma zulmatida rohat tuyadi. Shaxsiy advokatlardan tortib xalqaro qarzlargacha yoyilgan butun boshli jabrdiydalik madaniyati mavjud. Bu tizim o‘z maqsadini eʼlon qilganiga qaramay, faoliyatining asl natijasi – ehtiyojlarni atay kamaytirib, arzimas yutuqni ham ulkan muvaffaqiyat sifatida ovoza qilinishidir.

 

6. Qadam qo‘ymoqchi bo‘layotganingiz dunyoning nomi qora

 

U geografik nuqtayi nazardan maʼqul, biroq tarixiy jihatdan haminqadar; ko‘zni quvontiradi, ammo ijtimoiy ahvoli achinarli. Bu yer qulay joy emasligini tez orada anglaysiz, uni tark etguningizgacha ham ahvol o‘zgarishiga shubham bor.

 

Lekin bu ixtiyorimizdagi yagona dunyo: boshqasi yo‘q, agar bo‘lganida ham bundan yaxshiroq ekaniga birov kafolat bermaydi. Bunda, tashqarida siz changalzoru cho‘lga, sirpanchiq do‘ngligu botqoq va hokazolardan o‘tasiz – tom maʼnoda va eng yomoni, ko‘chma maʼnoda ham. Lekin Robert Frost aytganiday, “Eng yaxshi yo‘l doimo oradan o‘tadi”. Boshqa bir sheʼrida u yana bir gap aytgandi: “Jamiyatda yashash – kechirish degani”. Men shu oradan o‘tish haqidagi baʼzi mulohazalarim bilan nutqimni yakunlamoqchiman.

 

Sizni hayotda baxtsiz qilishga urinayotgan odamlarga eʼtibor bermaslikka harakat qiling. Bunaqalar ko‘p – rasmiy lavozimlarda ham, o‘zidan kimdir yasaganlar orasida ham. Ulardan qocholmasangiz, toqat qiling, ammo qutulganingizdan so‘ng darhol ularni unuting. Eng muhimi, boshingizga kulfat solgan adolatsiz kishilar haqida boshqalarga hikoya qilishdan tiyiling; sizni tinglayotganlar qanchalik rahmdil ko‘rinsa ham bu ishni qilmang. Bu kabi hikoyalar raqiblaringizga qo‘l keladi: ular suhbatsevar ekaningiz va boshqalar bilan o‘z tajribangizni baham ko‘rayotganingizdan manfaatdor bo‘lsa, ajabmas.

 

Hech kim adolatsizlikka (hatto adolatga ham) munosib emas. Birga bir munosabat harakatni oqlamaydi: faqat aks-sado muhim. Bu har qanday zolimning asosiy tamoyili, u xoh davlat tomonidan moliyalashtirilsin, xoh mustaqil ish yuritsin. Shu sabab aks-sadoni quving yoki bostiring, hodisa qanchalik yoqimsiz yoki eʼtiborga molik bo‘lishidan qatʼiy nazar, u sodir bo‘lishiga ketgan vaqtdan ko‘ra ko‘proq vaqtingizni olib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymang.

 

Dushmanlaringiz qilayotgan ishlar qanchalik ahamiyatli yo muhim ekani siz ularga qanday munosabat bildirishingizga bog‘liq. Shuning uchun ularga ahamiyat bermay darhol o‘tib keting. Ularga fikran yoki til bilan bandi bo‘lib qolmang; ularni kechirganingiz yoki unutganingiz bilan faxrlanmang. Xullas, eng avvalo, yoddan chiqaring. Siz shu yo‘l bilan miya hujayralaringizni befoyda zo‘riqishdan saqlab qolasiz; bu bilan hatto o‘sha ahmoqlarni ham ularning o‘zidan xalos qilishingiz mumkin, chunki unutilish ehtimoli kechirilish ehtimolidan ko‘ra ancha kichik.

 

 

Shu joyda to‘xtaganim maʼqul. Lo‘li xotin emasman, kelajagingizdan fol ocholmayman, biroq ko‘p narsa sizning foydangizga ishlayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Birinchidan, tug‘ilganingizning o‘zi yarim g‘alaba. Qolaversa, siz demokratiyada – dahshatli tush va utopiya orasidagi chala bitgan uyda yashayapsiz; u yo‘lingizga boshqa tuzumlardan ko‘ra kamroq to‘siq qo‘yadi.

 

Nihoyat, Michigan universitetida taʼlim oldingiz. U o‘n olti yil avval dunyodagi eng dangasa, bu ham yetmaganday, ingliz tilini umuman bilmaydigan odamga, kamina qulingizga o‘ta muhim imkoniyatni taqdim qilgan. Hech bo‘lmasa shu narsa, nazarimda, uni mamlakatdagi eng yaxshi oliygoh deb atashga asos bo‘la oladi. Men bu yerda sakkiz yil dars berdim; tilni shu yerda o‘rgandim va shu tilda hozir sizga murojaat qilyapman; sobiq hamkasblarim ichida ayrimlari hali ham ishlayapti, boshqalari nafaqada, uchinchilari esa siz yashayotgan Ann Arbor tuprog‘ida mangu uyquga ketgan. Shubhasiz, bu joy qalbimda iliq hissiyotlar uyg‘otadi, o‘n yildan so‘ng sizda ham shunday bo‘ladi. Men kelajagingizni shu bosqichgacha bashorat qila olaman; bilaman, siz ungacha yo‘qolib ketmaysiz yoki, aniqrog‘i, sizni muvaffaqiyat kutadi. O‘n yildan so‘ng bu shaharni eslaganingizda qalbingizda iliq to‘lqinlar paydo bo‘lishi, omadingiz chopgani yoki chopmaganidan qatʼiy nazar, siz inson sifatida ulg‘ayganingizdan dalolat beradi. Eng avvalo, sizga aynan shunaqa muvaffaqiyatni tilayman. Qolganlari keyingi darajali, yana omadga ham bog‘liq.

 

Rafiq SAYDULLO tayyorladi

Oyina.uz

 

Oyina.uz'ni Telegramda o‘qing!

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 118
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//