“Hurriyat mansabdorlarning kayfiyati, mayliga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak” – Sardor Salim siyosiy mezonlar haqida


Saqlash
21:49 / 25.08.2023 3665 0

Fukuyamaning bashorati

 

1989-yili Sovet davlati va uning tamali bo‘lgan sotsializm g‘oyasi tanazzuli aniq bo‘lgan kezlarda amerikalik siyosatshunos Frensis Fukuyama liberalizm va sotsializm o‘rtasidagi “sovuq urush”da liberalizm uzil-kesil g‘alaba qozonganini yozgan edi. Olim “Tarix intihosi va so‘nggi odam” kitobida esa insoniyat mafkuraviy evrilishlarning so‘ng nuqtasiga yetib kelgani, bundan buyon Gʻarb liberal demokratiyasi boshqaruvning yagona maqbul shakli sifatida butun dunyoga tarqalishini bashorat qiladi (Francis Fukuyama. The End of History and the Last Man. Free Press, 1992).

 

Liberalizmning asosida sekulyar, avtonom va rasional individualizm turadi. Individualizm esa, Yevropa tarixiy taraqqiyoti, jumladan, Ma’rifatparvarlik va Reformatsiya davrining noyob mahsulidir. Liberalizm o‘n yillar mobaynida, diniy qarash va an’analardan qat’i nazar, barcha madaniyatlarga mos tushadigan universal qadriyat sifatida talqin etildi. Xususan, 90-yillarda Gʻarb madaniyatiga mansub bo‘lmagan jamiyatlarda liberalizm va demokratiya targ‘iboti kuchaydi. Pirovardida, liberalizm ijtimoiy uyushishning muqobil shakllaridan biri maqomidan muhokama etib bo‘lmas gegemon mafkura va Gʻarb imperializmi hamda global hukmronligi (“Vashington konsensusi”) timsoliga aylandi-qoldi. Vaholanki, Gʻarbda ham, boshqa mintaqalarda ham unga muqobil nazariyalar hamisha mavjud bo‘lgan.

 

Ana shunday mafkuralardan biri – respublikachilikdir (jumhuriyatchilik). Uni yangi siyosiy lison qidirayotgan o‘zbek jamiyati uchun ham maqbul g‘oya desak yanglishmagan bo‘lamiz. Birinchidan, liberalizmdan farqli o‘laroq, jumhuriyatchilik o‘zbek siyosiy tafakkuri va amaliyotida azaldan mavjud. Ikkinchidan, jumhuriyatchilik liberalizmga xos – inson erkinligi, sotsializmga xos – tenglik, millatchilikka xos – siyosiy millat, dinga asoslangan g‘oyalardan esa insoniy fazilat kabi eng yaxshi jihatlarni o‘zida mujassamlashtirgan.

 

 

Bosh g‘oya – tahakkumsizlik

 

Ushbu mafkuraga “hurriyatga asoslangan idora shakli bo‘lmish respublikaga ishonch-ixlos” deya muxtasar ta’rif berish mumkin. Lotinchada “res” – narsa, ish, “publica” esa umum, ummat, jumhur kabi ma’nolarni anglatadi. ResPublica bu – ummat uyushib, bamaslahat amalga oshiradigan harakatlar demak. Arab va turkiy   tillarga mazkur ibora “jumhuriyat” shaklida kirgan.

 

Yevropalik mutafakkirlar Nikkolo Makiavelli, Jon Milton, Jeyms Harrington, Oljernon Sidney, Tomas Peyn hamda AQSH davlati “ota”lari Jon Adams, Tomas Jefferson, Jeyms Medison klassik respublikachilik g‘oyasi asoschilari sanaladi. Filip Pettit, Kventin Skinner, Maurisio Viroli kabi yangi davr faylasuflari esa ushbu nazariyani zamonamizga moslab takomillashtirmoqda. Jumladan, irland faylasufi Filipp Pettitning 1997-yilda chop etilgan “Republicanism. A Theory of Freedom and Government” kitobi XX asrda ahamiyatini bir oz yo‘qotgan g‘oyani tom ma’noda qayta jonlantirdi.

 

Har qanday siyosiy g‘oya mavjud qonunchilik, boshqaruv institutlari faoliyatiga o‘z bahosini beradi. Respublikachilik falsafasi ham siyosiy voqelikni baholashda bir necha tamoyilga suyanadi.

 

Tahakkumsizlik (non-domination) tamoyili. Qonun-qoidalarni ishlab chiqish, boshqaruv institutlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, umuman, siyosat yuritishda eng ustuvor vazifa tahakkumga – dominantlikka yo‘l qo‘ymaslik yoki uni kamaytirish bo‘lmog‘i lozim, deb hisoblaydi respublikachilik tarafdorlari.

 

Shu o‘rinda tahakkumsizlik istilohiga ikki og‘iz izoh berib o‘tsak. Arabcha “al-tahakkum” kalimasi o‘zbek tilida ham mavjud. U Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur qo‘llagan, ammo hozirda ishlatilmaydigan arxaik so‘zlar sirasiga kiradi. Tahakkumning o‘zagi – hukm. U tilimizdagi hukmdor, hokim, mahkum, hakam so‘zlari bilan o‘zakdosh bo‘lib, zo‘rlik-la hukmronlik qilish, so‘zini o‘tkazish, ustun chiqish kabi ma’nolarni ifodalaydi. Ingliz tilidagi “domination”, rus tilidagi “dominirovaniye” so‘zlarida nafaqat ustunlik (dominantlik), ayni choqda, zulm, tazyiq kabi ma’nolar ham mujassam. Nazarimizda, “tahakkum” so‘zi “domination”ning barcha ma’no noziklarini to‘liq qamraydi. Shunga ko‘ra mazkur arxaik so‘zni ishlatishni ma’qul ko‘rdik.

 

Tahakkum manbai biror shaxs (qul ustidan hukm yuritayotgan xoja), guruh (xalqni idora etayotgan zolim hukumat, bir hovuch boylar, harbiylar yoki muayyan shaxsga jamoaviy bosim o‘tkazuvchi omma), iqtisodiy-ijtimoiy yoki tabiiy kuchlar (monopoliya yoki ekologik omillar) bo‘lishi mumkin. Respublikachilikning asosiy maqsadi    – turi yoki manbaidan qat’i nazar, tahakkumni imkon qadar cheklashdan iboratdir. Negaki, u insonni falajlantiradi, butun imkoniyat va malakasidan erkin foydalanishiga, demakki, shaxs sifatida kamol topishiga to‘sqinlik qiladi. Ma’lumki, ham siyosiy, ham shaxsiy erkinlikka erishish siyosiy jamoaga birlashmoqni talab etadi. Zotan, yakka holda zaif sanalgan insonlar jamoalarga birlashib, istiqbolini o‘zi belgilashdek ulkan qudratga ega bo‘ladi.

 

Respublikachilar ta’biricha, tahakkumsiz erkin umrguzaronlik qilishning shaxs uchun ham, jamiyat uchun ham afzalliklari ko‘p. Bunday muhitda inson o‘z hayotiy maqsadlarini boshqalarning aralashuvisiz, mustaqil belgilaydi; o‘zgalar qosh-qovog‘iga qarab yashash, xushomadgo‘ylik, maddohlik majburiyatidan xoli bo‘ladi. Sirasini aytganda, tahakkumsiz jamiyat insonga chin ma’noda ozodlik tuhfa etadi.

 

Tahakkumsizlik siyosatda ustuvor maqsad o‘laroq tatbiq etilganda esa, jamiyatda tenglik barqaror bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, respublikachilar ham o‘ta qashshoqlik, ham o‘ta davlatmandlikning oldini olish haqida qayg‘uradi, tabaqalanish haddan ziyod kuchaymasligi uchun universal bazaviy daromad kabi qayta taqsimlash choralarini taklif etadi. Qolaversa, bunday jamiyatda birodarlik hissi kuchayadi. Gap shundaki, barcha ezgu g‘oyalar kabi tahakkumsiz erkinlik ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Unga siyosiy-iqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, muayyan institutlarni shakllantirish orqali erishmoq mumkin. Bu esa jamoaviy harakat va hamkorlikni taqozo etadi. Shu tariqa davlat va millatga mansublik tuyg‘usi, birodarlik hissi nash’u namo topadi.

 

Lotincha ResPublisa istilohi siyosiy erkinlik – yakkahokim podshoh yoki sultonning in’omi emas, balki jamiyatning barcha a’zolari umumharakati mevasi ekaniga ishora qiladi. Bu – amirlik, xonlik kabi sulolaviy idora usuli; diktatura, oligarxiya yoki olomon boshqaruvidan yuksak siyosiy idealdir.

 

Huquq ustuvorligi tamoyili. Bunga ko‘ra, jamiyatda har qanday kuch ishlatish – xoh mansabdor tomonidan, xoh fuqaro tomonidan bo‘lsin – faqat qonunchilikka asoslanmog‘i shart.

 

Odamlar yagona jamoada yashar ekan, bir-birlarining qaror va tanlovlariga turli usullarda ta’sir o‘tkazishi tabiiy. Ta’sir vositalarining eng jiddiysi – kuch ishlatish tahdididir. Zo‘ravonlik jilovlanmas ekan, na kishining o‘z mehnati mahsuliga egaligi, na jismoniy daxlsizligi kafolatlanadi. Ingliz faylasufi Tomas Gobbs ta’kidicha, mushtumzo‘rlik muhitida na san’at, na iqtisodiyot, na jamiyat ravnaq topadi; davomiy qo‘rquv va o‘lim tahdidi insonlar hayotini zulmat-u mashaqqatga aylantiradi (Thomas Hobbes. Leviathan. Chapter 11, 1651).

 

Demak, tahakkumning har qanday turini jilovlash kuch ishlatish, zo‘ravonlik ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishni taqozo etadi. Masalan, iqtisodiy tahakkumni cheklash uchun, avvalo, bozorni tartibga soluvchi, qayta taqsimlashga qaratilgan chora-tadbirlar zarur. Zo‘ravonlikka esa faqat huquq ustuvorligini ta’minlash orqali barham berish mumkin. Qonun ham, aslida, tahakkumning bir turidir. Lekin respublikachilik nazdida, bu – tahakkumning yagona joiz ko‘rinishidir. Agarda diktatura zarur bo‘lsa, huquq diktaturasi bo‘lsin, deydi mazkur nazariya namoyandalari.

 

E’tiborga molik jihati, respublikachilar muayyan huquqiy tizimni targ‘ib etmaydi. Ularning fikricha, tahakkumni eng ko‘p jilovlay olgan huquqiy tizim – eng maqbulidir. Demak, muayyan zamon va makondagi jamoa o‘zi uchun ma’qul huquqiy tizimni joriy etishi, bu tizim ayni choqda sobit mezonlarga javob bermog‘i lozim. Huquqiy tizim, avvalo, aniq va puxta qoidalardan tashkil topishi, tez-tez o‘zgarmasligi kerak. Konstitutsiyada belgilangan tartib-qoidalar, deylik, davlat rahbari vakolat muddatini tez-tez o‘zgartiraverish Asosiy qonunning legalligiga putur yetkazadi. Ikkinchi mezon – zo‘ravonlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday holat ehtimoliy tahakkum o‘laroq qonunchilikda taqiqlanishi kerak. Masalan, oiladagi (er va xotin yoki ota-ona va bola o‘rtasida) zo‘ravonlik klassik respublikachilikda tahakkum hisoblanmagan, lekin zamonaviy nazariyotchilar uni jilovlash lozim deb hisoblaydi. Uchinchi mezon jamiyatning barcha a’zolari teng himoya qilinishida ifoda topadi. Ba’zida inson muayyan guruhga mansub bo‘lgani uchungina himoyadan mosuvo qoladi. Olis va yaqin tarixda qullar, ayollar, qora tanlilar, yahudiylar ta’qib va tazyiqqa uchragani ma’lum.

 

Jamoatchilik nazorati tamoyili. Adolatli qonunlar va faol institutlar fuqarolarni boshqa fuqarolar yoki guruhlar tahakkumidan nisbatan samarali himoya qila oladi. Lekin buning uchun qonun-qoidalar vakolatli mansabdorlar tomonidan amaliyotga to‘liq tatbiq etilishi lozim. Mansabdorlar bunga qodir bo‘lmasa yoki istamasa-chi? Respublikachilarning uqtirishicha, hurriyat mansabdorlarning kayfiyati, mayliga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak. “Agarda siz qonunchilikdan tashqari kuch-qudratga ruxsat (imkon) berib qo‘ygan hokimiyat amri ostida yashayotgan bo‘lsangiz, allaqachon qulsiz. Hukmdorlaringiz o‘zboshimcha (cheklanmagan) qudratga ega ekani haq-huquqlaringizdan foydalanishingiz ularning mayliga, qosh-qovog‘iga bog‘liq ekanidan dalolat beradi”, deb yozadi ingliz tarixchisi Kventin Skinner (Skinner Quentin. Liberty Before Liberalism. Cambridge University Press, 1997).

 

Bu kabi mushkul sharoitlarda faqat jamoatchilik nazoratigina erkinliklarni munosib kafolatlay oladi. Respublikachilar aynan qaysi mansabdorlar faoliyati jamoatchilik tomonidan nazorat qilinishi kerakligi borasida bahslashib keladi, lekin eng yuqori lavozimdagi shaxslar (ijroiya, qonunchilik va kuch ishlatar tuzilmalarini nazorat qiluvchi mas’ullar    –    xonlar, sultonlar, prezidentlar, bosh vazirlar, spikerlar) jamoatchilik nazoratida bo‘lishi shartligi borasida yakdil to‘xtam mavjud. “Munosib jamoatchilik nazorati” – xalq kuch ishlatishga majbur bo‘lmay (inqilob-u isyonlarsiz), odatiy siyosiy jarayon orqali nomaqbul mansabdorlarni iste’foga chiqarish va almashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi deganidir.

 

Tahakkumsiz erkinlik, huquq ustuvorligi va jamoatchilik nazorati respublikachilikning eng muhim tamoyillari sifatida yakdil tan olingan. Ushbu nazariya uch tamoyil bilan cheklanmaydi, albatta. Yana boshqa bir qator tamoyillar ham bor. Ulardan biri – “omixta tuzum” g‘oyasidir. Bunga ko‘ra, siyosiy tizim shunday shakllantirilishi lozimki, hokimiyat vakolatlari turli bo‘g‘inlar o‘rtasida rasamadi bilan taqsimlanishi, oliy boshqaruv bo‘g‘inlari bir-birining faoliyatini qisman bo‘lsa ham cheklash yoki jilovlash huquqiga ega bo‘lishi kerak. Ya’ni, mutlaq iqtidor odamni muhaqqaq buzadi, demak, cheksiz hokimiyat yakka shaxs yoki yagona guruh qo‘lida to‘planmasligi lozim. “Qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud – butun hokimiyatning bir qo‘lda yoki guruhda jamlanishini – saylov yoki tayinlov orqali amalga oshadimi yoinki meros orqalimi, bundan qat’i nazar – haqli ravishda tiraniya deb atasa bo‘ladi”, deydi AQSH Konstitutsiyasi mualliflaridan biri, atoqli davlat arbobi Jeyms Medison (Madison, James. “Federalist No. 39,” in Selected Writings of James Madison, Ralph Ketcham, ed. Hackett Publishing, pp. 99–105).

 

Zamonaviy siyosiy tafakkurga bu g‘oya hokimiyatlarning bo‘linishi, iqtidorning taqsimlanishi tarzida kirgan. Respublikachilarga ko‘ra, qonun ijodkorligi bilan bir guruh, qonunlarning ijrosi bilan boshqa guruh shug‘ullanishi kerak, uchinchi guruh esa ular o‘rtasidagi nizolarda hakamlik qilishi lozim. Iqtidorning taqsimlanishi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud tomonidan tasarruf etilishi bilan cheklanmaydi. Ayni choqda, ikki palatali parlament risoladagidek faoliyat yuritmog‘i, ijro hokimiyatining o‘zida ham tiyib turish mexanizmlari joriy etilmog‘i darkor. Bu borada hokimiyatning desentralizatsiyasi, ya’ni hududlarga boshqaruv vakolatini ko‘proq berish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Sirasi, zamonaviy konstitutsionalizm respublikachilikning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib, hokimiyat vakolatlarining samarali taqsimoti orqali tahakkumning oldini olish bo‘yicha salmoqli bilim va tarixiy tajriba orttirilgan.

 

Liberallardan farqli o‘laroq, respublikachilar siyosiy erkinlikni tasodif mahsuli bo‘lgan ijtimoiy bitimning natijasi emas, balki qadriyatlarni ongli ravishda amaliyotga tatbiq etilishidan vujudga kelgan konstitutsiyaviy tuzum mevasi deb biladi.

 

Bu o‘rinda boshqa omillar ham mavjudligini unutmagan ma’qul. Deylik, risoladagidek siyosiy tizim shakllantirildi. Shuning o‘zi tizimning muvaffaqiyatiga kafolat bo‘la oladimi? Yo‘q, albatta. Aholi ongi, dunyoqarashida o‘sha siyosiy tizimga mos qadriyatlar shakllanmas ekan, uning umri qisqadir. Respublikachilar ilgari surgan navbatdagi tamoyil – “fuqaroviy fazilatlar” g‘oyasi ayni shu muammoni hal etishga xizmat qiladi.

 

Fuqaroviy fazilatlar – umum manfaatiga yo‘naltirilgan siyosiy tizimning fasodga uchrashi oldini olishga bel bog‘lagan, bundan minba’d moddiy manfaat ko‘zlamagan insonlarning xulq-atvori, xatti-harakatlari majmuasidir. Respublika tartibotini o‘rnatish, qonun-qoidalarni qabul qilish osonroq kechishi mumkin, lekin siyosiy tizimni saqlab qolish uchun fuqaroviy fazilatlar lozim bo‘ladi.

 

Xo‘sh, respublika umrboqiyligi uchun nima muhim? Muxtasar aytganda, umum (jamoa) manfaatini shaxsiy manfaatdan ustun qo‘yishga undaydigan fazilatlar shakllanishi kerak. Savolga batafsilroq javob bersak, bu borada to‘rt muhim fazilatni sanash mumkin.

 

Birinchisi – odamlarning tahakkumsiz erkinlikka ixlos qo‘ymog‘idir. Bu jamiyat a’zolarining hurriyatni cheklashga qaratilgan har qanday xatti-harakatga qarshi turishini talab etadi. Zero, klassik respublikachilar nazdida, tahakkumga toqatli bo‘lish ham tobelik, qullikdan dalolat beradi.

 

Ikkinchi fazilat – shaxsning jamoat ishlarida faol bo‘lishi. Fuqarolar umum manfaati yo‘lidagi yumushlardan qochib, maishatga o‘ralashib qolsa, siyosiy loqaydlik kuchaysa, u holda respublika tanazzuli muqarrar bo‘lib qoladi.

 

Uchinchi fazilat – siyosiy moʻtadillik. Sog‘lom bahs siyosiy tizim ravnaqiga xizmat qiladi, albatta. Lekin munozaralar qutblarga bo‘linish, qabilachilik, tarafkashlikka olib kelmasligi kerak. Bu siyosiy moʻtadillik, muxolif fikriga ham quloq tuta bilish, u bilan mushtaraklik qidirish, kezi kelganda o‘z da’volarini jilovlashni taqozo etadi.

 

Zamonaviy respublikachilar birdamlikni to‘rtinchi fazilat hisoblaydilar. Binobarin, fuqarolar nafaqat o‘z erkinligi doirasida farog‘atda yashashi, ayni choqda boshqalarning erkinligiga daxl qilmasligi kerak.

 

Odamzod fe’l-atvori, tiynati haqida u qadar nekbin fikrda bo‘lmagan respublikachilar mudom bir gapni takrorlaydi: inson xom sut emgan bandadir, aksar hollar ehtirosga beriladi, kalta o‘ylaydi, umum manfaat o‘rniga shaxsiy manfaatlarini tanlashga moyil. Shunga ko‘ra, tahakkumsiz erkinlik uzluksiz davom etadigan jamoaviy loyihadir. Respublika institutlari tashkil etilgach, erkinliklarning fuqarolar ishtirokisiz doimiy muhofaza etilishiga umid qilish soddalikdir. Aksincha, erkinliklar faqat fozil fuqarolarning siyosiy faolligi orqali ta’minlanadi.

 

Xo‘sh, fuqaroviy fazilatlar qanday shakllantiriladi? Bu savolga ham manbalarda batafsil javob berilgan, lekin maqola hajmi talabiga ko‘ra qisqaroq javobni ma’qul ko‘rdik.

 

Respublika tuzumining afzalliklarini ko‘rgan aholida o‘z-o‘zidan uni muhofaza etishga rag‘bat uyg‘onadi, fuqarolar uni saqlab turishdan manfaatdor bo‘lgani uchun nomashru’ xatti-harakatlardan o‘zini tiyadi. Masalan, jazo muqarrar bo‘lmagani vajidan yo‘l qoidalariga amal qilmaydigan o‘zbekistonlik Skandinaviya mamlakatlariga ko‘chib borsa, yo‘l qoidalariga to‘liq rioya etishga, ya’ni risoladagidek yashashga intiladi.

 

Fazilatlarni shakllantirishning yana bir manbai – ta’lim. Respublikachilar, ta’limda betaraflikni targ‘ib etadigan liberallardan farqli o‘laroq, maktabda tahakkumsiz erkinlikning afzalligini ko‘rsatib beruvchi fuqarolik asoslarini (vatanparvarlik darslari) o‘rgatish kerak deb hisoblaydi. Umuman, ta’limda mustaqil shaxsni tarbiyalashga qaratilgan uslub-metodlar rag‘batlantiriladi.

 

Aziz mushtariylardan ushbu satrlarni jumhuriyatchilik g‘oyasini sharhlash yo‘lidagi dastlabki urinish o‘laroq qabul qilishlarini so‘ragan bo‘lar edik. Maqolamizning yakuniy qismida “Ushbu ta’limot nega o‘zbek jamiyati uchun muhim?” degan savolga baqadrihol javob beramiz.

 

 

O‘zbek respublikachiligi

 

Buni qarangki, siyosatshunos Frensis Fukuyamaning liberalizm g‘alabasi haqidagi da’vosi puch bo‘lib chiqdi. Gʻarb liberalizmi na postsovet mamlakatlarda, na boshqa mintaqalarda mustahkam ildiz otdi. Bir tomondan, bu – afsuslanarli holat. Chunki liberalizmning jontomiri bo‘lgan erkinlik mazkur jamiyatlar uchun suv bilan havodek zarur edi.

 

Xayriyatki, o‘zbek siyosiy tafakkurida liberalizmga muqobil jumhuriyatchilik g‘oyasi mavjud. Din yoki millat g‘oyasiga asoslangan muhofazakor ta’limotlarda shaxs hurriyati targ‘ib etilmaydi. Jumhuriyatchilik esa shaxsiy erkinliklarni ulug‘laydi, ayni choqda, ularni an’anaviy jamiyatlarga tatbiq etish yo‘llarini ham tavsiya etadi.

 

Respublikachilik – ajnabiy g‘oyalarga ko‘r-ko‘rona taqlid o‘laroq o‘zlashtirilgan emas, u o‘zbek siyosiy tafakkuri va amaliyotida chuqur ildiz otgan mafkuradir. Ulug‘ alloma Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” risolasi mohiyatiga ko‘ra jumhuriyatchilik haqida. Muallifning fikricha, fozil odamlar shahrida (yoki mamlakati) hamma teng bo‘ladi, odamlar chin ma’noda hurlikka erishadi, bir odamning ikkinchisi ustidan xo‘jayinlik qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Odamlarning tinchligi va erkin hayotiga to‘sqinlik qiluvchi sulton (ya’ni yakkahokim) bo‘lmaydi. Ular o‘z oralaridan eng olijanob insonlarni rahbarlikka loyiq topadilar. Rahbarlar raiyat ozodligi va tinch hayotini muhofaza etadi, barchaga barobar munosabatda bo‘ladi, hatto omma manfaatini o‘z manfaatidan ortiq ko‘radi, umum manfaati uchun shaxsiy manfaatidan voz kechadi (Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. Toshkent, 1993. 190-bet).

 

Jamiyat a’zolarining biri ikkinchisiga xo‘jayin yoki yakkahokim bo‘lmasligi aynan tahakkumsiz erkinlikni ifodalasa, umum manfaatini o‘z manfaatidan ustun ko‘rish jumhuriyatchilik tutumiga ishoradir. Diqqatga molik jihati, alloma bu fikrlarni Nikkolo Makiavelli, Franchesko Gvichchardini kabi atoqli respublikachilardan olti asr oldin bayon etgan.

 

Forobiy o‘z risolasida fozillar o‘lkasining ziddi o‘laroq johillar shahridan bahs etadi. Respublikachilik an’analari va institutlari korrupsiya va boshqa illatlar sabab vaqt o‘tib fasodga uchrashi, yemirilishi tafakkur ahlini o‘ylantirib kelayotgan asosiy masalalar sirasiga kiradi. (Fasodning lug‘aviy ma’nosi yiringlash, gazak olish, chirish, buzilish demakdir. Ingliz tilidagi corruption so‘zi ham aslida korrupsiya yoki poraxo‘rlikni emas, aynan shu ma’nolarni ifodalaydi.)

 

Respublikachilar nazdida manfur boshqaruv shakllaridan biri bo‘lmish oligarxiya hodisasi haqida Forobiy bunday yozadi: “Ammo ba’zi shaharlar bo‘ladiki, ularda butun xalqning fikri-zikri, aql-idroki boylik to‘plash, mol-dunyo orttirishga qaratiladi. Ulardan chiqqan rahbarlar ham rahbarlikni mol-dunyoni ko‘paytirishda deb biladilar. Shuning uchun ham ular erta-kech mol-dunyo to‘plash harakatida bo‘ladilar. Bunday rahbarlar qo‘l ostida bo‘lgan shahar xalqlarida turli buzuq odatlar, shahvoniyat, bir-birini ko‘rolmaslik, bir-birini talash, dushmanlik, nizo-janjallar avj oladi” (o‘sha manba, 161-bet).

 

Taassufki, tarix fani hamon yevrosentrizm paradigmasi orqali o‘rganilayotgani bois, respublikachilik ibtidosi, tadriji va g‘oyalari tadqiqida asosan qadimgi Yunoniston va Rim, Venetsiya, Florensiya, Genuya, Novgorod kabi shahar-davlatlarga andoza sifatida qaraladi. Yevrosentrizm – mustamlakachilik qarashlariga asoslangan dunyo modeli. Unga ko‘ra, insoniyat yuksak madaniyatli (yevropaliklar) va yovvoyi xalqlarga (boshqalar) ajratilgan. Hozirda bu tasnif “rivojlangan” va “rivojlanayotgan” millatlar shaklini olgan. Yevropa tamadduni boshqa tamaddunlardan ustun bo‘lgani uchun qolgan xalqlar tarixning nofaol obyekti, Gʻarb esa uning faol subyekti – loyga ishlov berib, uni shaklga soluvchi kuloldek talqin qilingan. Bu iddao tarixnavislik, turli antropologik va psixologik nazariyalar yordamida dastaklangan.

 

Sirasi, ilmda respublikachilik faqat Gʻarb siyosiy madaniyatiga xos, degan yanglish qarash o‘rnashib qolgan. Gʻarb madaniyatiga mansub bo‘lmagan Ibn Xaldun, Abu Nasr Forobiy kabi mutafakkirlarning qarashlari esa endi-endi ilmiy muomalaga kiritilmoqda.

 

Maqola avvalida qayd etganimizdek, jumhuriyatchilik – o‘zbek siyosiy amaliyotida mavjud fenomen. Masalan, o‘zbek tarixchisi Baxtiyor Olimjonov hozirgi O‘zbekiston hududi so‘nggi 600 yil davomida kamida 8 ta respublikachilik an’anasiga guvoh bo‘lgan, degan qarashni ilgari suradi (Алимджанов Б. Республиканизм на территории современного Узбекистана // Вестник Санкт-Петербургского университета. История. 2022. Т. 67. Вып. 1. Стр. 293–306). Bular: Samarqand (sarbadorlar) respublikasi (1365–1366); Toshkent zodagonlar respublikasi (1784–1809); Turkiston muxtoriyati (1917–1918); Turkiston Sovet Respublikasi (1918–1924); Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (1920–1924); Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (19201924); O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi (1924–1991) va mustaqil O‘zbekiston Respublikasi.

 

Sharqshunos Vasiliy Bartold “musulmon O‘rta Osiyo shaharlarida ham respublikachilik an’analari mavjud bo‘lgan” deb yozganida 1365-yili Samarqandda sarbadorlar hokimiyatga kelganiga ishora qilgan (Бартольд В. Народное движение в Самарканде в 1365 г. // Собр. соч. Т. II, ч. 2. Москва, 1964. Стр. 362). Olim sarbadorlar davrida Samarqandni turli aholi qatlamlarining vakillari (ziyoli Mavlonzoda Samarqandiy, kosib Abu Bakr Kalaviy va harbiy Xo‘rdak Buxoriy) boshqargani, aholiga yengillik beruvchi soliq islohotlari o‘tkazilganini respublika elementlari deya talqin etadi.

 

Boshqa rus tadqiqotchilari esa XVII asrda Toshkent erkin shahar bo‘lganini e’tirof etadi. Xususan, T.Burnashev va M.Pospelov Toshkentda respublikachilik an’analari kuchliligi, o‘z-o‘zini boshqarish madaniyati shakllangani haqida batafsil ma’lumot beradi (Поездка Поспелова и Бурнашева в Ташкент, в 1800 году // Вестник Императорского Русского географического общества. СПб, 1851). O‘zbek tarixchilari ham Toshkentni Genuya va Novgorod kabi respublikalar bilan solishtirib, uni “savdogarlar respublikasi” deb ataydi.

 

Jadid loyihalari bo‘lmish Turkiston muxtoriyati, BXSR va XXSR siyosiy uyushishga bo‘lgan ilk urinishlar bo‘lib, ularning barchasi aynan respublikachilik g‘oyalari, jumladan, konstitutsionalizmga muvofiq tashkil topgan (Adib Xolid. O‘zbekiston tavalludi: ilk SSSR davrida millat, imperiya va inqilob. Toshkent, “Akademnashr”, 2022).

 

O‘zini o‘zbek deb his eta boshlagan jadidlar islohot modellarini “Yosh turklar” harakatidan olgan. Masalan, Abdurauf Fitrat Istanbulda tahsil ko‘rayotgan davrda (1909–1913) Usmoniylar imperiyasi taqdiri, davlatni qay tariqa saqlab qolish masalasi matbuotda qizg‘in muhokama etilmoqda edi. Respublikachilikka asoslangan islohot modellaridan ilhomlangan jadidlar avval Buxoroda konstitutsiyaviy monarxiya o‘rnatishni orzu qilgan. Fitrat “buxoroliklarning mehribon otasi, millatpanoh podshoh”ga yolvorib, “to kech bo‘lib imomimizni po‘pg‘a, azonimizni qo‘ng‘iroqqa, masjidimizni cherkovga almashtirmoqqa boshqa chora qolmaguncha” harakat qilishni so‘raydi (Abdurauf Fitrat. Hindistonda bir farangi ila buxoroli mudarrisning jadid maktablari xususida qilg‘an munozarasi. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2000. 94-bet).

 

Jadidlar fikricha, islohot o‘tkazish musulmon hukmdori sifatida aynan amirning zimmasidagi vazifa edi. Fitrat va boshqa islohotparvarlar dastlab Buxoro amiri islohotlarga bosh-qosh bo‘ladi deya umid qildi. Biroq ularning amirga sodiqligi shartli edi. Buxorolik islohotparvarlar, aslida, “ulug‘ Buxoro millati”ga (millati najibayi Buxoro) amir va uning sulolasidan mustaqil, ularsiz ham mavjud bo‘lgan boqiy subyekt sifatida qaray boshlagan edi. Amir endilikda mutlaq monarx emas, Buxoro xalqining xizmatchisiga aylanib, hukmronligi ham millatning inon-ixtiyoriga bog‘liq edi. Bu tom ma’noda respublikachilik g‘oyasidir. 1917-yili amirning islohotlarni amalga oshirishdan voz kechishi, ayrim islohotchilarni qatl etishi, taraqqiyparvarlar nazdida, uning hukmronlik huquqini yo‘qotganini anglatardi. Jadidlar yozgan talabnoma­ultimatumda ham (uni ado etish uchun Buxoro amiriga 24 soat berilgan, aks holda, u taxtdan ag‘darilishi bayon qilingan) respublikachilik g‘oyalari aks etgan: “Buxoroda mashruta usuli qurulub, Millat Majlisi ochilur. Amirdan boshqa barcha hokim va qozilarning azl va nasbi, butun xazina va qo‘shunning ixtiyori Millat Majlisi ochilguncha yosh buxoroliklarning qo‘lig‘a o‘tar. Amir esa mashruta qonuni bo‘yincha amirlikda boqiy qolib, Millat Majlisi oldida mas’ul topilur” (iqtibos Adib Xolidning “O‘zbekiston tavalludi” kitobidan olindi).

 

Millat sifatida siyosiy uyushish – mutaraqqiylikning sharti va kafili degan maslakning uzil-kesil g‘alabasi 1924-yilda O‘zbekiston respublikaga aylanishi bilan ro‘yobga chiqdi. 1991-yilda dunyo xaritasida paydo bo‘lgan mustaqil O‘zbekiston davlati esa o‘zini o‘zbek deb anglagan siyosiy jamoaning tom ma’nodagi “ResPublica”sidir.

 

 

Xulosa

 

Postsovet o‘zbek jamiyati o‘z orzu-havaslarini ifoda eta oladigan yangi siyosiy lison qidirmoqda. Liberalizm yoki millatchilik turli sabablarga ko‘ra o‘zbek jamiyatida chuqur ildiz otmadi. Keyingi vaqtlarda muhofazakorlik keng tarqalayotgandek, lekin muhofaza qilishga arzigulik qadriyatlar mavjudligi hamon savol ostida. Diniy lisondan foydalanishning garchi o‘ziga yarasha afzalliklari bo‘lsa-da, hozirgi fikriy tanazzul davrida tafriqani yanada kuchaytirishi mumkin. Bizningcha, aynan respublikachilik o‘zbek jamiyatining intellektual va axloqiy yangilanishi uchun maqbul yechim bo‘la oladi. Gap – respublikachilik tamoyillari asosida dasturlar ishlab chiqish va amalga tatbiq etishda qolgan.

 

Sardor SALIM

 

 “Tafakkur” jurnali, 2022-yil 4-son.

“Yangi siyosiy lison ehtiyoji” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23702
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//